VIJDON ERKINLIGI

VIJDON ERKINLIGI — ijtimoiy-falsafiy tushuncha; har kimning oʻz eʼtiqodiga koʻra, mazkur jamiyatda mavjud ijtimoiy meʼyorlarni buzmagan holda vijdoni buyurgani boʻyicha yashash, ishlash imkoniyati. Bunda dinga munosabat masalaning bir tomoni hisoblanadi. Siyosiy jihatdan Vijdon erkinligi gademokratiya koʻrinishlaridan biri sifatida qaraladi. Yuridik nuqtayi nazardan Vijdon erkinligi insonning asosiy shaxsiy huquklari sirasiga kiradi va demokratik erkinliklardan biri hisoblanadi. Oʻzbekistonda u OʻzR Konstitutsiyasida, «Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida»gi qonunda (1991-y. 14-iyunda qabul qilingan, 1998-y. 1-mayda yangi tahriri tasdiqlangan) nazarda tutilgan. Konstitutsiyaga koʻra, «hamma uchun vijdon erkinligi kafolatlanadi. Har bir inson xohlagan dinga eʼtiqod qilish yoki hech qaysi dinga eʼtiqod qilmaslik huquqiga ega» (31-modda). Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi boʻyicha, diniy qarashlarni majburan singdirishga yoʻl qoʻyilmaydi. Ayni vaqtda yangi tahrirdagi «Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida»gi qonunga koʻra, dinga munosabatidan qatʼi nazar fuqarolarning tengligi taʼminlanadi (4-modda). Ushbu qonunda taʼkidlanishicha, hech bir dinga yoki diniy eʼtiqodga boshqalariga nisbatan biron-bir imtiyoz yoki cheklashlar belgilanishiga yoʻl qoʻyilmaydi. Qonun muayyan yoshga yetgan fuqarolarning oʻz diniy ehtiyojlarini qondirish uchun diniy tashkilot tuzish, oliy va oʻrta diniy oʻquv yurtlarida taʼlim olish tartib-qoidalarini ham belgilab bergan. Ayni vaqtda dindan davlat va Konstitutsiyaga qarshi targʻibot olib borishda, millatlararo adovat uygʻotishda, vaziyatni beqarorlashtiruvchi uydirmalarni tarqatishda, aholi oʻrtasida vahima chiqarishda hamda davlat, jamiyat va shaxsga qarshi qaratilgan boshqa gʻarazli maqsadlarda foydalanishga yoʻl qoʻyilmaydi (5-modda).

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x