Yetim qolgan gullar

Qaynoq garmsel har koʻtarilganda, shaharcha quyuq toʻzon ichida qoladi.

U biydek dashtning qoq kindigida boʻy rostlagan bu shaharchani yer yuzidan supurib tashlamoqqa ahd qilgandek, toʻlgʻonib, yulqinib, quyun uyurib esadi. Soʻng shiddati andak susaygandek boʻladi-da, tagʻin yangidan kuch olib, koʻp qavatli qizgʻish gʻishtin uylar-u, koʻkka nayzadek sanchilgan quvuridan kunu tun koʻkish-qoramtir tutun arimaydigan korxonaning katta-kichik, baland-past binolarini qaynoq nafasi bilan yalab, shahar koʻchalari boʻylab och boʻriday izgʻigani, oʻtkinchilarning yuzi-koʻziga qum sochgani yetmagandek, qandaydir moʻjiza bilan omon qolgan yoʻl boʻyidagi yakkam-dukkam daraxtlarga yopiriladi, ular vujudidagi oxirgi namlikni soʻrib olish payida kuyib-pishadi.

Garmsel azaldan yashil rangni yomon koʻradi.

Dasht sap-sariq,

Shaharcha ham shu tusda.

Daraxtlar esa yashil dogʻdek juda xunuk koʻrinadi koʻziga.

Yashil rangga esa, singlisi – sarin yel oʻch. U koʻklamda uygʻonib, saratongacha dashtda javlon urarkan, borliqqa bahor nafasini ufuradi. Bu paytda qaynoq garmsel qirning gadoy topmas biror oʻngirida biqinib yotadi. Havo qizib, sarin yel olis togʻlar bagʻridagi archazorga chekinishi bilan garmselga jon kiradi. Tushov uzgan aygʻirday irgʻishlaydi. Maysalarni quritib, chechaklarni qaqshatib, shunday quturadiki, uning oʻtli nafasidan yashil borliq sargʻish tus oladi. Koʻcha boʻyidagi ariqchalar qurib, oʻt-oʻlanlar xas-xashakka aylanadi. Qisqasi, akasi – kuz shamoli qoʻzgʻolgunga qadar, u dashtda tanho hukmron – yashil tusda neki bor, barini quritib, mavh etmoqqa urinadi.

Har yili shu hol, shu ahvol.

Biroq bu safar shunday sinoat yuz berdiki, tongdanoq yer-koʻkka otash purkab kelayotgan garmsel hayratdan bir lahza dong qotdi. Qaynoq nafasi ichiga tushib, bir qalqib tushdi. Soʻng koʻzlariga ishonmay, aylanib-oʻrgilib boqdi.

Yoʻq, koʻzlari aldamagan.

Shaharchaga kiraverishdagi toʻrt qavatli binoning chap qanotida, oppoq harir parda tutilgan eng quyi deraza tagidagi kaftdek yerda bir necha toʻp atirgul chamanday ochilib turardi.

Qip-qizil!

Shaharchaga xos boʻlmagan hol edi bu.

Sarin yelning erkasi boʻlmish bu gullar, oʻzlariga ne balo koʻz tikib turganidan mutlaqo bexabar, tong nurlarini xushnud qarshilamoqda edi. Garmsel ularning bu navozishidan qah-qah urib kuldi. Qaynoq nafas ufurib kuldi. Pirovardida, kechga tomon atirgul yaproqlari shalvirab tushdi.

U tantana qildi.

Ammo ertasi gullarni tiyrak holda koʻrib, taajjubdan garmselning esi ogʻib qolayozdi. Bu jumboqning tagiga yetmoq niyatida, chir aylanarkan, oqshom va tongda gullar tagiga suv quyilgani – sugʻorilganini payqadi. Bildiki, atirgullar dashtdagi himoyasiz chechak emas, gʻamxoʻri, mehriboni bor ularning.

