Yakshanbagacha… uch kun bor

Taniqli adib Shoyim Boʻtayevning: yakshanba kuni gaplashsak, deganiga qaramay gazeta kutib turmasligini roʻkach qilib, suhbatga undadik. Muloqotimiz adabiyot, hayot – hamma biladigandek tuyulgan, ammo sir-sinoatlarga boy jarayonlarning har kim oʻzicha idrok etadigan mavzulari xususida bordi.

 

Shoyim aka, mehnatkash adiblarimizdan birisiz…

– Eʼtirof etyapsizmi yoki maqtayapsizmi?

Unisiyam, bunisiyam.

– Rahmat.

Bugun qoʻliga umid bilan qalam olib, yuksak maqsadlarni koʻzlab turgan yoshlarga ijodkor masʼuliyati, zahmatli mehnati haqida nimalar deya olasiz?

– Buni ularning oʻzi ham yaxshi his eta olishiga aminman. Meningcha, ijodkor his-tuygʻularida ezgulik, samimiyat har doimgidek yetakchi oʻrinda boʻlgani maʼqul. Surbetlikdan xudo asrasin. “Yuksak maqsadlarni koʻzlab turgan yoshlar” oʻrniga oʻzingizni qoʻysangiz, yon-atrofingizdagi shiddatli oqayotgan hayot bilan baqamti qanday oʻylarga borardingiz? Vaqt – buyuk hakam. Ammo uning buyukligi zamirida shafqatsizligi ham borki, undan saqlanmoq uchun kurashmoq lozim boʻladi. Akademik Naim Karimovning bir suhbatida shunday soʻzlarni oʻqidim: “Birinchidan, adabiyot olamiga kirib kelgan yangi avlod oʻzbek adabiyotining Gʻarb va Sharq xalqlari adabiyotidan farqli tomonlari borligini unutmasligini, bu farqli tomonlar, avvalo, adabiyotimizning milliyligida, adabiy tilimizning boy va goʻzalligida, adabiy anʼanalarimizning davomiyligida ekanini doimo yodda tutishi kerak”. Ikkinchidan va uchinchidan nimalar haqida yozish kerakligi haqida oʻz mulohazasini bildirgan hurmatli domla har bir ijodkor oʻz ovozi, oʻz uslubi, oʻz mavzusiga ega boʻlishi, oʻzgalar soyasiga aylanib qolmasligini uqtiradi.

Bugun yaratilayotgan asarlarga adabiy tanqidchilik biror-bir joʻyali fikr, aytaylik, hech boʻlmasa maslahat tarzida munosabat bildirmayapti, deyish mumkinmi?

– Agar, haqiqatdan ham Siz aytgancha boʻlsa (garchi bu fikrga men toʻla qoʻshilmasam-da), faqat adabiy tanqidchilikni aybdor deyish biryoqlama fikr boʻlardi. Fizik qonunlardan xabaringiz bor, jismlar bir-biriga nisbatan harakatlanadi va aks taʼsir jarayoni sodir boʻladi.

Bugun adabiyotshunoslarimiz mumtoz adabiyotga koʻproq murojaat qilmoqda. Toʻqson toʻqqiz maʼnodan soʻng yuzinchisiga ham ishora berib turgan satrlar kimni maftun etmaydi deysiz?! Sharq Uygʻonish davrining dunyoni lol qoldirgan beqiyos sheʼriyatini idrok etishni qoʻya turib, XIX asr oxiri – XX asr boshlarida xalq dardini aytgan adiblar ijod ummonidagi duru gavharlarga nazar solib koʻring-a. Xuddi hozirgina yozilgandek yoki hozir yozilishi orzu qilingandek.

