Yosh yozuvchi boʻlish qiyin

Jahondagi fikr va axborotlarni elab, saralab olish yoshlarning oʻz qoʻlida. Bu erkinlik, insonni bunday mustaqillikka oʻrgatish yaxshi, lekin yoshlarning adashishi ham bor.

Yosh boʻlish yaxshi. Lekin bu ham qiyin. Ayniqsa, yosh yozuvchi boʻlish qiyin. Chunki ham oʻzingni, ham birovlarni tarbiyalashing kerak. Yosh boʻlish qiyin. Hamma senga nasihat beravergani uchungina emas, yosh boʻlish avvalo shuning uchun qiyinki, yoshlikning ishi, masʼuliyati ogʻir boʻladi: oʻqish, ustozlardan oʻrganish kerak, oldingi avlodlar yaratgan hamma bilim va mahoratni egallash kerak, eng muhimi – ustozlarni quvib yetishgina emas, oʻtib ketish, ular yaratgan xazinaga nimadir qoʻshish kerak. Aks holda, taraqqiyot boʻlmaydi. Baʼzan shogird ustozdan oʻtipti deb hayron boʻlishadi, bu – notoʻgʻri. Ustozdan oʻtmasa, shogird boʻlishning nima mohiyati bor?! Shogirdlar ustozlardan oʻtmasa, taraqqiyot toʻxtab qoladi-ku axir? Avlodlardan avlodlarga oʻtishning maʼnisi boʻlmay qoladi. Agar biror oqsoqol yoshlarga: “Sen bizdan oldinga intilma, oʻz joyingni bil!” deb taʼlim bersa, bu mutlaqo xato boʻlardi. Abdulla Qahhor “Talant – xalq mulkidir” degan maqolasida bu masalada baʼzi oqsoqollarnigina emas, eski udumni dogmaga aylantirib, oʻz jurʼatini tiyib yurgan baʼzi hurkovich yoshlarni ham tanqid qiladi. “Hurmat bilan salomingni ber-da, ishing zarur boʻlsa, oʻtib ketaver”, deydi Abdulla aka.

Baxtimizga, oqsoqollarimizning deyarli hammasi yoshlarning dadil intilishlaridan, keksalar qilib ulgurolmagan ishlarni bajarishga urinishlaridan doim xursand. Ustozlarimiz ham, Yozuvchilar uyushmasi ham yoshlarning barcha ijodiy sinovlarini, jurʼatli intilishlarini, adabiyotimizga qoʻshmoqchi boʻlgan yangiliklarini jon-dildan qoʻllab-quvvatlaydi.

* * *

Adabiyot havasga kiriladigan shon-shuhrat bogʻchasi yoki shunchaki, koʻp qatori bajarib yuriladigan kasb emas. Adabiyotga odam bir umr yongani kiradi. Har bir asarda bir lovillab yonmasa, yozuvchining boʻlmagani maʼqul. Yozuvchilik, mening nazarimda, eng qiziq, eng ehtirosli hayot. Bunda faoliyat natijasi – asarning oʻzigina emas, jarayon, izlanish jarayoni, izlab topish, izlab yashashning oʻzi qiziq. Har safar oʻzingga ham, kitobxonga ham yangi bir olam ochishing kerak. Adabiyot jarayoni uzluksiz; qancha yozuvchi boʻlsa shuncha usul; hayot murakkabliklarining magʻzini hamma oʻzicha izlaydi, hamma oʻz yuragida qaynatadi, oʻz ilhomini, oʻz ehtirosini taqdim etadi. Ozgina soʻz aytish uchun u juda koʻp bilishi, juda koʻp koʻrishi, voqealarni, biografiyalarni, faktlarni, hislarni, oʻylarni, psixologiyani bilishi kerak. Muhandis yoki akademik bilishi shart boʻlmagan sohalar bor. Yozuvchida esa bunday soha yoʻq. Yozuvchining hayot tajribasi, biografiyasi – oltin fond. Uni hozirdan yarata boshlashi kerak.

