Zahmat manzillari

Oʻz sohasining zakiylaridan biri, nuktadon munaqqid, Sharq adabiyotining donishmandi, mutarjim, zabardast navoiyshunos Natan Mallayev Toshkent shahrida ziyoli oilasida tavallud topdi. Oʻrta maktab xatmidan soʻng boʻlajak olim dastlab, Pedagogika bilim yurtida, soʻngra Nizomiy nomidagi Toshkent Davlat pedagogika instituti (hozirgi universitet)ning oʻzbek tili va adabiyoti fakultetida tahsil koʻrdi. Oʻqish jarayonida u Olim Sharafiddinov, Maqsud Shayxzoda, Abdurahmon Alimuhamedov singari ustozlar nazariga tushdi. Oliy tahsildan soʻng institut aspiranturasida oʻqishga qoldirilgan Natan Mallayev 1948 yili mashhur shoir Maqsud Shayxzoda rahbarligida “Munis Xorazmiyning hayoti va ijodiy merosi” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qildi. Shundan soʻng olim Xorazm Davlat pedagogika instituti, hozirgi Mirzo Ulugʻbek nomidagi OʻzMU hamda umrining oxiri (1996,20 may)gacha Nizomiy nomidagi Toshkent Davlat pedagogika institutlarida oʻqituvchi, dotsent, professor, kafedra mudiri sifatida dars berdi, yosh tadqiqotchilar, aspirantlaru doktorantlarga rahnamolik qildi.

Oʻtgan asrning oltmishinchi yillari boshlarida Natan Mallayev butun diqqat-eʼtiborini Sharq xalqlari klassik adabiyotini, xususan, oʻzbek mumtoz adabiyotini yanada chuqur oʻrganishga qaratdi: adabiyot tarixi boʻyicha dasturlar va majmualar tuzdi. 1953 yili oʻrta maktablar uchun “Oʻzbek adabiyoti tarixi” darsligini bitdi, “X-XII asrlar adabiyoti” (1958) risolasini yaratdi. Undan keyingi yillarda Natan Mallayev oʻzbek mumtoz adabiyotining kam oʻrganilgan manbalari boʻyicha bir qancha maqolalar yozdi, boy adabiyotimizga oid koʻplab qoʻlyozma nusxalarni koʻzdan kechirdi, munoqib va tazkiralarni oʻrganib chiqdi. Natijada, universitetlarning filologiya fakultetlari hamda pedagogika institutlarining oʻzbek tili va adabiyoti fakulteti talabalari uchun “Oʻzbek adabiyoti tarixi” darsligining birinchi kitobi yuzaga keldi. Yaqin oʻttiz yil davomida oliy oʻquv yurtlarimizda barqaror darslik sifatida xizmat qilgan bu kitobning boshqa shu tizimdagi darsliklardan tub farqi bor edi. Zeroki, darslikni yozishda, muallif bir tomondan, hamkasblarining tadqiqotlaridagi fikr, mulohazalarni yagona tizimga solib, izchil va ommabop tarzda bayon qilgan boʻlsa, ikkinchi tomondan, “Qutadgʻu bilig”, “Hibatul haqoyiq”, “Miftohul adl”, Navoiy nasriy asarlari, “Devoni Foniy”sidan namunalarni ilk isteʼmolga kiritib, talabalar ommasiga tahliliy taqdim etdi. Shu bois, bu kitob fundamental tadqiqot mohiyatiga ham ega edi. Darslikning ana shu jihatini qadrlagan baʼzi hamkasblari olimga uni doktorlik dissertatsiyasi sifatida himoyaga qoʻyishni taklif etishdi. Oqibatda, shunday qilindi. Oʻzbekiston Fanlar Akademiyasi huzuridagi ijtimoiy fanlar boʻyicha fan doktori ilmiy darajasini beradigan Ixtisoslashgan ilmiy kengash yigʻilishida Oybek, Hamid Orasli, Hamid Sulaymon, Izzat Sulton, Vohid Zohidov kitobning ilmiy qimmatiga yuqori baho berishdi. Kengash aʼzolari Natan Mallayevga mazkur “darsligi uchun filologiya fanlari doktori” degan ilmiy darajani berish lozim degan qaror qabul qildi. Ammo muallifning ayrim noravobin hamkasblari kitobning jiddiy ilmiy qimmatini tan olgisi kelmadi. Natijada, ana shunday bir necha ichi qora xudbinlarning “yumaloq xati”ga koʻra kengash qarori oqibatsiz qoldirdi. Ammo, bu nogahoniy zarba metin irodali Natan Mallayev qaddini bukolmadi, ruhini soʻndira olmadi. U ilmda nimaga qodir ekanligini namoyish etish uchun muttasil qoʻlyozmalar zahiralarida ishladi, badiiy ijodda topologiya, ogʻzaki ijod bilan yozuv adabiyotining oʻzaro taʼsiri singari nazariy masalalar bilan shugʻullandi.