Garchi kelsa, eski toʻn, bizdek duogoʻyi faqir,

Kambagʻalning xirqasidan or qilmoq shunchalar –

kabi satrlar oʻz hujrasida qoʻl uchida amal-taqal kun koʻrishga majbur va muqim boʻlgan Muqimiyni tasavvuringizda jonlantirsa,

Nazokat orturay desang, misoli gʻuncha xomush boʻl,

Nadinkim ogʻzini to ochdi gul, bargi xazon boʻldi –

degan sermazmun, barcha zamonlarga mos bebaho soʻzlar zavqidan Zavqiyni yodga olasiz. Yoki Furqatning:

Bir koʻrib chohi zaqan Horut ila Morut ikov,

Chohi Bobil ichra qolmishlar boʻlak tadbirda –

bayti magʻzini chaqish uchun ham ancha-muncha diniy-mifologik bilimga ega boʻlish lozim.

Jonkuyarligi, xalqqa yaqinligidan tashqari Sharq mumtoz sheʼriyatining takrorlanmas imkoniyatlarini oʻzida jamlagani bilan ham bunday asarlar oʻzbek sheʼriyatining keyingi taraqqiyotiga kuchli turtki bergan, biz yuqorida nomlarini tilga olgan shoirlar ijodini abadiyatga muhrlagan.

Mavzudan chetlashgandaymiz. Nazarimizda, adabiy jarayonda nasriy asarlarga jiddiy talablar qoʻyilmayapti, munosib baholar berilmayapti.

– Alohida bir asar haqida gap ketadigan boʻlsa, jiddiy talabni har bir ijodkor oʻzining prinsiplaridan kelib chiqib qoʻyishi kerak. Ajoyib bir asarni oʻqib chiqib, kitobni yopganingizda muallifni eslang. Uning uyqusiz tunlarini sharaflang, olgan taassurotingiz uchun minnatdorlik bildiring. Ijodkorning qudrati shunda – u Sizdan olgan oddiy choʻpni sehrli tayoqchaga aylantirib beradi. Bunday saxovat hammaga nasib etavermaydi. Adabiyotning sehri shunda. Bu ham hayot. Nazokati va nafosatiga koʻra yuksalib boraveradigan hayot.

Umuman olganda, adabiy jarayonda adabiyotshunoslik va tanqidchilikning beparvoligi boshqa bir noxush hodisani keltirib chiqaradi. Soxta asarlar “haqiqiyman” deb daʼvo qiladi, nashriyot egalari oʻzi xohlagan qoralamani gumburlatib chop etib yuborishaveradi – ularga sotilsa bas. Mana shunday hodisadan adabiyotshunoslik va tanqidchilik xulosa chiqarib, qani sabring qaygacha borarkin, bilganingdan qolmay behuda chopaver-chi, qachon holdan toyarkansan, degandek uzoqdan moʻralab turganga oʻxshaydi.

Oʻsha moʻralab turganlar dadil boʻy koʻrsatib, boʻldi endi, pala-partish kitoblarni chop etishni bas qiling, deyishadimi?

– Agar ular shunday oʻylab turgan boʻlsa, aytishar – yana bilmadim, ehtimol, hech kim kutmagan, oʻylamagan, orzu-umidlarimiz, intilishlarimizga toʻsiq boʻladigan gʻovlarni ayon etib, bas, taxta-oʻqlovingni yigʻishtir, der.

Shunda kim nimani qanday yozsa ham boʻlaverar ekan, degan notoʻgʻri tushunchaga ham chek qoʻyiladimi?

– “Aqlli koʻprik izlaguncha, aqlsiz daryodan oʻtib boʻladi”, deyishgani kabi na adabiy qonun-qoidaga, na mahorat talablariga amal qilishni xayoliga keltirmaganlar uchun har qanday jiddiy eʼtirozlar toʻsiq boʻlolmaydi. Ular baribir bilganlaridan qolmaydi. “Qissadan hissa, – deyiladi Ezop masallarining birida. – Qon bilan kirgan – jon bilan chiqadi”. Masalning oʻzini esladingizmi?

Qanday edi?

– “Kunlardan bir kuni Olimp xudolari tirik mavjudotlarning tabiatini oʻzgartirish mumkin yoki mumkin emasligi ustida tortishib qolishibdi.

