“Xamsa” va qissa

Epik janrlar tasnifida qissa romandan keyin turishi maʼlum. Ammo badiiy adabiyotga qadar ham muayyan shakl-mazmunda mavjud boʻlgani, zamon-makon nuqtai nazaridan sharq va gʻarb adabiyotini birdek qamrab olishi, ham folklor, ham yozma adabiyot janri sifatida mustaqil shakllariga egaligi, janr kanonlarining oʻziga xosligi bilan qissa va xamsa dostonlari munosabati romanga nisbatan aniqroq, qadimiyroq deyish mumkin. Ayni nuqtai nazardan maqolada xamsa dostonlari bilan qissaning besh shakli aro tipologik munosabatni muxtasar koʻrib chiqishga urinamiz. Ushbu shakllarni taqriban shunday tasniflash mumkin: a) “Qurʼoni karim” qissalari; b) anbiyolar qissalari; v) xalq qissalari; g) doston-qissalar; d) qissa-dostonlar.

“Qurʼoni karim” qissalari. Sharq badiiy tafakkurining shakl-mazmun nuqtai nazaridan tamomila yangi bosqichga koʻtarilishida “Qurʼoni karim” va uning bayon usuli taʼsiri birinchi oʻrinda turadi.[1] “Qurʼoni karim” maʼnolarini toʻgʻri tushunish, muvofiq tarzda sharhlash yoʻlidagi urinishlar natijasida “Ilm ul-balogʻat” maydonga kelgan. Balogʻat ilmi: “Ilm ul-maʼoniy”, “Ilm ul-bayon”, “Ilm ul-badiʼ”[2] kabi uch qismga boʻlinadi. “Qurʼoni karim” va Muhammad alayhissalom hadislari asosida maydonga kelgan mumtoz poetika mohiyatini anglash uchun mana shu uchlik nazariy sistema ochqich vazifasini oʻtaydi. Alisher Navoiy va uning buyuk salaflari Balogʻat ilmini oʻz ilmiy-adabiy faoliyatlari uchun dastur sifatida qabul qilishgan. “Gʻaroyib us-sigʻar” devonidagi bir gʻazalni sharhlagan adabiyotshunos Aʼzamxon Qozixoʻja Navoiy Balogʻat ilmi asoslari hisoblangan “Miftoh ul-ulum” (Yusuf Sakokiy), “Talhis ul-miftoh” (Abdurahmon Qazviniy), “Asror ul-balogʻa” (Shayx Abdulqohir), “Asos ul-balogʻa” (Mahmud Zamaxshariy), “Muxtasar ul-maʼoniy” va “Mutavval” (Saʼdiddin Taftazoniy) singari ilmiy asarlarni juda yaxshi bilgan, deb yozadi.[3] Filologiya fanlari nomzodi Rashid Zohidovning quyidagi fikrlari esa masala mohiyatini yanada oydinlashtiradi: “Hazrati Alisher Navoiy: Boʻlmasa iʼjoz maqomida nazm /Boʻlmas edi Tengri kalomida nazm – deb bejiz aytmagan. Tafakkur egalari barcha zamonlarda oʻzini va atrofini oʻrab turgan borliqni anglashga intilgan. Ilohiy Kalom bunday faol, maʼnaviy sogʻlom insonlar uchun doimo ilhom manbai boʻlgan”.[4]

