Yoʻl boshida turganlar

Baʼzida oʻylab qolaman: boshqa kasb egalari ham oʻz sohalarining ertasi uchun xuddi qalamkashlar adabiyotning kelajagini deb qaygʻurganlariday jon chekisharmikan? Harqalay, oʻylashsa kerak, chunki, oʻzi umrini bagʻishlagan sohaning keyingi taqdiriga loqayd kimsalar bu kasbga munosib emas desa ham boʻladi.

Men bir oʻquvchi va qalamkash sifatida bugun koʻplab tahririyatlar, obroʻli nashrlarning adabiyot taqdiri uchun kuyunib, qator maqolalar, bahs-munozaralar tashkil etayotganidan xursandman. Taniqli olimlar, adabiyotshunoslar va adiblar oʻz fikrlarini oshkora, dadil bayon qilishlari har jihatdan foydali. Chiqishlarda oʻrtaga tashlangan fikrlar, mulohazalar bugungi adabiy jarayonni bir qadar tahlil qilib berayotgani ham quvonarli, albatta. Ammo, “Nima qilmoq kerak?” degan savol hamon ochiq qolayotgandek, nazarimda.

“Oʻtish davri” degan ibora qancha vaqtni oʻz ichiga oladi? Menimcha, har joyda, har sohada har xil. Adabiyotda bu muddat anchayin choʻzildi. Nega? Chunki, iqtisodiyot va boshqa sohalardagi islohotlar bir-ikki yilda oʻz samarasini berishi mumkin, lekin, koʻnikilgan tasavvurlar, aqidalarni sindirish, yangicha fikrlash va shu orqali biron narsa, Goʻzal Namuna yaratish ancha mushkul. Shu bois adabiyotdagi oʻtish davri, qariyb chorak asrki, davom etayotgandek. Oʻz davrida dastlab jadid bobolarimiz, keyinroq esa Abdulla Qahhor, Shukur Xolmirzayev kabi ustozlar ham oʻzbek adabiyotining ertangi kunidan tashvishlanib, bong urganlarini tarix hali unutgani yoʻq. Menimcha, bu ogohlik, hushyorlik hamma zamonlarda kerak, u oʻzini SOʻZ taqdiriga masʼul deb bilgan insonlar uchun hamisha kun tartibida turishi lozim. Chunki, bugun davr oʻrta asrlardagi kabi har ellik yoki yuz yilda bir evrilib turgani yoʻq, endi zamonaning ravishi kunda bir turlanib, tuslanib turibdi, demakkim, qarashlar va mezonlar ham oʻzgarmoqda.

Bozor iqtisodida talab kuchaygan sari mahsulotning miqdori va sifati ortib boradi, xaridorning didi esa faqat oʻziga maʼlum. Xoʻsh, bugun adabiy asarlar soni va sifati haqida gapirish oʻrinlimi? Harqalay, ayrim mulohazalarni aytsa boʻladi. Masalan, bugun son ortib, sifat kamayib borayotganini hech kim inkor qilolmaydi.

Biz hamisha boshimizga tushgan barcha shoʻrishu gʻavgʻolarda yoshlarni ayblashga oʻrganib qolganmiz: yoshlar kitobdan uzoqlashdi, ular mumtoz musiqani pisand qilishmaydi, internetga mukkadan ketishgan va hokazo. “Yoshlarni bagʻringda saqlash uchun ularga nima berding, qanday choralar koʻrding?” deydigan vallomat qani? Toʻgʻri, davlat darajasidagi dasturlar, qaror va farmoyishlar qabul qilinyapti, mamlakatimiz rahbari va hukumatimiz yoshlarning ertasini goʻzal koʻrishni oʻylab jon kuydirishyapti, buni inkor etishning aslo iloji yoʻq. Gap aslida bizda, quyida oʻtirganlarda. Maktab oʻquvchisi yiliga uch-toʻrtta “kitob” chop ettirib tursa, kuni oʻtmagan yigit-qiz oʻzini kinoga yoxud xonandalikka ursa… “Hoy, sen kimsan oʻzi, nimalar qilib yuribsan, adabiyotni (kinoni, qoʻshiqchilikni) bulgʻashga nima haqqing bor?!” deb birov yozgʻirmasa… Adabiyotning MUHOFIZI YOʻQMI?

