Yangi asrimiz tongini olqishlagan shoir

Insonday yashadim, iymonga sodiq,

Oydinga intildim, faqat oydinga!

 

Ramz Bobojonning butun ijodi va hayotini koʻzdan kechirsak, uning yuqorida aytgan baytining naqadar toʻgʻriligiga toʻla ishonch hosil qilamiz.

Ramz Bobojon atoqli shoir, isteʼdodli dramaturg, tarjimon, mashhur madaniyat arbobi boʻlib yetishdi.

U oʻz ijodiy faoliyatini juda erta boshladi. 15 yoshga toʻlar-toʻlmas, sheʼrlari bilan matbuotga qadam tashlaydi. Natijada, uning ijod namunalari toʻplam holida oʻquvchilarga yetib boradi. “Sheʼrlar”, “Hadya”, “Oltin kamalak”, “Tanlangan asarlar”, “Sevgi sirlari”, “Senga sevgilim”, “Birinchi parvoz”, “Muhabbatga taʼzim”, “Sening mehringdan”, “Surayyo yulduzidan shuʼlalar” kabi bir necha sheʼrlar toʻplami, “Yangi ruboiylar”, “Saylanma”larining oʻz vaqtida nashr etilishi uning poetik olami qanchalik keng va rang-barangligidan dalolat beradi.

Ramz Bobojon poemalar yaratishda ham boʻsh kelmadi. Kitobxonlar uning ketma-ket nashr etilgan poemalarini zavq-shavq bilan oʻqiganliklarining ham shohidi boʻlganmiz. Jumladan, “Qadrdon doʻstlar” dostoni, “Bobom bilan suhbat”, “Bahs” hamda “Hindiston onasi”, “Hayyomnoma” va “Ming bir turna” trilogiyasi, shuningdek, “Yusuf va Zulayho” dostoni mazmunining kengligi, qoʻyilgan muammoning dolzarbligi bilan kitobxon diqqat-eʼtiborini oʻziga tortdi. Maʼlumki, uning “Obi hayot” poemasi jamoatchilik orasida jiddiy shov-shuvga sabab boʻldi.

Shu munosabat bilan mashhur “Obi hayot”ning yozilish tarixini qisqacha eslab oʻtay: ikki doʻst Moskva atrofidagi “Peredelkino” ijod uyida dam olardik. Ramz Bobojon kunlarning birida suv haqida katta poetik asar yozayotganini aytdi. Men esa uning ijodiy niyatiga ishonmasdan, shubhalanib qaraganimni yashirolmadim. Biroz vaqt oʻtgandan keyin baʼzi misralarni oʻqiganda menda shubhalar chekina bordi, baquvvat asar tugʻilayotganiga ishonch hosil qildim. Kunlardan bir kun u mashhur tojik adibi Ulugʻzoda bilan ikkimizga “Obi hayot”ni toʻla-toʻkis oʻqib berdi. Ajoyib bir poema yaratilganligini men ham, mehmon ham tan oldik.

Ha, Ramz Bobojon “Obi hayot” poemasida oʻz gʻoyasini yangicha, chiroyli shakl va tasviriy vositalar yordamida ifodalaydi. Men esa uning tugʻilishida goʻyo “doya” boʻlganimdan hamon gʻururlanaman. “Obi hayot”ning 1972 yil Davlat mukofoti bilan taqdirlanishi esa nafaqat Ramz Bobojon ijodida, umuman milliy sheʼriyatimizda katta voqea boʻldi. Poema oʻzbek poeziyasi barkamol yoʻldan borayotganligidan, ustozlar anʼanasi ishonchli qoʻlda ekanligidan dalolat berdi. “Obi hayot” faqat oʻzbek milliy poeziyasininggina emas, jahon poetik olamining baquvvat asarlaridan biri boʻlib tanildi.