– Oʻzgartirsa boʻladi, – debdi Yupiter.

Ammo Venera bunga qarshi chiqibdi. Muammoni hal qilish maqsadida Yupiter mushukni qiz bolaga aylantirib qoʻyibdi va uni yosh bir yigitga turmushga beribdi. Risoladagidek kelin-kuyov toʻy bazmi toʻrida oʻtirishibdi.

– Qara, – debdi Yupiter Veneraga, – kelin oʻzini qanday munosib tutyapti. Kim ham uni kecha mushuk edi, deb ayta oladi? Shubhasiz, uning tabiati oʻzgardi.

– Bir oz kut, – debdi Venera va toʻyxonaga sichqonni qoʻyib yuboribdi. Buni koʻrgan kelin joyidan sakrab turibdi, oʻzini sichqonning ustiga otibdi.

– Ana, koʻrdingmi? – debdi Venera”.

Sirtdan qaraganda, kimlarningdir kitoblari chiqayotgan, sheʼrlari qoʻshiq boʻlayotgandir, ammo adabiyotning azaliy va abadiy ideallari, qadriyatlarining ularga qizigʻi yoʻq. Kitoblari doʻkondan yashin tezligida sotilib ketadigan “shoir yigit” bir kuni menga, biz bilamiz oʻzimizning badiiy jihatdan qandayligimizni, adabiyotga daʼvogarlik qilmaymiz, oʻz hisobimizdan kitobimizni chiqaramiz, sotilsa – foyda, sotilmasa – ziyon, dedi. Bir qaraganda, haqiqatdan ham uning birovga issiq-sovugʻi yoʻqdek.

Ammo adabiyot uchun, yoshlar uchun bor-da!

– Ha, yashang, adabiyot uchun bor. Aslida adabiyot ham kimningdir chekiga lotoreya oʻyinida tushgan yutuq emas. Umuman, hech narsa birovning chekiga tushgan yutuq boʻlmasligi kerak. Oʻzining obʼyektiv qonunlari asosida yashashi, rivojlanishi kerak. Hayot shu. Tabiat ham shu. Ammo “shoir yigit”ning ehtimol oʻzi uchun birovga ziyon-zahmati yetmay, oʻzi kitob chiqarib, oʻzi sotib, kuyini oʻzi bastalab, ashulasini oʻzi aytib… deganlariday, yurgan yoʻlida didni tumtoqlashtirishga, adabiyotni idrok etish hissiyotini yoʻqotishga oʻzi bilib-bilmay hissa qoʻshganicha shitob olgʻa bosishi oqibatida oʻquvchi-kitobxon haqiqiy ijod namunasi bilan sayoz, nursiz qoralamaning farqiga bormay qoladi. Oʻquvchi-kitobxon oʻsha shovvozning nari-beri yozganlaridan boshqasini tushunishni istamaydi, bunga qurbi yetmaydi.

Siz aytayotgan voqealarga adabiy jarayonda koʻp duch kelamiz. Tahririyatimizga bir yilda uch-toʻrt kitobini chop etgan chaqqon mualliflar kelishadi: “Kitobimni taqriz qildirib chiqaring”, “Kitobdan ikki-uchta sheʼrni gazetangizda bostiring”, deyishadi. Talabga javob bersa xoʻp-xoʻp, aksariyatini tahrir bilan ham epaqaga keltirib boʻlmaydi. Toʻgʻrisini aytsangiz, “Mana kitob qilib chiqarishgan-ku, kitob gazetadan pesh-ku” deya aql oʻrgatishadi. Aslida, kitobning bosma vositalar orasida salmogʻi boʻlak. Ammo uning ichidagi asarlarda salmoq boʻlmasa-chi? Bugun nashriyotlar tomonidan chop etilayotgan kitoblarning hammasini ham talabga javob beradi, deb aytolmaymiz-ku…