Yanglishmasam, 1987 yil, sentyabr oylari edi, Doʻrmonda oʻtayotgan yosh ijodkorlarning toʻrtinchi seminar-kengashida ustoz shoirlardan biri “Uyushma abgor holga keldi, paxta rejasini bajargani toʻgʻrisida tuman gazetasida maqola chop ettirgan brigadirni ham “Keling, aka, uyushmamizga aʼzo boʻlib keting!” deb chaqirib oladigan darajaga yetdik” degandi. Maktab yoshidayoq toʻrt-beshta shapaloqday kitobchalarini chop ettirgan oʻsha bolalar ertaga uyushma aʼzoligini daʼvo qilmaydi deb kim kafolat beradi?

Modomiki adabiyotning ertangi kuni barchamizni tashvishlantirar ekan, yaxshi ijodkor va didli kitobxonni tarbiyalash uchun eʼtiborni eng avvalo bolalar va yoshlar adabiyotiga qaratishimiz lozim koʻrinadi. Xoʻsh, yoshlarga umid koʻzini tiksa boʻladimi? Ularning kitobga, badiiy asarlarga qiziqishlari hozirgi darajada boʻlsa, kelajakda yaxshi yozuvchi va shoirlar soni qoʻldagi barmoqlar soniga tenglashib qolmaydimi? Mana shu savollar bugungi maʼnaviyatga masʼul barcha insonlarni tashvishga solishi aniq.

Ishni nimadan boshlash kerak? “Yoshlar kitob oʻqimay qoʻyishdi!” deb ayyuhannos solish bilan hech narsaga erishib boʻlmaydi. Ularni qiziqtirish, ularda kitobga ragʻbat uygʻotish kerak. Qanday qilib? Bu uchun, dastavval, yaxshi kitob, yoshlar koʻngliga yoʻl topa oladigan asarlar yaratilishi kerak. Eʼtirof etish lozim: Prezidentimiz 2017 yil 12 yanvarda “Kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targʻibot qilish boʻyicha komissiya tuzish toʻgʻrisida”gi Farmoyishni imzoladi. Joylarda kitob bayramlari boʻlib turibdi, lekin… Nazarimda, biz birozgina kechikkandaymiz, internet va boshqa elektron vositalar ularning qalblarini zabt etib ulgurganday. Endi aynan ana shu vositalar orqaligina kurashish, adabiyot, bolalar va yoshlar adabiyotini shu vositalar orqali targʻib etish lozim. Xoʻsh, bolalar va yoshlar uchun qanday asarlar qiziqarli?