Xuddi islom nazariy taʼlimotida boʻlganidek, “Qurʼoni karim”dagi matnlar mazmuni, ulardagi ifoda usuli sharq mumtoz adabiyoti amaliyotida ham izchil qoʻllab kelingan. “Qurʼoni karim” qissalari va “Xamsa” munosabati mana shunday nazariy va amaliy jarayonlar umumlashgan nuqtada voqe boʻlgan. “Qurʼoni karim”ning 28-surasi “Qasas” (“Qissalar”) deb nomlanadi. Unda Muso alayhissalomning tugʻilishlaridan boshlab, butun hayot yoʻllari, xususan, paygʻambarlik davrlari mufassal bayon etiladi. Bundan tashqari, “Qurʼoni karim”da Odam, Nuh, Ibrohim, Ismoil, Isʼhoq, Dovud, Sulaymon, Yunus, Ayyub, Muso, Yaʼqub, Iyso alayhissalomlar, shuningdek, Hobil va Qobil, Asʼhob ul-Kahf, Maryam, Jolut kabi oddiy odamlar hayoti qissa qilib beriladi. “Yusuf” surasida, xususan, shunday deyiladi: “(Ey Muhammad), Biz sizga ushbu Qurʼon (surasi)ni vahiy qilish bilan qissalarning eng goʻzalini soʻylab berurmiz. Holbuki, u (Qurʼon) nozil boʻlishidan ilgari, siz (bu qissadan) bexabar kishilardan (biri) edingiz!”[5] “Qurʼoni karim” qissalarida oʻtmish voqealarining ibratomuz hikoya qilinishi, bashariyat tarixi haqida axborot berilishi bilan birga, yana uch jihat yaqqol ajralib turadi. Bularning birinchisi, har bir “qissa” markazida aniq bir shaxs hayot yoʻli (syujeti) turishi, barcha voqealar (syujet liniyalari) shu shaxs atrofida kechishi va bevosita unga kelib bogʻlanishi; ikkinchisi, butun “qissa” yagona bir mazmun, jumla-konsepsiyaga qurilishi;[6] uchinchisi, tezis – antitezis – sintez shaklidagi mukammal kompozitsion tizimga egaligidir.

Xamsa dostonlarida ham xuddi shunday prinsip kuzatiladi. Oshiq – maʼshuqa  – raqib uchligi va ularning atrofidagi soʻzlovchi va harakatlanuvchi obrazlar tizimi, oʻz mohiyati va syujet strukturasiga koʻra, pirovard-oqibat bir obrazga kelib bogʻlanadi. Asardagi shu obraz har qanday holatda yetakchi maqomda turadi. Agar ayni obraz asardan chiqarib tashlansa, uning mazmuni ham, shakli ham oʻsha daqiqadan boshlab nurashga tushadi. Bu dostonlardagi Farhod, Xusrav, Majnun, Bahrom, Iskandar oshiq obrazlaridir. Dostonlardagi eng faol xronotop (makon va zamon) maydonlari (yoʻl, dengiz, oʻrmon, togʻ, gʻor va hokazo) faqat ular ishtiroki bilan jonlanadi. Oshiq bu xronotop maydonlarini yolgʻiz bosib oʻtadi. Maʼshuqa esa, bunda koʻpincha inert holatda namoyon boʻladi. U mavjudligiyu izlab kelishidan bexabar, gʻayrishuuriy tarzda oshiqni “kutadi”. Undagi faollik faqat oshiq bilan ilk uchrashuvdan keyin boshlanadi. Raqib ham xuddi shunday: oshiqning faol harakatidan inersiya oladi. Koʻpincha, oshiq oʻz maqsadi yoʻlida qator manzil-makonlarni bosib oʻtib, maʼshuqa diyoriga yetib kelgandan soʻnggina faollashadi. Shulardan kelib chiqib, xamsa dostoni qahramoni qissa qahrmoni bilan poetik jihatdan hamjins deyishimizga asos bor.

