“Qisas ur-Rabgʻuziy”dagi sheʼrlar

Nosiriddin Rabgʻuziyning “Qisas ur-Rabgʻuziy” asari XIII-XIV asr va undan keyingi davrlarda kitobxonlarning sevimli asarlari qatoridan oʻrin olgan nodir yodgorliklardan biridir. Bunga sabab qissalarda tasvirlangan paygʻambarlar va avliyolar haqidagi qiziqarli voqea va hodisalar desak, asar haqida bir tomonlama va tor doirada xulosa chiqargan boʻlamiz. Zeroki, “Qisas ur-Rabgʻuziy”ni shu kungacha mashhur qilgan boshqa bir jihati ham borki, usiz Rabgʻuziy shaxsi va uning badiiy yaratmasiga yetarlicha va toʻliq baho berib boʻlmaydi. Yaʼni, ijodkor qissalarida goʻzal libos vazifasini oʻtagan lirik sheʼrlarni oʻrganib, tahlil qilmasdan yozuvchi ijodi, uning poetik mahorati, tasavvur dunyosi, isteʼdodini anglash mushkuldir. Shuning uchun biz quyida qissalar tarkibiga singdirilgan lirik sheʼrlarning har birini alohida turkumlarga boʻlib tahlil qilishga intildik:

  1. Madh gʻazallar;
  2. Ishq mavzusidagi gʻazallar;
  3. Ijtimoiy-falsafiy, pand-nasihat ruhdagi sheʼrlar;
  4. Sayyora va burjlar haqidagi gʻazallar;
  5. Tabiat tasviriga bagʻishlangan gʻazallar;
  6. Xotimat ul-kitob.
  7. Madh gʻazallar.

Muhammad (s. a. v) sifatiga bagʻishlangan sheʼrlar. Maʼlumki, oʻzbek mumtoz adabiyotida deyarli barcha asarlar hamd va naʼt bilan boshlanadi. Rabgʻuziy ham shu uslubning davomchisi sifatida Paygʻambarimiz (s. a. v) taʼrifiga bagʻishlab bir nechta gʻazallar keltiradi.

 

Dinu shariat roʻyatin oliy qilgʻan Mustafo,

Kufru zulmat tugʻlarin yerga cholgʻan Mustafo[1].

 

Paygʻambarimiz Muhammad (s. a. v)ning ezgu amallarini vasf etuvchi ushbu “Mustafo” radifli naʼt gʻazal a-a, b-a, v-a tarzda qofiyalangan. Nuktadon shoir mazkur gʻazalni aruz vaznining ramali musammani mahzuf vaznida bitgan.

Naʼt gʻazal XIV asrda yozilgan. Nosiriddin Rabgʻuziy turkiy adabiyotda aruz vaznida qalam tebratgan ilk ijodkorlardan biri boʻlsa-da, uning gʻazallari aruz vaznining barcha talablariga javob beradi. Biroq mazkur gʻazalni koʻzdan kechirar ekanmiz, unda baʼzi kamchiliklar borligini payqadik. Buni quyidagilar orqali koʻrsatmoqchimiz:

Aruz vaznining bosh talablaridan biri misralarda hijolar miqdorining teng boʻlishidir. “Mustafo” radifli gʻazalda bu holat kuzatilmaydi. Yaʼni, 2-, 8–misralarda hijolar soni 14 ta; 1-, 3-, 4-, 5-, 9-, 10-, 12–misralarda hijolar soni 15 ta; 6-, 7-, 11–misralarda hijolar soni 16 tani tashkil qiladi. Biz XV asrda koʻchirilgan qadimiy nusxasiga tayansak-da, asar bizgacha yetib kelishida bir necha xattotlar qoʻlidan oʻtgan. Har bir xattot matnni koʻchirish jarayonida uni aynan koʻchirmagan. Yaʼni, qissadagi baʼzi lavhalarga, sheʼrlarga qoʻshimchalar kiritgan yoki tushirib qoldirgan. Shuningdek, shoir yashagan davr va undan keyingi zamonlarda asarga boʻlgan munosabat tufayli lirik sheʼrlarning shakl va mazmuni ham oʻzgargan boʻlishi mumkin.

Rabgʻuziy paygʻambarlar taʼrifini keltirar ekan, ularning sifati, faoliyati, oʻziga xos yoʻli haqida dastlab sheʼriy tarzda qisqacha izoh beradi:

 

Haq yaratdi tangsuq Odamni tafiz yer koʻrkidin,

Oʻzga surat tuzdi andogʻ ajun ichra ilkidin[2].

