VILT

VILT (ing. to wilt — soʻlish) , oq palak, soʻlish — takomillashmagan zamburugʻlar qoʻzgʻatadigan oʻsimlik oʻtkazuvchi naylari kasalliklari (traxeomikozlar). Vertitsillyoz Vilt va fuzarioz Vilt turlari bor.

Vertitsillyoz Viltni Verticillium dahliae Klebahn zamburugʻi qoʻzgʻatadi. Ikki pallali oʻsimliklarning qariyb 400 dan ortiq turini zararlaydi. Ayniqsa, Oʻzbekistonda koʻproq gʻoʻza, kamroq kunjut, dagʻal kanop, jut, zigʻir, baqalajon, qalampir, pomidor, kartoshka, noʻxat, qovun, tarvuz, mosh, loviya, yer yongʻoq, kungaboqar; meva daraxtlaridan shaftoli, oʻrik, olma va b. oʻsimliklar kasallanadi. Zamburugʻning rivojlanishi uchun qulay harorat 18—26°, tuproq namligi 60—80%. Zamburugʻ harorat —20» gacha pasayganda ham halok boʻlmaydi. Tuprokda va oʻsimlik qoldigʻida rivojlanayotgan zamburugʻ sogʻlom oʻsimlikka oʻtadi. Vertitsillyoz Viltning asosiy belgilari: oʻsimlik barglari pastdan yuqoriga qarab zararlanadi, ksilema tomir devorlari qorayadi. Keng yaprokush oʻsimliklar (baqalajon, dagʻal kanop, qovun va b.)ning ostki yashil barglarida sariq dogʻlar paydo boʻladi, keyin barg qoʻngʻir tusga kirib quriydi, toʻkilib ketadi. Ensiz yaproqli oʻsimliklar (kanop, kunjut, jut va b.) barglarida esa bilinar-bilinmas sariq dogʻlar paydo boʻlib, barglar soʻliydi, egiladi va toʻkiladi. Mayda bargli oʻsimlik (zigʻir, noʻxat va b.) barglari sargʻayadi, quriydi, keyin toʻkiladi yoki uvalanib ketadi. Vilt bilan kasallangan meva daraxtlarida barglar toʻsatdan soʻlishi yoki asta-sekin qurib toʻkilishi mumkin. Gʻoʻza kuchli zararlanganda deyarli hamma barglari toʻkiladi, koʻsaklari esa muddatidan oldin quriydi va ochilib ketadi, tola sifati keskin pasayadi, chigit moydorligi va unuvchanligi yomonlashadi. Gʻoʻza kuchli zararlanganda hosili 30—35% gacha, koʻsaklar soni esa 14—15% gacha kamayishi mumkin.

Fuzarioz Viltni Fusarium oxysporum f.v. Bilai zamburugʻi qoʻzgʻatadi. Fuzarioz Vilt qoʻzgʻatuvchisining rivojlanishi koʻp jihatdan vertitsillyoz Vilt nikiga oʻxshash. Koʻpchilik madaniy oʻsimliklar: beda, don, sabzavot-poliz ekinlari, gʻoʻza, tut va b. kasallanadi. Hamma iqlim zonalarida tarqalgan. Zamburugʻ tuproqning 0—60 sm qatlamida saprofit holda, oʻsimlikda esa parazit boʻlib yashaydi. Oʻsimlikning kasallanishi va nobud boʻlishi hayotiy faoliyati keskin buzilishidan, tomirlarning zamburugʻ iplari b-n bekilib qolishi va ular ajratadigan zaharli moddalar (fuzariy kislota, likomarazmin va b.) taʼsirida yuz beradi. Fuzarioz Vilt bilan aksariyat ingichka tolali gʻoʻza kasallanadi. Bunda gʻoʻza bargining tomirlari va toʻqimalari sargʻayadi. Toʻrsimon dogʻlar barg yuzasini butunlay qoplaydi va barglar toʻkilib ketadi. Kasallikning oʻsimlik tanasidagi belgisi — poya koʻndalang kesilganda suv oʻtkazuvchi naychalarning qoʻngʻir tusga kirganligidir.

Kurash choralari: almashlab ekish, urugʻlikni ekishdan oddin dorilash, daladan oʻsimlik qoldiqlarini yigʻishtirib olish, oraliq va koʻkat ekinlarni (kuzgi javdar, xantal, raps, kuzgi noʻxat) ekish, asosiy haydashdan oldin chirigan goʻng solish,infeksiyaga chidamli navlarni ekish. Oʻsimlikning kasallikka chidamliligini oshirish uchun gʻoʻzalarga 2—5 chin barg chiqarganda karbamid (mochevina)ning 1,5% li eritmasini purkash (100 l suvda 1,5 kg). Traktor va q. x. mashinalarini gʻoʻzasi kasallangan dalalardan sogʻlom dalalarga oʻtkazishdan oldin ularni kuchli bosimli suv bilan yuvish va formalin bilan dezinfeksiya qilish kerak.

Ld.:Avazxodjayev M. X., Zelser S. Sh ., Fiziologicheskiye faktorы viltoustoychivosti xlopchatnika, T., 1980; Borodin G. I., Runov Vilt, Fiziologo-bioximicheskiye osnovы patogennosti vozbuditelya vertitsilleznogo vilta xlopchatnika, T., 1983.

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x