Haddidan hadlayotgan toʻy(chi)lar

Toʻylar xalqimizning uzoq asrlik anʼanalari, urf-odat va udumlarini oʻzida mujassam etganki, uni maʼnaviy meros sifatida qadrlaymiz, boshqalarga oʻrnak qilib koʻrsatamiz. Chunki, milliy toʻylarimiz shunga munosib.

Biroq, soʻnggi yillarda hayotga yengil qaraydigan ayrim ota-onalar istagi, balogʻat yoshidagi boʻlajak kelin-kuyovlarning tizginsiz xohish-irodasi tufayli barqarorlashgan goʻzal anʼanalar va xalqchil urf-odatlarga putur yeta boshladi. Bu illat kundan-kun kuchayib, milliy qadriyatlarga yot, yosh avlod axloqi, tarbiyasiga zid oʻta zararli udumlar ommaviy tus ola bordi.

Shu sababli Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev toʻylarni tartibga keltirish, ularni ixchamlashtirish, isrofgarchiliklarga yoʻl qoʻymaslik, milliy anʼanalarni asragan holda tarbiyaviy taʼsir kuchini oshirish vazifasini kun tartibiga qatʼiy qilib qoʻydi. Buyuk Sohibqiron bobomiz Amir Temur ham: “Kelin tanlashni davlat siyosati darajasiga koʻtardim”, deganda oila qurish, toʻy qilish shaxsiy xohish emas, umumdavlat doirasidagi ulkan vazifa ekanligini uqtirgan edi. Darhaqiqat, har bir yangi oila – davlatning bir boʻgʻini. Chunki, unda farzandlar kamol topadi, kelajak bunyod boʻladi.

Biroq, bugungi toʻylar mana shu haqiqatga zid oʻlaroq kimoʻzarga bellashish, oʻzini koʻz-koʻz qilish maydoniga aylanib qolgani achinarli. Quyidagi mulohazalarimiz ayni shular haqida.

 

SOVCHILIK

Gulbadanbegimning “Humoyunnoma” asarida yozilishicha, Humoyun Mirzo Hindol saroyida Hamidabonuga koʻzi tushib, unga sovchi qoʻydiradi. Ammo qizni koʻndirguncha sovchilar qirq kun qatnashiga toʻgʻri keladi. Koʻramizki, hukmdor boʻlsa ham Humoyun Mirzo asriy udumga amal qiladi. Sabru bardosh bilan Hamidabonu va uning xonadoniga hurmat saqlaydi.

Hatto, podsholar amal qilgan sovchi tanlash va sovchi qoʻyish odatini soʻnggi oʻttiz yilda ayrim ota-onalar buzib oʻtishdi. “Suv soyga oqar, boy boyga boqar”, deganlaridek, ikki oila oʻzaro kelishib oladi-da, xalqdagi udumlarni hisobga olmay, ularni eskilik sarqiti sanab koʻngillariga kelganini qilishadi. Bundaylarda maslahatlashish, koʻpni koʻrganlar fikriga quloq solish yoʻq. Oʻgʻil (qiz) meniki, toʻy meniki, xohlaganimni qilaman, deb oʻylashadi. Bu notoʻgʻri. Chunki toʻyni ota-ona tashkillashtirsa-da, u xalqniki, xalq uchun. Shu bois, xalqona odatlarni buzish, mensimaslik, koʻpchilik amal qiladigan tartibga rioya etmaslik eldan chiqishdir.

 Sovchi degani faqat boʻlgʻusi quda tomonni koʻndiruvchi emas, shu bilan birga, toʻyni dabdabalarsiz, isrofgarchiliklarsiz, kamxarj oʻtkazishga ikki tomonni kengashtiradigan kishi hamdir.

Toʻy xarajatlarini esa hozirgidek ayollar emas, sovchilar va otalar maslahatlashib hal etgani har tomonlama maʼqul.

Bundan tashqari, bir xonadonga sovchi borib, ish (kelishuv) hal boʻlmaguncha, ikkinchi joydan sovchi qoʻyilmaydi. Bu haqda hadislarda shunday deyiladi: “Birov qoʻygan sovchi ustiga ular oʻzaro bitishguncha yoki tark qilishguncha sovchi yubormanglar”. Ammo hozir sovchi kelganini eshitgan uyga goho basma-basiga sovchi qoʻyilaveradi. Hatto, ayrim yigitlar qiznikiga borib, ota-onasiga: “Sovchilarni qaytaring, men qizingizni sevaman”, deb bezrayib turishni odat qilib oldi. Bularni yoqlab ishlangan kinolarimiz shunchalik koʻpki, hayron qolasan, kishi. Sevdingmi, avval sovchi qoʻy, deydigan mard yoʻq.

Gapning qisqasi, ota-onalar va yigitlarning oʻzi sovchilik qilish odatidan voz kechib, bu vazifani ilgarigidek elda obroʻli, oilasi tinch, “etti oʻlchab bir kesadigan” sovchilarga topshirish lozim. Chunki bunda ham xislat mujassam.

