Yurakni uygʻotgan soʻzlar

Eshqobil Shukur sheʼrlarida soʻzlar yangi jilolarini namoyish etadi. U soʻzlardan zavqlanadi. Boshqalarga ham oʻzi his qilgan shu zavqni yuqtiradi. Tilshunos, adabiyotshunos, shoir, adiblar soʻz toʻgʻrisida koʻp fikrlar bildirishgan. Ammo, shu paytgacha hech kim “soʻz – tilning hujayrasi” demagan. Eshqobil Shukur koʻpchilik eʼtiboridan chetda qolgan shu hodisaga nazar tashladi. Aniqrogʻi, u bu muhim haqiqatni juda nuktadonlik bilan topib koʻrsatdi: “bu olamni soʻz koʻzlari bilan koʻrish mumkin”. Soʻzni suv yoki boshqa moddiy narsalar singari koʻrolgani uchun, “soʻzning koʻzlari bor”, dedi. Bu, albatta, gʻalati tuyuladi. Kimdir eʼtiroz etishi tabiiy. Mantiqan, bu – asosli. Koʻpchilik koʻrinib turgan hodisalarni idrok etadi, mantiq mezonlariga muvofiq kelmaydigan narsalarni qabul qilmaydi. Insoniyat shu bois mantiq iskanjasida yashab keladi. Ammo kishilar oʻylab topgan, uzoq tajribalardan oʻtkazib, turmushga joriy etgan mantiq oʻlchovlari inson olamini toʻla-toʻkis qamrab ololmaydi. Chunki olam va odam mantiq miqyoslariga sigʻmaydigan sir-sinoatlarga toʻla. Soʻz turli tovushlarning murakkab uygʻunlashishidan hosil boʻladi. Soʻzni vujudga keltiruvchi tovushlar odamning ichki olamidan chiqadi. Bu tovushlarning yuzaga kelishida odamning butun vujudi ishtirok etadi, shu boisdan undan turli maʼnolar anglashiladi.

Eshqobil Shukur sheʼrlari, avvalo xalq qoʻshiqlariga xos ohangi bilan diqqatni tortadi. Soʻz xuddi xalq qoʻshiqlaridagi kabi jaranglab turadi va ohangi yurakka yetib boradi. Eng muhimi, toʻqnashuvlar girdobida turgan inson qalb dramasini aks ettiradi. “Hamal ayvoni” his-tuygʻularning yangi olamiga olib kirib, kishiga u ilgari his qilmagan boʻlakcha dunyoni taqdim etadi. Olam va Odam haqida tassavurini teranlashtirib, dunyoga qarashlarni kengaytiradi. Har bir kishi “Hamal ayvoni”dagi sheʼrlarda chuqur dramatizm va joʻshqin lirizmga yoʻgʻrilgan teran milliylikni his qiladi. Shoir “Iltijo” sheʼrida yozadi:

 

Bir karvon bulut bergin,

Daryo ber tizim-tizim.

Bir qatron muzlik bergin,

Oʻzing toʻzim ber, toʻzim.

 

“Tungi gullar”da inson qalbidagi qarama-qarshi kechinmalar, turfa xil tuygʻular tiniq tashbehlarda ifodalanadi. Ularda soʻzlar xilma-xil rangda tovlanib, turfa ohang taratadi. Kishi voqelikdan chinakam zavqlanganida shunday tuyuladi. Bu zavqni tugʻma shoirgina shunday ifodalay oladi. U borliqqa boshqacha nigoh bilan qaraydi. Shoirning oʻtkir nigohi oddiy, joʻn koʻrinib kelgan narsalarda nur, joziba borligini topib beradi. Uning bu xabari koʻngilga surur olib kiradi. Shoir qahraton qishning zulmat kechasida kimsasiz choʻlda oʻtoviga ketayotgan choʻpon holatini bunday tasvirlaydi:

 

Bulutlar qorlarning qoʻynida uxlar,

Choʻl qisirlar ayoz qamchilaridan.

Qirlar tun betiga ufurgan uhlar

Muzlaydi iztirob tomchilariday.

