Yevropani zabt etgan traktorchi

Rang-tasvir sanʼati turlari orasida karikaturachilik oʻzining mavzu koʻlami, yaratilish xususiyatiga koʻra boshqalaridan ajralib turadi. Soʻnggi yillarda yurtimizda rassomchilikning boshqa turlari qatori karikaturachilik ham rivojlanmoqda. Karikaturachi rassom, “Doʻstlik” ordeni sohibi Mahmud Eshonqulov hamkasblari orasida alohida oʻringa ega.

Rassomni “Mushtum” jurnali va internet sahifalarida eʼlon qilingan koʻp­lab karikaturalari orqali yaxshi taniymiz. Ikki yuzga yaqin mukofotlar sohibi, bir necha davlatlarda oʻtkaziladigan turli tanlovlarga ishtirokchi va hayʼat aʼzosi sifatida muntazam taklif qilinadigan katta rassom Mahmud aka qiyofasida sodda va kamtar, tanti va chapani insonni koʻramiz. U ijodiy safarlar bilan dunyoning yigirmaga yaqin davlatiga borib, oʻzbekligimiz ramzi – doʻppini boshidan hech tushirmaydi, ustoz shoir aytgani kabi boshda doʻppisi bilan qaddini gʻoz qilib yuradi…

Ushbu suhbatimiz orqali siz ham Mahmud Eshonqulovni oʻzingiz uchun kashf qilasiz, degan umiddamiz.

 

– Assalomu alaykum. Xush kelibsiz, Mahmud aka. Bugungi suhbatimiz, rasmiyatchiliklardan yiroq, samimiy ruhda oʻtadi, degan umiddaman. Odatga koʻra, avvalboshda oʻzingiz haqda qisqacha gapirib oʻtsangiz.

– 1958 yil goʻzal Fargʻonaning Beshariq tumanida tugʻilganman. Oʻrtahol oila edik. Otamning xotiralaridan eshitganmanki, u kishi jadidlar ochgan yangi usul maktabida oʻqigan. Rasm chizishga nima turtki boʻlganini yaxshi eslolmasam-da, lekin uyimizdagi kitoblarni oʻqib, gazeta va jurnallardagi turli suratlarni koʻrib, rasm chizishga ishtiyoqim ortgani rost. Ochigʻi, rasm chizish uchun qogʻoz-qalam qidirib yurmaganman. Koʻmir yoki mix boʻlsa yetar edi – maktabimiz devori men uchun rassomlar taxtasi edi (kuladi). Devorlarni “ijodim” bilan toʻldirganim orqasidan, ota-onamga ustozlarim shikoyat qilishardi. Uyda esa akalarim va ota-onalarim ishtirokida meni xonaki “sud” kilishardi… Boshqa foydali ishlar bilan shugʻullansang boʻlmasmidi, deb tanbeh berishardi…

– Shu oʻrinda bir narsa esimga tushib qoldi. Bolalarning sevimli yozuvchisi A. De Sent-Ekzyuperining “Kichkina Shahzoda” falsafiy qissasida uchuvchi olti yoshida filni tiriklay yutgan ilonni chizadi. Rasm xuddi shlyapaga oʻxshaydi. Kattalar ham xuddi shunday oʻylab, yosh rassomni ranjitishadi. Bola esa oʻsha ilonni ichki koʻrinishi bilan ikkinchi marta tasvirlaydi. Kattalar esa unga “Bundan koʻra, algebga, jugʻrofiya, hisob-kitobni oʻrgansang durust boʻlardi” deb tanbeh berishadi. Sizda ham shunday boʻlgan ekan-da?

­– Ha, shunga yaqinroq boʻlgan. “Kichkina Shahzoda”da bolaning atrofidagilar tasviriy sanʼatni tushunmagan boʻlishi mumkin. Ammo men asardagidek falsafiy yoxud tushunarsiz rasmlar chizmaganman. Oddiy, doim koʻrib yuradigan predmetlarni tasvirlaganman.