 

Yigitlikda yigʻ ilmning maxzani,

Qarilik chogʻi xarj qilgʻil ani!

 

Hazrat Navoiy buni bejiz aytmagan. Ishni keyinga qoldirish kerak emas. Qariganida odam yumshoqroqda yotgisi, oʻngʻayroq oʻtirgisi, faqat mashinada yurgisi kela boshlaydi, daryo kechish, togʻ oshish, sahro kezish – malol keladi.

Yozuvchi talantli boʻlishi kerak – talantni qaydan olish haqida maslahat berolmayman. Uning hammanglarda qandaydir bir miqdorda borligini koʻzda tutyapman.

Yozuvchi bilimli, oʻqimishli, baland saviyali odam boʻlishi kerak. Buni qaydan olishni, bir umr oʻqish-oʻrganish kerakligini bilasizlar. Mutolaa qilish kerak deb, ishni alifbodan boshlab oʻtirgim kelmaydi.

Yozuvchi koʻpni koʻrgan, achchiq-chuchukni tatigan, xayru badni tahlil qila biluvchi, tajribali odam boʻlishi shart. Mana shunisiga kelganda biroz toʻxtalib oʻtish kerak deb oʻylayman. Yaʼni, gap muallif obrazi haqida. Aminmanki, har qanday badiiy asarda hamma narsani birlashtiruvchi, butun asarga rang beruvchi – “muallif obrazi”dir. Belinskiy ham “Yevgeniy Onegin” haqida gapirib, romanda badiiy markaz muallif obrazidir, degan edi. Asarning saviyasi muallif saviyasidan oshiq boʻlmaydi. Muallifning zavqi, bilimi, xulqi, qalbi, qarashlari, tajribasi – asarga muhr boʻlib bosiladi. Kitob bu jihatdan nihoyatda subʼyektiv narsa. Shuning uchun yozuvchi avvalo oʻzini xalq hayotidagi muayyan, zarur oʻringa qoʻya bilishi kerak. Xalq hayotining hamma tomonlari – ogʻir tomonlari ham, goʻzal tomonlari ham yaqqol koʻrinadigan joyga qoʻya bilishi kerak.

 

* * *

Talant kelib chiqishidagi kitobiylik xalaqit berar ekan, talant yosh vaqtida hayot bilan bogʻlanolmay qiynalishi bor gap. Aftidan, turmushni koʻrish, bilish, mazmundor hayot yoʻli – kifoya emas. Bular oʻzidan-oʻzi asarga shundoqqina koʻchib qoʻya qolmas ekan. Olamni koʻrish bilan birga, uni yozuvchi koʻzi bilan qabul etish, idrok qilish, yurakdan oʻtkazib qogʻozga tushira bilish zarur ekan. Adabiyotning hayotiy mohiyatini qattiq oʻzlashtirib olib, ijodni hayot bilan bogʻlay bilish juda muhim ekan.

Men aytmoqchi emasmanki, kitobda personajlar rashk qilmasin, kasal boʻlmasin, mehmonga bormasin deb. Aksincha, bularning hammasi hayotiy; lekin asar qahramoni hayotida uni bizning jamiyatimiz kishisi sifatida ulugʻlovchi mazmundor voqealar boʻlishi kerak axir.

* * *

Klassika bunday deb oʻrgatadi: avval toʻlishish kerak. Bosh fikr oʻzi toʻlishib keladi. Uni sevib qolasiz. Uni aytgingiz keladi.

Shunday bezovtalik, istak, kuchli ehtiyoj sezmay turib yoza boshlamaslik kerak.

Har bir chinakam asarning oʻziga yarasha falsafasi boʻladi. Bosh falsafiy fikr asarni yoza boshlashdan oldin ham, yozayotganda ham, yozib boʻlgandan keyin ham sizni bezovta qilib, qiynab, oʻrtab turishi kerak. Shusiz yozilgan asar darrov eʼtibordan qoladi, asarda bosh fikr, hayot falsafasi, choʻgʻ boʻlmagandan keyin, kitobxon ham yonmaydi.