 

Qop-qorongʻi kechada sovuqdan titrab-qaqshab, umidsiz qolgan choʻponga osmonda koʻringan oy najot beradi. Sheʼrda birorta joʻn misra yoʻq. Undagi oʻn olti misraning barchasi tashbeh, jonlantirish, sifatlashdan iborat. Ular zanjir halqalari singari bir-biri bilan bogʻlanib ketgan. Choʻlda oydan najot olib, umidga toʻlib, ishonch bilan ketayotgan odam holati juda taʼsirchan ifoda etilgan. Shoir tun manzaralari, qishloq oqshomlari, choʻl osmoni kishida qanday hissiyotlar uygʻotishini xuddi rassom kabi chizib koʻrsatadi. Tabiat manzarasi mahorat bilan tasvirlangan kartinani koʻrganida esa kishi beixtiyor hayajonga tushadi. Shoirning “Choʻlda yurgan oy” turkumidagi sheʼrlari xuddi mohir musavvir tomonidan yorqin boʻyoqlarda ishlangan manzara singari ajib hissiyot uygʻotadi:

 

Shomdan soʻng yomgʻirsiz kunlardan oʻksib,

Horib oʻtoviga qaytdi choʻponlar.

Oyogʻi ostiga oy nurin qalab,

Oʻziga oʻt qoʻydi zarhal qoʻtonlar.

 

“Sochlari sumbul-sumbul…”, “Tungi gullar”, “Hamal ayvoni” shoirning koʻnglida hissiyotlar mavjlanib turishidan dalolat beradi. Aniqrogʻi, soʻzlar chinakam shoirga hamisha oʻzining ochilmagan ohanglari, jilolarini taqdim etadi. Ular shoirning tasavvur-xayolida jonlangan ajib manzaralarni yorqin ranglarda gavdalantiradi. Boshqalarni oʻzining xayol-tasavvuri bilan hayajonga solish, toʻlqinlantirish shoir oddiy odam emas, balki baxtli inson ekanligini bildiradi. “Xudo, – deydi Onore de Balzak, – Paygʻambarga ming yillar qaʼrini koʻrish, shoirga borliqni qaytadan idrok etish, mutribga olamning musiqiy ohanglarini topish salohiyatini baxsh etgan”. Chindan ham “Najot”, “Yomgʻirdan oldin” yoki “Yurakni uygʻotib yuboring”da shoirning borliqni boshqacha idrok etishi, uning oʻzgalar koʻrolmaydigan qirralarini koʻra olishi seziladi. U jonsiz narsalarni harakatda koʻradi, koʻrinmaydigan narsalarni yaqqol tasavvur qiladi.

Har bir odam oʻzi tugʻilib oʻsgan makonga mehr qoʻyadi. “Dil kosasi lim-lim muhabbat”ga toʻlgan shoir qishloq oqshomlari, choʻl, dasht osmonini mehr toʻla sogʻinch bilan taʼriflaydi. Ijodkorning nafaqat vatan, balki boshqa mavzulardagi sheʼrlari markazida ham shu makon turadi. “Choʻlda” sheʼrida ana shu makonga munosabati orqali oʻzining qalbi – botiniy olamini ochadi:

 

Tun osoyish qoʻzgʻalib shamol,

Yulduzlarni erkalab ovlar.

Toʻxtamdagi suruvlar misol,

Oʻz maylida mizgʻir oʻtovlar.

Men bu yerga yongani keldim.

 