Qaynoq garmsel shundagina ilk bor kishilar xonadoniga moʻralamoq istagini tuydi. Oppoq toʻshakda pish-pish uxlayotgan qizchasi tepasida xayolchan oʻtirgan xushroʻy juvonga koʻzi tushdi. Negadir gʻamgin edi u. Shaharchaga begona, garmsel ilgari uni hech uchratmagan. Yotligi – shaharcha ahliga xos loqaydlik yoʻq edi chehrasida. Turish-turmushidan nafosatga moyilligi sezilib turardi. Hayotga tashna, oʻz navbatida, gʻoyat maʼyus edi.

U goh juvonga, goh suv toʻla stakanga solib qoʻyilgan bir dona atirgulga, goh harir pardaning bejirim burmalariga, goh toʻshakda begʻam, betashvish uxlayotgan qizaloqning loʻppi yuziga oʻshshayib tikilarkan, birdan gʻazabi joʻshib, ichkariga intildi. Ammo uning bu harakati deraza oynalariga behuda bosh urish bilan yakunlandi. Keyin beixtiyor juvonning xayoliga ergashdi. Shu paytgacha oʻzini eng tezkor deb bilardi. Axir dasht bagʻrini qovjiratib, qirlar toʻshini qaqshatib, shaharchani toʻzonga burkash uning uchun bir lahzalik ish edi-da. Buni qarangki, juvonning xayoli undan uchqur chiqib qoldi.

U qizchasi boshida qolgan juvonning xayoliga ergashib, unga zoʻr-bazoʻr yetishib yeldi. Xayoli uni koʻm-koʻk vodiy bagʻridagi yam-yashil qishloqqa boshlab keldi. Biroq bu yerda uning shashti pasayadi. Negaki, bu oʻlka katta singlisi – mayin shabada tasarrufida edi. Singlisi boʻliq boshoqlar boshini siypab, koʻm-koʻk daraxtlar yaprogʻini oʻynab, bu tomonga yoʻl yoʻqligini nazokat ila anglatdi.

Koʻz oʻngida yastangan yam-yashil manzaradan toriqqan garmsel singlisidan juvonning kimligini soʻradi. Derazasi tagiga gul ekib, yomon gʻashiga tegayotganidan nolidi.

Mayin shabada daraxt yaproqlarini erkalab, ariq boʻyidagi maysalar boshini silab, maʼyustob bir holatda qishloq hovlilaridan biriga imo qildi.

Garmselning olovkor koʻzlari oʻtkir edi. U hovlida ivirsib yurgan qandaydir bir yigitni koʻrdi. Uning didsiz va hissizligini bir qarashdayoq ilgʻadi. Ammo bundan biror yomon maʼno topmadi. Axir oʻz hududidagi shaharchada bu xil kimsalar qancha. Shu bois, singlisining maʼyus tortishidan oʻzicha kuldi. Fahmlagani shu boʻldiki, oʻz xonadoniga sigʻmay, qishlogʻidan bosh olib ketgan. Unga qolsa, juvon dunyoning narigi chekkasiga uloqib ketmaydimi. Necha pullik ishi bor bu bilan uning. Yoqmayotgani – deraza tagidagi atirgullarga nisbatan boʻlakcha mehri edi.

Oʻsha atirgullarni qovjiratmasa, koʻngli sira joyiga tushmasligini bot sezgan garmsel, singlisiga xayr-maʼzurni nasiya etib, shiddat-la iziga qaytdi. Qirlar betini yalab, yaydoq dashtdan supurib-sidirib kelgan toʻzonni shaharcha ustiga socharkan, deraza tagidagi gullarga shu qadar gʻazab bilan tashlandiki, uning bu bemisl qahridan dala chechaklari zumda qovjirab tushgan boʻlardi.

Atirgullar esa pinak buzmadi.

