Yoʻqdir muhabbatdan buyukroq qudrat

Oʻzbek

 

Oʻzim, faqat oʻzim boʻlay, degan boshqa,

Doʻstlar bilan bagʻrim toʻlsin, deydi oʻzbek.

Qirq mayizni bitta oʻzi yegan boshqa,

Bir mayizni qirqqa boʻlib yeydi oʻzbek!

 

Olis joyda qaygʻu boʻlsa, gʻamga botib

Yetti yotning tashvishin ham yutgan bu xalq.

Urush degan balolarning jabrin totib,

Bu kun faqat Tinchlik yoʻlin tutgan bu xalq!

 

Qor yogʻsa gar biror ziyon yetmasin deb,

Avval qoʻshni eshik tagin kurar oʻzbek.

Yomonga ham yomonlikni bilmaydi ep,

Yaxshi degan soʻzni yaxshi koʻrar oʻzbek!

 

Rizqim butun boʻlsin, deya bugʻdoy sochgan,

Dala-dashtning tilin uqqan dehqon el bu.

Halol mehnat bilan baxtga quchoq ochgan,

Imoni sogʻ, ajab koʻngli sulton el bu.

 

Oʻz-oʻzingdan koʻpaygin, deb tilar kamol,

Bir dasturxon atrofiga boʻlsalar jam.

Bola tugʻish onalarga kelmas malol,

Saodatdir oʻzbek boʻlib tugʻilmoq ham.

 

Men yolchitib maqtolmasman uni, afsus,

Balandparvoz tashbehlarga yoʻqligim bor.

Taʼrifiga izlamayman falakdan soʻz,

Axir, oʻzbek zamin kabi moʻmin, xoksor…

 

U men uchun mehrob kabi pok-muqaddas,

Shaʼniga dogʻ tushirmoqdan tilni tiying.

Oʻzbek boʻlib tugʻilish-ku mushkul emas,

Lek chin oʻzbek boʻlib yashash juda qiyin!

 

Oʻshal kunlar

 

Bir paytlar ul qizni sevar edim, bilaman,

Orzu bilan ruhimni bezar edim, bilaman,

Soylar oqdi soyiga, ayro tushdi yoʻlimiz,

Bugun oʻshal kunlarni eslaganda kulaman.

 

Qalbga tugib vafoni, ishq sehridan kuylardim,

Tunlar bedor hislarim yulduzlarga soʻylardim,

Bola edim-da, ajab, sevgi bor deb oʻylardim,

Bugun oʻshal kunlarni eslaganda kulaman.

 

Koʻzlarimga choʻgʻ boʻlib koʻrinardi yor uyi,

Suhbatlashsak bir ogʻiz, shod yurardim kun boʻyi.

Buzaman, deb dod soldim… mensiz oʻtdi lek toʻyi,

Bugun oʻshal kunlarni eslaganda kulaman.

 

Oson tutmanglar, axir, hushim olgan oʻgʻriga,

Ota qoshin kerganda, ishq sigʻarmi koʻngliga?!

Mayli, ismimni qoʻysa qoʻyibdi-da oʻgʻliga,

Bugun oʻshal kunlarni eslaganda kulaman.

 

Meni ham bedil demang jimgina yurishimdan,

Yor izlarin izlarman hamon yozu qishimdan.

Boshqa mahal xomushman, yigʻlarman ich-ichimdan,

Faqat oʻshal kunlarni eslaganda kulaman.

 

Faqat oʻshal kunlarni eslaganda kulaman…

 

Yuragimda bir qiz yashaydi

 

Ishonmayman yeru koʻkka ham,

Chiroyidan koʻnglim yashnaydi.

Bunday gulni koʻrmagan olam,

Yuragimda bir qiz yashaydi.

 

Kulsam kular, kuyadi kuysam,

Koʻnglim olar qovogʻim uysam,

Unutilar armon, gʻam-gʻussam,

Yuragimda bir qiz yashaydi.

 

Xato topmas insholarimdan,

Tanir hatto imlolarimdan,

Tushunadi imolarimdan,

Yuragimda bir qiz yashaydi.

 

Ishqin sotib, bor-budim talab,

Zebu zarlar qilmaydi talab,

Qalbga mehr choʻgʻlarin qalab,

Yuragimda bir qiz yashaydi.

 

Unda oʻyu xayolim doim,

Kecha-kunduz tinmas nidoyim –

Yuragimni asra, xudoyim,

Yuragimda bir qiz yashaydi.

 

Maʼsuma umid

 

Nigohlari yoʻllar bir sirli paygʻom,

Tilining uchidan tomar asali.

Bu koʻzlar diydorga toʻymagan tamom,

Bu lablar boʻsa ne – tuymagan hali.

 

Bir maʼsuma umid moʻltirar mubham,

Billur kabi zilol nigohlarida.

Tonggi shabnam misol kulsa, kuysa ham,

Yosh silqib turadi qaroqlarida.

 

Tun yorishib ketar jilmaysa, ammo

Eriy boshlar hatto abadiy muzlar.

Uning tirnogʻicha emasdur zebo

Dunyodagi barcha chiroyli qizlar.

U oʻz husni bilan maqtanmas faqat,

Bor unda na kibor, na takabburlik.

U Xudo yaratgan eng goʻzal xilqat,

Asl bahosini topmagan hurlik!

 

Muhabbatdan kuchli his yoʻq, inchunun,

Yoʻqdir muhabbatdan buyukroq qudrat.

U shunday nafiski, sevmogʻim uchun

Kamlik qilar hatto oʻsha muhabbat.

 

Zohidjon OLOV

 

Yoshlik”, 2017–6

https://saviya.uz/ijod/nazm/yoqdir-muhabbatdan-buyukroq-qudrat/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x