Shu yerda bir nimani aytib oʻtgim keldi. Avval biz oʻqib yurgan paytda – 60­–70-yillarda maktabda rasm darsi yaxshi oʻtilmasdi. Sabab, mutaxassis yoʻq edi. Hozir ham koʻp maktab­larimizda shu ahvol. Bolaning estetik didini shakllantirish uchun, uning koʻngliga ezgulik urugʻlarini sochish uchun tasviriy sanʼat, adabiyot, musiqa fanlari maktablarda puxta oʻrgatilsa, maqsadga muvofiq boʻladi. Bularning hammasi – sanʼat. Sanʼat esa yomonlikka boshlamaydi, aksincha undan uzoqlashtiradi. Oʻsha paytlarda maktablarda yaxshi ustoz boʻlganida, hozir Oʻzbekistonda rassomlar safi ancha kengaygan boʻlardi…

 

– Mahmud aka, bundan 30-35 yil avval siz dalada javlon urib traktor haydab, shudgorning bagʻrini “tilib” yurardingiz. Taqdirni qarangki, bugun sizni nafaqat yurtimizda, balki dunyo miqyosida ham karikaturachi rassom sifatida yaxshi tanishadi. Ayting-chi, traktorchi boʻlib yurganingizda qachondir mashhur rassom boʻlaman deb oʻylaganmisiz?

– Yoʻq. Chunki otam rassomchilikdan naf yoʻq, undan koʻra yaxshi kasb oʻrgan, derdilar. Rostdan ham, oʻsha paytda tevarak-atrofimizda rassomlik orqasidan nom qozongan, roʻzgʻor tebratadigan odam yoʻq edi. Keyin otamning nasihatiga quloq solib, traktorchilik kasbini tanladim. Oʻsha paytlarda qishloq xoʻjaligi ancha rivojlangan boʻlib, traktorchilik orqasidan yaxshigina pul topish mumkin edi. Lekin baribir rasm chizishga boʻlgan muhabbatim oʻshandayam soʻnmagan. Shunday qilib, 35-40 yoshlar oraligʻida Toshkentga kelib, hozirgi Nizomiy nomidagi pedagogika universitetining tasviriy sanʼat fakultetiga oʻqishga kirdim. Bir muddat maktabda rasm va chizmachilikdan dars berib yurdim, madaniyat uyida ishladim. Keyin savdoga oʻtib ketdim, yaxshigina daromad topib, uy-joy qildim, moshina oldim. Lekin baribir ular koʻnglimga rasmdek rohat baxsh etmasdi. Shuning uchun karikaturalarimni gazeta-jurnallarga joʻnatib yurdim. 1996 yil “Mushtum”dan ishga taklif xati keldi. Shu-shu, Toshkentda ijod qilib yuribman.

 

– Boshqa oʻzbek karikaturachilardan farqli oʻlaroq, sizning rasmlaringizda umumbashariy muammolar – terrorizm, giyohvandlik, irqchilik, ommaviy madaniyat, ekologiya kabi jiddiy mavzular qalamga olinadi. Rasmlaringizda shunchaki kulgi qoʻzgʻamasdan, satira yoki yumor orqali ijtimoiy muammolarni koʻrsatib, hajv qilasiz. Shuning uchun ham koʻplab nufuzli tanlovlarning mutloq gʻolibi, maxsus mukofotlaru gran-prilarning sohibi boʻlgansiz. Siz karikaturalaringizga mavzuni atay axtarasizmi yo kutilmaganda xayolingizga keladimi? Umuman, rasmlaringizning yaratilish jarayoni haqida soʻzlasangiz…

– Ochigʻini aytaman, mavzu izlayman. Siz aytgan yoʻnalish­larda rasm chizish doimgi rejam desam ham boʻladi. Ammo uni qay yoʻsinda chizish, qanday detallardan foydalanish uchun fikr yuritmasa boʻlmaydi. Mana, hozir internet rosa ommalashgan. Internet saytlariga kiraman, televideniyedan yangiliklarni kuzatib boraman. Lof demang-u, dunyoga ovoza boʻlgan hech bir voqea eʼtiborimdan chetda qolmaydi. Har bir hodisaga munosabat bildirgim keladi, shuning uchun darrov qogʻoz-qalam olib, rasm chizishga kirishaman.