Bunga sari, garmselning juvonga nisbatan adovati kuchaya bordi. Boisi, juvonning qarovi boʻlmaganida, atirgul deganlari bir kundan ortigʻiga bardosh berolmasdi-da. Bundan ham battari, jazirama issiq tufayli lanjlik balosiga giriftor shaharcha ahli mabodo juvondan ibrat olgudek boʻlsa, tamom – shaharcha gulga toʻlib, bu hudud oʻz-oʻzidan singlisi mayin shabada tasarrufiga oʻtib ketishi mumkin.

Bunga esa chidash qiyin.

Garmsel hadik ogʻushida shaharchani bir aylanib chiqdi. Yoʻq, xavotirli hech narsa ilgʻamadi. Derazalarini qalin pardalar bilan toʻsib olgan shahar ahli oʻsha-oʻsha lanj va mudroq holatda edi.

Hatto itlar qimir etmas, qushlar qanot qoqay demasdi.

Butun borliq qaynoq saraton izmida, yolgʻiz atirgullargina olovday yashnab turardi.

Keyingi tongda u dashtdan quvvat olib, shaharcha tomon oshiqarkan, odatdagidek, koʻchalarda izgʻib, binolar sirtini yalab-yulqadi. Uzun quvurdan burqsiyotgan qora tutunni toʻzonga qorishtirdi.

Changga belangan koʻrimsiz daraxtlar yuragiga vahima solib oʻtdi.

Qarovsiz bolalar maydonchasida quyun koʻtarib, bamisoli ilonday eshilib, toʻlgʻanib, bearmon oʻynadi.

Va soʻng birdan atirgullarni eslab qoldi.

Ular tomon oshiqdi.

Binoni yonlab oʻtayotganida, toʻrtinchi qavat derazalarining biridan uloqtirilgan chiqindilar garmsel qanotiga ilashdi. U bir yulqinib, ularni chor-tarafga sochib yubordi. Qogʻoz parchalari, piyoz qobiqlari havoda oʻynab, goʻsht va baliqdan boʻshagan konserva bankalari yerda dumalab ketdi.

Bu xil chiqindi itqitishlar garmselga tanish holat. Shuningchun, bundan ajablanib turmadi. Ammo atirgul pushtasiga toʻkib ketilgan axlat uyumiga taassuf-la tikilib turgan juvonga koʻzi tushgach, bu manzaradan oʻzida yoʻq quvonib ketdi. Gʻayrati battar joʻsh urib, gullarga yopishgandi, chiqindi uyumidan badboʻy hid taraldi. Juvon ogʻzi-burnini toʻsganicha ortga chekindi. Soʻng uyidan chelak va supurgi olib chiqib, chiqindilarni yigʻib olarkan, orada qaddini tiklab, zich yopiq derazalarga bir-bir koʻz tashlab chiqdi.

Juvon, buni birov atay toʻkkan, degan gumonga borgandi.

Garmsel uning bu oʻyidan kuldi. Biladiki, juvonga birovning qasdi yoʻq, shunchaki erinchoq qoʻshnilaridan biri naridagi toʻkindixonaga borishga erinib, chelagini gullar tagiga agʻdarib keta qolgan.

Pana-da, birov koʻrmaydi.

Oʻsha kundan eʼtiboran, u deyarli har tong juvonni atirgullar yonida gʻamnok holda uchratadigan boʻldi. Qaramasdanoq anglardiki, yana kimdir gul pushtasiga chiqindi toʻla chelagini agʻdarib ketgan. Atirgullarni qovjiratib, suyukli tusi – sargʻish rang qatiga singdira olmasligiga allaqachon koʻzi yetgan garmselga bu juda qoʻl keldi. Endilikda u alamini juvonning iztirobga toʻla nigohini tomosha qilish evaziga bosadigan boʻldi.

Juvonning alamnok koʻzlari esa har safar qator derazalar boʻylab besamar kezinar, ammo oʻnlab xonadonlardan iborat bu uydan aybdorni topmoq mahol edi. Oxiri juvon haybatidan ot hurkadigan qoʻshnilaridan biriga dil yormoqqa ahd qildi.

