Koʻngilga yaqin sheʼriyat

Fikrlash tarzi va ifoda yoʻsinidagi xalqchillik bilan adabiyotimizda oʻz oʻrniga ega boʻlgan shoir Azim Suyunning sheʼrlari – xalq aytimlari kabi sodda, teran va yuqumli. Bitiklarida ogʻzaki poeziyaning kuchli taʼsiri sezilib turganiga qaramay, oʻz ijodiy qiyofasiga ega ijodkor birovni takrorlamaydi. Azim Suyunning muhabbat lirikasi ham oʻzgalarning bitiklaridan bu muqaddas tuygʻuga tom oʻzbekcha yondashilgani bilan ajralib turadi. Uning kechagina yozilgan muhabbat sheʼrlarida ham xuddi qadim ogʻzaki lirikadagi kabi turgʻun maʼnaviy oʻzlik, anʼanaviy badiiy vositalar, sobit milliy ruh aks etadi. Shoir muhabbatni ortiqcha jimjimalarsiz yozadi. Ifodalar yorqin, kechinmalar butun, tuygʻular yombi, sezimlar oʻzbekcha, tuygʻular qoʻl bilan tutgudek aniq.

 

“Seni tanidim-u, muhabbat…”

“Seni tanidim-u…” sheʼrida sevgi ifodasini berishga xizmat qiladigan anʼanaviy va xalqona “gullar isi”, “bulbullar navosi”, “koʻz yoshlar savdosi” singari tushunchalar lirik qahramonda paydo qilgan tuygʻu haqida teranroq oʻylashga daʼvat etadi. Sheʼrning:

“Seni tanidimu, muhabbat,

Qargʻadim ortdagi umrimni.

Seni tanidimu, muhabbat,

Qiziq… yashamagan edimmi?”,

tarzidagi misralari zamirida muhabbatsiz oʻtgan umrini qargʻab, uni yashalmagan yillar sanagan kishi ruhiy holati ifodasi koʻngilni tozartirib, oʻqirmanni shaxslik taraqqiyotining ruhoniy hissiyotlarni anglaydigan bosqichiga yuksaltiradi.

Sheʼrdagi: “Bildim: suv, oʻt, havoman” tarzidagi iqrorda sevgining insonga tuganmas qudrat bera olishi tasvirlanadi. Sevgi ogʻushidagi oshiq oʻzini bir vaqtning oʻzida bir-birini inkor etadigan xislatlarga ega sezishi mumkinligi toʻrttagina soʻz orqali ifoda etiladi. Axir, suvlik oʻtlikni ham, havolikni ham inkor qiladi. Lekin chinakam ishq egasi bir vaqtning oʻzida hamma narsa va har kim boʻla oladi. Lirik qahramon bildirgan: “Sevinchman, bemorman, davoman” yoʻsinidagi oʻzaro zid, poyma-poyday koʻringan chigal holatlar ifodasida muhabbatday nomuayyan tuygʻu gʻoyat taʼsirli tasvirlangan. Sevgi tuygʻusi bir vaqtning oʻzida kishiga ham sevinch beradi, ham uni ishq kasali bilan bemor qiladi, ham ishqsizlik xastaligidan davolaydi. Sheʼr soʻngida: “Seni tanidimu muhabbat, Tanidim, tanidim oʻzimni” tarzidagi xulosa oʻzlikka kelish yoʻli faqat sevgi degan tuygʻu orqali ekanini anglatishi bilan xotiraga mixlanib qoladi. Sevmagan odam oʻzini, oʻzligini tanimagan baxtsiz kimsadir. Shu sabab muhabbatga yoʻliqqan oshiq oʻzini taniganidan xushvaqt.

A.Suyunning “Goʻzal” sheʼrida ham insondagi eng sirli va sohir tuygʻu aks etgan. Sheʼrning birinchi bandidagi “Koʻksimda qiqirlar sevgi” misrasida ishq lirik qahramonning kun, tun, tonglarinigina emas, balki gʻamlaru munglarini ham goʻzal qilib yuborgani gʻoyat samimiy ifoda qilingan. Shu ifoda sheʼrxonni gʻam bilan mung qanday qilib goʻzal boʻlishi mumkinligi va bu tasvirda nima koʻzda tutilayotgani borasida oʻylashga chorlaydi.

Shoir tabiat hodisalarini oʻz koʻngil holatiga muvofiq tasvirlaydi:

“Qip-qirmizi zardolilar,

Sevgi olovidan yonar.

