Uxlab yotgan isteʼdodni uygʻotish har oilaning, har bir ota-onaning oʻz qoʻlida

Iqtidor genetik jihatdan “kodlangan” boʻladi, deyishadi. Yaʼni kimning ajdodida bilimli kishilar boʻlsa, ularning avlodi ham, albatta, iqtidorli boʻlib yetishadi.

Lekin bu “faqat olimlar nasl-nasabidan oʻqimishli yoshlar chiqar ekan-da”, degani emas. Aslida qobiliyat – vunderkindlik har bir bola tafakkurida yashiringan. Bu avvalo oilaga bogʻliq. Unda yaratilgan muhit, kattalarning saʼy-harakati ana shu qobiliyatni uygʻotishga va rivojlantirishga qodir. Bu haqiqat hayotda koʻp marta oʻz isbotini topgan.

Yosh olim, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti dotsenti, falsafa fanlari doktori Habibullo Nosirov oʻzining ilm-fan olamiga kirib kelishini ham bunga misol sifatida aytadi. U 26 yoshidayoq doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan. Hozir universitetda yoshlarga taʼlim berib kelmoqda. U bilan suhbatimiz ota-ona farzandini kamolotga yetkazishda, uning favqulodda iqtidorini uygʻotishda qanday omillarga ahamiyat berishi lozimligi xususida kechdi.

Vunderkindlik genga bogʻliqmi? Qobiliyat tugʻma boʻladimi yoki iqtidorni yoʻqdan bor qilish ham mumkinmi?

– Menimcha oilada yetarlicha eʼtibor qaratilsa, garchi genda boʻlmasa ham iqtidorli bolani tarbiyalash mumkin. Chunki ayrim ota-ona oʻzi oʻqimagan boʻlsa ham “farzandim oʻqisin, bizning oiladan ham olim-professorlar chiqsin”, deb orzu qiladi va bolasiga shunga yarasha sharoit yaratib beradi. Ayrim bolalarda esa oʻzida kutilmaganda qandaydir sohaga qiziqish paydo boʻladi. Masalan, texnika, axborot-texnologiyalari, kimyo va hokazo. Bunda ota-ona shu sohani tushunmasa ham, uning qiziqishini sovitmasligi kerak.

Sharoit boʻlsa ham, hafsala qilmaydiganlar bor. Maqsadga erishish uchun yoshlarning oʻzi nima qilishi kerak?

– Buning uchun koʻp kitob oʻqish, texnika va texnologiyalardan unumli foydalanishni bilish lozim. Ilmiy kitoblar murakkab tilda yozilgan. Ularni tushunish juda qiyin. Shu sababli qiyin mavzularni sodda tilda yozilgan kitoblardan oʻqib-oʻrganish zarur. Faqat darsliklarni oʻqish bilan cheklanmaslik, turli ensiklopediya, qiziqarli matematika, kimyo va boshqa kitoblarni ham mutolaa qilish lozim.

Internetdan foydalanish ham ayni muddao. Men ham taʼlim olish jarayonida biron narsani tushunmasam, darhol internetga kirib, kengroq maʼlumot topishga harakat qilardim. Oʻzbek tilida maʼlumotlar yetarli boʻlmasa, rus va ingliz tilidagi axborotlarni izlardim. Shuning uchun chet tillarni yaxshiroq oʻrganishga intildim. Darsda ustozlardan eshitganingiz, kitoblardan oʻqiganingizni tushunishga harakat qilsangiz, koʻproq maʼlumot toʻplasangiz, shu mavzuda gapirganda har bir soʻzning mohiyatini chuqur anglab soʻzlaysiz, mavzu ham yaxshi esda qoladi.

Hayotda erishgan yutuqlaringiz haqida gapirsangiz…

– Oʻzim olti yoshdan maktabga chiqqanman. Onam fizika-matematika sohasi mutaxassisi boʻlgani, men bilan koʻp shugʻullangani uchun aniq fanlarni oʻrganishda unchalik qiynalmaganman. Maktabda 1-sinfdan 3-sinfga, 7-sinfdan 9-sinfga “sakrab” oʻqidim. Boshida biroz qiynalganman. Chunki oʻz tengqurlarim orasida faqat aʼloga oʻqib yurib, birdan oʻzimdan katta oʻquvchilar orasiga tushib qolganman. Mavzular qiyin boʻlgani uchun ularga tushunib ketguncha baholarim “3” va “4” ga tushib qolgan. Lekin sinfdoshlarimga yetib olib, faqat aʼloga oʻqishga boʻlgan harakatimni aslo toʻxtatmadim.

15 yoshimda universitet talabasi boʻldim. Oʻshanda hali fuqarolik pasportini ham olmagandim. Oʻqish davrida oʻz ustimda koʻp shugʻullanib, 2-kursda iqtidorli talabalar qatoriga qoʻshildim. Juda katta ilmiy salohiyatga ega inson – Igor Gavrilov bilan tanishganim hayotimdagi eng katta omad, deb hisoblayman. U meni fanga yoʻnaltirdi. Keyin ilmiy tadqiqotlar bilan shugʻullandim, bir qator maqolalar yozdim. Gazeta va jurnallarda chiqqan materiallar, oʻqishdagi yutuqlarim tufayli meni “Beruniy” nomidagi davlat stipendiyasi hamda “ICT-Telesom” stipendiyalariga loyiq koʻrishdi. Ushbu yutuqlar evaziga magistraturaga imtiyoz asosida qabul qilindim.