 

* * *

Koʻpgina oʻychan, falsafiy sheʼrlar turkumiga oʻxshagan poemalarimiz bor. Ularda baʼzan oʻnlab lirik chekinishlar qilinadi, bunday turlari ham kerak, “Poema faqat bunday boʻlishi zarur”, deb retsept berib boʻlmaydi. Ammo inson xarakteri, jonli qiyofasi, ismli-jismli, yeb-ichib, mehnat qilib yonimizda yuradigan kishiday konkret, prozadagiday keng yashaydigan odam xarakterini koʻrgimiz keladi.

Davr, taqdir, tarix, jamiyat, shaxs, fojia, falsafa, kurash, quvonch – barini oʻz ichiga olgan odam hayoti tasvirlansa edi. Bunday liro-epik xarakterdagi klassik poemaning imkoniyatlari tugagan emas. Yoshlar shu imkoniyatlarni oʻz qoʻllariga olsalar edi. Ichki monolog tipidagi poemaning imkoniyatlari esa, mening nazarimda, tugab boryapti. Bu ularning keyingi vaqtda bir-biriga oʻxshab qolayotganidan ham, bu sohada koʻp shoirlarning muvaffaqiyatsizligidan ham bilinyapti. Poemaning keyingi tamoyili nazariyachilarning fikriga muhtoj, tanqidchilar bu bobdagi tajribani yakunlasalar yaxshi boʻlardi.

Poemadan boshqa janrlarda yoshlar poeziyasi ajabtovur ulgʻayib kelmoqda. Unda oʻylar, yoshlikning mavqei, hayot yoʻlini belgilab olishi haqidagi tashvish, ichki bir bezovtalik tobora koʻproq oʻrin egallayapti. Oʻy, his, falsafa tantanavorlikni quvib chiqarmoqda.

 

* * *

Albatta yosh poeziyada koʻp zaifliklar, hatto latifa qilgulik misralar, mantiqsizliklar uchraydi. Aytilgan fikrlarni takrorlash, nasihatgoʻylik, taqlidchilik, didaktika, mantiqni shakl elementlariga qurbon qilish, ritorika, joʻnlik kabi kamchiliklarga juda koʻp misollar keltirish mumkin edi.

Shuni qayd etish muhimki, yoshlar ijodining, shu jumladan, yosh poeziyaning umumiy gʻoyaviy-badiiy yoʻnalishi sogʻlom. Eng yorqin talantlar tinimsiz izlab, ajoyib obrazlar topmoqda, nozik his-tuygʻular qoʻzgʻatmoqda, davr va inson haqida oʻyga solmoqda, yuksak gʻoyalarni – xalqning ezgu tilaklarini, intilish va kurashlarini badiiy ifodalashga intilmoqda… Bular hayotni butun goʻzalligi, murakkabligi, butun haqiqati bilan, yanada chuqur va keng qamrab olishni oʻrganishlari kerak.

Poeziyada hikoya qilish, tasvir etish, koʻrsatish, oʻrgatishgina yetmaydi, poeziya sehrlashi kerak, oʻylatishi, ruhni koʻtarishi, kuch bagʻishlashi, har bir obrazli soʻzning butun goʻzalligini ochib tashlab, hayratga solishi kerak.

Shu oʻrinda bir kamchilikni aytib oʻtay. Bu – sheʼrning nihoyatda koʻp yozilayotganligi. Bemaza qovunning urugʻi koʻp deganday, qaysi tahririyatga, qaysi nashriyotga, qaysi muhokama kengashiga bormang – albatta 5-10 papka sheʼr topishingiz mumkin.

 

“Yaxshi sheʼrni yozish – oson ish emas!”

Bu Pushkin satri. Pushkin buni 14 yosharligida aytgan.

“Yaxshi sheʼrga oʻx

shaydi hayot,

Yaxshi sheʼrni yozish

– oson ish emas!”.