Bogʻ chetida oshiq anor

Ishq zoʻridan tars yorilar”,

satrlaridagi oʻrikning qirmizligi yaproqlari qizarganidan emas, balki muhabbat olovida yonayotganidan, anorning yorilishi ishqning zoʻridan ekani borasidagi betakror tasvir oʻqirmanni hayratga soladi. Bular shunchaki oʻxshatishlar emas, balki oʻtkir shoirona nigoh bilan ilgʻab olingan tengsiz goʻzalliklardir. Chindan ham yaproqlari qip-qirmizi boʻlib olovlangan oʻrik ogʻochi gurillab yonayotgan gulxanga oʻxshaydi. Yorilgan anorning esa, ishqini vujudiga sigʻdira olmagan yurakni eslatishi tabiiy. Zero, anor koʻrinishi va rangi bilan yurakka oʻxshab ham ketadi. Sheʼrda oʻrinli qoʻllanilgan tashxis, jonlantirish sanʼati favqulodda katta badiiy qimmati bilan eʼtibor tortadi.

Odam shunday ijtimoiy-biologik hodisaki, uning tuygʻulari muvozanatdan chiqib, hissiyoti junbushga kelganda olamni oʻz kayfiyatiga uygʻun yo yorugʻlik ichida yoki zulmat ogʻushida koʻradi. Sheʼrdagi: “Kunbotarlar toʻlqin-toʻlqin, Soy taratar inja yolqin, Kun boʻlarmi shunday yorqin?!” satrlarida oshiq yigit kayfiyati tufayli dunyo unga oʻzgacha tarovat va yogʻduga ega boʻlib koʻrinayotgani aks etgan. Kunbotarni toʻlqinlangan, soyni inja yogʻdu taratgan, kunni odatdan tashqari yolqinli  holatda koʻrish uchun odam favqulodda goʻzal tuygʻularga esh boʻlishi kerak. Har band soʻngida takrorlanib kelgan: “Koʻksimda qiqirlar sevgi” misrasi ifoda taʼsirchanligini oshirgan.

 “Muhabbat” deb nomlangan sheʼrning birinchi bandida bir-biriga zid, yonma-yon turishi mumkin boʻlmagan tushunchalar ustalik bilan oʻrinlashtirishi natijasida dunyoga sigʻmay ketayotgan oshiq yigit hayajoni aks etgan. Shoirning mahorati sabab “Dashtlarda yonguday kuylar zargʻaldoq”day inert tasvir koʻngil holati dinamikasini anglatishga xizmat qiladi. Sevgining zargʻaldoqday parrandani yonar holatga tushira olishi mumkinligini toʻgʻri ilgʻash oʻqirmanning maʼnaviy oʻsishida muhim oʻrin tutadi.

Sheʼrdagi: “Togʻni yorib chiqqan giyohni koʻrdim, Dengizni koʻtargan qiyoqni koʻrdim” tarzidagi kutilmagan poetik kashfiyotlari inson koʻngli, tafakkuri va badiiy didi oʻsishida ulkan ahamiyatga egadir. Chindan ham yashashga boʻlgan adoqsiz muhabbati sabab aslida salgina epkinga tebranib ketadigan darajadagi ojiz giyoh toshning bagʻrini teshib chiqadi. Tiriklikka, yorugʻlikka ishqi tufayli tubsiz dengiz qaʼridagi qiyoq millionlab tonna suvni koʻtarib oʻsaveradi. Hisobsiz ogʻirlik mangu bosib tursa-da, yashashga intilaveradi. Sheʼr­dagi “Suyib yelgan yel”, “Kuyib kulgan kul” tashbihlarining hayotiy hamda estetik maʼnolarini anglashga urinish sheʼrxonda badiiy did va shaxslik sifatlarini qaror topdiradi. Sevgi hamma narsaga ezgu mohiyat ato qiladi. Yelishning ham, kuyishning ham sababkori muhabbat boʻlgani bois “suyib yelgan yel” tanlarga orom baxsh etishi aks etsa, “kuyib kulgan kul” ishqdan kuyaturib kulishga kuch topgan kulni bildiradi. Sheʼr bandlarining yakunlovchi misrasi boʻlib kelgan “Oʻldirsang ham oʻzing oʻldir, muhab­bat!” tarzidagi xitobning asar umumiy ruhi va oshiq holatini berishdagi oʻrni alohidadir.