 

OTALARDA ORIYAT KAMAYSA…

Oʻzbeklarning koʻpchilik urugʻida qizini uzatgan ota kuyov tomon oʻtkazayotgan toʻyda qatnashmagan. Ayni vaqtda qizi yetti-sakkiz yoshga yetgandan boshlab ochiq-sochiq kiyintirmagan. Qiz esa balogʻatga yetgan sayin ota, aka oldida yoqavayron, tizzasigacha ochiq holda oʻtirmagan, tanasini koʻz-koʻz qiladigan kiyim kiymagan, hayoli, iboli boʻlgan. Hozir-chi?

Ayrim holatlarda qizning otasi toʻyxonada, ziyofatning zoʻr, dasturxon nozu neʼmatlarining moʻl joyida, hali toʻy boshlanmasdan qadahlar urishtirmoqda. Ekranda qizining boʻlgʻusi kuyov bilan goh togʻda, goh bogʻda, goh suv boʻyida termulib, oʻynashib, quvishib, quchoqlashib va… turgan holatlarini koʻrib qizarmayapti, boʻzarmayapti, balki: “Buni shuncha pulga ishlatgan”, deb maqtanayapti. Shu payt kelin-kuyov kirib kelishdi. Besh yuz odam oyoqqa turdi. Hamma shod, xursand. Kuyov odatdagidek kostyum-shimda. Oq libosdagi kelinning bilaklaru yelkalari, orqasi beligacha ochiq. Ota va qaynota magʻrur…

Tavba, deysan. Uyda qizingni shu holatda koʻrganmisan yigirma yil tarbiyalab? Koʻrmagan boʻlsang, mayli suqqa ishonma, koʻzga ishonma, nega yoshu keksa, erkagu ayolning oldiga bu holatda chiqarding? Nega oʻzing ham termulib turibsan? Oilang oriyatini, nomusini elga shu alfozda koʻrsatib, faxrlanayapsanmi?

Toʻylardagi sarf-xarajatlarning oshib ketishi, millat mentalitetiga toʻgʻri kelmaydigan odatlarning kirib kelishiga xotinining soʻzidan chiqolmaydigan erkaklar, bolasini boʻlar-boʻlmas orzu-istaklardan qaytara olmaydigan otalar aybdor emasmi? Achchiq haqiqat shuki, toʻylarni tashkillashtirish, oʻtkazishda erkaklar oʻz burchini unutib, hamma yaxshi-yomon tashvishlarni xotinlariga berib qoʻygani toʻylardagi salbiy holatlarning katta sababidir.

Endi qiz chiqarayotgan yoki kelin tushirayotgan otalar uchun erlik, otalik oriyatini, masʼuliyatini saqlab toʻylar oʻtkazish, oʻzining yo qudaning boyligini emas, farzandlarining baxtini oʻylab ish tutish vaqti keldi.

 

YOSHLAR GʻURURINI SAQLASA…

Qizlar – oilaning, elning or-nomusi, yigitlar – oriyat va or-nomus qoʻriqchilari, degan gapni yoshlarga koʻp takrorlayman va izohlab turaman. “Bir martalik toʻyimda xohlaganimni qilaman, ota-onamni ham aytganimga majbur etaman. Istagancha mashinalarni toʻplab, kiyinib (yoki yarim yalangʻoch kiyinib), zoʻr sanʼatkor (otarchi)larni chorlab, dasturxonni nozu neʼmat, spirtli ichimliklar bilan toʻldirib, dovrugʻli toʻy oʻtkazaman”, deyish xudbinlik va aqlsizlik, oʻylovsizlikdir. Chunki bunday yoshlarning mablagʻ qayerdan, qanday kelayotgani, oila qancha qarz botqogʻiga botayotgani bilan ishi yoʻq…

Bundaylar oriyatni anglashmaydi, gʻurur ostonasidan oʻtishmagan. Oriyatli boʻlsa, ular toʻyxonaning oʻrtasida qaynota-qaynonasi bilan raqsga, valsga tushmasdi. Gʻururi bor kuyov hali chimildiqqa kirmagan, ochiq-sochiq libosli kelinning oʻzga yigitlar bilan oʻynashiga yoʻl qoʻymasdi. Iboli, hayoli kelin dugonalari bilan kuyovning oʻpishib soʻrashganiga befarq, betuygʻu qarab turmasdi.

Yoshlarning oʻzi bu haqida chuqur, atroflicha oʻylab, fikrlab koʻrishi, kuyov va kelin faqat bir-biriga daxldor axloqiy meʼyorlardan xabardor boʻlishi, ular millat davomchilari sifatida milliy qadriyatlarni saqlashga masʼul ekanini his etishi shart. Oʻshandagina toʻylar fayzli oʻtadi va oilada ham baraka boʻladi.

 

Abdiolim ERGASHYeV,

Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiysi

 

soglom.uz

https://saviya.uz/hayot/nigoh/haddidan-hadlayotgan-toy-chi-lar/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x