Odatda, aksariyat kishilarning (barchaning emas), ayniqsa, yosh avlodning ruhiyati zamonga hamohang boʻladi. Agar zamon shiddatli va tezkor boʻlsa, bu hol ularning oʻy-fikrlari va turmush tarziga ham oʻz taʼsirini oʻtkazadi. Demak, ularni sarguzashtlar, bosh aylantiruvchi syujetlar bilan qiziqtirish mumkin. Ushbu satrlarni oʻqiyotganlar dilida “Muallif gapni arzon baho detektivlar sari buryapti” degan fikr uygʻonishi mumkin. Aslo! Bugun kitob bozorlari rastalarini toʻldirib turgan, nomi ham, syujeti ham kishini seskantiruvchi, “muqovasidan qon tomchilab turgan” kitoblarning men aytmoqchi boʻlayotgan fikrga umuman aloqasi yoʻq. Kamina ularni detektiv deb hisoblamayman ham. Xudoyberdi Toʻxtaboyev, Anvar Obidjon asarlariga oʻxshagan, faqat zamonaviyroq mavzularda, yengilroq, bolalar qiynalmay tushunadigan tilda bitilgan asarlarga ehtiyoj tugʻilyapti. Endi bolalar va yoshlarni “Uch ogʻayni botirlar” qabilidagi kitoblar bilan aldab boʻlmaydi. Ular internet orqali dunyo bilan bogʻlanishyapti, uncha-muncha ota-onani mot qilib qoʻyishlari mumkin. Oʻz davrida “amerikacha orzu”ni amalga oshirish, bolalar qalbi va ruhini zabt etishni koʻzlagan mafkurachilarning jon chekishlari orqali Supermen, Betmen, Oʻrgimchak odam va hokazo personajlar paydo boʻldi va ular amerikalik bolakaylar koʻnglini rom etdi. Toʻgʻri, biz – sharqliklarmiz, urush-janjalga, gʻavgʻoyu toʻpolonga tobimiz yoʻq, jangovar shiddatdan koʻra vazminlik, bosiqlik xalqimiz mentalitetiga yaqinroq. Demak, biz yaratadigan qahramonlar Xoʻja Nasriddin kabi quvnoq va ishbilarmon, Alpomishday salobatli va jasur, Shiroq singari uzoqni koʻzlovchi boʻlishi maqsadga muvofiqdir. Bolalarimiz jon-dildan sevadigan, taqlid qiladigan, tushida koʻradigan, undan ibrat olib, u kabi boʻlishni orzulaydigan adabiy personajlarimiz bormi? Rosti, nima deb javob berishniyam bilmayman.

Bu – masalaning birinchi bosqichi. Ikkinchi bosqich andak murakkabroq. Yuqorida taʼkidlaganimizdek, detektiv va fantastikaning koʻchasini yetti mahalla naridan aylanib oʻtgan, ammo oʻzlarini salkam Edgar Po yoxud Konan Doyl sanaydigan, koʻchaki qissaxonlik (bulvarnaya chtivo) orqali ommaviy madaniyat tegirmoniga suv quyayotgan ayrim mualliflarning fahsh, zino, zoʻravonlik, yovuzlikni goh oshkora, goh yashirin targʻib qilayotgan “shedevrlari”dan yosh avlodni himoya qilish payti keldi. Ana shu kabi “buyuk”larni tiyib qoʻyadigan tizim zarur jamiyatga. Xuddi “Bolalar sportini rivojlantirish jamgʻarmasi” singari “Bolalar adabiyotini rivojlantirish va uni muhofaza qilish” jamiyati kerak bugun. Uning oʻz Nizomi, tartib-qoidalari, kerak boʻlsa, cheklov va taʼqiqlari boʻlishi lozim. Agar bolalar ongi, ruhiyatini bugun boy bersak, ertaga kech boʻladi, “olomonchilar” ularni oʻz tomonlariga ogʻdirib olishadi.

Kitoblar nashri va savdosini ham maʼlum tizimga solish, xizmatlar narxi va kitoblar bahosini keskin kamaytirish, shu orqali yaxshi kitoblar adadini koʻpaytirishni davrning oʻzi talab qilyapti. Toʻgʻri, nashriyot va bosmaxonalarning koʻpchiligi xususiy, bu yogʻi – bozor iqtisodiyoti, ammo, ularga qandaydir imtiyozlar, yengilliklar berish (masalan, ayrim soliqlardan ozod qilish) orqali masalani ijobiy hal etsa boʻlar, balki? Bu ishlar endi oʻsha boya taklif etganimiz – kelgusida, ehtimol, tashkil topadigan Bolalar adabiyoti jamgʻarmasi vakolatiga kirsa kerak.