Shamollarning yulduzlarni ovlashi, oʻtovlarning toʻxtab qolgan suruv qoʻylar toʻdasi singari uxlashi, maysalarning oyogʻi chiqib, yellarni erkalab yetaklashini boshqalar xayoliga keltirolmaydi. Shoirning qalbida esa bu xil gʻaroyib manzaralar mavjlanadi. U qalbiga tavajjuh qilib, yaʼni yuzlanib, mantiq mezonlariga sigʻmaydigan, koʻz bilan koʻrib boʻlmaydigan bir-biridan ajoyib manzaralarni maʼlum qiladi. Bu makonning boshqalar payqamaydigan goʻzalliklarini bayon etish asnosida unga romantik tus beradi. Dashtu dalalarga “yongani, yelgani kelgan” shoirning hayotga falsafiy qarashi undan zavqlanish bilan uygʻunlashib ketadi. Shundan ular kishida joʻshqin hissiyotlar uygʻotadi. Masalan, “Choʻlda yurgan oy” turkumi choʻl, dasht, sahro zaminning qargʻalgan, giyoh oʻsmaydigan, muttasil chang-toʻzon, garmsel hukmron nuqtasi emas, balki goʻzal maskani sifatida tasavvur uygʻotadi. Bu goʻzallikni his etishga undaydi. Aslida osmon ham, zamin ham cheksiz goʻzal. Muzliklarda ham, sahroda ham hayot mavjud. Inson uchun borliqning betakror manzaralarini his qilish, undagi sir-sinoat hikmatlarni idrok etib, mushohada yuritish, dard chekish, quvonishdan boʻlak barchasi bekor.

“Hamal ayvoni”dagi sheʼrlardan xalq qoʻshiq, termalariga xos jarangdorlik, mumtoz gʻazal, muxammaslarga xos ajib ohang taraladi. Shoir qalami ostida soʻzlar musiqiy sado beradi. Bu sado xuddi qoʻshiq ohanglari kabi koʻngilga sizib kirganida sheʼr misralari xotiraga osongina oʻrnashaveradi:

 

Choʻgʻ tergali tilimga

Qishlar qoʻndi-ya birrov…

Ishqimni oyga aytdim,

Oylar toʻldi-ya gul-gul.

Kuy ichgali koʻnglimga

Soʻzlar qoʻndi-ya bir-bir,

 

Ushbu misralardagi soʻzlar shoir koʻnglidan kuyga aylanib chiqqani – odatdagidan jarangdorroq boʻlgani bois toshlarni sindiradi, qushlarni koʻzga qoʻndiradi, suvlarni yondiradi, qishni isinishga undab, choʻgʻ terdiradi, oyni toʻlin etib, gul-gul yashnatadi. Mantiqqa muvofiq kelmaydigan bu holatni kishi xayolan tasavvur etib, soʻzlarda shunday quvvat mavjudligini savqitabiiy his etadi. Aslida ham odamga soʻzlarning maʼnosi emas, ohangi koʻproq taʼsir etadi. Ijobiy maʼnoli soʻz ham dagʻal, piching, kinoya, kesatiq ohangida aytilsa, kishining kayfiyatini buzib, koʻngliga qattiq botadi. Chunki soʻzning ohangi uni aytuvchining asl maqsadi, niyatini aniq ayon etadi. Eshqobil Shukur soʻzning bu kabi sir-sifatlarini nozik his qiladi. U baʼzi ijodkorlar kabi fikriga mos tushadigan soʻz qidirmaydi. U “Hamal ayvoni”da soʻzlashuv tiliga xos soʻz, iboralarni osonlik bilan adabiy til doirasiga tortadi. Tuygʻular esa samimiy va haqqoniy:

 

Yoʻl ustida, yoʻllar ustida

Oyoqlarim yurak boʻldi-yey,

Ishq qasridan, hijron qasridan

Umrim faqat tilak boʻldi-yey.

 

Birovning kulfati hech kimni befarq qoldirmaydi. Lekin aziyat chekayotganga har kim har xil achinadi. Hamma ham birovning tashvishidan iztirobga tushavermaydi. Aziyat chekayotgan odamning ahvolini qalbdan his qilgan kishigina qaygʻuga botadi. “Mengim momoning yoʻqlovi” sheʼrida shoir surgunda, vatanidan olisda dunyodan koʻz yumgan ayol haqida bunday yozadi:

 

Togʻdan toshlar qulaydi,

Koʻzdan yoshlar qulaydi,

Qismatning qora qoʻli

Peshonangni silaydi.

Voy, Mengim-a, shoʻr Mengim.

Uvv!.. U!!!