Shoirning “Oqshom. Oq shom. Katta bogʻ” misrasi bilan boshlanadigan sheʼri yengil havolarda bitilgan. Oʻynoqi ohangga ega, toza ruhdan bino boʻlgan bu sheʼrda chin oshiqning kayfiyati gʻoyat jonli aks ettirilgan. Oʻn beshgina soʻzdan iborat birinchi toʻrtlikning oʻzida toʻqqizta atov gap ishlatilgan. Telegraf uslubini eslatuvchi bu soʻz-gap­lar yonginasidagi maʼshuqasiga qanday yondashishni bilmay elovsirayotgan oshiq holatini aks ettiradi. Azim Suyun oʻzbek sevgi lirikasiga voqeabandlik olib kirgan shoirdir. Uning eng ichkin ishqiy yoki tom manzara sheʼrlari ham qandaydir bir hayotiy voqeadan suvlanadi. Shoir har lahzada oʻzgaraveradigan chigal tuygʻular tasviridan koʻra koʻproq muayyan hayotiy voqea ogʻushida harakatlanayotgan qahramonning ruhiy holatini koʻrsatadi.

Sheʼrda oshiqning oʻta murakkab vaziyatdagi ruhiyati hayotiy va taʼsirchan aks ettiriladi. Katta bogʻ qoʻynida yori bilan yolgʻiz qolgan oshiqning maʼshuqasi koʻngliga qanday yoʻl topishni bilmay qiynalayotgani: “Quchib olishga seni  Yetmas menda jasorat, Yonginamda iymanib Tursang hamki, muhabbat” tarzida ifoda etiladi. Bu satrlarda oʻzi va suyuklisi taqdirini oʻzgartirib yuboradigan jurʼatli harakat qilishni istayotgan, ammo bunga yuragi dov bermayotgan oshiq holati aks etadi. Keyingi banddagi: “Osmon chetida chaqmoq Nogoh unsiz yarq etdi” tasviri uning yorni quchoqlashiga bahona boʻlishi goʻzal tasvirlangan. Birgina himoga mahtal suyukli chaqmoqdan qoʻrqib, oshiq quchogʻiga oʻzini otishi, yor visoliga erishgan oshiq koʻziga hovuzdagi suvning “Hovuz toʻla oq boda” boʻlib koʻrinishi tasvirida tabiiylik bor. Chunki hovuzda oynaday boʻlib yoyilgan toʻlin oyning visoldan mast oshiq koʻziga ulkan piyolaga quyilgan oq boda boʻlib koʻrinishi ruhiy jihatdan asosli.

Azim Suyunning “Ohu” sheʼrida maʼshuqasida uning tuygʻulariga mo­yillik borligini bilgan oshiq holati juda samimiy ifoda etilgan. “Hayot goʻyo abadul abad. Zulumot yoʻq, bor faqat yogʻdu” satrlarida yuksak baxt ogʻushidagi yigit ruhiyati aks etgan. Koʻtarinki kayfiyat tufayli tun yogʻduga toʻlishi, qahraton sovuq harorat baxsh etishi tabiiy. Sheʼrdagi yengil ohang shoirning: “Umr – oʻlja, bu dunyo – sayyod” shaklidagi oʻta mahzun xulosasiga ham nekbin yorugʻlik baxsh etadi. Bu sheʼrdagi tamomila bir-biriga zid maʼnolar birvarakayiga aks etgan “Ham shafqatsan, hamda beshafqat. Yashamoq – bol, yashamoq – ogʻu” misralari sheʼrxonga tiyrak fikr, oʻtkir estetik nazar beradi. Bunday nazar yordamida “shafqat”, beshafqat”, “bol”, “ogʻu” kabi zid tushunchalarining lugʻaviy hamda badiiy maʼnolari tushunib yetiladi. Sheʼrning har uch bandida takrorlanib kelgan va har bandda alohida xulosa chiqarishga asos boʻlgan holat ifodasini topib, izohlash oʻqirmanni maʼnaviy va intellektual jihatdan oʻstiradi.