 

Odam (a. s) sifati tasvirlangan 7 baytdan iborat sheʼr a-a, b-a, v-a, g-a tarzda qofiyalangan. Aruz vaznining ramali musammani mahzuf vaznida yozilgan. Mazkur gʻazalda ham yuqorida taʼkidlangan kamchiliklar koʻzga tashlanadi. Yaʼni gʻazalning har bir misrasi 15 hijodan iborat boʻlishi kerak. Biroq 3-misradagi hijolar soni 16tani tashkil qiladi. Misralardagi bunday nomutanosiblikni quyidagicha izohlash mumkin:

a) Sheʼr hozirgi oʻzbek adabiy tiliga tabdil qilinayotganda misralardagi hijolar soniga eʼtibor qilinmagan yoki notoʻgʻri oʻqilgan. Chunki arab yozuvi qoidalariga koʻra qisqa unli harf yozuvda aks etmaydi. Uni oʻqish jarayonida har bir kitobxon soʻzning mazmuni (baʼzan gap mazmuni)ga koʻra unli harflarni qoʻyib oʻqishi kerak. Arab yozuviga koʻra taxtini soʻzi ﻯﻨﺗﺨﺘ tarzda yoziladi. Buni kitobxon taxtini deb ham, taxtni deb ham oʻqishi mumkin. Shu sababli bitta unli tovush orttirilgan.

a) Asarni nashr qilish jarayonida xatolik ketgan boʻlishi mumkin. Buning natijasida hijolar sonida chalkashlik yuzaga kelib, sheʼr vaznini aniqlashda ham qiyinchilik tugʻdiradi. Nazarimizda, mazkur gʻazalning 3-misrasi “Taxtini koʻturub farishta ujmoh ichra kivurub” emas, balki “Taxtni koʻturub farishta ujmoh ichra kivurub” tarzda yozilsa mantiqan toʻgʻri boʻlardi.

Yozuvchi olimlar haqida faqat bir oʻrinda, Ibrohim (a. s) haqidagi qissada toʻxtalgan. Unda shoir donishmand va olimlarning boshqa insonlardan farqini ramziy timsollar vositasida tasvirlaydi.

 

Qamugʻ yignalar toʻn tikar kizdirur,

Yana oʻzi koʻrsang yalangʻoch qolur.

Chirogʻma ulashoʻ kuyar oʻrtanur,

Azinlarga kursang yoruqluq berur[3].

 

Bayt deb nomlangan 4 misradan iborat lirik sheʼrda ignaning bosh maqsadi kiyim tikib, insonlarni issiq va sovuqdan asrash boʻlsa-da, oʻzining doim yalangʻoch yurishini hamda chiroq yonib oʻzini oʻzi adoyi tamom qilsa-da, boshqalarga yorugʻlik berish hayotining mazmuni ekani sheʼrda tamsil sanʼati misolida koʻrsatilgan. Favqulotda jonkuyar, avliyo insonlarga nisbatan qoʻllangan ushbu goʻzal oʻxshatish vositasida husni taʼlil sanʼatiga, shuningdek, ignaning boshqalarga kiyim tikib, oʻzining yalangʻoch qolishi tazod sanʼatiga ham murojaat qilingan.

Asarda Nosiriddin Toʻqbugʻa madhi qissaning kirish qismida berilgan boʻlib, unda shoir hukumdorni har jihatdan mukammal, ilmparvar, adolatpesha, xalqqa gʻamxoʻr ideal shoh sifatida tasvirlaydi.

 

Ilhoq umul tuzun qiliq

Bilig arigʻ haddin chiqa

Koʻkdin adizrak himmati.

 

Sheʼr Nosiriddin Toʻqbugʻaga bagʻishlangan, 33 misradan iborat madhiya. Uning har bir bayti a-b-v, g-d-v, ye-d-v, j-d-v tarzda qofiyalangan. U aruz vaznining rajazi murabbaʼi solim vaznida yaratilgan. Bundan koʻrinib turibdiki, mazkur lirik sheʼr musallas shaklida bitilgan. Shuni aytish kerakki, Rabgʻuziyga qadar yashagan hech bir shoir ijodida musallas janri uchramaydi. Shu jihatdan turkiy adabiyotda birinchilardan boʻlib musallas shaklida goʻzal badiiy asar yaratgan shoir Rabgʻuziydir.

