YOʻL BELGILARI

YOʻL BELGILARI — haydovchilar, piyodalar, yoʻlovchilar, yoʻl taʼmirlovchilar, chorva mollarini haydab boruvchilarning avtomobil yoʻllari va shahar koʻchalarida harakatlanishini tartibga solish, ularni xavfli uchastkalar haqida ogohlantirish uchun tegishli joylarga osib qoʻyiladigan shartli belgilar. Yoʻllarda harakatlanishni tartibga solishga ilgaridan harakat qilingan. Otaravalar va izvoshlar oʻrnini avtomobillar va b. transport vositalari egallay borgan sari qoidalar, ulardagi belgilar ham takomillashib bordi. Yoʻl belgilaridagi grafiklar, texnik tafsilotlar 1968-y. da Venada oʻtkazilgan «Yoʻl belgilari va signallari haqidagi konvensiya» hamda bu konvensiyani toʻldiruvchi Yevropa kelishuvi (1971, Jeneva) talablariga koʻra ishlab chiqildi. Oʻzbekiston Respublikasida 2001-y. da xalqaro meʼyorlar asosida, mahalliy sharoitlarni hisobga olgan holda yangi «Yoʻl harakati qoidalari» ishlab chiqildi. Bu qoidalarga Yoʻl belgilarining quyidagi asosiy 4 ta: ogohlantiruvchi, imtiyoz, taqiqlovchi, buyuruvchi guruhi va undan tashqari axborot-ishora, servis, kushimcha axborot belgilari kiritilgan.

Ogohlantiruvchi belgilar — yoʻl harakati qatnashchilariga yoʻlning harakatlanishda vaziyatga qarab chora koʻrishni talab qiladigan xavfli qismlarining joylashuvi hamda ularning xususiyatlari toʻgʻrisida maʼlumot berish uchun qoʻllaniladi. Imtiyoz belgilari — chorrahalarda, alohida joylashgan qatnov qismlari kesishgan joylarda, shuningdek yoʻlning tor qismida yoʻl harakati qatnashchilarining harakatlanish navba-tini belgilash uchun qoʻllaniladi. Taqiqlovchi belgilar — yoʻl hara-katiga maʼlum cheklashlar kiritish yoki ularni bekor qilish uchun qoʻllaniladi. Buyuruvchi belgilar — transport vositalariga koʻrsatilgan yoʻnalishda yoki faqat maʼlum yoʻnalishlarda harakatlanishlari lozimligini buyuradi. Axborot-ishora belgilari — harakat qatnashchilariga yoʻldagi harakat tartibi xususiyatlari hamda aholi yashaydigan joylar va manzillarning joylashuvi haqida maʼlumot berish uchun qoʻllaniladi. Servis belgilari — transport vositalari, yoʻlovchilar va haydovchilarga xizmat koʻrsatish joylari xaqida maʼlumot berish uchun qoʻllaniladi. Qoʻshimcha axborot belgilari — ular bilan birgalikda qoʻllanilgan belgilarga aniqlik kiritish yoki ularning taʼ-sirini cheklash uchun qoʻllaniladi.

Barcha belgilar qorongʻi paytlarda yoritilib turiladigan boʻlishi yoki kamida 100 metr naridan koʻrishga imkon beradigan materiallar bilan qoplanishi lozim.

Ad.: Yoʻl harakati qoidalari, T., 2001.

Sobir Abdurasulov.

3 1 голос
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x