Ustuvor

Ergash bobo bir tengquri bilan Joʻsh bozoriga ketaturib (kambagʻalga koʻchgan ermak, deganday) arshdin, farshdin, arkdin, tarkdin, habashdin, beboshdin gaplasha ketibdilar. Soʻz kelib-kelib Joʻshning yuzboshisiga kelib toʻxtaganda suxanvorning safardoshi debdi:

– Ergash, arz ham, farz ham, qiyomatlik qarz ham, haq ham, qalbi quroq ham qolmadi. Barini birma-bir tilga olib oʻtdik. Endi osmondan kelmay jerga tushsak. Boʻladigan gaplardan gaplashsak.

– Yana qanday gapdan?

– Qanday gap boʻlar edi. Qishlogʻimizning juzboshisi jemagan tezak… qolmadi. Oʻzingam eshitgan boʻlsang kerak. U haromi anavining (otini aytmayman) keliniminan gap-soʻz boʻlganini. Mingboshigʻa qoʻshmachilik qilib jurganiyam qulogʻingga chalingan boʻlishi kerak. Hamma orqavorotdan gapirishga gapiradi-yu, sen-menga kelganda u itminan maydonga tushib bellashadigan er-azamatding oʻzi joʻq.

– Shunga nima qilish kerak diysan?

– Shuni men sennan soʻrab jatippan-da.

– Hadisi sharifni oʻqigʻon boʻlsang, bundaychaqa zinokorlardi toshboʻron qilib oʻldirish kerak, deyiladi.

– Kim toshboʻron qiladi u enagʻardi?

– Senga oʻxshagʻanlar.

– Fatvoni kim beradi?

– Qozi. Qozi boʻlmasa, muftiy.

– Qozining oʻzi juzboshining qazi-qartasini jeb jurgʻan boʻlsachi?

– Daʼvogaring qozi boʻlsa, dardingdi Ollohga ayt, demoqchisan, shekilli?

– Shunday.

– Tagʻin nima diysan?

– Nima der edim. Shoyirlar shohdan ulugʻ deb eshitganim bor. Kim aytadi seni shoyir deb. Boz ustiga, bulbulding bolasi deb. Birgina Joʻsh emas, butun nurotaliqlarding koʻzga tushgan shoyirisan. Qishlogʻimizding odamlari nomidan yo qoziga, yo oʻsha muftiysiga shu gapdi jetgizib bir juzboshining boshiga yetish qoʻlingnan kelmasa, nima qilib juribsan bosh koʻtarib?

Gaplari shu yerga kelganda suxonvor sal mulzam boʻlganday, koʻra-bila turib suvga anovidaqangi… qilganday boʻlib debdi:

– Toʻgʻri gapirasan. Biroq hamma zamonlarda soʻz oʻrniga boʻz bergan ustuvorlik qila kelgan. Eshitmaganmisan, bergan xudoga ham jagʻibdi, deb. Jon doʻstdan mol doʻst ustuvorlik qila kelgan. Qolabersa, juzboshimizding mingboshiminan boja ekanligini bilmaysanma?

– Bilaman. Biroq boja bojani koʻrsa keti qichiydi, deguvchi edilar-ku?

Joʻq. Bular bir-birini koʻrsa qoʻli qichiydi. Qolabersa, mingboshining dumi xon saroyiga borib tutashadi. Qargʻa qargʻaning koʻzini choʻqimaydi. Shuniyam bilmaysanma? Sening otingdi kim qoʻygʻon oʻzi, Beknazar – bek nazar qilgan deb?

– Ergash diyman?

– Nima diysan?

– Oʻsha tuyani tukiminan jutib jubaradigʻan nafsigʻor qoziga ham, istasa haloldi harom deb, haromni halol deb fatvo berishdan qaytmaydigan muftiga ham borib arz qilib oʻtirmasdan, qishloq ahli bir boʻlib – bir jagʻadan bosh chigʻorib, oʻsha iymonsiz juzboshini toshboʻron qilsa boʻlmayma?

