Shoir

Arkadiy AVERCHYeNKO,

Rossiya

 

– Hurmatli Bosh muharrir, – mehmonning va nihoyat uyalibgina tili ochildi, – sizni ayni daqiqalarda bezovta qilib turganimdan juda xijolatdaman. Qimmatli vaqtingizning bir daqiqasini menga ajratganingiz uchun rozi boʻling, janob. Xudo haqqi, uzr soʻrayman.

– Hechqisi yoʻq, mayli, hechqisi yoʻq, – dalda berdim yosh doʻstimga, – kechirim soʻramang, bemalol, gapiravering.

Xuddi katta gunohga botgan odam kabi chuqur gʻamginlikka choʻkib boshini quyi soldi.

– Yoʻq, baribir, baribir xijolatdaman… Oʻylashimcha, mendan koʻnglingiz toʻq emas, koʻzlaringizdan shuni ilgʻadim, sizning nozik koʻnglingizga ozor bergan boʻlsam kechiring, janob.

– Hech qanday muammo yoʻq, doʻstim. Aytyapman-ku, hech narsa boʻlmadi. Men qaytanga mashqlaringiz bilan tanishganimdan xursandman. Afsuski, qofiyalaringiz haqida fikrim unchalik yaxshi emas.

– Bularmi? – dedi hayratdan koʻzlarini chaqchaytirib, – Mana shu qofiyalar sizga manzur kelmadimi?

– Ha, mana shular.

– Nahotki, shu qofiyalar-a?

“Koshki boʻlsaydi qora jingalaksoch qiz,

Suratini chizar edim tonglari,

Gʻazablanmasligi uchun Apollon

Sochlarini oʻpardim har kez…”

– Mana shunda qofiya yoʻqmi, – sheʼrni tugatar-tugatmas soʻradi yosh yigit.

– Afsuski, ha. Shu va shunga oʻxshagan bir-ikki bitiklaringiz haqida tugal fikrim shunday: qofiya yoʻq. Masalan, mana qarang:

“Koshki boʻlsaydi qora jingalaksoch qiz…”

– Nega axir, janob muharrir? Axir ular yaxshi-ku… – gapimni kesdi yigit.

– Mayli yaxshi deylik ham, toʻgʻri, sheʼrlaringizning koʻpi menda yaxshi taassurot qoldirdi, biroq… Bizning jurnalimizga toʻgʻri kelmaydi, tushuning, oʻrtoq shoir.

– Tushunarli, balki boshqatdan bir koʻz yugurtirarsiz.

– Aslo. Hojati yoʻq deb oʻylayman.

– Boshqalarini oʻqib koʻrarsiz, ehtimol…

Yosh shoirni mamnun qilish ilinjida boshqa bir mashqini qoʻlimga oldim va oʻqiy boshladim. Yuzimning yarmi ifodasida galdagi sheʼrdan hayronligimni, yarmi bilan esa unga jurnalga hali-hamon sigʻmasligidan pushaymon boʻlayotganimni bildirdim.

– Balki, bir ijozat bersangiz, oʻzim oʻqib berarman. Nima deysiz?!

Rozilik belgisida bosh irgʻadim. U nozik ovozda oʻqiy boshladi:

“Koshki boʻlsaydi qora jingalaksoch qiz…”

Endilikda esa bildirishga urunmasam-da, ikki yuzimda unga rozilik berganimdan pushaymonlik ifodasi balqidi.

– Rahmat, rahmat, – bir amallab toʻxtatdim, – sheʼrlarga joy qolmabdi, maʼzur tutgaysiz, doʻstim.

– Qiziq gap boʻldi, janob. Yaxshisi, qoʻlyozmalarni sizga qoldiraman, sheʼr ruhiyatiga kirib yana bir marta oʻqib koʻrarsiz, faqat yaxshilab oʻqing.

– Yoʻq-yoʻq, oʻzingizga kerak boʻlib qolar, olib ketaqoling, yaxshisi.

– Tahririyatdagilar bilan bir maslahatlashib koʻring, iltimos, balki joy boʻshab qolar.