 

Buni Stepan Shipachev aytgan. 60 yoshida.

Bu fikr hamma zamonlar uchun, yoshlar va dono keksalar uchun, hamma uchun xos. Bugun uni biz takrorlaymiz. Insonning goʻzallikka intilishi cheksiz. Sheʼrda, badiiy soʻzda goʻzallik imkoniyatlari benihoya. Shuning uchun Lev Tolstoy buyuk epopeyasini yetti marta koʻchirgani rost.

Sheʼrning koʻp yozilayotganini baʼzi gazetalar koʻpirib maqtaydi, ayniqsa yoshlarning sheʼrlariga berilgan tahlillarda. Yaʼni, yoshlarimiz serzavq, mehnatkashlar baxtiyorligidan fikrini sheʼrga soladi va hokazo.

Bir “muallif” bor. Uning nomini bilmagan xatlar boʻlimi mudiri boʻlmasa kerak. U oʻn yildan beri hamma tahririyatga muntazam ravishda kuniga beshtadan sheʼr yuborib turadi. Oʻn yildan beri biror sheʼri bosilib chiqqani yoʻq. Uni tahririyatdagilar dastxatidanoq tanishadi. Javob yozmay qoʻyishdi: foydasi yoʻq, “shoir” qofiyalagani qofiyalagan.

Menimcha, bu – baxtiyorlikdan emas. Bu – soʻzga hurmatsizlikdan, goʻzallik oldida hayratda qola bilmaslikdan, baʼzan esa beorlik va nodonlikdan.

Azizlar, Lermontov umrida bittagina kitob chiqargan.

Blok koʻngil daftariga bunday deb yozgan ekan: “Sheʼrni yozmay qoʻysammikin, degan oʻy keldi boshimga. Chunki sheʼr yozishga juda usta boʻlib ketmadimmikin deb qoʻrqaman”.

Hozir, yosh doʻstlar, bizning roʻparamizda shunday buyuk auditoriya turibdiki, uning iliq nafasini sezib turgan kishi mayda-chuyda fikrlar, bachkana his-tuygʻular bilan, pishitilmagan tasodifiy oʻylar, rangsiz, taʼsirsiz obrazlar bilan minbarga chiqolmaydi.

Shu oʻrinda adabiy tanqidchiligimizning yoshlar ijodiga munosabati masalasiga toʻxtab oʻtgim keladi. Hozircha tanqidchilarimiz yoshlar ijodi bilan maxsus shugʻullanayotgani yoʻq. Yoshlarning asarlari umumiy maqolalardagina, koʻpincha salbiy misol tariqasidagina tilga olinmoqda. Buning ustiga, baʼzan asarning mohiyatini uqmasdan turib, yuzaki nazar tashlabgina tilga olinmoqda. Yuzaki qaraganda esa, Navoiy aytganidek, qand ham oq, tuz ham.

Yoshlarni tanqidga sogʻlom munosabatda boʻlish ruhida tarbiyalash uchun avvalo tanqidning oʻzi oqilona, samimiy va ishonarli boʻlishi kerak. Tanqidni hech kim yaxshi koʻrmaydi, deyishadi; lekin samimiy, mehribon va talabchan tanqidni talantli yoshlar hurmat qiladilar. Men qayerdadir bir aytgan edim: faqat qogʻoz gul yomgʻirdan qoʻrqadi.

 

* * *

Yoshlar ijodida yana bir muhim masala shuki, biz yosh adabiyotda janrlar, uslublar rang-barangligiga yetarli eʼtibor bermayapmiz. Qissa, hikoya, sheʼr – janrlar hozircha shulardangina iborat.

 

* * *

– Vaqtning oʻtishini qarang-a! Yangi yilni yaqindagina kutmaganmidik? Mana tagʻin ostonaga kelib turipti…

Ayniqsa, yangi yil arafasida bu xildagi gapni koʻp eshitasiz. Birov buni shoʻxlik bilan aytadi, birov – falsafiy bir oʻychanlik bilan. Lekin baribir maʼnosi bitta: umr oʻtyapti…

Yangi yil bayramini zap oʻylab chiqarishgan-da! Shu bayram boʻlmasa, odamlar toʻplanishib xushchaqchaqlik qilishmasa bormi, har kim yolgʻiz qolib, koʻngilsiz oʻylarga tolar, ezilib ketar edi.