Xamsa dostonlari ham xuddi “Qurʼoni karim”dagi Yusuf alayhissalom qissasi singari yagona jumlaga quriladi. Ulardagi mazmunni joʻn bir jumlada umumlashtirib ifodalaydigan boʻlsak, taqriban: “Ishq, mehnat, iztirob va fojiadan iborat dardga yoʻliqmoq saodati”, degan konsepsiya maydonga keladi. Agar “Qurʼoni karim”dagi Yusuf (a. s.) qissasi asosida qissa qahramonining kelajagi haqidagi bashorat-tush tezis boʻlsa, toki shu tush roʻyobga chiqib, qahramon gʻalabaga erishgungacha boʻlgan barcha voqea-hodisalar antitezis, qahramonga oʻn bir yulduz, oy va quyoshning salomga kelishi sintez hisoblanadi. Qahramonni bunday saodatga erishtirgan omil esa “chiroyli sabr”dir. Xamsa dostonlaridagi barcha qahrmonlarning ishq uchun yaratilgani[7] tezis, ishq yoʻlidagi iztirob va mashaqqatlari antitezis, ularning Haq vasliga yetishuvlari esa sintezdir. Yana shuni qayd etish joizki, “Xamsa” tarkibidagi bir doston bevosita “Qurʼoni karimda” kelgan Zulqarnayn qissasiga asoslanadi. Yevgeniy Eduardovich Bertels va boshqa qator tadqiqotchilarda ayni syujet ildizlarini Firdavsiy “Shohnoma”siga bogʻlashga moyillik bor. Bizningcha esa, bunday talqin xamsa dostonlaridagi Iskandar obrazi qamrov koʻlami va poetik mohiyatini toraytirish, xato tushunishga olib keladi. Iskandar obrazini bir millat va hokimiyat doirasidagi, ishi butkul fotihlikdan iborat boʻlgan, boringki Noʻshiravon kabi odillikni kasb etgan bir hukmdor darajasiga tushirib qoʻyadi. Eng yomoni, bunday talqin xamsachilikning umumkonsepsiyasiga soya soladiki, bu masalani maxsus oʻrganish zarurati bor. Bundan tashqari, xamsachilikkacha va mazkur anʼana taʼsirda maydonga kelagan qator doston toʻplamlaridan bevosita “Qurʼoni karim”dagi “Yusuf” surasi asosida yozilgan “Yusuf va Zulayho” tipidagi ishq dostonlari ham joy olgan. Bu oʻrinda Firdavsiy “Shohnoma”si hamda Abdurahmon Jomiyning “Haft avrang”gi tarkibidagi “Yusuf va Zulayho” dostonini eslash kifoya.

Umuman, “Qurʼoni karim” nozil boʻlguncha va keyingi davrlarda paygʻambarlar tarixini aks ettiruvchi ilmiy va tarixiy-badiiy asarlar koʻp yozilgan. Ushbu asarlar qahramonlari paygʻambarlar boʻlib, islom muarrixlari ular haqidagi real voqealarni haqqoniy bayon etishga harakat qilganlar. Bunda, asosan, “Qurʼoni karim” va paygʻambarimiz (a. s.) hadislariga tayanganlar. Isroiliyotga doir baʼzi bir kiritmalarni istisno etganda[8] paygʻambarlar tarixiga bagʻishlangan kitoblar badiiy ijod sohiblari uchun ishonchli manba hisoblangan. Ular tarixiy manbalarni badiiy talqin qilishda ikki yoʻldan borishgan: birinchisi, bevosita paygʻambar qissasi, yoki “Qurʼon”dagi boshqa qissalar asosida asar yozish; ikkinchisi, ushbu qissalarda aks etgan syujet, obraz, bayon usullarini oʻzlashtirish va ramziy usulda boshqa syujet va obrazlarga tatbiq qilish. Xamsa dostonlari tarkibidagi Iskandar qissasi birinchi tip syujet namunasiga kiradi, qolgan birinchi dostondan tashqari uch dostonda esa ikkinchi tipga xos badiiy usullar qoʻllangan. Ularning har biridagi syujet, obraz va uslub tarkibiga paygʻambarlar qissasiga xos mazmun va shakl xususiyatlari singdirib yuborilgan.

