Xalqning kitobxonlik darajasini qanday aniqlash mumkin?

Boshlangʻich sinfda oʻqib yurgan paytlarimda rahmatli Tolib Yoʻldosh bilan boʻlgan adabiy uchrashuvdan qattiq taʼsirlanib yurganimni eslayman. Maktabimizda Soliha opa ismli kutubxonachi boʻlardi.

Kitoblarni qaytib berayotganimizda, mutolaa taassurotlarini bilish uchun ozorsiz bir imtihon oʻtkazardi. Shuning uchun kutubxonaga yoʻl olayotib, Solihajon opaning oldilarida mulzam boʻlib qolmaslik uchun oʻqigan kitoblarimizni qaytadan bir koʻzdan kechirib olardik. Bu esa kitobxon sifatida shakllanishimga barakali taʼsir koʻrsatgan. Qolaversa, otamning hamsaboq doʻsti – Xorazm adabiy muhitida sezilarli ovozga ega boʻlgan aruzchi shoirlardan Orzu domla, Mahbubiy domlaning muntazam tashriflari, otam mulla Abdulhakimdan olgan saboqlarim ham betaʼsir oʻtmagan. Otam arab, fors tilidagi diniy kitoblarni mutolaa qilishdan tashqari, sheʼriyatning ulkan muxlisi, Navoiyfahm inson edilar. Men adabiyotimizning mumtoz namoyandalari asarlari mutolaasini otam yordamida juda barvaqt boshlaganman. Dastlabki sheʼriy mashqlarimni fizika fani oʻqituvchimiz Nazira opa Yusupova daʼvati bilan boshlaganim esimda. Jumladan, qishlogʻimizdan oqib oʻtadigan kanalga bagʻishlangan “Shovot” sarlavhali sheʼrim esimda:

Serjilva, sevgilim sochiga oʻxshash,

Jajji daryocham oʻtar elimdan.

Shu kanal orqali turkman eliga,

Doʻstlik salomi oqar dilimdan…

Jayxun haybatidan havolanib oʻsgan oʻquvchi-shoirga eni salkam yuz metrcha keladigan kanal “jajji daryocha” boʻlib tuyulgan shekilli, oʻshanda.

Tasodifiy odamlarga adabiyotda oʻrin topilmaydi. Adabiyot, xususan, badiiy ijod bu – mahkum odamlarning ishi. Adabiyot, badiiy ijod, qoʻshiqda kuylanganidek, “Men ham bilmay kirib qoldim, chiqarga yoʻl topolmayman” qabilidagi yoʻlaklari chuvalashiq bir bogʻ emas.

Bir xalqning ikkinchi xalqdan afzallik darajasi bir xalqdan ikkinchi xalqning kitobxonlik darajasidagi tafovutga toʻgʻri proporsionaldir. Odamlarning yuragida kitobga ixlos uygʻotsangiz, u bir yoʻlini qilib, ikkita tegirmon toshining orasida ham kitob oʻqiydi. Koʻp kitob oʻqiydiganlar hayotning peshqadamlarimi yoki hayotning peshqadamlari koʻp kitob oʻqiydilarmi? Bir qarashda, “tovuq oldin paydo boʻlganmi yoki tuxum?” degan masalaga oʻxshash bu mushkul muammo kitobning foydasiga hal boʻlmagunicha, odamlar orasida kitobxonlik kuchaymaydi. Aholining kitobxon qatlami nokitobxon qatlamidan ham iqtisodiy, ham maʼnaviy jihatdan afzal boʻladigan zamonlarda aholining kitobxonlik darajasi yuksaladi.

Biroq kitobxonlikda ham kitobxonlik bor. Har jihatdan afzal kitoblar bozori chaqqonlashganda biz muddaoga erishamiz. Mening nazarimda, buning uchun birinchi navbatda xvostovchilikka chek qoʻyish kerak. Havaskor matbaachilikning tanobini tortib, professional noshirlikka keng yoʻl ochish zarur. “Xvostovchilik” nima deysizmi? Abdulla Oripovning shunday misralari bor:

…ammo topiladi hali ham, toʻgʻri,

ajdodi Xvostov boʻlgan shoirlar.

Oʻn yettinchi asrda Rusiyada “Xvostov” familiyali nihoyatda badavlat odam boʻlgan. Bu odamning yaxshi bir bosmaxonasi va nihoyatda rasvo sheʼrnavislik qobiliyati, toʻgʻrirogʻi, noqobilligi boʻlgan. Bosmaxona faqatgina oʻz egasining kitoblarini chop qilish bilan shugʻullangan. Oqibatda, poligrafik jihatdan aʼlo, badiiylik nuqtai nazaridan rasvo kitoblar nihoyatda urchib ketganki, shoʻrlik Xvostovning nomi turdosh otga aylangan… Xullas, bu masalada hammamiz uchun muammo yetarli.

Homiylar, deylik, oʻz yaqinlariga, oʻzlariga bagʻishlangan kitobga pul sarf qilmasdan haqiqiy badiiy asarlarning chop etilishiga pul sarf qilsalar, oʻz yaqinlarining ham, oʻzlarining ham tarixda nomlari uzoq saqlanishiga aqllari yetsa, olam guliston…

 

Matnazar ABDULHAKIM

 

“Oila davrasida”dan olindi.

https://saviya.uz/hayot/nigoh/xalqning-kitobxonlik-darajasini-qanday-aniqlash-mumkin/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x