– Bu “chang”ni gardyuqmas yelkalarga qoʻndirmay qoqib tashlash uchun darhol xususiy nashriyotlar roʻkach qilinadi. Aslida undaymas. Xususiy nashriyotlar pulni oʻzi topadi. Boshqalar oʻylaganiday, ular oshib-toshib ketgani ham yoʻq, amal-taqal faoliyat yuritadi. Ularda katta nusxada chop etilib, foyda keltiradigan darsliklar nashri yoʻq. Ammo “davlat nashriyoti” deb atalmish muassasaning ishi mushkul. Bunday nashriyotlarda davlat mablagʻi nimaga sarflanayotganini faqat rahbariyatning vijdoniga havola qilib qoʻyish oʻta goʻllik boʻlardi. Bunday idoralarda jamoatchilik nazoratidan tashqari ijodkorlarning, Yozuvchilar uyushmasi, Oʻzbek tili, adabiyoti va folklori institutining oʻrni-nufuzini kuchaytirish bugun har qachongidan koʻra muhimroq. Xususiy nashriyotlarga esa, banklar tomonidan kreditlar ajratilishi, davlat buyurtmalari ishonib topshirilishi kerak. Bir soʻz bilan aytganda, sohada hali raqobat maydoni yoʻq, gʻovlar esa koʻp.

Soʻz va amal birligi, oʻylaymanki, adabiyotimizning ravnaqi uchun xizmat qiladi.

– Yaqinda amerikalik yozuvchi, dramaturg va essenavis Tornton Uaylderning mashhur “Avliyo qirol Lyudovik koʻprigi” romanining oʻzbek tilidagi nashriga soʻzboshi yozishimga toʻgʻri kelib qoldi. Gap shundaki, “XX asr Amerika adabiyotining 70ta eng yaxshi romani” sirasiga bu asar ham kiritilgan. Roʻyxatni koʻzdan kechirar ekansiz, ular orasida oʻzbek kitobxonlariga yaxshi tanish boʻlgan O. Genri, Jek London, Frensis Skott Fitsdjerald, Jon Dos Passos, Teodor Drayzer, Ernest Xeminguey, Tomas Vulf, Uilyam Folkner, Uilyam Saroyan, Rey Bredberi, Jon Steynbek, Mario Pyuzo, Irvin Shoudan tashqari yana oʻnlab nomlar keltirilgan. Ularning har biri bir olam. Oʻnlab beqiyos asarlar. “Avliyo qirol Lyudovik koʻprigi”ning oʻzi bir moʻjiza.

Endi masalaning ikkinchi tomoni. Barchaning havasini keltirgan amerikacha turmush tarzi, “amerikacha orzu” boʻsh zaminda emas, ilm-fanning hayratomuz yutuqlari – ilmiy tafakkur qatori badiiy tafakkur ham yuksak darajada rivoj topib, Atlantikaning purviqor toʻlqinlari singari teran badiiy tafakkur ummoni qaʼridan qanot yozgan. Soʻz ustalari kanorasiz ummon ortidan yangi-yangi adabiy oqimlarni dunyoning turli hududlariga uchirma qilishgan. Ular shuʼlasidan bahramand boʻlganlar esa, yuksalish orzusidan umrbod voz kechisha olmagan.

– Davlatimiz rahbari milliy adabiyotimiz oldiga qoʻyayotgan talablar, ijodkorlarga yaratib berilayotgan shart-sharoit, kitobxonlikka, mutolaa madaniyatiga eʼtibor ortida buyuk adabiyot orzusi boʻy koʻrsatadi.

– Ha, albatta. Yigirmanchi asr boshida maydonga chiqqan futurizm yalovbardori Filippo Tommazo Marinetti: qarshimizdan chiqib kelayotgan yangi avlod bizni bir chetga itqitmasidan burun oʻz vazifamizni ado etaylik, degani kabi har bir avlod oʻz vazifasini sidqidildan bajarishi kerak.

Ayrim hollarda syujetlar, mavzular chet el adiblari yoki oʻzimizning keksa avlod adiblari ijodidan tap tortmay koʻchirib olinmoqda, degan gaplarni koʻp eshitamiz…

– Ilgari ham eshitarmidingiz?

