Qalbingni sotma

(Charli Chaplinning qiziga maktubidan)

 

“Qizim, sening ismingdan keyin mening ismim keladi. Bu ism bilan odamlarni qirq yil kuldirdim. Lekin oʻzim odamlarning kulgisidan koʻra koʻproq yigʻladim. Qizginam, sen hayotda faqat sanʼat uchun yashamagin!

Yarim kechasi katta zaldan chiqqaningda, atrofingni qurshab olgan muxlislarni unutishing mumkin, lekin seni uyga olib borib qoʻyadigan haydovchidan uning rafiqasi haqida soʻrashni unutma. Agar ayoli homilador yoki tugʻilajak farzandiga taglik sotib olishga mablagʻi yetarli boʻlmasa, u holda uning choʻntagiga pul solib qoʻy. Goh-gohida shaharni metro, avtobus yoki piyoda sayr qilib tur! Odamlarga qara! Beva-bechoralarga va yetim-yesirlarga nazar sol! Va hech boʻlmaganda oʻzingga kunda bir marta shunday deb eslat: “Men ham shularga oʻxshagan odamman!” Ha! Sen ham oʻshalarning birisan, qizim! Qolaversa, sanʼat insonga qanot berishdan oldin, u ucha olishi uchun odatda, oyoqlarini sindiradi. Agar kun kelib, oʻzingni tomoshabinlardan koʻra kerakliroq his qila boshlasang, shu ondayoq sahnani tark et.

Eng muhimi, shuni unutmaki, Charlining oilasida beadab soʻzlar soʻzlaydigan yoki nochor odamlar ustidan kuladigan qoʻpol odam hech qachon boʻlmaydi…

Men seni hech qachon qashshoqlik nima ekanini bilishingni xohlamayman! Ushbu maktub bilan birga, senga chek daftar yuboryapman, xohlaganingcha sarflayver. Lekin ikki frank sarflaganingda, oʻzingga-oʻzing uchinchisi seniki emasligini eslatib tur. Uni muhtoj boʻlganlarga xarjlashing shart. Sen bunday odamlarni osonlik bilan topasan. Agar muhtojlarni osonlik bilan topmoqchi boʻlsang, ularni hamma joyda uchratishing mumkin. Sen bilan pul haqida gaplashayotganimning sababi, u shunday mahliyo qiluvchi kuchki, osonlik bilan oʻz domiga tortib ketadi.

Bilasanmi, men koʻp vaqtimni sirkda oʻtkazdim, shu fursat mobaynida meni bir tuygʻu sira tark etmadi – dorboz oʻyinidan qoʻrquv. Lekin men senga shuni aytishim zarurki, hayotda dorbozning dordan yiqilishidan koʻra, odamlarning tekis yoʻlda qoqilishi koʻproq uchraydigan hodisadir.

Seni taklif etishgan tantanali kechalarda, ehtimol, olmos uchquni kabi porlarsan. Oʻsha payt sen uchun xavfli dor boʻladi va yiqilishing muqarrar.

Balki kunlarning birida boʻy-basti kelishgan, xushbichim shahzoda seni oʻziga jalb qilar. Oʻsha onlarda sen hali tajribasiz dorboz boʻlasan. Shunday paytda qalbingni duru gavharlar uchun sotma. Vaqti kelganda sen ham sevilasan, seni sevib qolgan insonning muhabbati chin yurakdan boʻladi.

Men onangga bu haqda yozishini aytganman. U muhabbatni mendan koʻra koʻproq tushunadi va yaxshiroq tushuntirib bera oladi…”

 

Ingliz tilidan Munira NORBOYEVA tarjimasi

 

“Oila davrasida”dan olindi.

https://saviya.uz/ijod/nasr/qalbingni-sotma/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x