Xayrlashgan men bilan dashtlar

SOGʻINCH

(Turkum)

Yurak titrab turar yoʻlga shaylanib,

Manziliga yetmay horigan sayyoh…

Nahotki shuncha yil oʻtdim aldanib,

Sodir etganlarim barchasi gunoh?..

 

Quyosh ham yonboshlab borar ufqqa,

Alvon sochlarini yoygan daraxtlar.

Aytgin, yetadimi maʼnan huquqqa,

Kechib, avf boʻlmoqqa gumroh, badbaxtlar.

 

Yana tashlab keldim gulday yurtimni,

Kutadi intizor necha sof koʻngil…

Rabbim, muyassar et, oʻtay burchimni!

Diyoridan ayro men ham bir bulbul!..

 

* * *

Kitoblarim qoʻlma-qoʻl boʻldi,

Maskov mirshablari oʻqir sheʼrimni…

Menga omad har kuni kuldi,

Bani bashar bilgan sirimni…

 

Oq xonimlar uchun darvishman,

Osiyoday joʻmard, toʻpori.

Maskovni qadamlab kezmishman,

Koʻnglimda Buxoro bahori.

 

Nima boʻlsa mendan kutishar…

Eslarida Temur, Chingizxon.

Gunohimdan goʻyo oʻtishgan,

Meni esa yigʻlatar armon.

Yeseninni koʻrgan qargʻalar

Tverskoyda tegramni oldi,

Bu qandayin makon, joʻralar,

Qalbimdagi qalbimda qoldi…

 

Gʻarib kulbam nazm poytaxti,

Ovroʻpaga tekin mayxona.

Koʻkardimi Hofiz daraxti,

Tirildimi Hayyom mastona?!

 

Kitoblarim qoʻlma-qoʻl boʻldi,

Maskov mirshablari oʻqir sheʼrimni…

Kundan-kunga qaygʻum moʻl boʻldi,

Sogʻingandan tuqqan yerimni.

 

* * *

Yeseninni uygʻotgan diyor,

Sergey, bir vaqt koʻz ochgan dala.

Sayxonlikdan boshlangan bahor,

Tegirmonlar yayragan jala.

Hamon mushtoq, hamon kimga zor,

Kunduzlarin koʻngli begʻubor.

 

Dasht, soʻqmoqcha, oy aravada,

Yulduzlarning shuʼlasi iliq.

Yavshanlari mudragan palla,

Pichanlar yetilar boʻliq,

Goʻzal uxlar tunlar Ryazan,

Tushlarida juvonmang farzand.

 

Bu qishloqcha chetidagi bogʻ,

Bu adirning nigohi kulba.

Yuragida uning qancha dogʻ,

Onaizor tikilgan yoʻlda

Hamon sirli poda izi bor,

Govmishlardan olgan soʻzi bor…

 

Raqs tushadi alvon yaproqlar,

Oq qayinlar necha oshigʻi.

Oʻtkinchidir soʻngsiz firoqlar

Jaranglasa moviy qoʻshigʻi.

Hur epkinday goh-goh esadi,

Farishtalar bunda kezadi…

 

Yeseninni toʻydirgan dunyo,

Arqon tutgan oʻttizga yetmay.

Bevafomas bevafo zebo,

Kutgay kelib, atirgul tutgay…

Sado berar dilrabo chiroy,

Jahannamdan chiqib kelar Oy…

 

TERAKCHAM

Terakcham, tilla soch terakcham,

Bor-yoʻgʻi bir kuzak men mehmon.

Oynamga boqasan uygʻonsam,

Singlimday jonsarak, mehribon.

 

Bir umr shundasan egachim,

Bir umr men esa chopaman.

Balki sen sadoqat bekachim,

Holingdan hikmatlar topaman.

 

Sen qismat qoʻlida zanjirband,

Men taqdir shahrida nigoron.

Sen samon yoʻlida bir bekat,

Men armon yurtidan bir karvon.

 

Topmadim nimani sogʻinsam,

Bilaman, bu kunlar hech qaytmas.

Terakcham, tilla soch terakcham,

Maʼsuma, dard tinglab, sir aytmas…

 

LOʻLI

(Roma xalq termasidan taʼsirlanib)

“Kezdim, kezdim olis yoʻllarni”,

Shamolday shaffof tiynatim.

Savaladi sahro doʻllari,

Ayiqlarga ilon oʻynatdim.

Sevdim, sevdim qancha dillarni.

 

Anqovlarga hunar oʻrgatdim,

Birodarim bedovlar boʻldi.

Yaylovlardan oʻtdi sanʼatim,

Hilpirashib yalovlar kuldi –

“Baxtli loʻlilarni uchratdim”.

 

Men ham bir sargashta loʻliman,

Qalbimga boqsangiz bilursiz!

Hur, dilbar xayolning quliman,

“Loʻlilar siz qaydan kelursiz,

Baxtli yoʻldan chodirlar bilan”.

 

Diyorimdan oʻtdingizmi siz?

Peshvoz chiqqan anvoyi gullar.

Yoʻl koʻrsatgan Choʻlpon yulduzi,

Yigʻlatgandir balki bulbullar…

Diyorimdan oʻtdingizmi siz?

 

Chashmalardan qonib ichgansiz,

Aravangiz taqqan chechaklar.

Lolali bahorni quchgansiz,

Oʻlandan uygʻonib yuraklar,

Aravangiz taqqan chechaklar…

 

Xiyonat bilmagan dillari,

Hijronni bilmaydi bekangiz,

Tanobin tortgancha yillarni

Dunyodan firdavsga koʻchgaysiz,

Kezib, kezib olis yoʻllarni…

 

* * *

Xotiramda bir umr yashar

Zotlar nomin eslolmay qoldim,

Xayrlashgan men bilan dashtlar,

Qaydan bilsin togʻlar ahvolim…

Ergashadi itlar izimdan,

Xafa boʻlmay qoʻydim oʻzimdan…

 

Har bir nuqta aniqlar garchi,

Tebranadi nimaga nishon?

Koʻtargancha ulugʻ bir dardni,

Izhoriga tilsizman hamon.

Adashaman bilgan soʻzimdan,

Xafa boʻlmay qoʻydim oʻzimdan.

 

Boʻysunmoqqa aslo yoʻq royim,

Qurshasada tegram iblislar.

Yaqin boʻlay Senga, Xudoyim,

Izlagani sari olislar…

Oʻrgilaman achchiq boʻzimdan,

Xafa boʻlmay qoʻydim oʻzimdan…

 

 

Vafo FAYZULLOH

 

“Yoshlik”, 2011 yil, 5-son

https://saviya.uz/ijod/nazm/xayrlashgan-men-bilan-dashtlar/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x