Karikaturachilikda bitta narsa muhim. Faqat kulgi uygʻotib yoki mazax qilib obroʻ olaman deyish xunuk ish rassom uchun. Yoki katta tanlovlarda gʻolib boʻlaman deb, manfaat ortidan ijod qilish ham yaramaydi. Yana bir yomon odat urchiyapti: karikatura oxirgi paytlarda adovat qoʻzgʻash, fitna yaratish uchun dastak boʻlayapti. Xabaringiz boʻlsa kerak, Fransiyada Paygʻambarimiz (s.a.v.)ni kamsitib, karikatura chizishdi. Bu faqat paygʻambarimizga emas, u zotning ortida turgan butun musulmon ummatini haqoratlash edi. Boshqa narsa emas! Shuning uchun men insonni uning millati yoki diniga bogʻlab mazax qilishdan oʻzimni yiroq tutaman. Koʻpchilikni qiynayotgan muammolarni rang orqali baralla aytishga urinaman.

 

– Mahmud aka, shu oʻrinda sal jiddiyroq savol beraman. Faqat meni toʻgʻri tushunasiz, degan umiddaman. Oʻzingiz taʼkidlaganingizdek, hammamiz musulmonmiz. Islomda rasm chizish man qilingan, deyishadi. Shu holat sizni rassomlikdan qaytarganmi hech?

– Hecham xijolat boʻlmang, sizni toʻgʻri tushundim. Xoʻsh… savolingiz, rosti, jiddiy. Bu haqda koʻp oʻylab koʻrganman. Haqiqatan ham, jonli yaratiqlarning shaklini yaratish faqat Oʻzigagina xos. Men shu holni rad etmagan holda, baʼzan fikr yuritib koʻraman, tarixga nazar solaman, ilmi bor odamlar bilan suhbatlashaman. Nazarimda, rasm chizishning maʼlum davr man etilgani oʻsha paytdagi holat bilan bogʻliq. Yaʼni, yaxshi bilasiz, odamlar yagona Yaratganga emas, turli rasm va haykallarga sigʻinib turgan bir paytda rasm chizish maʼqul ish sifatida qaralmagan. Ammo keyinchalik vaziyat, tasviriy sanʼatga munosabat oʻzgargan. Tarixga bir nazar soling: Kamoliddin Behzod katta musavvir boʻlgan. Oʻz zamonasining mashhur kishilarining suratini chizgan. Oʻrta asrlarda yaratilgan meʼmoriy obidalarda turli hayvonlarning rasmlari bor… Hozirgi zamonda koʻplab tanlovlarda arab dunyosidan ham rassomlar keladi. Eron Islom Respublikasi karikaturachilari dunyodagi eng mashhur rassomlardan… Aytmoqchi boʻlganim, odamning amali niyatiga ham bogʻliq. “Amallar niyatga bogʻliq” degan hadis koʻnglimga yorugʻlik bagʻishlaydi…

 

– Karikaturalaringizni koʻrgan kishi avvalboshda bir jilmayadi, keyin oʻyga toladi. Sababi, sizning rasmlaringizda kulgi emas, muammoni ochib berish birinchi oʻrinda turadi. Lekin tanqid ham, yumor ham omuxta. Soʻramoqchi boʻlganim, rasmlaringiz orqasidan kel(alyot)gan rahmatlarni sanamasam ham boʻladi, ammo ular orqasidan malomat ham eshitganmisiz?