Azim Suyun muqaddas tuygʻu boʻlmish muhabbat joʻnida yonib kuylaydi. U ishq tuygʻusiga oʻta umidbaxshlik bilan yondashib, uni neʼmat hisoblaydi. Odam muhabbat tuygʻusi tufayligina odam sanalishini, shu tuygʻu uni yuksaltirishini tasvirlaydi. Sevgan odamning koʻziga olam oʻzgacha koʻrinishi shoirning bir sheʼridagi: “Oqqush kabi oy suzdi, Oqqush kabi oy suzdi. Sakraganda baliqlar, Oyning patlari toʻzdi” satrlarida yaqqol namoyon boʻladi. Bu satrlardagi chinakam poeziyaning nurli yogʻdulariga chulgʻangan timsollar oʻqirman koʻnglini sururga toʻldiradi. Shoir koʻkdagi toʻlin oyning sezilmas harakatini suvda viqor bilan suzayotgan oqqushga oʻxshatib, uni osmondan yerga tushiradi va oʻqirmanga yaqinlashtiradi. Shunchalar yaqinlashtiradiki, kutilmaganda sakragan baliqlar oyning patlarini toʻzitib yuborgani oʻqirmanga ham koʻringanday boʻladi. Tasvir mahorati yuksakdan pastga enmaydigan oy timsolini oqqush vositasida sheʼrxonga yovuq­lashtirgan boʻlsa, keyingi ikki qatorda aks etgan timsollar bu tasvirni oʻqirman ruhiyatiga koʻchirib, koʻkka oʻrlatadi.

 

“Burgut mening ajdodim…”

Azim Suyun lirikasida intim shaxsiylik daʼvatkor ijtimoiylik bilan, sodda hayrat donishmandlarcha hikmat bilan yonma-yon keladi. Shoirning “Ovchining oʻlimi” sheʼrida shaxsiyatida erk va mardlik sifatlari hukmron yirik inson tuygʻulari aks etgan. Voqea asosiga qurilgan sheʼrda “Oʻlimdan titragan zot Titragaydir hayotda! Ularga men hamma vaqt Qarab keldim nafrat-la!”, – deydigan shaxs ruhiyatining jilvalari tas­virlangan. Qoʻrquv nimaligini bilmay umr kechirgan Qodir ovchi oʻz tirikligiga sharaf bilan nuqta qoʻya oladigan burgutday mardona oʻla olishni orzulaydi:

Burgut degan bir qush bor

Titramaydi oʻlimdan,

Dolgʻa kabi shiddatkor.

Soʻnggi damin sezsa u

Qoyaga urar oʻzin.

Uning olov patlari

Havoda ketar toʻzib.

O, ular tushmas yerga,

Yerda nima – boylanib,

Shu zahot uchar koʻkda

Burgutlarga aylanib…

Burgut mening ajdodim…

Harorat bilan bitilgan ushbu satrlarda shoirning tasvir mahorati birgina “o” tovushiga ham hayrat, ham quvonch, ham hasrat singari bir koʻp maʼnolarni yuklay olgani va ayni vaqtda ifoda mavzunligini buzmaslikka erishganida koʻrinadi. Bu sheʼrda muteʼlarcha tirik yurishdan gʻururli oʻlimni ortiq bilgan shaxs sezimlari aks etadi. Unda ulugʻlik ulugʻlikdan paydo boʻlishi borasidagi haqiqat oʻzini qoyaga urib halok boʻlgan burgut patlaridan burgutchalar dunyoga kelishi toʻgʻrisidagi tasvirda, ayniqsa, yaqqol namoyon boʻladi. Shoir sheʼrxonni shu tarzda yuksaklikka undaydi. Unda baland maʼnaviy sifatlar boʻlishini orzulaydi. Ifodaning beqiyos jozibasi sheʼrni oʻqirman xotirasiga mixlab qoʻyadi.

Sheʼrda Qodir ovchiga muayyan darajada zid qoʻyib tasvirlangan lirik qahramonning: “Kelar-ketar bu davron, Men-chi titrayman hamon!” tarzidagi iqrorida zamondosh tuygʻulari aks etadi. Shoir keyingi tasvir nishonini bevosita oʻqirmanga qaratib, unga: “Siz-chi, siz ham titraysiz, Titrab, qaqshab yashaysiz! Zamon, zamon, zamonmi, Yo soʻzlarim yolgʻonmi?”- deya tikkalay xitob qiladiki, sheʼrning qudratli taʼsir kuchi, shaksiz, oʻqirmanni oʻz vijdoni, ichki dunyosi bilan yuzma-yuz qoldirib uning maʼnaviy yuksalishga xizmat qiladi.

