O‘spirinlarda kechadigan o‘ziga xos jarayonlardan biri jinsiy mayldir. Bu davrda ularda yor tanlash, biror kishiga mehr qo‘yish, xayolan qahramon yaratish ishtiyoqi kuchli kechadi. Ular kattalarning gapini qaytaradi, o‘z irodasini namoyish etishga intiladi. O‘zidan boshqalarni tan olmaydigan, ustiga-ustak o‘jar, qo‘pol, arazchi bo‘lib qoladilar.
Albatta o‘smirlarning jinsiy yetilish davrida ota-onalar va muallimlarga oson tutib bo‘lmaydi, ularni boshqarish juda mushkul. Lekin shuni unutmaslik kerakki, o‘spirinlik, yoshlikning xuddi shu davrida farzandingiz yoxud o‘quvchingizning kelajakda qanday kishi bo‘lib yetishishga, o‘zini qanday tutishiga, hayoti qanchalik baxtli bo‘lishiga “tamal toshi” qo‘yiladi.
O‘spirin endi jismonan tez o‘sa boshlaydi, bo‘ychan, yelkalari keng bo‘lib qoladi, kekirdagi kattalashadi va ko‘zga tashlanib qoladi. Butun organizmning o‘sishi barobarida tashqi jinsiy a’zolar, jumladan, olat ham shaklan kattalashadi. Jinsiy bezlar rivojlanadi, ularda gormonlar bilan birgalikda maniy (sperma) ishlab chiqarila boshlaydi.
Teridagi yog‘ va ter bezlari faoliyati kuchayadi. Qo‘ltiqda va qovuqda mayda tuk paydo bo‘ladi. Xuddi shu kezlarda o‘smir mo‘ylabi sabza uradi. Endi jinsiy qo‘zg‘alish rostmana paydo bo‘ladi hamda olat ko‘proq taranglashib turadi. Ereksiya deb ataladigan bu qo‘zg‘alish ayniqsa ertalablari, o‘smir hali o‘rinda yotgan mahalda yuz beradi. Ereksiya odatda jinsiy yetuklik davridan ham avvalroq boshlanib, keksayib, jinsiy qobiliyati susaygandan keyin ham davom etadi.
Qizlardagi yoshga bog‘liq reproduktiv o‘zgarishlar haqida “Qiz bolaning reproduktiv rivojlanishi” maqolasi orqali ma’lumot olishingiz mumkin.
Manba: “Ulg‘ayding, bolam” kitobi