 

Shoir vatan sogʻinchi bilan oʻrtangan ayol iztirobini aniq ifodalaydigan soʻzni topadi. Togʻdan tosh qulashi halokatga olib keladi. Koʻzdan yosh oqishi, toʻkilishi bilan koʻzdan yoshning qulashi farq qiladi. Odam sevinganida, koʻp kulganida ham koʻzidan yosh chiqadi, nimadandir xafa boʻlganida yigʻlab, koʻzyoshi toʻkadi. Lekin vatanidan yiroqda qolsa, ilojsizlik, chorasizlikdan koʻzyoshi ham xuddi tosh kabi qotib qoladi. Oʻshanda u xafalikdan yigʻlagandagi kabi emas, balki togʻdan toshlar qulagandagi kabi butun vujudni larzaga solib qulaydi. Toshlar qulaganida esa togʻ larzaga kelib, tevarak-atrof xaroba boʻlib ketadi. Vatan hajrida ezilgan kishilar uchun ham bir kun ming bir azob, uqubat bilan oʻtadi. Oʻshanda ularning koʻzidan yosh toʻkilmaydi, balki qulaydi. Oʻshanda ularning butun vujudi titrab, jismu joni ado boʻladi.

Chinakam sheʼrlar ilhom joʻsh urib, hissiyotlarning junbishga kelishi, tuygʻular qalbga sigʻmasdan toʻlqinlanib, shiddat bilan poʻrtanaga aylanishidan tugʻiladi. Bunday sheʼrlarda soʻzlar odatdagidan boshqacha salmoq kasb etib, yanada maʼnodor boʻladi. Soʻzlar maʼno bilan toʻyinganida taʼsirchan oʻxshatish, chiroyli sifatlash, jozibali jonlantirishga aylanadi. “Hamal ayvoni”dagi sheʼrlarda soʻzlar maʼno yuki bilan salmoq kasb etib, ana shunday shakllarga kirgani uchun ular kishini befarq qoldirmaydi. Ayrim ijodkorlarning sheʼrlarida soʻz odatdagi maʼno doirasida qolib, qofiya, radif vazifasida keladi. Shuning uchun ham, bunday asarlar tuygʻularga ham, aqlga ham aytarli hech narsa bermaydi. Tuygʻularni toʻlqinlantirib, kishini mushohadaga undaydigan asarlarda soʻzning tub-tubida yashirin maʼno imkoniyatlari, jozibador ohanglari ochiladi. Quyidagi sheʼrda soʻzning maʼno tovlanishlari, undagi kuyga xos ohanglar yaqqol seziladi:

 

Darding bir gʻoʻzadami, koʻzlaring koʻzadami,

Koʻnglingning manzillari toʻydami, azadami,

Oʻzini izlamasdan, oʻzingni topolmassan.

Qoʻllaring jilovdami, yo erking birovdami,

Kul umring gulshandami, gul koʻngling gulxandami,

Oʻzini izlamasdan, oʻzingni topolmassan.

 

“Oʻzini izlamasdan, oʻzingni topolmassan”, yaʼni sen Xudoni izlamasdan, unga intilmasdan, Yaratganning narsalari sir-asrorlarini bilmasdan, har biri betakror xususiyatga ega ekanini his etmasdan, oʻzingni anglolmaysan. Eshqobil Shukur sheʼrlari yaxlit. Aniqrogʻi, u barcha satrlarda izhor etgan kechinma, mulohazalarini oxirgi misrada ajoyib tarzda umumlashtiradi. Soʻnggi satr avvalgi jami satrlar bilan birlashib, kutilmagan salmoqli fikrni taqdim etadi. Bunday sheʼrlarda misralar bir-biri bilan mustahkam bogʻlanib, maʼno maydonini kengaytirib boraveradi. Baʼzi asarlar syujetini qisqacha bayon etish mumkin. Bundan ularning mazmuniga unchalik putur yetmaydi. Ammo, “Oʻzini izlamasdan…”ga oʻxshash sheʼrlar xususida bunday deb boʻlmaydi. Chunki ularda ifodalangan mazmun odatdagi darak gaplarga sigʻmaydi. Asl sheʼr soʻzlashuv tili qolipiga solinsa, yaproqlari sochib tashlangan gul yoki oyoq-qoʻli sindirilgan odam haykaliga oʻxshab, xunuk boʻlib qoladi:

 

Tilimni kuydirdi bulbulning suti,

Tanglayimni yoqdi gul ichirgan qon.