Xalq qissalari. “Zunnun”, “Kaʼbul Axbor”, “Hazrat Ali” (r. a.), “Abu Muslim”, “Ibrohim Adham”, “Chor darvesh”, “Shoh Mashrab”, “Farhod va Shirin”, “Layli va Majnun”, “Bahrom va Dilorom” singari umumsharq, xususan, oʻzbek xalqi tomonidan ijod etilgan qissalar ham xamsa dostonlari uchun muayyan omil vazifasini bajargan. Adabiyotshunos Saidbek Hasanov xamsa dostonlariga kirgan “Bahrom qissasi”ning “Shohnoma”dan oldin ham xalq ijodiyoti namunasi sifatida yashab kelgani, Firdavsiy tomonidan badiiy qayta ishlangani, Nizomiy, Dehlaviy, Navoiylar esa uni tom maʼnoda yozma adabiyot tarkibiga singdirib yuborganlarini aytadi.[9] Xamsa dostonlari va sanalgan xalq qissalari nuqtama-nuqta solishtiriladigan boʻlsa, ularning qator poetik komponentlari aro tipologik oʻxshash jihatlar mavjudligi oydinlashadi. Deylik, “Shoh Mashrab” qissasi “Layli va Majnun” dostoni bilan gʻoya va shakl nuqtai nazaridan ancha yaqin. Mashrab obrazi oʻzining jazbali muhabbati, jununi, jamiyatga sigʻmasligi, gʻayrioddiy faoliyati, soʻzlash usullarigacha bizga Majnunni eslatadi. Xalq qissalari va xamsa dostonlari oʻrtasidagi bunday umumiy jihatlar ularni qiyosiy-tipologik aspektda chuqurroq oʻrganishni talab etadi.

Doston qissalari va qissa-dostonlar. Shuningdek, “Xamsa”gacha va undan keyin maydonga kelgan dostonlar tarkibidagi baʼzi qissalar (doston qissalari) hamda bevosita bir qissa asosida yozilgan dostonlar (qissa-dostonlar) xamsa dostonlari bilan tipologik uygʻunlikka ega. Doston qissalari bilan qissa-dostonlar oʻz mazmuni, strukturasiga koʻra quyidagi oʻxshash va farqli tomonlarga ega: a) bir doston-qissa tarkibida qissalarning bir nechtasi kelishi mumkin. Qissa-dostonlar esa faqat yagona qissa syujetiga quriladi; b) doston qissalari muayyan asar kompozitsiyasining biror boʻlagini tashkil etib, oʻzining dastlabki (xalqona) shakliga nisbatan qisqarishi, badiiy mazmun nuqtai nazaridan dostonga tobelanishi, oʻziga yondosh qissa syujetiga muvofiqlashuvi mumkin. Qissa-dostonda esa muayyan qissa oʻzining ilk variantiga xos barcha syujet va kompozitsion xususiyatlarni deyarli saqlab qoladi. Baʼzi hollarda, muallif badiiy niyatiga koʻra, kengayadi, yangi, “toʻqima” syujet liniyalari, obrazlar, detallar bilan boyitiladi; v) doston qissalari uchun koʻproq ibratomuz, xalqona, oʻquvchiga pand-nasihat va didaktik xulosa beruvchi qissalar tanlanadi. Bunda qissa qahramoni biografiyasi qissa syujeti bilan parallel kechmasdan, qahramon hayot yoʻlidagi bir yoki bir necha muhim nuqta bayon etiladi. Qissa dostonlar esa qahramon biografiyasini imkon qadar toʻliq aks ettiradi. Unda boshlanma, tugallanma qismlari orasida qahramonning “hayot yoʻli” xronotopi badiiy aks ettiriladi; g) doston qissalari ilohiy kitoblar, xalq ogʻzaki ijodi, xalq kitoblari tarkibidan tanlab olinadi va janr tarkibiga singdiriladi. Qissa-dostonlar syujeti esa janrni oʻzi tanlaydi. Yaʼni qissa voqealari, obrazlari, undagi oʻtkir mazmun, dolzarb mavzu janr tabiatini tayin etadi. Muayyan janr ichida yangi shakllarning paydo boʻlishiga olib kelishi ham mumkin; d) doston qissalari uslubi ham oʻzi kiritilgan asar uslub maromiga tushib qoladi. Oʻzining dastlabki shaklidagi uslub individualligini yoʻqotadi. Qissa-dostonda esa yagona uslub yetakchilik qiladi. Oʻz shakl-mundarijasiga koʻra dastlabki shakliga xos uslub maromini yoʻqotmaydi, aksincha, fabula tizimi mukammallashadi.