Oʻn sakkizinchi asrdan bu yogʻiga dunyo taraqqiyoti gʻoyat tezlashdi, tirikchilik gʻamidan ortmagan ota-onalardan koʻra yaxshi badiiy asarlar farzandlar tarbiyasiga koʻproq ulush qoʻshdi, deb oʻylayman. Yaxshi kitob ezgulikka, yomoni esa yovuzlikka yetaklaydi. “Hazrati inson”ni oʻqigan minglab kitobxonlar ezgulik, savob, mehr borasidagi oʻz tushunchalarini qayta koʻrib chiqqanligiga ishonaman. Yomon kitobdagi yomon fikrlar esa yuqumli kasallik sporasiday kishi ongi va koʻnglida uzoq yillar yashab, payti kelganda, shunga yarasha muhit paydo boʻlganda bosh koʻtarishi va odam bolasini jar yoqasiga sudrashi aniq. Bugungi olomon madaniyati arboblari aynan shunaqa kitoblardan oziq olganlar, ulardan birlamchi manba sifatida foydalangan.

Olomonchilar tazyiqi kuchayib borayotir. Modomiki, internet va boshqa axborot vositalar bois mamlakat yoshlarini yot gʻoyalardan asrash qiyinlashayotgan ekan, demak, bolalar adabiyoti haqida davlat miqyosida fikr yuritish payti yetib kelibdi. Bu ishni qatʼiy tartibga solib, davlat siyosati darajasiga koʻtarmas ekanmiz, bolalar va oʻsmirlar tafakkurini turli mafkuraviy va badiiy(!) xurujlardan muhofazalash qiyinlashib boraveradi. Chunki, ertaga axborot yetkazib berishning yana qanday yangi, samarali usullari paydo boʻlishini hech kim bilmaydi.

Maʼnaviy immuniteti yetarlicha shakllanmagan yoshlarga qanday asarlar tavsiya etiladi? Ertaklardan boshlash kerak ishni. Yaxshilikning yomonlik ustidan muqarrar gʻalabasini koʻrsatib beruvchi, dillarda umid uygʻotuvchi ertaklar kerak. Mayli, bir paytlardagi kabi bahodirlar, malikalar, devlar va alvastilar haqida boʻlmasin, zamonaviy mavzularda, oʻsmirlar koʻrib-bilib yurgan dunyoga yaqinroq boʻlsin. Sodda, sharqona til va uslub, qiziqarli syujet va umidbaxsh xotima. Katta yoshdagi yigit-qizlarga esa “Boburnoma”dan boshlab, Qodiriy va Choʻlpon, Oybek va Gʻafur Gʻulom asarlarini, ular orasidan aynan milliylarini, “Shoʻro mafkurasi anqib turmagan” kitoblarni tanlab tavsiya etish, keyingi barcha avlod yozuvchilari yaratgan sara asarlarni oʻqishni maslahat berish lozim. Bugun yaratilayotgan va ertaga yaratiladigan badiiy asarlar orasidan ham milliy qadriyatlarimiz talablariga javob beradiganlarini ajratib olish kerak. “Koʻchaki qissaxonlik” avj olgan davrda bu ish oson kechmasligi aniq, shu bois ham, yuqorida taʼkidlaganimizdek, bolalar va oʻsmirlar adabiyotini bir tizimga soladigan, undan hamisha koʻz-quloq boʻlib turadigan davlat yoki nodavlat tashkiloti zarur deb oʻylayman.