Men ikki dunyoni bir hatlab oʻtib,

Ogʻzimga solganim – bor-yoʻgʻi talqon.

 

Ushbu sheʼr badiiy haqiqat real hayot hodisasidan taʼsirchanroq ekanidan darak beradi. Koʻpchilik bulbulning uyasini koʻrmagan. Chunki bulbul oʻz uyasini tikanlar orasiga qoʻyadi. Bulbulda yoki boshqa qushlarda sigir, qoʻydagi singari sut boʻlmasligi ham hammaga ayon. Ammo shoir bulbulning suti tilimni kuydirdi, gullar ichirgan qon tanglayimni yoqdi, deydi. Buning yolgʻonligi, bunday boʻlishi mumkin emasligini yosh bola ham biladi. Lekin shu yolgʻon rost gapdan koʻra kuchliroq taʼsir etadi.

Borliqdagi har bir hodisada son-sanoqsiz sir-sinoat mavjud. Ularning ayrimlari koʻrinsa, koʻpi yashirin turadi. Dov-daraxt, oʻt-oʻlanlarning har faslda har tusga kirishi yoki narsalarning issiq-sovuq taʼsirida oʻzgarishi, suvning oqishi, loyqalanishi, muzlashi, bugʻlanishi yoki kecha-kunduz almashinuvi kabilar hamma hodisaning ichida koʻzga koʻrinmaydigan mislsiz harakat jarayoni mavjudligidan dalolat beradi. Shoir boshqalar sezmaydigan ana shu sirli jarayonni koʻra biladi. Uning sezgir, taʼsirchan qalbida narsalarning yashirin sir-sifatlari aks etganidan sheʼrlarida ularni maʼlum qiladi. “Hamal ayvoni”dagi sheʼrlar ijodkorning tasavvur olami benihoya baland ekanini koʻrsatib turibdi:

 

Yurakni uygʻotib yuboring…

Tinglayin yulduzlar qoʻngʻirogʻini,

Mayin qora oʻtni kechib oʻtarkan,

Shamollarning nafis titrogʻi-la

Yurakni uygʻotib yuboring…

 

Yurakni uygʻotishni, yulduzlar qoʻngʻiroq chalishini, havo qora boʻlishi-yu, uning xoʻrsinishini va bu harakat xuddi toʻlin oy yoki yongan chiroq singari yorugʻlik tarqatishini hamma ham xayoliga keltiravermaydi. Bunday harakat-holatlar faqat ijodkorning xayol kengliklarida namoyon boʻladi. Uning tasavvur maydonidagi manzara mavjud hayotga aslo muvofiq kelmaydi. Ammo u noayon sir-sifatlarlardan xabardor etgani bois boshqalarning ham hissiyotlarini toʻlqinlantirib, ruhiga quvvat beradi. Shoir borliqni, hayotni taʼriflab, insonni ulugʻlaganida har bir kishining ruhi najot topadi. Chunki uning soʻzida ruhga ozuq boʻladigan, qalbidagi majolsiz qolgan ezgu intilishlarga ijobiy taʼsir etadigan najotkor gʻoyalar turadi.

“Hamal ayvoni”dagi sheʼrlarda obrazlar biri ikkinchisidan kelib chiqadi, biri ikkinchisini taqozo qiladi. Bunga ishonch hosil qilish uchun “Goʻroʻgʻli” sheʼri bilan tanishish kifoya:

 

Goho botirlarni tugʻar qabrlar,

Goho tugʻadilar yetim qasosni.

Yer ostiga kirsa barcha shoirlar,

Osmondan kutinglar ulugʻ ovozni.

Goho botirlarni tugʻar qabrlar,

Marhumlar dunyosin ijodi kabi.