Muhimi, qissaning har ikki shakli alohida dostonlarda boʻlganidek, xamsa dostonlari tarkibida ham uchraydi. Xamsa tarkibiga kirgan Farhod va Shirin, Layli va Majnun, Bahrom goʻr haqidagi dostonlar aslida qissa-dostonlar hisoblanadi. Xamsadagi Zulqarnayn qissasi “Qurʼoni karim”dan iqtibos qilinib, xamsa badiiy konsepsiyasiga singdirilgan boʻlsa, undan oldingi uch qissa xalq ijodiyoti namunalaridan olinib, xamsa semantikasi va strukturasiga tobelantirilgan. Bu esa mazkur qissalarning xamsaga xos bir butun badiiy sistemada komponent-qissa (xamsa-qissalari), mustaqil holatda esa qissa-doston ekanini koʻrsatadi. Xamsaning birinchi dostonida turli konseptual masalalar yuzasidan muayyan shaxs hayotiga doir qissa epizodlari keltiriladi. Ayni epizodlar muallif ilgari surmoqchi boʻlayotgan aniq konsepsiyani asoslab kelishi bilan birga, “Xamsa”ning umumkonsepsiyasi, keyingi dostonlar yoʻnalishini belgilashda mundarijaviy ahamiyat kasb etadi. Masalan, Navoiy “Hayrat ul-abror” dostoni tarkibidagi Ibrohim Adham, Robiya Adaviya, Boyazid Bistomiy haqidagi qissa epizodlari mana shunday badiiy-konseptual vazifalarni bajaradiki, ayni dalillar “Hayrat ul-abror” tarkiban muayyan qissalarni jamlagan doston ekanini koʻrsatadi.

Birinchi doston (“Hayrat ul-abror”) tarkibidagi bunday qissalarni uch guruhga boʻlib tasniflash mumkin: birinchi guruhga “Qurʼoni karim”da bayon etilgan qissa-epizodlari; ikkinchi guruhga muallifdan oldin yashab oʻtgan, el ogʻzida rivoyatga aylangan, “daxlsiz” shaxslar (paygʻambarlar, sahobalar, avliyolar) haqidagi qissa-epizodlari; uchinchi guruhga shoir bilan zamondosh (Abdurahmon Jomiy, pahlavon Muhammad, sulton Husayn singari) shaxslar hayotiga doir qissa-epizodlari kiradi. Eng muhimi bunday qissalarning barchasi real asosga ega va oliy realizm namunalari sifatida namoyon boʻladi.

Umuman, sharq-islom muhitida shakllangan “Xamsa”ga xos sintetizm (turli maʼrifiy-ijtimoiy manbalar, voqea-hodisalar, janr xususiyatlarini umumlashtirish) quyidagilarda namoyon boʻladi: a) ilohiy naql va shaxs eʼtiqodi; b) bu asosda yuzaga kelgan poetik anʼanalar; v) islom kishisi (abror-odam) va maʼrifiy jamiyat konsepsiyasi; g) Yaratuvchi, inson va borliqni islom prizmasida idroklash. Islom-sharqida kechgan sintetizm jarayoni mana shunday ichki spetsifik jihatlari bilan qadim sharq va yevropa badiiy tafakkuriga xos sintetizm mexanizmiga oʻxshamagan, yangi mexanizmni namoyon etgan. Universal estetik tafakkur, original modifikatsion tizim sifatida shakllangan. Sintetizm jarayonida bunday kanonlashgan poetik shahobchalar yagona tarmoq boʻylab “Xamsa” singari ulkan janr xronotop maydoniga quyilgan va singib ketgan. Natijada, bir yoki bir nechta janr komponentlari bir joyga jamlanib, yangi janrlar hosil qilgan yoki janr kanonlarini oʻzgartirgan, ayni paytda oʻzi ham oʻzgarishga uchragan: yo kanonlashgan, yo differensiatsiyalangan, taraqqiy etgan yoki tanazzulga yuz tutgan. “Xamsa”ning bir butun poetik tizim boʻlib shakllanishida sharq mumtoz adabiyoti anʼanalari silsilasida mavjud qator adabiy janrlar, xususan, qissa janri ham kanonlashtiruvchi vosita vazifasini oʻtagan.