Har qanday insonning feʼl-atvorida bolalarcha soddalik, ishonuvchanlik unsurlari, ozdir-koʻpdir, umr boʻyi muqim qoladi. Aynan shu sababli ham odamzot taqlidga moyilroq boʻladi. Turli filmlarning yoshlar dunyoqarashiga taʼsiri borasida koʻp marotaba bong urildi, ammo, taassufki, yomon kitoblarning vayronkor yoxud badbinlikka chorlovchi taʼsiri borasida hech kim lol-mim demaydi. Toʻgʻri, bir necha oy oldin bir telekoʻrsatuvda bugun kitob bozorini toʻldirib turgan xaridorgir asarlar haqida tashvishli fikrlar bildirildi. Lekin, qani samara? Turli qoʻrqinchli nomdagi, toʻrt varaq oʻqisangiz, tungi uyqungizni buzadigan kitoblar hamon kitob savdosining asosiy tovarlari. Shunaqa “asar”lardan bir-ikkitasini oʻqib koʻrmoqchi boʻldim, biroq, besh-olti varaqdan soʻng hafsalam pir boʻldi. Nokamtarlik boʻlsa-da, aytay: men Amerika va Yevropaning detektiv hamda fantastik adabiyotini xoʻp oʻqiganman, Reks Staus, Jorj Simenon, Cheyz, Artur Xeyli, Ayzek Azimov, Rey Bredberi, Klifford Saymak, Genri Kartner, Stiven King va boshqa koʻplab detektiv hamda fantastika ustalarining bitiklarini, chinakam adabiyot namunalari bilan bemalol bellasha oladigan, xarakterlar qoyilmaqom yaratilgan va shu bilan birga mavjud ijtimoiy-siyosiy kamchiliklarni boplab tanqid qila olgan asarlarni hamon sevib oʻqiyman. Bizning “yozgʻuvchi”larimiz xalqqa detektiv deya taqdim etishayotgan narsalar nechogʻlik gʻaribligini koʻrib, kulgim qistaydi, shularni oʻqiyotganlarga achinib ketaman. Umidim borki, mutarjimlarimiz payti kelib jahonning eng mashhur detektiv ustalari bitgan goʻzal asarlarni oʻzbekchaga oʻgirsalar, oʻzbek kitobxoni koʻp narsaga ega boʻladi. Hozircha esa bizda chin maʼnodagi detektiv asarlar yaratilgani yoʻq. Men hatto “Shaytanat”ni ham detektiv asarlar sirasiga qoʻsholmayman.

“Xoʻsh, bu gaplarning bolalar va yoshlar adabiyotiga nechogʻlik aloqasi bor?” degan savol tugʻilishi tabiiy. Aloqasi bor! Bugun rastalarni toʻldirib turgan, har bir sahifasidan fahsh, zino, shafqatsizlik va yengil hayot zamzamalari ufurib turgan “asar”lar aynan loqaydlik, tushkunlikning tegirmoniga suv quyadi, ular oʻquvchi yoshlarda “Davring kelganda surib qol, dunyo oʻtadi-ketadi, hamma narsaning otasiyu onasi pul, bir kunlik maishat bir umrga arziydi, yomonlikka qarshi kurashishning foydasi yoʻq, uni baribir yoʻqotib boʻlmaydi” qabilidagi qarashlarni tarbiyalashga xizmat qiladi. Va albatta, muallifning choʻntagini qappaytirishga ham. Toʻgʻri, bugun kitob yozishu chop etishdan koʻra uni sotish mushkulroq muammoga aylandi, ammo, bozorbop bitiklar yoshlar maʼnaviyatini majruh qilayotgani ham rost-ku! Bechora adabiyot shunday ahvolga tushdiki, oʻylasang koʻzingga yosh keladi. Qarang: elektrni tushunmagan kishi simyogʻochga chiqmaydi, chunki, tok urishi aniq. Qoʻlidan kelmaydigan shifokor bemorni operatsiya qilmaydi, chunki, uning umriga zomin boʻlishini biladi. Ammo adabiyotga barcha burnini tiqadi! Goʻyoki bu –

ulkan bir karvonsaroy, hohlagan kirib-chiqaveradi…

Aslida tushkunlikni targʻib etuvchi bitiklarni adabiy asarlar sirasiga qoʻshmasa ham boʻladi. Adabiyot oʻz mazmun-mohiyati va ijtimoiy-tarixiy mavqeiga koʻra, faqat umidbaxsh boʻlishi kerak. U oʻquvchini ezgulik tantanasiga, bundan-da nurliroq kunlar kelishiga ishontirishi va shu yoʻlda kurashishi lozim. Uning vazifasi – inson koʻngli va ruhini tarbiyalash, poklash, uni yomonliklardan ogohlantirish, vatan va dunyo taqdiri uchun hushyor hamda sergak yashashga chorlashdir. Zamonaviy dunyo bugun aynan shunday umidbaxsh adabiyotga ehtiyojmand. Ekologik xavf, genotsidlar, manfaatlar va dinlar toʻqnashuvi, “olomon madaniyati”ning xuruji avj olayotgan bugungi dunyo tushkunlik botqoqiga tagʻin-da chuqurroq botmasligi, oʻz insoniy qiyofasini saqlab qolishi, kelgusi nasllarga tinch va xotirjam hayotni meros qoldirishi uchun nekbin qarashli asarlar juda zarur.