Maʼlumki, mumtoz adabiyotda ishq mavzusiga shoirlar keng doirada murojaat qilishadi. Rabgʻuziy ham shu anʼanaga muvofiq qissada bunday sheʼrlarga bir necha oʻrinda qoʻl urgan.

 

Tengrimu boʻlur boshingʻa tilku siysa bir sogʻin,

Koʻzlari koʻrmas qorongʻu ham tili aning ogʻin[4].

 

Toʻrtlik sodda tilda, ramziy timsollarsiz gʻazal janri talablari asosida yozilgan. Ramal bahrida yozilgani sabab uni ruboiy janriga qoʻsha olmaymiz. Toʻrtlikda tanosub (Tengri, Mavlo, Alloh, qulluq, yorliq), shiru shakar (Qurshanib qulluq qurini…) sanʼatlarini uchratish mumkin.

Insonning insonga boʻlgan sevgisi tarannum etilgan sheʼrlar ham qissada talaygina. Dunyoviy sevgini tarannum etuvchi mazkur turkum sheʼrlar Rabgʻuziy ijodining salmoqli oʻrnini egallaydi. Bu borada Yusuf (a. s) haqidagi qissa diqqatga molikdir.

 

Bu koʻnglum murodgʻa tekinmak tilar,

Telim xalqlar aro oʻkunmak tilar.

Kun, oy sajda qilgʻay arigʻ yuzga man,

Bu kun otdin inib yukunmak tilar[5].

 

Tilar radifli mazkur toʻrtlikda Yusuf (a. s)ning tengsiz goʻzalligi tasvirlangan. Unda istiora (ariq yuz), tashxis (koʻngilga insonning hislari singdirilgan) sanʼatlari ishlatilgan. Bayt hazaji musaddasi ashtar vaznida yozilgan.

Shu oʻrinda aytish joizki, sheʼr lirik qahramon Rayyon malik tilidan keltirilgan. Unda Rayyon malikning Yusufni ilk marotaba koʻrganda koʻnglida kechgan oʻy-fikr aks ettirilgan. Biroq sheʼrning 3-misrasidagi juzʼiy xatolik: birgina qilgʻay soʻzidagi undoshining orttirilishi tufayli sheʼr maʼnosida qoʻpol oʻzgarish yuz bergan. Kun, oy sajda qilgʻay arigʻ yuzga man misrasi koʻzdan kechirilsa, unda mazmunan gʻalizlik bor. Unga koʻra Rayyon Malik oʻzini chiroyda tengsiz hisoblab, oy va quyoshning sajda qilishini oʻz tilidan keltirgan. Vaholanki, toʻrtlik Rayon Malik haqida emas, aksincha Yusuf (a. s) toʻgʻrisidadir. Buni toʻrtlikdagi boshqa misralarning mazmunidan ham koʻrish mumkin.

Rabgʻuziyning “Qisas ur-Rabgʻuziy” asari, avvalo, paygʻambarlar haqidagi asar boʻlganligi sababli unda bosh gʻoya sifatida insonni maʼnaviy barkamollikka, yetuklikka undovchi hikoyat va sheʼrlar tashkil qiladi. Shu jumladan, qissada ota-ona va farzand munosabati ham taʼriflanib, unda shoir qahramonlarning taqdiri misolida pand-nasihat berishni maqsad qiladi.

 

Ey koʻnglum ovunchasi oʻgʻrab yiroqgʻa bormagʻil,

Yarliqqa yolgʻuz onangni bagʻrini oʻrtamagʻil[6].

 

Toʻrt misrali ushbu lirik yaratma a-a-b-a tarzida qofiyalangan boʻlib, ramali musammani mahzuf vaznida yozilgan. Ushbu toʻrtlikda istioradan (koʻnglum ovunchasi) foydalanilib, onaning koʻz qarosi boʻlmish farzandiga nisbatan murojaati sifatida ishlatiladi.

Ijodkorning bu asari, eng avvalo, diniy asar boʻlganligi uchun qissaning har bir lavhasida pand-nasihat mazmuni ufurib turadi. Bu turkumga kiruvchi gʻazallarda shoir turli mavzularni qalamga olib, nafsning insonga azaliy dushmanligi, umrning oʻtkinchiligi va bevafoligi haqidagi falsafiy qarashlarini sheʼrlari mazmuniga singdiradi.

 

Erning balosi iki olam balosi qurtqa,

Qurtqa qarib oʻlursa solgʻil etini qurtqa.

Yot qurtqani evingda koʻrsang boshini kesgil,

Kuydur boshini oʻtqa, sovur kulini qortqa[7].