– Yoʻq. Lekin bir-ikki kishi rasmlaringizda unday demoqchi boʻlibsiz, bunday demoqchi boʻlibsiz, deb pisanda qilgan…

Avvallari har bir jamoa yoki shirkat xoʻjaliklarida dalashiyponlar boʻlardi. Bu yerda dalada ishlaydiganlar ovqatlanib va dam olib ketardi yoki rahbariyat tomonidan ul-bul narsa aynan shu yerda tarqatilardi. Keyinchalik dalashiyponlariga oshna-ogʻaynilar yigʻilib, dam olishga borishlar koʻpayib ketdi. Soya-salqin joylar, hovuzlari boʻlardi-da. Men ham xuddi shu holatni – maishat boʻlayotgan holatni tasvirlab, karikatura chizdim. Qanday desam ekan, xullas, ishchilar tushlik qilish uchun dalashiyponga kelishsa, brigadir “Uylaringda ovqatlanib kel” deganday ularni haydayotganini chizganman, xolos. Rost gap, aynan bir kishi yoki aniq bir joyni  nazarda tutmaganman.

Kunlarning birida vodiyga borib qoldim. Bir brigadir tanishim “Mushtum”dagi rasmingni koʻrdim, yaxshimas unaqa qilish”, deb qolsa boʻladimi. Men hayronman. Keyin bilsam, oʻsha karikaturamni brigadir koʻrgan ekan. U meni chizgan deb oʻylab, hadiksirab qolgan. Men oʻshanda xursand boʻlganman, ochigʻi. Demak, bitta rasm bilan kimdir oʻzini tartibga solib olibdi. Sanʼatning kuchi ham shu-da oʻzi!

Yana bir gapni ham aytib oʻtmasam boʻlmas. Oʻzimizdagi muammo va kamchiliklar  tushirilgan rasmlarimni xalqaro koʻrgazmalarga joʻntamayman. Agar shunday qilsam, yurtimni, millatimni, davlatimizni boshqalar koʻziga yomon koʻrsatib qoʻyishim mumkin, boshqalar nazdida oʻzbeklar bunday xalq ekan, Oʻzbekiston bunday davlat ekan, degan tasavvur uygʻonishi mumkin. Ularni oʻzimiz uchun, yurtdoshlarimiz koʻrib bu nuqsonlardan xalos boʻlishlari uchun chizaman. Binobarin, bizda “Uydagi gap koʻchaga toʻgʻri kelmaydi”, degan naql bor…

– Mahmud aka, isteʼdod ham suyak suradi, degan gap bor. Ilm-fan ham buni tasdiqlab, qobiliyatlar muayyan darajada gen orqali avlodlarga  oʻtadi, deydi. Bu xususda nima deysiz? Sizning farzandlaringiz yoni nevaralaringiz ham rang-tasvirga qiziqadimi? Ishingizni davom ettirishyaptimi?

– Bir oʻgʻlim rasm chizishga qiziqdi. Hatto rassomchilik kollejida ham oʻqidi. Qiziqishi soʻndimi, bilmayman, bir yildan soʻng oʻqishni tashlab ketdi. Hozir u yonimda – Toshkentda. Uning bolalari ham qiziqmadi rassomchilikka. Lekin qishloqda qolgan oʻgʻlimning uchta  farzandi rasm chizadi. Bittasi sal boʻshrogʻ-u, lekin ikkitasidan rassom chiqadi, deb umid qilyapman. Ularga mavzularni aytib turaman, borganimda rasmlarini koʻrib, fikrlarimni bildiraman. Hatto ularning rasmlarini xalqaro tanlovlarga ham joʻnatib turaman. Shukr, kichik boʻlsa ham mukofotlar olib turishibdi. Ular men egallamagan marralarni ham egallashlarini istayman.

 

– Samimiy suhbat uchun sizga tashakkur, Mahmud aka. Ijodingizga rivoj, oilangizga tinchlik-xotirjamlik tilaymiz.

– Salomat boʻling. Men ham jurnal ishlariga rivoj tilayman. “Yoshlik” doimo yoshlarga qanot boʻlsin!

 

Husan Maqsudov suhbatlashdi.

 

 “Yoshlik”, 2018/1

https://saviya.uz/hayot/suhbat/yevropani-zabt-etgan-traktorchi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x