Sheʼrlar, qoʻshiqlar badiiy puxta, his-tuygʻuga boy boʻlsa, xalqning diliga yoʻl topib boraverar ekan. Ramz Bobojon oʻzi aytganidek: “Har qanday sheʼr, mabodo, bastakor diliga, xonanda tiliga yoʻl topsa, qoʻshiq boʻla oladi”. Jumladan, uning lirik sheʼrlaridan biri “Gilos”, menga maʼlum boʻlishicha, 1940 yilda yozilganiga qaramay, ilk marta mashhur cholgʻuchi Nabijon Hasanov bastalagan musiqa bilan xushovoz xonanda Karim Moʻminov ijrosida 1947 yil 14 noyabr nikoh toʻyi oqshomida Ramz Bobojonning sevgilisi Surayyo xonimga aytgan muhabbat qoʻshigʻi boʻlib yangradi va tez orada el ogʻziga tushdi, radio karnaylaridan baralla eshitildi.

Ha, shunday, sir emas, Ramz Bobojon hamisha hayot bilan birga qadam tashladi, xalqning dardi bilan birga yashadi va nafas oldi, uning quvonchini baham koʻrdi, qaygʻu-tashvishlariga sherik boʻldi. Darhaqiqat, oʻzi aytganidek: “Shoir oʻz xalqining koʻnglini topolsa, ming koʻzli chashmaday qaynab ketadi”. Uning poemalari ham, sheʼr va ruboiylari ham davr sadolari sifatida zamonamizning dolzarb, muhim masalalarini yoritishi bilan xarakterlanadi. Ularning qimmati ham xalqining talablariga toʻla javob berishida, ehtiyojlariga hamohang boʻlishida, ulardan joʻshqin hayotning qaynoq nafasi ufurib turishidadir.

Ramz Bobojon shunday hikoya qiladi: “Sheʼriyatda shoh libosiga sigʻmas bir kulgili hodisaniig badiiy umumlashmasini qalamga olgim keldi”. Bu 1959 yili Hamza nomidagi akademik drama teatrida (hozirgi Milliy akademik teatri) oʻynalgan “Togʻa – jiyanlar” edi.

“Togʻa-jiyanlar” komediyasidagi muhim fazilat asarning haqiqiy kulgi bilan sugʻorilganligidadir. Bu kulgi qahramonlarning tashqi koʻrinishi, xatti-harakatlari orqali kelib chiqmasdan, asar mazmuni, xarakterlarning mohiyati zaminida paydo boʻladi va kuchayadi. Muallif kulgili holatlarni topa olgan va xarakterlarning yorqin qiyofasini bera olgan. Komediyaning eng muhim tomoni shundaki, u nuqsonlarni qoralash bilan birga, ularga chek qoʻyish va ularni yoʻqotish yoʻllarini badiiy vositalar orqali asoslab beradi. Asarning optimistik ruhi va fazilati ham ana shunda!

“Togʻa-jiyanlar” uzoq vaqt akademik teatrimiz sahnasini bezagan boʻlsa, sanʼatkorning keyingi “Zuhraning maktublari” asari esa oʻzbek teatrlaridan oʻtib, Moskvadagi “Romen” – loʻlilar teatri repertuaridan mustahkam oʻrin oldi. Bu pyesada inson uchun, uning taqdiri va kelajagi, ongidagi sarqitlarga qarshi kurash, ilgʻor urf-odatlarni hayotga olib kirish kabi masalalarning ifoda etilishi, ularning yangicha hal qilinishi tomoshabinlarda katta qiziqish uygʻotdi. Muallif bu gʻoyani ochish uchun Oʻzbekistondagi loʻlilar hayotini oʻrganadi. Asarda ularning asta-sekin koʻchmanchilikdan, darbadar kezishlardan oʻtroq turmushga, ijtimoiy mehnatga oʻtish jarayoni koʻrsatiladi. Inson uchun, uning yuksak ongi uchun kurashda Darya, Yovqoch kabi loʻlilarning xarakteri ochib beriladi, ularning hayotdagi faoliyati yaqqol namoyon boʻladi.