 

Toʻrt baytdan iborat mazkur sheʼr barmoq vaznida yozilgan, 7+7 shaklida turoqlangan. Misralardagi qurtqa soʻzi turli maʼno ifodalab, birinchi misrada qari kampir maʼnosida, ikkinchi misrada boʻri maʼnosida, toʻrtinchi misrada koʻk (osmon) maʼnosida ishlatilgan. Tajnis soʻzlarning ishlatilishi sheʼrning badiiyligini kuchaytirib, salbiy obrazning nopok ishlarini boʻrttirib, yorqin tasvirlarda aks ettirgan. Shuningdek, sheʼrda takrir, alletiratsiya, tanosub (mugʻul, sortgʻa), ishtiqoq (qurtqa, qarisun) kabi badiiy sanʼatlar uchraydi.

Sayyora va burjlar haqida shoirning qalam tebratishi uning nujum ilmidan ham boxabar olim ekanligini koʻrsatadi. Mazkur turkumga kiruvchi sheʼr faqat bitta boʻlib, u Yusuf (a. s.) qissasi tarkibidan oʻrin olgan

 

Oʻn ikki ukak yetti aqron qisliq,

Eng ilki qoʻzi, uy, arandad, quchiq[8].

 

8 misradan iborat mazkur sheʼrda ustalik bilan tashbeh va istioradan foydalanilgan. Sheʼrda Yaʼqub (a. s)ning 12 farzandi 12 burj (qoʻzi, uy, arandad, quchiq, kurarslon, bugʻdoy bosh, ulkar, chayon, yoy, oʻgʻloq, koʻnak, baliq)ga, Yaqub (a. s) va uning 6 xotini 7 sayyora (sakandir, oʻngay, kurud, yashiq, saqit, orzu, yalchiq)ga oʻxshatilgan.

Rabgʻuziy sheʼriyati orasida shunday lirik yaratmalar borki, u ijodkor asarining shoh baytlaridir. Unda shoir tasvir yaratishda dunyoga shoirona nigoh bilan boqib, inson koʻngliga bevosita taʼsir qilib, bir zum boʻlsa-da, unga bahoriy kayfiyat, yoshlik ayyomini baxsh etadi. Buni birgina qissadagi bahoriyot misolida koʻrish mumkin.

 

Kun hamalgʻa kirdi ersa keldi olam navroʻzi,

Kechdi bahman zamharir qish qolmadi qori boʻzi.

Kun kelu ming koʻrki ortib tirilur oʻlmish jahon,

Tong badizlab naqshi birla bezanur bu yer yuzi.[9].

 

Gʻazal fasllar kelinchagi goʻzal bahor vasfiga bagʻishlangan. Haqiqatda ham, bahor nafaqat borliq-tabiatga, balki insonlarga ham oʻzining begʻubor hislarini ulashadi. Bahorda qimirlagan jonzot borki, yashashga, yasharishga oshiqadi. Bahor fasli insonlarning ham tashqi qiyofasi, ham ichki ruhiyasiga ijobiy taʼsir koʻrsatib, insonlarning bir-birini sevishga, sevilishiga, yoshlik ayyomini gʻanimat bilib, qadriga yetishiga undaydi. Bu faslda qish boʻyi osudalik va sukunatga choʻkkan tabiat ham, zimiston kunlarda uyda diqqinafas boʻlgan yosh-qarilar ham tetiklashib, yosharishga tomon oshiqadi. Hattoki, qurib qolgan yogʻoch-butoq ham bu faslda chiroy ochib gullashga, hammani oʻziga qaratishga harakat qiladi. Koʻpchilik shoir va yozuvchilar aynan shu fasldan ilhomlanib, bir-biridan goʻzal asarlar yaratishadi. Rabgʻuziy ham ana shunday bahor faslidan ilhomlanib, oʻzining ichki bahoriy hislarini zullisonaynlik anʼanasiga koʻra yozilgan oʻn uch baytli gʻazal misolida aks ettirgan. Shoirning tasvirlashicha, hamal (mart oyi) kirishi bilan bahman (21yanv – 21 fev) ortga chekinadi va shundan boshlab yangi kun boshlanadi. Bahor kelishini barcha mavjudot intizorlik bilan kutgani kabi unga atab qushlar tinmay qasidalar bitishadi, qoʻy-qoʻzilar shodon sakraydi. Shoir tabiatning eng goʻzal lavhalarini ilgʻay olgani bois ularni hayotiy goʻzal tasvirlar orqali sodda va xalqchil ruhda koʻz oʻngimizda gavdalantiradi. Shu bois, gʻazal tarkibida badiiy tasviriy vositalar talaygina. Jumladan, husni taʼlil, tashxis, tashbeh, tazod, talmiʼ kabi badiiy sanʼatlar uchraydi. Mazkur lirik asar a-a, b-a, v-a, g-a… tarzda qofiyalangan. Misralarda navroʻzi, boʻzi, yuzi, yozi, tuzi, qoʻzi, choʻzi, qunduzi, kunduzi, yulduzi, Rabgʻuziy kabi soʻzlar qofiyadosh soʻz vazifasini bajargan.