 

Chin shoirgina borliqni ana shunday sezgirlik bilan his qiladi va uning boshqalarga noayon sir-sifatlarini zukkolik bilan ifoda etadi. Sheʼrdagi bir-biriga tutashgan obrazlar silsilasi zaminu zamondagi jumboqlar kaliti shoirlar tilida ekanini bildiradi. Ular borliqni shunchaki kuzatmaydi, balki qalbidan oʻtkazib, tilga kiritadi. Eshqobil Shukur barcha isteʼdodli ijodkorlar singari azaliy mavzularning yangi jihatlarini topa biladi. U hayot adabiyot uchun abadiy manba ekani, unda ochilmagan jumboqlar behad koʻpligi toʻgʻrisida soʻzlab, boshqa ijodkorlar qarashlariga tamoman ijodiy yondashib, har bir sheʼrida teran falsafiy fikr aytadi. Eshqobil “Suv” sheʼrida Abdulla Oripovning: “Bekor qolganda-chi, baʼzida sekin // Bir-birin tagiga suv quyar” misralarini keltirib davom etadi:

 

Koʻza sindirganni raʼyiga qarab,

Oshkora xoʻrladik Sayhun, Jayhunni.

Shoʻr tuzga topshirdik taqdirimizni,

Hamon beparvomiz, hamon bemaʼni,

Dengizga emas-da, bir-birimizning

Tagimizga quyib ikki daryoni…

 

Orol dengizi qurishi halokati toʻgʻrisida juda koʻp gapiriladi. Ushbu sheʼrda esa ekologik fojia ildizi ijtimoiy-siyosiy va maʼnaviy omillar bilan bogʻliqligi taʼsirchan ifodalanadi.

Koʻngilda kechadigan fikr, tuygʻular tunda osmonda uchgan yulduz singari ongda yalt etib paydo boʻladi-yu, bir zumda yoʻqlik qaʼriga singib ketadi. Eshqobil Shukur buni yaxshi anglaydi. U fikrning qochishiga yoʻl qoʻymaydi. Koʻnglida kechgan fikr, tuygʻuni darhol ushlab, eʼtiroz bildirish, inkor etish orqali uni mustahkamlaydi. Bu unga navbatdagi fikr, tuygʻuni taqdim etadi. Fikr, tuygʻular shiddat bilan kuchayib borganidan shoir toʻylarning kuylarida, kuylarning toʻylarida koʻrinay, deydi. Sheʼr shu oʻrinda avj nuqtasiga koʻtariladi. Soʻnggi ikki satrda esa shoir ruhi aks etgan:

 

Men koʻzlarning soʻzlarida koʻrinay,

Men soʻzlarning koʻzlarida koʻrinay.

 

Shoir soʻzni muqaddas deb biladi. Uni hamma narsadan koʻproq sevadi. Savdogar hech qachon bunday niyat qilmaydi. Bunday istak hech qachon duradgor, etikdoʻz yoki boʻyoqchining xayoliga kelmaydi. Savdogar puli, mol-davlati koʻp boʻlishini istaydi. Duradgor, etikdoʻz, boʻyoqchi ham ishi rivoj topishini tilaydi. Chunki har bir kishining orzusi kasb-koriga bevosita bogʻliq boʻladi. Shoir esa soʻzdan zavqlanadi. Uning ohangi, maʼno jilolarini boshqalardan koʻra koʻproq his qiladi. Soʻz esa joʻn hodisa emas. Aslida borliqdagi koʻzga koʻrinadigan va koʻrinmaydigan hodisalarning hech biri oddiy, joʻn emas. Ularning barchasi betakror sifat va xususiyatga ega. Ammo hammasidan soʻz boʻlakcha. Bu muhtasham va murakkab moʻjizaning maʼnolar olamini, unda yashiringan ishoralar koʻlamini hisoblab, tasavvur qilib boʻlmaydi. Dunyo tilshunosligida soʻz tushunchasiga uch yuzdan ortiq taʼrif mavjudligi qayd qilinadi. Lekin tilshunoslarning taʼkidlashicha, ularning hech biri soʻzning mohiyatini, u aslida qanday hodisa ekanini toʻliq aks ettirmaydi.