Azaldan yurtsuyar sanʼatkor Azim Suyun ijodida Vatan tushunchasi keyingi paytda bir qadar yangilandi. Shoirning oldingi sheʼrlarida vatan tushunchasi tugʻilgan yoki yashayotgan makonni anglatgan boʻlsa, egamanlikdan keyingi sheʼrlarida vatan jugʻrofiy anglamdan ruhiy-maʼnaviy maskanga koʻchdi. Qizigʻi shundaki, shoir sheʼrlarida otamakon moddiylikdan yiroqlashib, maʼnaviy mohiyat kasb etishi bilan yanada konkretlashadi. Endilikda Azim Suyun uchun Vatan tashqaridagi togʻu tosh, tuproqdan iborat moddiylik emas, balki koʻngildan joy olgan maʼnaviy-ruhiy mohiyatdir. Shoirning vataniy lirikasi uchun Vatan, birinchi navbatda, ruhiy-maʼnaviy qadriyat. Unda “yurt” “el”dan ayro tasavvur qilinmaydi. Otamakon ruhiyatga koʻchirilgani uchun ham shoir bitiklarida quruq chaqiriq yoʻq. U otamakonni koʻngil koʻzi bilan koʻradi.

Azim Suyun – qismda butunni, tomchida daryoni, qatim nurda quyoshni aks ettiradigan nazarkarda shoir. Uning ijodidagi shu jihat “Koʻpkari” sheʼridagi: “Charsillar chavandozlar, Charsillaydi xaloyiq” satrlarida yaqqol koʻrinadi. Bu tasvirlar oʻzbekning ruhiyatini aks ettirishi, vatanning belgilarini koʻrsatishi jihatidan betakrordir. Ularda bedovlar tanasi va havoda charsillayotgan qamchilarning, qamchilardan-da qattiqroq charsillab borayotgan asab­larning kardiogrammasi aks etgan.

Azim Suyunning vatansuyarlik lirikasida “Sogʻinch qoʻshigʻi” sheʼri muhim oʻrin tutadi. Shoir yurtda turib, uni sogʻinayotgan kishi tuygʻularini taʼsirli aks ettiradi. Unda koʻngilga yaqin, asl sezimlarni qoʻzgʻaydigan narsalarga boʻlgan tabiiy sogʻinchni tasvirlash orqali otamakon qadri teran ifoda etiladi. Shoirning: “Assalomu alaykum, otamdan qolgan chorbogʻ, Assalomu alaykum, bobomeros yongʻoqzor. Assalomu alaykum, jonalari qorli togʻ, Tugʻilib oʻsgan yerim, assalomu alaykum” tarzidagi xitobida kindik qoni toʻkilgan joyni astoydil sogʻinib, qoʻmsab, unga chin dildan intilgan kishi ruhiyati aks etgan. Shoirning tuygʻularida soxtalik, oʻrinsiz koʻtarinkilik va sunʼiy ruhvorlik yoʻq. Sheʼrdagi har bir timsol shoir shaxsiga, uning koʻngliga doir boʻlganidan ifoda serboʻyoq hamda taʼsirli: “Qirrador qoyalarning bagʻridagi toshkulbam, Qaldirgʻoch uyasiday turibsan hamon-hamon. Keng dunyoga yoʻllagan, o, suyumli bosh kulbam, Bir umr taʼzimdaman, assalomu alaykum”. Shoir samimiyati olis bolalikning osmon, choʻqqi, burgut, kaklik, sor singari jonli-jonsiz yoʻldoshlariga murojaatida yorqin namoyon boʻladi:

 

Bormisiz burgutlarim, oshyoningiz omonmi?

Osmonlarda nima gap, choʻqqilarda ne gaplar?

Siz-chi, hey kakliklarim, sorlar hamon yomonmi?

Moʻminning kuni qursin, assalomu alaykum…

 

Shoirning sogʻinchlari ifodasida chin insoniy mehr balqib turibdi. U goʻzal, ammo ojiz kaklikka achinadi. Lekin u burgutni ham yov deb bilmaydi. Faqat sertashvish ochunda hamisha ojizning kuni ogʻirligidan ozurdajon, xolos. Yengilgina yozilgan sheʼrga olamiy ogʻriq shu tariqa joylanadi.