Ammo hozirgina muyulishdagi pastqamgina yemakxonadan yeb-ichib chiqqan kimsa juda beparvo edi. U tish kavlay-kavlay, bir gullarga, bir juvonga tikilarkan, na gulning boʻyini tuydi, na juvonning dardini ilgʻadi. Qaynoq havoda nafas olmoqning oʻzi dushvor boʻlib turganda, qulogʻiga gap kirarmidi. Kimsa hissiz nigohini qayta gullarga tikarkan, qistalib turgan emasmi, tuygan birdan-bir istagi shu boʻldi. “Tang paytda boʻshalib olmoqqa zap bop joy ekan-da, lekin…” Soʻng tushga yaqin ziyofatga taklif etilgani, ungacha bir zum mizgʻib olish lozimligini oʻyladi. Uning bu qadar boqibegʻamligi garmsel tomonidan “oʻpich” ila taqdirlandi. Bundan yanada betoqatlangan kimsa oʻzini salqin yoʻlakka urdi.

Garmsel esa tinmay quturishda davom etar, shaharchani toʻzonga burkab, oʻsha-oʻsha bearmon charx urardi.

Borliq yolgʻiz uning izmida edi.

Faqat atirgullargina…

U navbatdagi tonglardan birida shaharcha chekkasida qizchasini yetaklab borayotgan juvonga duch keldi. Bundan ajablangan garmsel shaharchani bir qur aylanarkan, atirgullar nolasidan juvon shaharchani butunlay tark etganini angladi. Bu xil nolalarni sezmoqqa inson bolasi ojiz. Ammo garmsel har baloni idrok etmoqqa qodir edi. U jazirama issiqdan ingrayotgan daraxtlar ohini, qaqragan ariqlar zorini, yashil maysalar faryodini, xullas, hamma narsani anglardi va fahmlardi.

U tantanavor qah-qah urgancha dastlab juvonga yopishdi, etagidan tortqilab, yuzi-koʻziga qum sochib, obdon alamini oldi. Keyin esa egasiz qolgan atirgullar tomon oshiqdi. Gullarni silkilab, tagidagi chiqindi uyumini chor-tarafga sochqilab oʻynamoqni boshladi.

Shu payt eshikda axlat toʻla chelak koʻtargan bir yigitcha paydo boʻldi. U erinchoq bir harakat-la eshikdan berida toʻxtarkan, qoʻlidagi chelakni yerga qoʻyib, sigaret tutatdi. Soʻng keng maydonda bir-birini quvlashib oʻynayotgan mayda quyunlarga, toʻkindixona tevaragida oʻralashayotgan itlarga, toshyoʻlakni deyarli toʻsib qoʻygan pachoq mashinaga birin-sirin boqarkan, kir olamga koʻnikkan loqayd nigohi garmsel iskanjasida toʻlgʻanayotgan atirgullarni chetlab oʻtmadi. Shu orada u zumga uzilgan koʻzlarini qayta gullarga qadarkan, bu safar xiyla uzoqroq tikilib qoldi. Chetdan qaraganda, goʻyo u gullarga mahliyodek edi. Aslida esa, gullarni sezmas, tunda uning pushtasiga toʻkib ketilgan chiqindilarnigina koʻrib turardi.

U naridagi toʻkindixonaga oʻshshayibgina qarab qoʻydi-da, soʻng chelakni koʻtargancha, gullar tomon zipilladi.

Qaynoq garmsel esa hanuz tinmay qah-qah urar, har qah-qah urganida, koʻkdan toʻzon yogʻilib, yerdan chang koʻtarilardi…

 

Normurod Norqobilov

 

“Ijod olami”, 2018/1

https://saviya.uz/ijod/nasr/etim-qolgan-gullar/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x