– Juda yaxshi boʻladi-da. Uningsiz ham, kim qilmagay – topmagay, yo boʻlmasam, al qasosul minal haq, degan gaplar ham bor. Koʻrasan, bu juzboshining vaqti kelib itday xor boʻlib oʻlishini. Axir, bizning borliq ishimizdi koʻrib, kuzatib turguvchimiz, xayrli ish qilganlarni mukofotlab, harom jurganlarni jazolaguvchimiz bor.

Ikki joʻra – Beknazar ogʻa bilan oqin gap bilan boʻlib bozorga qanday yetib qolganliklarini bilmay qolishibdi. Bu kishilar bozor oralaganlarida bozorning avji qizigan (Xizr oralagan) kezi ekan. Jondin boʻlak hamma narsa bor. Boz ustiga, sotuvchida insof bor, oluvchida rizolik. (Hozirgiga oʻxshab sotuvchi narsasining ustiga katta xolasining narxini qoʻyib sotmas, oluvchining esa dili ogʻrimas ekan. Xaridor bozor oralasa xuddi mozor boshiga borganday ranjimas ekan…) Filjumla, ikkovlari ham oladigan narsalarini olib, xurjun-quloqlari toʻlib-toshib uylariga qaytishibdi.

– Ergash diyman, – debdi Beknazar ogʻa dostonnavozlikda dong qozongan joʻrasiga.

– Nima diysan?

– Boyagi gapimiz chala qoldi.

– Qanday gap?

– Anovi singligʻor toʻvrisidagi gap.

– U haqida bor gapdi gapirib boʻldik shekilli.

– Joʻq.

– Nima joʻq?

– Shoyir shoyirligini, koʻnchi koʻnchiligini (Beknazar ogʻaning kasbi koʻnchilik ekan), enchi enchiligini qilishi kerak. Oʻsha aytgan gaplarimizdi baytga solib aytolmaysanma?

– Aytaman.

– Ayt, boʻlmasa.

Shundan soʻng oqin bir muddat jim qolib, tin olib, aytar soʻzlarini bir qolipga solib, yoʻl-yoʻlakay shu tizmalarni ayta kelgan ekanlar:

 

Azal boshdin boʻla kelmish yoʻqsildin bor ustuvor,

Haqdin nohaq, pokdin nopok, shayxdin beor ustuvor,

Xokisor aqli rasodin mushrik, murdor ustuvor,

Birda-birda toju taxtdin bir afsungar ustuvor.

 

Mehr-oqibat, hamiyatni bir oqjoldin[1] kutmagil,

Ichi qarodin qaro, lek tili boldin kutmagil.

Gar qoqilsang himoyatni qaddi doldin kutmagil,

Qaro yoʻlli argʻumoqdin xachir yo xar ustuvor.

 

Bu zamonda eshak otdin oʻzmishdir deb oʻksima,

Turkiy xalqlar birlashmasdan toʻzmishdir deb oʻksima.

Oʻz erkidin endi umid uzmishdir deb oʻksima,

Aytmishlarkim, tarqoq elda boʻlgay badkor ustuvor.

 

Ming halovat bir alamga arzimas asli, derlar,

Buzilgan qoʻrgʻon qaytadin boʻlmas orasli, derlar.

Sher tulkiman[2] til topishsa… buzilgay nasli, derlar,

Shayton ozgʻirgan ulamo, bekdin agʻyor ustuvor.

 

Kelmagay qaytib kishiga yigitlik qayta boshdin,

Kutmagil imdod, inoyat xudbin bir qarindoshdin,

Ayb oʻzingdin oʻtib soʻngra ayrilsang bovurdoshdin,

Sulton boʻlsang hamki endi sendin poykor ustuvor.

 

Halol oshga tevat tekkan – buzilgan bir oʻlka bu.

Odamlari oʻz elida oʻzi asir oʻlka bu.

Erlari qul, xotunlari tirik yesir oʻlka bu,

Endi yerning yuzasindin ochiq mozor ustuvor[3].