Yoshlikka xos yuksak va pokiza tuygʻular yorqin tasvirlanadi: “Oʻ, mening oq bulogʻim, qani u qoʻshni qizlar, Suvga chiqishlarini men qanday poylar edim. Qayga ketdi sochilib boʻyingizdan yulduzlar, Yulduzlar bosgan izlar, assalomu alaykum”. Ushbu ifodalar aniqligi, serqatlam va tagdor ekani bilan oʻqirmanni lol qoldiradi. Oʻzbek yuzi issiq qizlarni yulduzga oʻxshatadi. Yulduz – koʻkka mansub, unga munosib va shu bois yuksakdan joy olgan yaratiq. Buloqda osmon aks etadi. Binobarin, uning bagʻrida yulduzlar ham. Ammo buloq boʻyidagi yulduzlar, yaʼni yoshlikdagi qizlar koʻkdagi yulduzlardan koʻra yorqinroq, issiqroq, chaqnoqroq… Afsuski, endilikda ular bosgan izlar shoir koʻngligagina muhrlanib qolgan.

Yurt tushunchasi tilidagina boʻlib qolmay, koʻngliga koʻchib, ruhini toʻliq egallagan ijodkor nima haqda yozsa ham vatanni tasvirlayotgan boʻlib chiqaveradi. Chunki u oʻz ichki olamini ifoda etadi. Ichki olami esa, vatanga tegishli va undan iborat. Negaki, vatan shoirning ichidadir, ichkarisidir. Azim Suyunning “Shom shafagʻi” asari ham, bunday qaraganda, vatan haqida emas, undagi bir manzara aks etgan sheʼr. Ammo qish chillasi qoʻynidagi togʻ qishlogʻi manzarasi shunday chizilganki, unda Oʻzbekyurt butun jilvalari bilan namoyon boʻladi:

Shom shafagʻi togʻlarni quchmish,

Tun qoʻyniga kirar dala, qir.

Daralarda chirsillaydi qish,

Koʻz tindirib yaltirar oʻngir.

Bunda toʻxtab qolgan jilgʻalar,

Toʻnib qolgan yulduzlar koʻkda.

Shoda sirgʻa taqqan jingʻillar,

Bukchayishib turar oq yukdan.

Dilga hadik solar sukunat,

Bosib kelar qandaydir vahm.

Koʻpdan qoʻnoq qorli saltanat,

Sukutida bir sirli qahr.

Shoir gʻoyat tiniq bu prelyudiyadan soʻng chillada masiqqan boʻri galasining qishloq yonidagi doʻnglikka chiqib namoyishkorona oʻyini qoʻzgʻagan dahshat tasvirini beradi. Sheʼrda boʻrilar chizgisi aniqlashgan sari misralar shiddati, holat dramatizmi ortib boradi: “Oʻynar-oʻynar horib-tolgancha, Soʻng oʻyinlar joniga tegib, Oʻqday koʻzlar porlab yongancha Qaylargadir qolar sanchilib”. Kishining tani va ruhiga titroq solguvchi bu tasvirdan soʻng shoir joʻngina bir axborot kabi “Goʻdaklarin bosib bagʻriga Xavotirda mudraydi qishloq” degan ikki satrni keltiradiki, nazarimda, vatan timsoli ayni shu serhadik misralarda namoyon. Sheʼr satrlarining qatidan, Vatan hamisha seni panohiga oladi va, ayni vaqtda, u doim sening himoyangga muhtoj ham degan maʼno balqib turadi.

 

“Men hech kim emasman Oʻzimdan boʻlak….”

