“Hikmat izlaganga hikmatdir dunyo”

Sadriddin Salim Buxoriy ijodida soʻz non kabi, jon kabi ehtirom etiladi. Shoir soʻzni qanotga, Gʻirkoʻk otga, sabotga, hayotga mengzaydi:

 

Soʻz qanotga aylandi,

Koʻkni quchmoqda qoʻshiq.

Soʻz sabotga aylandi,

Malaklar unga oshiq1.

 

Ijodkor shoirlikni oʻta ulugʻ, oʻta masʼuliyatli taqdir deb bildi va bunga butun umri, ijodi davomida amal qilib yashadi. Sadriddin Salim Buxoriy “gullarning sheʼrlari hidida”, “Daraxtning gullagan qoʻli – uning sheʼri” ekanini koʻrgach “sheʼr yozmay qoʻyganini” aytadi va “qalami gullamasa, sheʼriyat yoʻli oʻzi uchun berk”ligini anglaydi. Shoir sheʼriyat bahorida “Yogʻoch tugul nafas gullaydi”, “Yurak gulga aylanib”, “Hatto koʻkrakqafas gullaydi”, deb hisoblaydi. Bu satrlar “koʻkrakqafas” soʻzini oʻylashga majbur qiladi. Qushdek potirlab turgan, mudom ozodlik istaydigan yurakni – qudratli insonning ulugʻ aʼzosini saqlab turgani, unga Yaratgan qobirgʻalarni panjara qilib qoʻygani tufayli koʻkrak qafasi deyilsa, ajab emas. Shoirning mahoratini koʻringki, sheʼriyat bahori koʻkrak qafasini ham gullatishiga ishonadi va bunga sheʼrxonni ham ishontiradi. Shoir “maysazor, maysa – yerning qoʻshigʻi” deb biladi. Yerning qoʻshigʻi oldida oʻz sheʼrining quruq gap boʻlib qolishini aytish bilan sharqona kamtarlik qiladi, ayni damda, ulugʻ haqiqatni ham ifoda etadi. Xulosa yanada goʻzal, falsafiy:

 

Oʻzbekiston, o, buyuk shoir,

Quruq yerda sheʼrlar undirdi.

Sheʼr yozma, deb gullagan koʻnglim

Qoʻllarimni oxir koʻndirdi.

Sadriddin Salim Buxoriy sheʼriyati oʻziga xos. Undagi ohang, tafakkur tarzi xalqona. Shoir har bir satrini tabiatning inja, koʻzquvnar hodisalaridan olib, uni oʻz dunyosiga xos falsafiy teranlik bilan bezaydi va ezgulik nurlariga toʻyintirib, sheʼrxon kayfiyatiga koʻtarinkilik baxsh etadi. Gohida esa tabiat koʻmagida insonga oʻgit beradi, undagi vijdonni uygʻotadi. Shoir nazdida “daraxtning qoʻllari bisyor, panjalari ochiq, beozor”. Shoir insonga xos nuqson haqida soʻzlasa, oʻzi misolida aytadi. Bu shoir uslubiga xos jihatlardan biridir:

 

Daraxt, bir-ku bizlarning zamin,

Osmonimiz bir-ku, ne sabab

Buncha saxiy sening qoʻllaring,

Uyalaman qoʻlimga qarab…

 

Shoir biz uchun oddiy tuyulgan holatdan kutilmagan, betakror va goʻzal xulosa yasaydiki, bu Sadriddin Salim Buxoriy sheʼriyatiga xos uslubning oʻziga xosligidir. Uning “Bahor”, “Somoniy maqbarasi yonidagi daraxt”, “Yer qaʼridan chiqqan giyoh – xat”, “Vo ajabki men bilan birga…”, “Garchi tili boshqa-boshqadir” kabi sheʼrlari fikrimizga misoldir. Juda sodda tuyuladigan sakkiz qatorli sheʼrini oʻqing:

 

Yalangʻoch novdalarga

Chumchuqlar qoʻnib oldi.

Goʻyo ular yaproqqa

Birdan aylanib qoldi.

Qiqir-qiqir barglardek

Mast boʻlishdi kulgidan.

Ular keksa daraxtni

Uygʻotmoqchi uyqudan.

 

Shoir ijodida daraxt obrazi alohida oʻrin tutadi. U tut, olma kabi oʻzbekzamin daraxtlarini jonlantiradi. Kuzda barglari sargʻaygan olma daraxtiga “singilginam” deya murojaat qiladi. Shoir nazdida, olma daraxtining qish sabab “titragaydir qalblari”, u “yigʻlamasligi, bardosh qilishi lozim”:

 

Dunyo oʻzi qiziq, singiljon,

Kimki qishga chidasa agar,

Bahor gulga burkar begumon

Va baxt yana tashlaydi nazar.

 

Shoir “Tomirlarda kezarkan kurash, Yana gulga toʻlgay quchoqlar” deya koʻtarinki ruhda sheʼrni yakunlaydi. Sadriddin Salim Buxoriy hayotda ham, ijodda ham insonlarga dalda boʻluvchi dilkash shoir edi, sheʼriyatidagi koʻtarinkilik ham uning uslubiga xos jihatlardan biri sifatida koʻzga tashlanadi. Oʻquvchi bunday sheʼrlardan maʼnaviy ozuqa, ruhiy quvvat oladi. Aslida, chin sheʼriyatga xos asosiy fazilat ham shu.

Shoirning “Taroqday ming til bilan”, “Bibimga”, “Bir qarasam sepkiling”, “Koʻzmunchoqday xoling bor”, “Sochingga ilashgan mening nigohim”, “Eski Buxoro xalq qoʻshigʻi” kabi sheʼrlari xalqona tashbehlarga boyligi, xalqona ohanglardan toʻyinganligi bilan ajralib turadi:

 

Koʻprigingdan bir kuni

Tugmacha topib oldim.