Men Ramz Bobojonning ijodini, ayniqsa, dramaturgiya sohasidagi mehnati samarasini sinchkovlik bilan kuzatib borganman. Uning qaysi bir asari sahna yuzini koʻradigan boʻlsa, men oʻsha yerda hamisha hozir boʻlganman. Muqimiy nomidagi musiqali teatr jamoasi Ramz Bobojonning yangi, uchinchi asari “Yusuf va Zulayho”ni qoʻlga olibdi, degan xushxabarni eshitishim bilan uni kuzatdim. Mazkur asar asosida bunyodga kelgan “Yusuf va Zulayho” spektaklining muhokamasi oʻtkaziladigan boʻldi. Muhokamada atoqli dramaturg Komil Yashin va qator teatrshunoslar hozir boʻlishdi. Spektaklning saviyasi, undagi sevgi muammosining ifodasi, aktyorlarning ijrosi, musiqasi, hatto rassomning bezagi, qoʻyingchi, barcha elementlari asosan bizga maʼqul tushdi. Spektaklni tahlil qilib bergan K. Yashin va boshqa teatrshunoslar asarni yanada takomillashtiradigan zarur maslahatlar berishdi. Bundan kamina ham chetda qolmadim. Xullas, “Yusuf va Zulayho”ning faol targʻibotchisiga aylanib, matbuotda, turli ijodiy yigʻinlarda chiqishlar qilib bordim. Isboti sifatida matbuotda eʼlon qilingan bir taqrizimning toʻla matnini keltiraman.

Muhabbat haqida kimlar yozmagan. “Yusuf va Zulayho” afsonasi qaysi bir shoirni, ijodkorni ilhomlantirmadi, deysiz. U Firdavsiy dostoniyu Rabgʻuziyning qissasiga, yahudiy shoiri Sheroziyning “Ardasher va Estar” dostoniga, ayniqsa Durbekning asariga keng kirib bordi. Undan keyin ham koʻp kuylandi. Hattoki, bu rivoyat “Tavrot” va “Qurʼon”ga ham kiritilgan. Lekin, shunisi xarakterliki, har bir qalamkash oʻziga xos uslub bilan rivoyatga yondashib, unga yangicha jilo va rang berib bordi.

Ramz Bobojonning ijodiy xizmati shundaki, u oʻziga xos zamonaviy, toʻla ravishda yangi bir musiqali drama asosini, yaʼni pyesa yaratishga muvaffaq boʻldi. Ayniqsa, spektaklning katta falsafasi uning lirikasida, ikki yosh qalbning ulkan, joʻshqin, oʻchmas muhabbatida oʻz aksini topgan. Bu bosh syujet liniyasi Durbekning 1409 yilda yaratgan “Yusuf va Zulayho” dostoniga hamohang. Lekin Ramz Bobojon unga yangicha jilo bergan. Zamonaviy ruh kiritgan. Uni oʻziga xos uslubda ifodalagan. Durbekda oshiq va maʼshuqa qarib qolgan chogʻlarida murodlariga yetadilar, muhabbat katta qarshiliklardan soʻng tantana qiladi. Ramz Bobojonda esa sevishganlar fojiaga uchraydi va hech qachon birga boʻla olmaydilar. Har ikki qalb ishqining rivoji va taqdiri oʻzgachadir.

Ramz Bobojon yetuk va isteʼdodli dramaturg sifatida adabiyot maydoniga chiqdi va dramaturgiyamizning rivojiga oʻzining salmoqli hissasini qoʻshdi.

Qator-qator sheʼriy toʻplamlar, bir necha puxta dramalar yozib, elga tanilgan adib oʻzining qalamini katta janr – romanda sinab koʻrdi. Uning “Muhabbat mezoni” romanida poeziya va dramaturgiya sohasidagi ijodiy tajribalari qoʻl keldi. Oqibatda, asarning tili shirali va serjilo boʻldi, voqealari esa loʻnda va qisqa shaklda izhor etildi. Adib asarda muhabbatni yangicha koʻlamda oʻziga xos, kutilmagan voqea-hodisalar asosida yoritib bergan. Har koʻngil sevgini oʻziga xos kashf etadi deganlaridek, Ramz Bobojon qahramonlari ham oʻzlarining his-tuygʻulari bilan sevgiga sayqal berib, uni kashf etadilar.