Oltmishinchi yillarning oʻrtalaridan eʼtiboran, Natan Mallayev buyuk oʻzbek shoiri va mutafakkiri Navoiy ijodini oʻrganish va shu yoʻlda shogirdlar tayyorlashga ham jiddiy eʼtibor berdi: olim Navoiy asarlarining 15 jildlik oʻzbekcha, 10 jildlik ruscha nashrlarini tayyorlash va chop ettirishda qatnashdi. Oʻzbekiston Davlat adabiyot muzeyini tashkil qilishda ustoz Hamid Sulaymonga yaqindan koʻmaklashdi. Ana shu yillar davomida Natan Mallayev “Navoiy ijodining xalqchil negizi”, dunyo novoiyshunosligi tarixi haqida “Asrlar eʼtirofi va taʼzimi”, “Navoiy va xalq ogʻzaki ijodi” kabi risola va monografiyalarini yaratdi; “Navoiy lirikasi” kitobini nashrga hozirladi.

1978 yili u “Navoiy va xalq ogʻzaki ijodi” tadqiqoti uchun filologiya fanlari doktori ilmiy darajasini olishga muvaffaq boʻldi. Mazkur keng qamrovli monografiya, ayniqsa, ikki jihatdan gʻoyatda qimmatlidir:

Birinchidan, olim ushbu fundamental ilmiy asari bilan oʻzbek adabiyotshunosligida klassik adabiyot va xalq ogʻzaki ijodi degan yangi ilmiy yoʻnalishni boshlab berdi; yozuv adabiyotining ogʻzaki ijodga, ogʻzaki ijodning yozuv adabiyotiga taʼsiri masalasi muammolarini chuqur tahlil etdi.

Ikkinchi tomondan esa, xalq ogʻzaki ijodi bisotidan barakali fayz topgan daho sanʼatkorimiz Navoiy asarlarining keng xalq ommasi orasiga nechogʻli singib ketganini ilk bor ilmiy nuqtai nazardan tahlil qildi. “Xamsa” dostonlarining baxshilar qayta yaratgan variantlari, XVI asr yozuvchisi Umar Boqiy tomonidan qayta ijod etgan nasriy nusxalari ancha batafsil, badiiy mahorat jihatidan, anʼana va oʻziga xoslik nuqtai nazaridan oʻrganilib, nazariy umumlashtirildi. Olim Umar Boqiy qissalarining Navoiy dostonlari syujetiga qay darajada yaqinligini, ayni paytda, farqli jihatlarini zukkolik bilan aniqlay olgan. Keyinchalik yosh tadqiqotchilarimiz ana shu anʼanani davom ettirib: “Lutfiy va xalq ogʻzaki ijodi”, “Bobur va xalq ogʻzaki ijodi”, “Ogahiyning folklorga munosabati” masalalarini tadqiq etdilar. Natan Mallayevning Navoiy ijodiga bagʻishlangan soʻnggi asari “Soʻz sanʼatining gultoji” (1992) monografiyasi boʻlib, u keng ilm-adab ahliga “Xamsa”ning besh dostoni toʻgʻrisida yaxlit, loʻnda ilm-maʼrifat beradigan asar hisoblanadi. Olim faoliyatining yana bir jihati, u qardosh xalqlar adabiyotining tolmas tadqiqotchi va targʻibotchilaridan biri edi. Uning Rudakiy, Jomiy, Fuzuliy, Maxtumquli, Abay kabi buyuk mutafakkirlar xususidagi ilmiy maqolalari oʻtgan asrning yetmishinchi yillaridayoq, ilm ahli tomonidan eʼtirof etilgandi. Olimning ozarbayjon, fors-tojik, uygʻur adabiyotiga doir koʻplab maqolalari turli toʻplamlar, qomuslardan joy olgandi. Garchi, “X-XII asrlar adabiyoti” monografiyasida ozar va fors-tojik mumtoz adabiyoti namoyandalari ijodiga ancha keng oʻrin berilgan boʻlsa ham, lekin uning bu sohadagi dastlabki alohida monografiyasi “Abulqosim Firdavsiy” (1962) hisoblanadi. Kitobda muallif turkiy xalqlar adabiyotshunosligida birinchi boʻlib qoʻlyozma tazkiralardagi maʼlumotlar asosida Firdavsiy hayoti va uning oʻlmas “Shohnoma”sini keng qamrovda tahlil qilgan. Ayniqsa, “Rustam va Suhrob”, “Siyovush”, “Isfandiyor”, “Bejon va Manija” dostonlari tahlili asnosida insonparvarlik, xalqlar doʻstligi, taʼlim va tarbiya, vatanparvarlik gʻoyalariga, talqiniga alohida eʼtibor bergan. Mazkur tahlil davomida muallif ilm-fanda birinchi boʻlib Firdavsiy va oʻzbek adabiyoti masalasiga eʼtibor qaratdi. “Shohnoma”ning XVI asrdan boshlab, Shoh Hijron, Muhammad Yaʼqub Yorkandiy, Nodir Muhammad Buxoriy, Xomushiy, Ochildi Murod Miriy kabi shoir va yozuvchilar tomonidan nazm va nasrda oʻzbek va uygʻur tillariga tarjima qilingani, 1903–1909 yillarda toshbosma usulida nashr etilgani haqida keng maʼlumot bergan.