Tugmacha koʻzlikkinam,

Men seni sevib qoldim.

 

Sadriddin Salim Buxoriy sheʼriyati folklordan oziqlangan goʻzal, betakror sheʼriyat. Fikrimizni shoir yaratgan adabiy maqollar koʻmagida dalillasak. Aforizm emas, atayin adabiy maqol deb aytdik. “Aforizm” yunoncha soʻz boʻlib, “taʼrif, ixcham ifoda” degani. “Aforizm – muallifi maʼlum boʻlgan, ixcham shaklda va taʼsirli ifoda etilgan umumlashma fikr”2. Lugʻatda taʼrifdan soʻng misol sifatida Abdulla Qahhorning “Adabiyot atomdan kuchli, lekin uning kuchini oʻtin yorishga sarf qilish kerak emas”, degan fikri keltirilgan. Bundan koʻrinadiki, xoh ilmiy, xoh badiiy asar bagʻridagi purhikmat, ixcham shakldagi, muallifi aniq boʻlgan fikrlar aforizm hisoblanadi. Bu nazariy xulosaga eʼtirozimiz yoʻq. Ammo badiiy asar tarkibida uchraydigan, xalq maqoli singari purhikmat ifodaga ega, ixcham shakldagi goʻzal fikrlardan iborat sodda yoki qoʻshma gapni aforizm deyishdan koʻra adabiy maqol deb aytish maʼqul, bizningcha. Adabiy maqollar “Qutadgʻu bilig”dan to hozirgacha yaratilgan badiiy asarlarimiz bagʻrida yashab kelmoqda. Chunonchi, “Mahbub ul-qulub”dagi “Vafosizda hayo yoʻq, Hayosizda vafo yoʻq” tarzidagi jumlalarni eslash kifoya. Umrini el-yurt xizmatiga bagʻishlagan ustoz shoir Sadriddin Salim Buxoriy sheʼriyatida koʻplab adabiy maqollar uchraydi. Ular ichida ommalashib ketgani – “Hikmat izlaganga hikmatdir dunyo” misrasi adabiy maqolning goʻzal namunasidir:

 

Illat izlaganga illatdur dunyo,

Gʻurbat izlaganga gʻurbatdur dunyo,

Kim neni izlasa topgay begumon,

Hikmat izlaganga hikmatdir dunyo.

 

Badiiy asarda kelgan misra yoki jumla ayri olinganda ham xalq maqoli bilan bellasha olsa, adabiy maqol deb aytish toʻgʻri boʻladi. Shu taxlit Sadriddin Salim Buxoriy sheʼriyatida uchraydigan adabiy maqollarning ayrimlarini keltirsak: “Gar jam boʻlsang, hamma olam jamdur”, “Har asrning oʻz duosi bor, Har asrning oʻz duogoʻyi”, “Dam gʻanimat – bu dam soʻnggi dam balki”, “Tanparvarning tani qurtga qut boʻladi”, “Halol luqma dilni purziyo aylar”, “Koʻzi ochning qorni toʻymas”, “Kir izlama dunyodan – dunyoda kir bisyordir”, “Yorilajak sabrsiz har bosh”, “Farosat boʻlmasa, soʻz hayf ketgay”, “Dur oz-u, xoru xas koʻpdir dunyoda”, “Shukr etsang, shakar kelgay”, “Bunyodkorlik etgan oning tirikdur”, “Baxt hamisha mard bilan tirik”, “Senga yomon narsa oʻzgaga oʻngdir”… Sadriddin Salim Buxoriy ijodida adabiy maqollar talaygina. Bu hol shoir tafakkur miqyosining beqiyosligi, hamisha xalq ichida yurgani, xalqqa hamnafas boʻlgani bilan izohlanadi.

“Binokorning yuzi binoda qolgay”. Shu bir misra tahlili bilan nega bu satrlarni adabiy maqol deb bilganimizni izohlasak. Haqiqatda, bino – binokorning yuzi, u binokorning kimligini anglatib turadi. “Binokor” bu oʻrinda koʻp maʼnoli soʻz. Satrdan anglashiladigan mohiyatni istagan sohaga tatbiq etish mumkin. Masalan, ota-ona ham binokor: farzand ularning yuzi. Har bir sohaning rahbari – binokor. U boshchiligida bino boʻlgan ishlar, avvalo, uning yuzi. Koʻrinadiki, satr maqol talabiga har jihatdan javob beradi. Sadriddin Salim Buxoriy yaratgan adabiy maqollar xalq maqollaridan, hadisi sharifdan, shoirning hayotiy tajribalari va tafakkur kuchidan oziqlangani sababli tez yodda qoladi, aqlni ham, koʻngilni ham taʼsirlantiradi. Ular nafaqat falsafiyligi, balki diltortar ohangi bilan ham ruhiyatimizga yaqindir.

Sadriddin Salim Buxoriy sheʼriyati haqida bir chimdim mulohazalarimizni bildirdik. U kishi nekbin inson, ezgulikni kuylagan, umrini ezgulik xizmatiga sarflagan chin shoir edilar. Chin shoirlar esa oʻlim bilmaydi. Ikkinchi umrida shoir yosh avlod kamoli yoʻlida ilmu amali bilan ibrat, sheʼriyati bilan oʻgitga aylanib, yurt bahoridan shodlanib, oʻzi aytganidek, “ildizlar bahorini koʻrib yotibdi”.

 

Laylo Sharipova,

filologiya fanlari nomzodi

 

Yoshlik”, 2017–6

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/hikmat-izlaganga-hikmatdir-dunyo/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x