Tarixning qaysidir bir burilish nuqtasida (ehtimol, IX-X asrlardadir) insoniyatning yagona taraqqiyot yoʻli ikkiga ayrildi. Gʻarb oʻz hayotini yengillatish uchun texnika rivojiga zoʻr berdi, Sharq esa – qalbni poklashga. Shu tariqa “temirga sigʻinuvchilar” va “koʻngilga topinuvchilar” oʻrtasida tafovut yuzaga keldi. Mislsiz yutuqlarga erishib, hatto Oyni ham zabt etgan Gʻarb bugun oʻz vayronkor qudrati oldida dovdirab turibdi, chunki, bu kuch uning oʻzini halokatga sudrashi aniq boʻlib qoldi. Endi u yana Sharqqa yuz burishi kerak, dunyoni qutqarsa, Sharq qutqaradi. Uning umidbaxsh adabiyoti va sanʼati xalos etadi uni.

Bugun adabiyot tanlov roʻparasida turibdi: “Qanday qiyofani olsam ekan, qaysi yoʻldan ketay, milliylik maʼqulmi yo zamonaviylikmi?” Nafaqat adabiyot, bolalar va yoshlar kitobxonligi ham goʻyo ikkiga ayrilgan yoʻl boshida turgandek. Menimcha, oʻzbek adabiyotining, jumladan, bolalar va yoshlar adabiyotining (maqola davomida bir necha bor takrorlaganimiz – “yoshlar adabiyoti” degan ibora erish tuyulmasin, chunki yigirma yoshli yigit-qiz va ellik yoshli insonning dunyoqarashi, hayotiy mezonlari turlicha, har biri oʻz tafakkur doirasida tanlab oʻqigani maʼqul) ham oʻz konkret vazifasi, rejalari bor, bu narsalar Birinchi Prezidentimizning “Yuksak maʼnaviyat – yengilmas kuch” asarida batafsil bayon etib berilgan. Shoshqaloq dunyo qaysi yoʻldan ketishidan qatʼiy nazar, biz ajdodlarimiz qoldirgan boy merosni asrashimiz, ularga munosib boʻlib, farzandlarimiz koʻnglida inja tuygʻularni tarbiyalashga xizmat qiladigan, poydevori milliy zaminga tayanadigan asarlar yaratishimiz lozim.

Adabiyotdagi milliylik – eng zarur shartlardan biri. Chunki, aytaylik, Aytmatovni Aytmatov qilgan, uni dunyoga tanitgan ham adibning qirgʻiz xalqi ruhini chuqur bilgani va shu zaminga, asosga tayanib ijod qilganidir. (Dunyoviy, va hatto samoviy miqyosda fikrlash maqsadida bitilgan “Kassandra tamgʻasi”ni men, masalan, yarmigacha ham oʻqiy olmadim). Insonning toʻgʻri tanlov qilishida adabiyotning roli juda katta, shu bois odamzot qalbiyu ruhiyatiga taʼsir eta oladigan asarlar yaratish, farzandlarimizga chinakam milliy ruhdagi asarlarni tavsiya etish, ularni turli yot qarashlardan asrash va kelgusida munosib vorislarni tarbiyalash barchamizning burchimizdir.

 

Abdunabi Hamro

 

“Ijod olami”, 2018/1

https://saviya.uz/hayot/nigoh/yol-boshida-turganlar/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x