“Xotiramda aylanadi ming xayol”

 * * *

 

Yoʻl izladim oʻz baxtimni topmoq uchun,

Yoʻl koʻp ekan, adashtirdi yoʻllar meni.

Toʻgʻri yoʻlni topolmasdan nochor bugun,

Parvardigor, tagʻin esga oldim seni.

 

Nahot, odam toʻgʻri yoʻlni topolmasdan

Umr boʻyi soʻqmoqlarda sarson yursa?

Chopay desa, manzil sari chopolmasdan,

Yoʻlda gʻurbat toshlariga boshin ursa.

 

Kunduz kuni soyasini nishon bilib,

Kechalari yulduzlardan izlasa yoʻl.

Manziliga yetolmasdan armon qilib,

Tokay olam kezib oʻtsa sargardon ul?

 

Yoʻl topmoqlik, nahot, shuncha ogʻir ishdir,

Nahot, shuncha mushkul ishdir baxtli boʻlmoq?

Kimga doim bahor nahot, kimga qishdir,

Kimga yigʻlash munosibdir, kimga kulmoq?

 

Sarson boʻlib yoʻl topolmay oʻtganim yoʻq,

Yoʻl topdimu men izlagan yoʻl emas ul.

Shundan dilda armon boʻlib qoldi bir choʻgʻ,

Hamon shu choʻgʻ lovillaydi, zorillar dil.

 

* * *

 

Taʼna, malomatga tobing yoʻq sira,

Taʼnali joylardan qochasan nari.

Gʻiybat ham qiladi taʼbingni xira,

Undan ham qochasan yaxshi gap sari.

 

Sen qochib yurasan qaygʻu, kulfatdan,

Xayolda beozor qitʼalar ochib.

Shuningdek, qochasan ogʻir mehnatdan,

Qayga borar eding mehnatdan qochib?

 

Mehnatsiz mustaqil yashamoq mushkul,

Mehnatsiz roʻzgʻor ham boʻlmaydi obod.

Yalqov bora-bora boʻlar mute – qul,

Ishchanlarni mehnat qiladi ozod.

 

Koʻzingni ochadi zahmat sabogʻi,

Oʻylaysan, kim uchun toʻkkaningni ter.

Dilingni yoritar uning chirogʻi,

Shunda ravshan boʻlar oddiygina sir.

 

Baxt vaʼda qiladi mehnat azaldan,

Ammo baxt keltirmas har qanday mehnat.

Mehnat dori emas, hatto asal ham,

U – sen bilan birga tugʻilgan qismat.

 

* * *

 

Sen osmon singari uzoq emassan,

Yaqin ham emassan dasturxon kabi.

Shu notinch dunyoda bormi demassan,

Qachondir men turgan xonadon kabi.

 

Baxtiyor qilasan baʼzan tushimda,

Sirli yuragingni bir menga ochib.

Goh madad berasan ogʻir ishimda,

Qoʻl yetmas joyga soʻng ketasan qochib.

 

* * *

 

Qor kechib dalada borasan oʻychan,

Atrofga qarashga majoling yoʻqday.

Nedir xayolingni oʻgʻirlab qoʻygan,

Nedir kuydiradi ichingni choʻgʻday.

 

Iztirob oʻtini bosay deb harchand,

Ayoz hamla qilar sovuq nur sochib.

Sen parvo qilmaysan kelganday baland,

Ohista borasan, qorda yoʻl ochib.

 

* * *

 

Derazamning ortida tun

Qora sochin yozganda,

Tinch xonada hayot bilan

Qolganimda bir oʻzim,

Har bir soʻzni

Qalam chertib

Muhr qilib bosganda,

Eng avvalo oʻz oldimda,

Yorugʻ boʻlar deb yuzim.

Qogʻoz uzra asta-asta

Qanotimni kergayman.

Burgut kabi yuksaklarga

Hayotimni bergayman.

 

* * *

 

Xat yubordim sizga. Yetib bordimi,

Soʻzladimi aytolmagan dardini?

Men bu yerda asrab sabr gardini,

Javobiga intizorman, intizor!

 

Xotiramda aylanadi ming xayol,

Boshginamni qotiradi ming savol,

Siz uchun bu arzimasdir, ehtimol,

Koshki boʻlsam, bir javobga sazovor.

 

Kunlar oʻtar, sizdan hamon javob yoʻq,

Xavotir bor, gunohlar bor, savob yoʻq,

Ziyoratga istak boru tavob yoʻq,

Kutish buncha dilozordir, dilozor.

 

Ahvolingiz bilolmasdan dogʻdaman,

Sizni oʻylab, mehnat qilib bogʻda man,

Diydoringiz koʻrgim kelar chogʻda man,

Qush boʻlmoqni qiladurman ixtiyor.

 

Qoʻlingizda boʻlsa edi erk agar,

Holimizdan boʻlmasdingiz bexabar.

Men bu yerda oh urmasdim, siz unda,

Birga davron surar edik baxtiyor.

 

Mayli, deyman, doim shunday qolmas-ku,

Odam hijron va sogʻinchdan tolmas-ku.

Sabr qilsam bu kunlar ham oʻtadi,

Yurakkinam oʻrtansa ham zoru zor.

 

* * *

 

Aylanolmay nimadir soʻzga,

Eshitilar mazmundor sasi.

Dalalardan ufurar yuzga

Issiq-issiq sogʻinch nafasi.

 

Tomogʻimga tiqilar nedir,

Koʻzlarimda aylanadi yosh.

Shoxi bilan ohista yelpir

Koʻchalarda tollar egib bosh.

 

Xiyobonlar sogʻinch ufurar,

Ariqlarda jildirar sogʻinch.

Yuragimda sogʻinch oʻkirar,

Mezon boʻlib hilpirar sogʻinch.

 

Bir payt orzu ortidan quvib,

Ketgan edim bu yerdan olis.

Endi ushbu dalalarda men

Sogʻinchimni koʻraman yolgʻiz.

 

* * *

 

Netay, sen el aro afsona boʻlsang,

Menam yolgʻiz, senam bir dona boʻlsang.

 

Meni sogʻ deb ichingda chekma ozor,

Menam devonaman devona boʻlsang.

 

Olib Zuhra kabi oshkor qilurman,

Odamlar ichra sen pinhona boʻlsang.

 

Hamon soʻzim yetib bormas dilingga,

Nahotki, shunchalar begona boʻlsang?

 

Maʼruf JALIL

 

“Sharq yulduzi” jurnali, 2016–11

https://saviya.uz/ijod/nazm/xotiramda-aylanadi-ming-xayol/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x