– Oʻzingizda turaqo…

U gapimni choʻrt kesdi.

Qoldirish qarori qatʼiy ekanini qancha bildirmasin, qoʻlyozmalarini qoʻliga topshirdim. Sekin oʻrnidan turdi.

– Qimmatli vaqtingizning bir daqiqasini ajratganingizdan mamnunman, ammo… Mayli, xayr janob, yaxshi qoling!

U ketdi. Men esa u kelgan payti mutolaa qilayotgan kitobimni qayta ochdim, ichidan bir varaq qogʻoz yerga sirgʻalib tushdi, qoʻlimga oldim:

“Koshki boʻlsaydi qora jingalaksoch qiz,

Suratini chizar edim tonglari.

Gʻazablanmasligi uchun Apollon

Sochlarini oʻpardim har kez…”

– Uh, yaramas! – Buni berishni unutdimmikan yo? Yana qaytib kelmasin tagʻin. – Nikolay! – muxbir yigitni qoshimga chorladim va dedim:

– Hozirgina chiqib ketgan yigitga bu qogʻozni tezda yetkazish kerak. Yugur.

Nikolay yosh yigitning orqasidan ketdi va omonatini qoʻliga topshirib qaytdi.

Chamasi soat yettilarga yaqin kechki ovqat tanovul qilishga yoʻl oldim. Taksistga pul beraman deb qoʻlimni choʻntagimga solgandim bir qogʻoz ilashib chiqdi pullarga. Bu qogʻoz bu yerga qanday tushganini anglolmadim. Ochib oʻqidim:

“Koshki boʻlsaydi qora jingalaksoch qiz,

Suratin chizar edim tonglari.

Gʻazablanmasligi uchun Apollon

Sochlarini oʻpardim har kez…”

Choʻntagimda qayerdan paydo boʻldi, deya oʻyladim yana restoran sari odimlayotib. Ishonmasdan qoʻlimga olib yana qaradim, oʻsha sheʼr. Yumaloqlab koʻchaga uloqtirdimu yemakxonaga kirdim. Ofitsiant taomimni keltirgan payti mulozamat bilan qoʻlimga kichik bir qogʻoz tutqazdi, – Siz doimiy oʻtiradigan bu stolga sizdan oldin oʻtirib ketgan odam tashlab ketibdi. Balki, sizga boʻlsa kerak deb oʻyladim.

– Qani, bir koʻray-chi.

Qoʻlidan oldim-u ochib oʻqiy boshladim: “Koshki boʻlsaydi qora jingalaksoch qiz…” Bu yerda, aynan shu stolda qayerdan paydo boʻldi bu? Yo tavba. Yigit tentak-pentakmikan yo… Tushunolmay qoldim. Yo Xudoyim, mushkulimni oson qil, meni bu sheʼrdan qutqar…

Qogʻozni burdalab-burdalab ofitsiantga tutqazdim.

Ertasiga ertalab esa horgʻin kayfiyat, charchagan va choʻkkan ruh bilan choy ichishga oʻtirdim.

– Nega bunchalik asabiysiz? – soʻradi bir ayol.

“Koshki boʻlsaydi qora jinga…” Xayolimda shu soʻzlar aylanayotganidan tilimga qanday chiqqanini bilmay qoldim. Ming laʼnat senga hayotimni zaharlayotgan sheʼr. Boʻldi, charchadim.

Ayol hayrat ichida qotib mendan uzoqlashdi.

Peshinda esa yengil tamaddi uchun ishxonamizning pastidagi kichik kafechaga chaqirishdi ogʻaynilarim. Eshikdan kirishim bilan bu yerning egasi barmoqlari bilan imladi yoniga.

– Eshitaman, nima gap?

– Janob, sizga xat bor! Bir yosh yigit buni sizga yetkazishimni soʻradi, yoʻq deyolmadim. Nima ekanini bilmadim-u lekin yigit bu xat hayotini yaxshi tomonga oʻzgartirib yuboradigandek termuldi menga.