Magistraturada Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti davlat stipendiyasiga sazovor boʻldim. Xullas, oiladagi maʼnaviy muhit, yaxshi kitoblar va dono ustozlar qurshovida boʻlganim oldimga qoʻygan maqsadlarga erishishda muhim ahamiyat kasb etdi.

Oʻqimishli odamlar koʻp, ammo ularning hammasi ham geniy emas. Oʻqigan ilmidan amalda qanday yuz foiz foydalansa boʻladi?

– Buning uchun birinchidan, kasbni toʻgʻri tanlash kerak. Yaʼni ishlaydigan sohasining kelajagini oldindan koʻra bilish lozim. Bu har kimning oʻz qoʻlida. Masalan, qaysi soha istiqbolda rivojlanadi, qay bir sohaga talab kuchli boʻladi? Balki maʼlum darajada tadbirkor boʻlish ham kerakdir. Bilimga ega boʻlsa-da, inson hayotda oʻz maqsadiga erisha olmasa, ayb uning oʻzida deb bilaman. Yaxshi olim odamlarga oʻz gʻoyalarining toʻgʻriligini yoki amaldagi qaysidir ishning notoʻgʻriligini isbotlab bera olishi kerak. Oʻqimishli odam kimdir unga hayotini yengillashtirib berishini kutib oʻtirmaydi, oʻzi izlab imkon topadi. Olim har tomonlama olim boʻlishi kerak. Ana shunda bilganini amalda qoʻllay oladi.

Shu oʻrinda oʻzim eshitgan bir mantiqiy hikoyani aytib bersam. Odamlar bir donishmandga savol berishdi: bolaga baliq qovurib berish toʻgʻrimi yoki qarmoq berib, baliq tutishga oʻrgatishmi? Shunda donishmand: unga baliq uvildirigʻini berish kerak. Xohlasa qovurib yesin, istasa koʻlga tashlab baliq yetishtirsin, deb javob beribdi.

Darhaqiqat, oʻylab koʻradigan boʻlsak, tayyor narsani yeyish hammaning qoʻlidan keladi. Ammo borni yoʻq qilmasdan yoʻqdan bor qilish, tabiiy resurslarni saqlash va koʻpaytirish faqat ilmli-tadbirkor odamning qoʻlidan kelishi mumkin.

Hozirgi tezkor zamonda qanday qilib hammasiga ulgurish mumkin?

– Axborot texnologiyalaridan iloji boricha unumli foydalanishni bilish kerak. Bular telefon, internet, planshet, kompyuter va hokazo. Men bajarishim kerak boʻlgan ishlarni telefonimga yozib olaman. U menga qaysi ishni qachon qilishni eslatib turadi. Maʼruza va tadbirlarda muhim maʼlumotlarni telefonning qayd varagʻiga yozib boraman. Chunki kerakli maʼlumotlar qayd qilib borilmasa, esdan chiqib qolishi mumkin.

Koʻpchilik qoʻl telefonining ajoyib imkoniyatlaridan foydalanmaydi. Holbuki, mobil telefon bugun faqat muloqot vositasi emas! U internet orqali yangiliklarni bilish, tahlil qilish imkonini beradi. U pochta, telegraf, radio, televizor, kompyuter, soat, fotoapparat, diktofon, kalkulyator, yon daftarcha, kitob, lugʻat, foto albom, bank-toʻlov xizmatlari hamda boshqa koʻplab inson hayotini yengillashtiruvchi imkoniyatlarni oʻzida jamlagan moʻjiza! Undan unumli foydalana olmagan odam yutqazadi. Asosiysi, qimmatli vaqtini iqtisod qila olmaydi.

Dam olish, sport bilan shugʻullanish, sayohatlar odamga nima beradi?

– Oʻzim aynan dam olish uchun sayohatga chiqmaganman. Shu kungacha asosiy vaqtimni bilim olish, ilmiy izlanishlar, dissertatsiya himoyasiga sarfladim. Endi agar sharoit tugʻilib, safarga chiqishga toʻgʻri kelib qolsa, hordiq bilan birga ishni ham bitkazishga harakat qilaman. Yaʼni sayohat ham men uchun faoliyatni rivojlantirishda oʻziga xos imkoniyat boʻladi.

Baʼzilar faqat dam olishni oʻylaydi. Men maqsadsiz oʻyin-kulgi, vaqtixushlik qilib yurishni hech hazm qilolmayman. Chunki bolaligimdan vaqtni toʻgʻri taqsimlashni oʻrganganman. Negaki, sinflarni qoldirib sakraganimda boshqalarga yetib olishim uchun kechayu kunduz oʻqishimga toʻgʻri kelgan. Lekin shunday boʻlsa ham uchta seksiya (ingliz tili, basketbol, karate)ga qatnashishga vaqt ajratardim. Faqat shugʻullanish emas, sport musobaqalarini tomosha qilish ham kishiga yaxshi kayfiyat bagʻishlaydi. Tengdoshlarimga agar omadga erishmoqchi boʻlsa, kitobdan, sportdan, mazmunli sayohatdan vaqtini ayamaslikni maslahat beraman.

 

Manzura BEKJONOVA suhbatlashdi.

 

“Oila davrasida” gazetasidan olindi.

https://saviya.uz/hayot/suhbat/uxlab-yotgan-istedodni-uygotish-har-oilaning-har-bir-ota-onaning-oz-qolida/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x