Odam hayotidagi asl maʼni oʻzlikni topishda namoyon boʻladi. Hayotning ayovsiz sinovlaridan qiyofasini yoʻqotmay oʻtgan, oʻzi boʻlolgan shaxs odam atalishga loyiqdir. Chunki oʻzini topgan odamgina hayotning chin maʼnosini anglaydi. Shoirning “Men sizni sevaman” sheʼrining soʻnggi misrasi boʻlgan bu qanoat Azim Suyun ijodi va shaxsining mohiyatini  ifodalashi bilan diqqatga loyiqdir. Ushbu sheʼrda yuragiga olam va odamlar dardini joylagan shoir ahli basharga boʻlgan muhabbati ifodalagan. Unda odamlar hayotini oʻzaro muhabbat asosida yoʻlga qoʻyish istagi, oʻzaro munosabatlarni chigallik va tushunmaslikdan xalos etish dardi aks etgan. Shoirning: “Doʻstlarim koʻp mening Raqiblarim ham, Raqiblarim meni anglamagan doʻst!” tarzidagi iqrori bilan boshlangan sheʼrda oʻzgalarni tushunishga intilgan olijanob koʻngil egasining sezimlari tasvirlanadi. Odamlarning bir-birini tushunishi orzulab yozilgan bu sheʼrda tuygʻular samimiy boʻlgandagina odamlararo munosabatlarda ezgulik qaror topishi mumkinligi aks etadi: “Siz yigʻlang, bir yigʻlang Daryoday toshib, Yuragingiz axir yigʻiga toʻla. O, siz meni shunda Anglaysiz shoshib, Toʻlgan oy singari butun bir yoʻla. Men sizni sevaman!” – deydi shoir. Bu satrlarda mehrsizlik, oʻzgani tushunishga urinmaslik tufayli toshga aylangan yuraklar yigʻi bilan eritib yuborilsagina kishida atrofidagilarga muhabbat uygʻonishi mumkinligi ifodalangan. Shoir odamni sevish uni anglashdan, anglash esa tinglashdan boshlanishini aytadi. Koʻkdagi toʻlin oy butunicha idrok etilgani kabi odam ham boricha qabul qilingandagina uni anglash va sevish mumkin boʻlishi tasvirlanadi.

Adoqsiz ziddiyatlar, sanoqsiz topishu yoʻqotishlardan iborat dunyoda oʻzligiga sobit qolib, qiyofasidan kechmagan, tikonday sanchilguvchilarni-da sevishga kuch topolgan kishigina yashashga munosib ekani taʼkidlanadi:

 

Topdimu yoʻqotdim,

Yoʻqotdim topdim,

Kutib oldim barin bir-bir xotirjam,

Seni sevishlarin istasang, doʻstim,

Avvalo sen sevgin tikonlarni ham.

Men sizni sevaman!

 

Shoir ana shu maʼnaviy qoidalarni hayotiy aqida, tiriklikka asos deb biladi. U: “Qonunlar himoya qilsa boʻrini Xabar oldim qoʻylar – qoʻrqoqlarimdan”,- deya olishi bilan baxtiyor.

Lirik qahramon – zimmasidagi insoniy missiyani halol bajarishga urinayotgan shaxs. U katta maqsadlar, toza niyatlar bilan yashab, oʻtkinchi mayda manfaatlar iskanjasida qolmaganidan masrur: “Alhaq hayot mangu Soyamga qarab Aslo oʻlchamadim umrim mazmunin. Mangulik mangu sir, Unga yoʻq javob, Faqat saqlamogʻing kerak qalb qoʻrin. Men sizni sevaman!” Shoir odamlarni seva olgan kishigina oʻzini odam sanashga, chinakam umr kechirdim deb hisoblashga haqli ekanini:

 

Quyosh botib borar

Qayda bergum jon,

Ummonmi, sahroda yoki samoda,

Menga berildi-ku

Bir buyuk imkon,

Men sizni sevoldim ushbu dunyoda

 

tarzida ifoda etadi. Lirik qahramon qayerda, qanday yashash va hayotining qayerda, qanday yakun topishini oʻylashdan koʻra, odamlarga sevgi ulashishni muhim hisoblaydi. Zero, hayotdan ketish-ketmaslik ixtiyori odamning oʻzida emas, ammo oʻzgalarni sevish, ularga ezgulik qilish imkonidan foydalanish-foydalanmaslik uning qoʻlidadir. Sheʼrning “Men hech kim emasman Oʻzimdan boʻlak” tarzidagi qanoat bilan yakunlanishi oʻzi boʻlolgan kishigina ezguliklarga qodir shaxsdir degan qarash ifodasidir.

Xalq ruhini, tilini, qadriyatlarini chuqur tuyadigan va aks ettira biladigan shoir Azim Suyun bu yil yetmish yoshga kirdi. Oqsoqollar qatoriga kirayotgan shoirimiz yarim asrdan koʻproq vaqt mobaynida goʻzal bir poetik chamanzorda iforli chechaklar undirdi. Oʻylaymizki, bu gulzor badiiy tarovati bilan Sizning koʻnglingizga ezgulik olib kiradi. Oʻzligiga sobit shoirning samimiy bitiklari siznida oʻzingizu koʻnglingizga yovuqlashtiradi.

 

Qozoqboy Yoʻldoshev,

pedagogika fanlari doktori, professor.

 

 “Yoshlik”, 2018/1

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/kongilga-yaqin-sheriyat/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x