Yoʻq.

– Ha, toʻgʻri. Ilgari nashriyotlarda professional, bilimdon muharrirlar bunday hodisalarning oldini olishardi. Masalan, “Mixail Sholoxov yoki Chingiz Aytmatovga havas qilganingiz durust, ammo oʻzingiz his etgan, koʻrgan-bilgan narsalarni yozing”, deyishardi. Bundoq qaraganda, “Alkimyogar” syujeti ham “Masnaviy”dan olingan. Oʻzi, umuman, dunyo adabiyotida barmoq bilan sanarli syujetlar va syujet yoʻnalishlari, ularga oʻxshatmalar aylanib yurganiga guvoh boʻlasiz. Alisher Navoiy dostonlaridagi syujetlar ham shunaqa. Ammo, dunyo adabiyotining nodir durdonalarini oʻqib “E, avval aytilgan gaplarni yozgan ekan”, deya olmaysiz. Negaki, bunday durdonalar mualliflari teran qarashlari, gʻoyalari badiiy ifodasi uchun qobiqdan foydalanishgan, xolos. Badiiy jihatdan yuksak asardan noʻnoqlarcha koʻchirma olish oʻsha asarga bepisand qarashday gap.

Dolzarb mavzularga qoʻl urib, qogʻoz qoralayotgan adiblarimiz kitoblarida uchrayotgan gʻalizliklar-chi…

– Qay biri?

Shunchalik koʻpmi?

– Ularning koʻp-ozligi kitobxonning did-saviyasiga, bilimiga, madaniyatiga qarab belgilanadi. Masalan, men “gʻichir-gʻichir tish”ga tegadigan qoʻshiqlardagi satrlarni harchand uringanim bilan hazm etolmayman. Yuqorida aytganingizdek, adabiyotshunoslik, adabiy tanqidchilik bunday satrlarning mazmun-mohiyati, poetikasi tahliliga bagʻishlangan maqolalari bilan oʻquvchi-kitobxonga yordam berishi kerak. Mirzo Bedil misralari zamiridagi maʼnolar olami xalqimiz orasida urf boʻlgan “bedilxonlik” kechalarida oydinlashgani singari zamonaviy shoirlar ijodiga bagʻishlangan adabiy maqolalarda, ilmiy ishlarda, eshittirish va koʻrsatuvlarda har bir satrning mazmun-mohiyatini – shoirning mahoratini ochib berishga eʼtibor qaratish lozim. Nasriy va dramatik asarlarga, teleserial va badiiy filmlarga nisbatan ham shunday ish tutmoq joiz. “Saragi sarakka…” deb boshlanadigan naqlda aytilganiday, guruchni kurmakdan ajratib olish kerak.

Ijodkorning aʼmoli nimada?

– Uning ijodkor ekanida. Masalan, dehqon – eng katta ijodkor. U ushoqday urugʻni yerga qadab, moʻl-koʻl neʼmat yetishtiradi. Soʻz ahli, shoir-yozuvchi aʼmoli ham shunday.

U “ofatlarning talay xili, talay tiynati”ga (Yevgeniy Yevtushenko) oʻzini berib qoʻymasligi orqali boʻy koʻrsatadi.

Qanday?

– Eng avvalo, inson sifatida, sinmasdan.

Nega bu muhim?

– Soʻz ahli hamisha turfa bosimlar ostida boʻladi. Bunday taʼqibning asosiy qutqulari botiniy tus olmasligi kerak.

Shu oʻrinda suhbatimizga yakun yasasak. Mana, endi dam olish kunida rejalashtirgan ishlaringiz bilan mashgʻul boʻlishingiz mumkin.

– Inshollo, yakshanbagacha hali yana uch kun bor…

 

HUMOYUN suhbatlashdi

 

uzas.uz

https://saviya.uz/hayot/suhbat/yakshanbagacha-uch-kun-bor/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x