 

REZYUMYe

 

Maqolada “Xamsa” va qissa janr poetikasi nuqtai nazaridan solishtiriladi. Ikki mustaqil badiiy tizimga xos syujet, obraz va xronotop tipologiyasi haqida fikr yuritiladi.

 

Avtor stati sopostavlyaet s tochki zreniya janrovoy poetiki “Xamsu” Alishera Navoi s povestyami, sushʼestvuyushʼimi v uzbekskoy folklornoy i pismennoy literature minuvshix vekov.

 

The author compares in terms of genre poetics “Hamsa” Alisher Navoi with tales that exist in the Uzbek folklore and written literature of past centuries.

 

Uzoq JOʻRAQULOV

 

“Sharq yulduzi” jurnali, 2016–10

 


[1] Oʻzbek mumtoz adabiyoti, xususan, Navoiy “Xamsa”sini “Qurʼoni karim” iqtiboslari, oyatlarining poetik interpretatsiyasi, Qurʼonga xos bayon uslubi, kompozitsiya tizim nuqtai nazaridan diniy, nazariy va grammatik ilm asosida maxsus oʻrganish zarurati bor. Navoiy “Xamsa”sining semantik-struktural qurilishida aynan shu jihat  yetakchilik qiladi. Shoirning oʻzigacha boʻlgan porakanda gʻazal strukturasini tamomila yangi yoʻnalishga burib, aniq tizimdagi gʻazal kompozitsiyasini ishlab chiqishida ham bevosita “Qurʼoni karim” strukturasi asos boʻlgan, deb oʻylaymiz ( – U.J.).

[2] Bu haqda qarang: Sharipov Zokirjon. Balogʻat fani: bayon va bidiʼ ilmlari. – T.: Movorounnahr, 2014.

[3] Qarang: Qozixoʻjayev A. Gʻazalning serovoz olami // Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati gazetasi, 2009, №49.

[4] Zohidov R. Tarbiya va goʻzallik ilmi // Sharq yulduzi jurnali, 2010, №5. – B.147.

[5] Qurʼoni karim. Oʻzbekcha izohli tarjima. Tarjima va izohlar muallifi Alouddin Mansur.-T.: Choʻlpon, 1992.

[6] A.Qozixoʻjayev “Yusuf” surasi (“qissa”si)da Yaʼqub alayhissalomning  “Endi (mening ishim) chiroyli sabr qilmoqdir” (18-oyatdan) degan soʻzlari jumla-konsepsiya ekanini qayd etadi. Qarang: Qozixoʻjayev A. Qissa janri xususida /XX asr oʻzbek adabiyoti masalalari. – T.: Fan, 2012.-B.206-215.

[7] Bu oʻrinda Iskandarni ham Olloh ishqi yoʻlida mislsiz fathlarga chogʻlangan, alal oqibat uning amrini bajo keltirish bilan saodat topgan Haq oshigʻi sifatida talqin qilishimiz anʼanaviy xamsashunoslik xulosalariga bir qadar zid kelishi mumkin. Ammo dostonning barcha variantlari sharq-islom dunyoqarashi asosida yozilgani, anʼanaviy xamsashunoslarimizda esa sovet mafkurasi taʼqiqlari sabab bunday talqin uchun imkon boʻlmaganini yodda tutgan holda, keyingi tadqiqotlarda bu masalaga kengroq toʻxtalish va uni atroflicha asoslashga harakat qilamiz ( – U.J.).

[8] Ye.E.Bertels “Navoiy va Jomiy” tadqiqotida bu masalaga maxsus toʻxtalib oʻtgan ( –  U.J.).

[9] Xasanov S. Roman o Baxrame. Poema “Sem skitalsev” Alishera Navoi v sravnitelno-filologicheskom osveshʼeniye.-T.: Izdatelstvo literaturiʼ i iskusstva imeni Gafura Gulyama, 1988.- S. 24.

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/xamsa-va-qissa/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x