Qissa xotimasida berilgan oxirgi sheʼrda asar yozilishi tarixi va unda ijodkor boshidan kechirgan mashaqqatlar haqida qisqacha soʻz boradi.

 

Oʻsh bitidim bu kitobni, ey eranlar er boʻzi,

Bir yil ichra kechti aning yoyi qish yozu kuzi[10].

 

Qissa soʻngida “Xotimatu qisasir-Rabgʻuziy” deb nomlangan sheʼr berilgan. Gʻazal jami 15 bayt 30 misradan iborat boʻlib, ramali musammani mahzuf vaznida yozilgan. Sheʼrda shoirning asarni bir yilda yozib tugatganligi va uni chiroyli soʻzlar “Rum, Xitoy, atlas, choʻzi” bilan bezaganini, asarni “Mohir eran” Nosiriddin Toʻqbugʻaga bagʻishlaganini aytadi. Shuningdek, gʻazalda qissa boshdan oyoq paygʻambarlar taʼrifiga bagʻishlanganligi, unda birinchi Paygʻambar Odam Atodan soʻngi Paygʻambar Muhammad (s. a. v)gacha boʻlgan davr yoritilganligi qayd qilingan. Sheʼrda keltirilishicha, qissa 710 yil hut oyida tugatilgan.

Xulosa qilib aytganda, Nosiriddin Rabgʻuziyning “Qisas ur-Rabgʻuziy” asari paygʻambarlar hayoti va faoliyati bilan bogʻliq hikoyat va rivoyatlardan tashkil topgan asar boʻlish bilan birga turli lirik sheʼrlarni oʻz ichiga qamrab olgan nodir manbaa hamdir. Qissadagi lirik sheʼrlarni kuzatar ekanmiz, unda Rabgʻuziyning hayotda sodir boʻluvchi turli hodisotlarni shoirlik nigohi ila payqay olishini koʻrib ijodkor shaxsiga, mahoratiga, saviyasi, dunyoqarashi, estetik didining qay darajada nozikligiga yana bir karra tan beramiz. Ayniqsa, u turkiy adabiyotda musallas va gʻazal janrining ilk namunalarini yaratgan shoir sifatida qadrlidir.

 

Rezyume

 

Maqolada “Qisas ur-Rabgʻuziy” asarida uchraydigan lirik sheʼrlar janri va tematikasiga koʻra tasniflangan. Shuningdek, sheʼrlarda ishlatilgan badiiy sanʼatlar tahlil etilgan.

 

V statye rassmotreniʼ xudojestvenniʼe priyemiʼ, primenenniʼe v liricheskix stixax, vklyuchenniʼx v “Kisas ur-Rabguziy”, v protsesse analiza kotoriʼx avtor klassifitsiroval ix po janram i tematike.

 

The article deals with artistic techniques applied in the lyrical poems included in “Qisas ur Rabguzi” in the analysis which the author classified them by genre and theme.

 

Zilola ShUKUROVA

 

“Sharq yulduzi” jurnali, 2016–11

 


[1] Rabgʻuziy. N. Qisasi Rabgʻuziy. Toshkent. Yozuvchi, 1-k 1990. 10-b Bundan keyingi asardan olingan parchalarning faqat sahifasi koʻrsatiladi.

[2] Oʻsha asar1-k. 15-bet.

[3] Oʻsha asar 1-k. 118-bet.

[4] Oʻsha asar1-k.  60-bet.

[5] Oʻsha asar 1-k. 114-bet.

[6] Oʻsha asar 1-k. 78-bet.

[7] Oʻsha asar. 1-k. 122-bet.

[8] Oʻsha asar 1-k. 101-bet.

[9] Oʻsha asar 1-k, 103 bet.

[10] Oʻsha asar 2-k. 216-bet.

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/qisas-ur-rabguziy-dagi-sherlar/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x