 

Foniy dunyo qalqib turgan kema, solga oʻxshaydir,

Birda umri tugab boʻlgan majnuntolga oʻxshaydir.

Birda sohibjamol qizga, bir… ayolga oʻxshaydir,

Nahs bosgan elda boʻlolmas moyadin nor ustuvor.

 

Alhol, bir er yigʻlaguncha bir beimon yigʻlasin,

Yuzboshiga oʻxshaganlar qon qusib, qon yigʻlasin.

Yaxshi yetib murodiga, gustoh-yomon yigʻlasin,

Barcha birday yigʻlab turgan yurtda xunxor ustuvor.

 

Birni birdan ustuvor, deb osiy boʻldim shekilli,

Birni nodon, nafsigʻor, deb osiy boʻldim shekilli.

U nochor, bu zoʻrovor, deb osiy boʻldim shekilli.

Oʻn sakkiz ming olamda bir Parvardigor ustuvor.

 

Ergash bobolar qishloqqa yaqinlashishlari bilan quloqlariga:

– Otam-oʻ-otam-oʻ!

– Ogʻam-oʻ-ogʻam-oʻ!

– Jigarim-jigarim!

– Endi qaydan topaman-topaman, egnima qora jopaman-jopaman…

– Borarda oti joʻrgʻalib-joʻrgʻalib, kelarda qoni shoʻrgʻalib-shoʻrgʻalib!.. – degan noxush ovozlar chalinibdi. Hayron boʻlishibdi. Qishloqqa kirib kelishlari bilan bir otliq koʻchama-koʻcha yurib:

– Juzboshinikiga peshinda savobi janozaga-a! – deb barchani boshlariga musibat tushgan xonadonga chorlab yurgan ekan.

– Nima boʻlibdi, nima qilibdi? – degan savolga barcha shunday javobni oladi:

– Shu oʻtgan sahar – subhi sodiqda kayf boʻlib Togʻaytoʻpi qishlogʻidan kelajatqan kezlarida juzboshimizdi kimdir chavagʻlab, qora qonga belab ketibdi.

Hademay, qishloq ahli, uzoq-yaqindagi qavmi-qarindoshlar, tanish-bilishlar yigʻilibdi. Mayitga tagishli borliq rasm-rusumlar tugab, gal janoza oʻqishga kelganda mullaman, ulamoman deganlar oʻrtasida tortishuv boshlanibdi. Birlari, mast holda oʻlgan, oʻldirilgan kishiga janoza oʻqish shariatga shak keltirish bilan barobar, desalar birlari, muslim ahlini janozasiz koʻmish islomda yoʻq gap debdilar. Hatto birlari shahidga chiqazsalar, birlari shahidi aʼloga chiqazibdilar. Axiri, janoza oʻqishni lozim topishib, qora oʻtoviga qoʻyib kelibdilar.

Janozadan qaytayotib Beknazar ogʻa nazarkarda oqinga debdi:

– Ergash, sendan qoʻrqqulik.

– Nega unday diysan? Dening sovma oʻzi?

– Bozordan kelajatib qilgan nafasing…

– Unday deb oʻzingni osiy qima. Har kimning qaysi kuni, qanday tugʻilib, qachon, qay yoʻsinda oʻlishi azal kotiblari tomonidan peshonasiga bitilgan boʻladi.

 

Toʻra SULAYMON

 

“Ergash Jumanbulbul oʻgʻli el kezadi” turkumidan.

 


[1] “Joʻq”lovchilar imonsiz, insofsiz qariyani oqjol-oqyol (qobon)ga mengzaydilar.

[2] Tulki bilan.

[3] Shoir yangi tuzumning – … izm-izmning turkiy xalqlar boshiga bitgan bir balo ekanligini, endi bundan qochib ham, tonib ham qutulishlarining chorasi yoʻqligini nazarda tutyapti, chogʻi.

https://saviya.uz/ijod/nazm/ustuvor/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x