Vaʼdaga vafo qilmaslik munofiqlik belgisidir

yoxud ham aytib, ham qaytadigan yigit-yigitmi?

Muqaddas dinimizda moʻmin-musulmonlar hayotidagi fazilatli va goʻzal hulqlardan biri – vaʼdaga vafo qilishga alohida eʼtibor berilgan. Afsuski, bugungi hayotimizda bunga zid holatlarga ham koʻp duch kelamiz. “Yigit aytadi ham, qaytadi ham” degan naql toʻqib, uni shoirga aylantirib olganlar ham yoʻq emas.

Bu illatning qanchalik yomon ekanligi va dinimizda bu haqda nima deyilganini bilish uchun muborak hadislarga nazar tashlash kifoya. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadiki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Munofiqning belgisi uchtadir: gapirsa, yolgʻon gapiradi, vaʼda bersa, xilof qiladi, (unga) omonat topshirilsa, omonatga xiyonat qiladi”.

Ushbu hadisni sharh qilgan ulamolar aytadiki, kimda ushbu sifatlarning uchovi ham boʻlsa, u haqiqiy munofiqdir. Kimda bu sifatlardan biri boʻlsa, unda munofiqlikning bitta alomati bor. Munofiqlarga beriladigan jazo haqida esa Qurʼoni karimda Alloh taolo shunday marhamat qiladi: “Albatta, munofiqlar doʻzaxning eng ostki qavatidadirlar va hargiz ularga yordamchini topa olmassan” (Niso surasi, 145-oyat).

Axloq kitoblarida vaʼdaga vafo qilmoq mard kishilarning ishi ekani taʼkidlanadi.

Buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy vafo va sadoqatni insoniyat boshidagi jigʻada porlab turgan gavhardir, deb taʼriflagandi. Buyuk shoir yana uqtirib oʻtgan ediki, agar hayot chamanida vafo guli boʻlmasa, u goʻzal va orombaxsh boʻla olmaydi.

Sohibqiron Amir Temur esa shunday deydi: “Qaysi bir sipohiy tuz haqi va vafodorlikni unutib, xizmat vaqtida oʻz sohibidan yuz oʻgirib, mening oldimga kelgan boʻlsa, unday odamni oʻzimga eng yomon dushman deb bildim”.

Endi oʻylab koʻraylik: bir kishining chaqirigʻiga vaʼda qilamizu bormaymiz yoki belgilangan soatda bora olmaymiz. U kishi oʻz ishlarini tashlab, kutib turadi va xavotirlanadi. Biz uning ishdan qolgani va xavotir olganiga eʼtibor qilmaymiz. “Vaʼda – qarz”, vaʼdaga xilof esa munofiqlik ekanini xayolimizga ham keltirmaymiz. Hatto koʻpimiz bajarish niyatida emas, balki shunchaki suhbatdoshning soʻzini qaytarishdan uyalib vaʼda berib yuboraveramiz. Bu hol vaʼdada turmaslik emas, balki vaʼdabozlik niyati bilan boʻlganidan ikki karra qabohatdir.

Imom Shofeʼiy rahimahullohdan “Biror kishining yolgʻonchi yoki rostgoʻy ekanini qanday bilasiz?”, deb soʻrashganida, “U bilan uchrashuv belgilayman. Agar vaqtida kelsa, u rostgoʻydir. Agar kechikib kelsa, u yolgʻonchidir”, deb javob bergan ekanlar.

Vaʼdada turmaslikning gunohi qancha katta boʻlsa, unga vafo qilishning savobi ham shunchalik ulugʻdir.

Demak, vaʼda berishdan oldin u haqda yaxshilab oʻylab koʻraylik. Vaʼda berdikmi, evaziga nimani boy bersak ham, ustidan chiqaylik. Har bir inson jamiyatda chiroyli oʻrnini topmoqchi boʻlsa, soʻziga eʼtiborli, vaʼdasiga vafodor boʻlmogʻi lozim.

 

Sirojiddin JAHONOV,

Kitob tumanidagi Xoja Buxoriy nomli oʻrta maxsus islom bilim yurti oʻqituvchisi

 

qashqadaryogz.uz

https://saviya.uz/hayot/nigoh/vadaga-vafo-qilmaslik-munofiqlik-belgisidir/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x