Eshqobil Shukurning sheʼrlari ohorli oʻxshatish, sifatlash, jonlantirishga boyligi bilan ajralib turadi. U qoʻllagan obrazli ifodalar jarangdorligi, maʼnosining taʼsirchanligi bilan kishining qalb qandilini nurlantiradi. Chunki shoir qish tugab, bahor kirib kelishini:

 

Titroq novdalarda uygʻonar hayot,

Sargʻaygan qor kabi erib bitar dard.

Yashil tuygʻulardan chayqalasan shod,

Fevral oʻtib borar, yaqinlashar mart

 

deb taʼriflaydi. Shoir novdalarni jonli deb tasavvur qiladi. Bahor yashilligi kishilarning koʻnglida aks etishiga eʼtibor qaratadi. Bahor tufayli kishilarning mudroq tuygʻulari ham uygʻonadi. Ushbu sheʼrda:

 

Maysalar – hayotning shirin tillari

 

– degan tashbeh bor. Bunday taʼrif boshqa shoirlar ijodida uchramaydi.

Oʻxshatish, sifatlash, jonlantirishda ijodkorning his-tuygʻulari aks etadi. Ular esa shoirning hayot va inson haqidagi oʻy-mushohadalaridan oʻsib chiqadi. Ijodkor ichki kechinmalari, hayotga qarashlarini turli badiiy tasvir vositalari orqali ifodalaydi. Tashbeh, qiyoslashlar ijodkorning koʻnglidan oʻtib, quvvatlangani bois boshqalar tasavvurini dafʼatan yoritib yuboradi. Badiiy tasvir vositalari qanchalik qamrovli boʻlsa, shunchalik taʼsirchan va maʼno qamrovi keng boʻladi. “Hamal ayvoni”dagi sheʼrlarda badiiy tasvir vositalari silsila hosil qilib, oddiy hodisalarni dafʼatan boshqacha koʻrsatadi. Shoir “Men” tajribasi” sheʼrida yozadi:

 

Sugʻurib oldilar ichidan “Men”ni

Hayotning shoh tomiri kabi.

Koʻziga tiqdilar Bugunni,

Kechasi, Ertasi ketdilar sabil.

 

Sheʼrda insonning “men”i hayotning shoh tomiri – asosiga oʻxshatiladi. Chindan oʻzligini anglash har bir kishi hayotining mazmunini belgilaydi. Oʻzligini anglamagan odam oʻtmishi, ertangi kuni toʻgʻrisida bosh qotirmaydi. U faqat bugunning tashvishiga oʻralib kun kechiradi. Inson oʻzligini anglashini hayotning shoh tomiriga qiyoslanishi badiiy kashfiyot. Eshqobil Shukur sheʼrlarida bunday oʻziga xos yorqin oʻxshatish, sifatlash, jonlantirishlar koʻp. Ular voqelikning yangi jihatini koʻrsatishi bilan diqqatni jalb etadi. Shoir hayotdagi oddiy hodisalarning eʼtibor qilinmagan qirralarini ochib, eng mayda, joʻn narsalarda ham bir olam maʼno, hikmat yashiringanini taʼkidlaydi. Aslida har bir odam narsalarni bir-biriga taqqoslaydi. Ular oʻrtasida gʻaroyib oʻxshashlik, bogʻliqlik topganida hayratga tushadi. Shoir ham hodisalarni qiyoslash asnosida his qilgan hayratini ehtirosga toʻlib, izhor qiladi, falsafiy maʼnodor xulosa chiqaradi. Uning xulosalari koʻpchilikka gʻaroyib yangilik kabi taʼsir koʻrsatadi. Kishining fikri, tuygʻulari narsalarni taqqoslash, oʻxshatish orqali kengayib, oʻsib boradi. Shu boisdan Arastu: “Oʻxshatish insonga bolalikdan xos boʻlgan xususiyatdir. Inson boshqa jonli mavjudotlardan oʻxshatish qobiliyatiga ega ekanligi bilan ham farqlanadi. Hatto, dastlabki bilimlarni u oʻxshatishdan oladi va bu jarayon samaralari barchaga huzur bagʻishlaydi” deydi. “Hamal ayvoni”dagi sheʼrlar ohorli oʻxshatish, chiroyli sifatlash, ajoyib jonlantirishlarga toʻla:

 

Bu tor xona emas, balki bu osmon,

Yulduzlarni gulday sochmoqda shamol.