Eski yilning soʻnggi daqiqalarida har qanday odam ham bir zum xayolga berilmay iloji yoʻq. Oʻtmish bilan kelajakning chegarasida turganday boʻlasiz. Oʻtgan yillar, hatto hozirgina oʻtgan daqiqalar ham qaytib kelmaydi, ular juda uzoq, kelajak esa – yaqin. Kelajak hali sening qoʻlingda. Oʻtmish esa…

Bordi-yu, u behuda oʻtgan boʻlsa-chi? Behuda oʻtgan umrni eslashdan ham katta fojea bormi!

Bekor oʻtgan soatlarni-ku uncha eslamaymiz, ular unutiladi. Aslida ular ham har biri kichik bir fojea. Chunki ularni yigʻib kelsangiz, umrning oʻzi boʻlmasa ham, uning maʼlum bir qismi zoye ketganini anglaysiz. Umrning “maʼlum qismi”da kimdir ilmiy ish yoqlaydi, kimdir jahonni kezib chiqadi, kimdir arab tilini oʻrganib oladi, kimdir…

Kimlardir uni tun boʻyi magnitofon atrofida “chaqchaqlashib”, yoki charchamagan boʻlsa ham kuni bilan “miriqib” uxlab, choyxonada kechgacha laqillashib, yoki televizorga tomoshabin emas, unda nima koʻrsatsa qatorasiga beparvo koʻraveradigan telequl boʻlib, bekorga oʻtkazib yuboradi.

Oʻzining boy maʼnaviy dunyosi, zarur oʻylari boʻlmagan odam tez zerikadi, yolgʻiz qolishdan qoʻrqadi. U pulini ham, vaqtini ham ulfatchilikda baham koʻrishga urinadi.

Bir laqillashib kelaylik bekorchilikda… – deydi oʻziga oʻxshaganlarga.

Bir qarorga kelishadi-da, shisha-pisha olib, vaqtni “oʻldirgani” ketishadi. Soatlab foydasiz gap, narxi-navo haqida, kimningdir xotin qoʻyishi haqida…

Biz ulfatchilikka, koʻngil ochadigan uchrashuvlarga, bir-birining maʼnaviy taʼsiriga muhtoj odamlarning samimiy oʻtirishlariga qarshi emasmiz. Ammo bizning zamonda vaqtini qayoqqa qoʻyishni bilmaydigan odamlar borligi ajablantiradi. Soatlarni ayamaydigan odamlar umrning shu soatlardan tashkil topishini oʻylarmikin?

“E, oʻladigan dunyoda…” deyishi mumkin baʼzilar.

Aflotun otishga hukm qilingan kuni kechasi bilan oʻtirib tor chalishni oʻrgangan emish. “Ertalab oʻladigan odam bu hunarni nima qilasiz?” deyishsa, “Buni oʻrganish uchun ertaga vaqtim boʻlmaydi, axir”, deb javob bergan ekan.

Umr bitta. Odamning biladigan, oʻrganadigan, kashf etadigan narsalari esa behisob. Maʼnoli oʻtgan umr – bir moʻjizadir. Behuda oʻtgan umr esa… bu haqda Alisher Navoiydan oʻtkazib aytish qiyin:

Kamol et kasbkim, olam uyidin

Senga farz oʻlmagʻay gʻamnok chiqmoq.

Jahondin notamom oʻtmoq baaynih

Erur hammomdin nopok chiqmoq…

 

Adibning “Yosh doʻstlarimga” kitobi asosida tayyorlandi.

 

Asqad Muxtor.

 

https://saviya.uz/shaxsiy-tarbiya/yosh-yozuvchi-bolish-qiyin/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x