Ramz Bobojonning katta xizmatlaridan yana biri – adabiyot va sanʼatimizdagi muhim voqealarni hozirgi zamonamizga, hayotimizga olib oʻtishdir.

Ramz Bobojonning chet el madaniyati arboblari bilan doʻstona, samimiy munosabatlari milliy adabiyotimiz uchun muhim ahamiyat kasb etdi. Ayniqsa, Nikolay Tixonov, Aleksandr Tvardovskiy, Nikolay Gribachyov, Sergey Mixalkov, Mixail Dudin, Chingiz Aytmatov, Ali Toʻqombayev, Rasul Hamzatov, Mirzo Tursunzoda, Berdi Kerboboyev, Qaysin Quliyev, shuningdek, pokistonlik mashhur shoir va alloma Fayz Ahmad Fayz, turk yozuvchisi Aziz Nesinlar bilan boʻlgan ijodiy hamkorligi eʼtiborli. Jahon adabiyotida alohida oʻrin egallagan bu adiblar Ramz Bobojon orqali ham oʻzbek xalqining hayoti va sanʼati bilan kengroq tanishish imkoniyatiga ega boʻlishgan.

“Ramz Bobojonning shuhrati, – deb yozgan edi Ozarbayjon xalq shoiri Nabi Hazriy, – ona Oʻzbekistondan juda-juda uzoqlarga ham yoyilgan. Uning asarlari bir sira Yevropa va Sharq tillariga tarjima qilingan va sevilib oʻqilmoqda.

Bunday shuhrat va ehtiromga Ramz Bobojon qanday erishdi? Bunga javobni Mening ijodim – mening hayotim” kitobidan toʻla-toʻkis topa olasiz.

Bu haqiqat kitobda juda koʻp dalillar bilan isbot qilinadi va shu sababdan ham oʻquvchilarda ishonch uygʻotadi. Shoirning ijodiga boʻlgan ijobiy munosabatlarni muallifning oʻzidan emas, balki uning hamkasblari, chet el madaniyat arboblari tomonidan berilgan baholardan bilib olish oson.

Mana, ustoz Gʻafur Gʻulomdan eshitaylik: “Ramz Bobojon Sharq adabiyotining anʼanaviy ixcham sheʼriy shakli boʻlgan ruboiydai yangicha foydalanadi. U oʻz ruboiylarida davrimiz gʻoyalarini zoʻr ruhiy koʻtarinkilik bilan tarannum etadi, zamonamizga xos yangi obrazlar ishlatadi”.

“Obi hayot” – oʻzbek adabiyotida yangi hodisadir”, deydi ulugʻ rus shoiri Nikolay Tixonov.

Shuni ham aytib oʻtish kerakki, Ramz Bobojon tanqidchilik sohasida samarali ijod etgan. Taniqli adabiyotshunos olim N. Karimov Ramz Bobojonni “zukko olim” deb taʼriflagani bejiz emas.

Ramz Bobojon bu ulkan ijodiy va ijtimoiy faolligi uchun munosib taqdirlanib, unga “Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan sanʼat arbobi”, “Oʻzbekiston xalq shoiri” kabi yuksak unvonlar berilgan, “El-yurt hurmati” ordeni bilan taqdirlangan.

Ramz Bobojon oʻzining ezgu niyatiga chiroyli badiiy libos bichib, baralla kuylaydi:

 

“Sheʼrim,

Daryo boʻlib oq!

Goʻzal Vatan bogʻlariga boq,

Yangi asrimizning tongi otar payt

Yangi avlodlarga salomimni ayt!

Kalomimni ayt!”

 

Hafiz ABDUSAMATOV

 

“Sharq yulduzi”, 2014–4

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/yangi-asrimiz-tongini-olqishlagan-shoir/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x