Yuragimga yetib keldingmi omon,

Eshikka suyanib, jilmaygan ayol…

Ruhimdan buloqlar chiqadi sizib,

Nogoh eriyotgan osmon singari.

 

Sheʼrda tor xona keng osmonga oʻxshatilib, shamol esa yulduzlarni gul kabi bepoyon osmonga sochayotgani aytiladi. Bir-biriga bogʻlanib kelgan bunday ohorli oʻxshatish ruhga oziq berib, kishining kayfiyatini koʻtaradi. Shoir boshqa sheʼrlarida ham bir-biriga aloqasizday tuyulgan narsa-hodisalar orasida gʻaroyib yaqinlik topadi va uni chiroyli taʼriflaydi. Aslida ham narsalarni ajratgandan koʻra, ulardagi bogʻlanishga eʼtibor qilganda teran maʼno chiqadi. Kecha-kunduz, oq-qora kabilar bir-biriga qarama-qarshi koʻrinsa-da, ular oʻrtasida uzviy bogʻlanish bor. Kishi bir xil narsalar emas, rang-barang narsalardan taʼsirlanadi, ularni bir-biriga xayolan qiyoslab, mushohada yuritadi. Eshqobil Shukur sheʼrlarida tazod sanʼatidan keng foydalanadi. U aksariyat sheʼrlarida oʻzaro zid tushunchalarni ketma-ket keltiradi. Shoirning barcha mavzudagi sheʼrlarida shu xususiyat boʻrtib turadi:

 

Tikondan gul soʻrab, gavhar topgan men,

Ilondan bol soʻrab, javhar topgan men,

Qabrdan nur soʻrab, qamar topgan men,

Meni kechiringlar, mazlum tuygʻular.

 

Hech kim tikan gulidan guldasta yasamaydi. Ilonda bol emas, zahar boʻladi. Qabrda nur emas, zulmat hukmronlik qiladi. Shoir mantiqqa toʻgʻri kelmaydigan bunday narsalar haqida soʻzlagani, orzu qilgani uchun tuygʻulari ozor chekkanidan afsuslanadi. Uning dili cheksiz istaklar ilinjida ikki dunyo orasida sargardon ekanini aytadi.

Umuman, Eshqobil Shukur hayotga shoirona nigoh bilan qaraydi. Nigohidagi nurdan sheʼrxon qalb qandili ravshanlashadi. Shoir oʻz sheʼrlarida hayotdagi barcha hodisalar oʻrtasida gʻaroyib ichki bogʻlanish borligiga eʼtibor qaratadi. Narsa-hodisalarning boshqalar nazari tushmagan, koʻpchilik payqamagan jihatlarini ochib koʻrsatadi. Aksariyat qalamkashlarda xuddi shu zaruriy jihat yetishmaydi. Ular xuddi zoʻriqib gapirayotganday tuyuladi. “Hamal ayvoni”dagi sheʼrlar ilhom bilan bitilgan. Shoir ularni qalbida ilhom guvullab, joʻsh urganida qogʻozga tushirgan. Ilhom bilan bitilgan sheʼrlarda soʻzlar oʻz-oʻzidan obrazga aylanib, ravon ritmga tushib boraverganidan misralar tabiiy tarzda qofiyalanib, jarangdor ohang hosil qiladi. Bu ohang sheʼrning maʼno-mazmuniga singib, uni dilga olib kiradi. Soʻzlari jarangdor, maʼnosi teran sheʼrlar xuddi kuy, qoʻshiq kabi diqqatni dafʼatan jalb etadi. Chinakam ilhom ogʻushida yaralgan asarlarda, u sheʼrmi, qoʻshiqmi yoki dostonmi, ruh aks etadi. Ijodkor, bu paytda, anglamagan, bilmagan holda, oʻz ruhining yuksakliklariga koʻtariladi.

 

Abdulla ULUGʻOV

 

“Sharq yulduzi” jurnali, 2016–10

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/yurakni-uygotgan-sozlar/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x