Oʻrta maktab hamda oliy oʻquv yurtlari uchun yozilgan darsliklarda Natan Mallayev Nizomiy, Fuzuliylar haqida fikr yuritgan. Keyinchalik esa ozar adabiyotiga boʻlgan bu qiziqish olimni “Nizomiy ijodining ilmiy-maʼrifiy qimmati” degan qoʻllanmasi bilan yakun topdi. Bu kitob ilmiy-ommabop yoʻnalishida bitilgan. Olim asosiy eʼtiborni Nizomiy “Panj ganj”i tarkibidagi dostonlarda taʼlim-tarbiya, ilm oʻrganish, kasb egallash, komil insonni yetishtirish borasidagi qarashlarni chuqurroq tahlil qilishga eʼtibor bergan. Shuning uchun mazkur asarida professor Natan Mallayev bir necha yillik ilmiy pedagogik faoliyatini umumlashtirgandek koʻrinadi. Bundan tashqari muallif risolada “Mahzan ul-asror”, “Xusrav va Shirin”, “Haft paykar” dostonlarining mumtoz tarjimalari haqida keng maʼlumot bergan. Xususan, Qutb va Nizomiy masalasini ancha teran hamda izchil tahlil qilgan. Zeroki, unda olim oʻquvchini Nizomiy hayot yoʻli bilan loʻnda oshno etdi. “Panj ganj” dostonlari mohiyatini muxtasar tarzda yetkazishga muvaffaq boʻlgan.

Yuqorida taʼkidlaganimizdek, Natan Mallayev mumtoz adabiyotimizning, qardosh xalqlar adabiyotining tolmas targʻibotchisi va tarjimoni ham edi. Uning bevosita rahbarligida qardosh xalqlar adabiyotining, adabiy aloqalarning muhim muammolariga bagʻishlangan bir necha ilmiy toʻplamlar chop ettirildi.

Xulosa qilib aytganda, Oʻzbekiston fan arbobi, filologiya fanlari doktori, professor Natan Mallayev adabiyotimiz tadqiqotchisi, manbashunos, nazariyotchi, maorifimiz dargʻalaridan biri sifatida soha xodimlari, shogirdlari safida hamon barhayotdir. Chunki, u xalqqa ilm tarqatgan, kitob inʼom etgan, solih shogirdlar tayyorlagan benazir inson edi.

 

Hamidjon HOMIDIY,

filologiya fanlari doktori, professor

Husnigul JOʻRAYEVA,

TDPU oʻqituvchisi

 

“Sharq yulduzi”, 2012–4

https://saviya.uz/hayot/nigoh/zahmat-manzillari/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x