U qoʻlimga kichik bir qogʻoz tutqazdi. “E, voh, Tangrim, shu odamni boʻgʻib qoʻyishimdan oʻzing asra. Yana qogʻoz, aniq bilaman yana oʻsha sheʼr. – Ming baloga uchragur, – baribir oʻzimni tutolmay qichqirib yubordim, – yoʻqot koʻzimdan shu qogʻozni, ellik marta “sovgʻa” qilishdi bugunning oʻzida. Yoʻqot!

Choʻntagimdagi xuddi oʻshanday qogʻozni unga tutqazdim. Oʻqi, dedim. “Koshkiydi boʻlsaydi qora jingalaksoch qiz…” U baribir nimalar sodir boʻlayotganini tushunmay angrayib qoldi. Alamzada qadamlar bilan yurib bu yerni tark etdim va ishxonaga borishdan qoʻrqqanimdan toʻgʻri uyga yoʻl oldim. Ostonada ayolim quvnoq chehra bilan qarshiladi:

– Bir yosh janob kelishingizdan sal oldin tashlab ketdi buni. Qoʻlyozmani uyga keltirishga majbur boʻlganini, vaqt ajratib oʻqishingizni istaganini aytib juda xijolat chekdi bechora. Juda iltifotli yigit ekan, eshitishimni soʻrab bir ikki sheʼr ham oʻqib berdi. Fikrimcha, sheʼrlari yaxshi. Oʻqiganida ham shunday kirishib oʻqidi, men bunaqa oʻqiy oladigan odamni uchratmagandim.

Ichimni kemirayotgan gʻazab va nihoyat meni adoyi tamom qildi. Boʻldi, barisi tamom. Turmush oʻrtogʻimga biron soʻz demasdan ishxonaga qaytdim. Stolimda yana bir dasta qogʻoz, Apollondan gʻazablanmasligini soʻragan, qaysidir qoravoy qizning jingalak sochlaridan oʻpish istagi yotibdi. Bu istakning birini gʻijimlab tashlagan boʻlsam, birini javondagi kuldondan topdim. Yana biri esa menga tushlik payti ovqatim oʻrniga keltirib berilgandi. Yana biriga yoʻlda, yana biriga esa taksida duch kelgandim. Asab tolalarim barchasi oʻlib boʻldi. Kim nimadir soʻrasa, murdaday javob qaytarardim. Oʻsha kuni kechqurun yotishdan avval yostigʻimni toʻgʻirlayotsam, sochlarini tongda chizmoq istagi yostigʻimning ostidan ham chiqdi. Jinni boʻlish mumkin. Bu qanaqa savdo, Xudoyim! Yigʻlab yuboray dedim.

Saharda kechasi bilan uxlolmagan koʻzlarimni ishqalab turarkanman, sochni oʻpishu Apollon gʻazabiga uchrashdan qoʻrqqan barcha qogʻozlarni yigʻdim-da, oyoq ostiga irgʻitdim. Ustida oʻyin tushdim, mana senga sheʼr, mana, mana… Bu qanaqa istak boʻldi oʻzi, Xudoyim, jingalaksoch qizning sochlaridan oʻpish, tfu, e…

Choy ichishdan ham, taksiga chiqishdan ham qoʻrqdim, uchragan odamdan yashirinib-yashirinib, piyodalab ofisga yetib keldim. Shoshganim uchun koʻrinishimdan bir tahririyatning boshligʻiga emas, hozirgina jinnixonadan qochgan daydiga oʻxshab qolgandim, kira solishim bilan qoʻlimga ilingan qogʻozga yoza boshladim:

– Ariza (nuqta). Bosh muharrirlik vazifasidan ozod qilinay, yolvoraman, haydab yuboringlar meni…

Qogʻozni qoʻlimga olganimda orqasida yozuv borligiga koʻzim tushdi:

“Koshkiydi boʻlsaydi qora jingalaksoch qiz…”

 

Rus tilidan

Rahmat Bobojon

tarjimasi

https://saviya.uz/ijod/nasr/shoir-2/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x