Safin abziy

Muzaffarxonni tang qoldirib, mehrini qozonib, bulbul laqabini olgan oqinning bolaligi Qoʻshrabotda birga kechgan, shu yerda uyli-joyli boʻlib, shu yerda unib-oʻsgan Safin ismli tatar tengquri bir kuni oqinnikiga avzoyi buzilib, boʻzarib, sozarib kelibdi. Ergash bobo:

– Ha, nima gap, Safin abziy? Turqi-tarovatingdan tuproq yogʻilib qopti, tinchlikmi oʻzi? – deb hol-ahvol soʻrabdi. Shunda Safin abziy:

– Och bola bilan toʻq bola oʻynamiy, toʻq bola hich narsani oʻylamiy, diganlari rostga oʻxshab tuyula. Shagʻirmin dib sen jurising, ustamin deb min jurim.

– Bir elga bergusiz bulutday qizimizni berib qoʻyibmiz. Qizdan qizing bor, uldan uling bor. Hamyoning toʻla puling bor. Tagʻin nima kirak oʻzi senga? Boshda, tatar bor yerda xatar bor, deb Toshbuvining ota-onasi qizi tugul, uning bosqan izini ham senga ravo koʻrmab edi. Toshbuvini senga olib berguncha ona sutlarimiz ogʻzimizga kelajazdi. Yana nima demoqchisan? Sendan qutulamizmi-yoʻqmi oʻzi? – deb hazillashibdi Ergash bobo.

– Quysa shundiy gaplaringni. Oʻtgan ishga salovat. Min boshqa turisenda suylay dib edim. Sin esa, – deb Safin abziyning figʻoni falakka chiqibdi.

– Nima, yer oʻyilib, osmon uzilib tushdimi? Tinchlikmi oʻzi?

– Koshki shundiy bulsa. Hazir undan-da battar, tundan-da battar, xundan-da battar. Bu elda quloq bulmagʻan odamning uzi qolmadi. Quloq bulgʻanlarning ichi-ulogʻi tugul… qolmadi. Koʻrpa-toʻshaklarin-da, tuzliq, turshaklarin-da olib kitib boʻldilar. Sibirga surgun boʻlgʻanlarning esa sanogʻiga jiteb boʻlmiy. Sulaymon abziyni-da quloq qilibdilar.

– Boʻlmasa, ikkimiz qolibmiz-da quloq boʻlmagan?

– Shulay, shulay.

Oqin bir muddat sukut saqlab, ne deb javob berarini bilmabdi. Siyosatga til tagizay desa… Tagizmay desa, uning chorasi yoʻq. Soʻng yana abziyning oʻzini gapga solibdi:

– Savit siyosatini mendan koʻra oʻzing juz poyiz yaxshi tushunasan. Davlat degani – qonsiragan qilich, degani. Boz ustiga, battarin toʻq boʻlsa – musulmon tinch, degan gap ham bor. Bor topganimizni oʻshalar tashib, oʻshalar toʻyib boʻlsin. Keyin bir gap boʻlar.

– Yer toʻysa toʻya, ular toʻymiy. Toʻysalar-da bu odatlarin qoʻymiy.

– Bizning qoʻlimizdan nima ham kelar edi? Daʼvogaring qozi boʻlsa, dardingni Ollohga ayt, debdilar. Endi birgina yaratganning oʻzidan najot.

Safin abziy shoir tabiat, suxani shirin, nazmgoʻylikdan ham sal xabari bor, hojatbaror, qoʻli gul, uningsiz davralar ham qizimas, borgan yerini bahorga aylantirib oʻtiradigan, aftodahol odamni koʻrsa yurak-bagʻri eziladigan oqkoʻngil, qoʻli ochiq kishi ekan. Qolabersa, qoʻshrabotliklarga kuyov boʻlgani uchun…

Hodi Toqtosh, Abdulla Toʻqay, Muhammad Hodilarning hali hech kim eshitib, hech kim oʻqimagan:

 

Munavvar osmon ostinda zulumat jonli insonlar,

Chechakli yerlar ustinda xazon vijdonli insonlar.

Birda otash, toʻpli, birda qilich, qalqonli insonlar,

Ne uchunkim bu tuprogʻin quchogʻi qonli insonlar.

 

Yoxud:

 

Bu tuprogʻni hech koʻrmadim ravzai rizvon holinda,

Yer yuzini koʻrdim mudom boshdin-bosha qon holinda.

 

singari baytu abyotlaridan aytib ham oʻzini, ham oʻzgalarni ovutib yurishi barchaga yoqqandin-yoqib yurar ekan.

– Ul tuta ot quyrigʻindin bul uzun soch, deb kuya,

Tekiniga boshda tugul tanqidga muhtoj, deb kuya…

Xullasi, Ergash bobo debdi:

– Safin abziy, aytar gapingni aytib boʻlding. Endi muddaoga oʻt.

Safin abziy:

– Sin yo qozi, yo muftiy boʻlsang edi, yo arzu-hol aytgani, yo fatvo soʻrgʻali kelsam. Sin el-ulusning dardi-hasratini shigʻirga solib aytuvchi oqinsin. Oʻzbagingni horligʻin-zorligʻin, ozgʻanin, toʻzgʻanin koʻrib min kuyam. Sen nichek chidab turasin?! Min sindin shuni soʻramoqchi edim, – debdi.

Ergash bobo:

– Sen bir qiziq odamsan! Buning nimasiga kuyib, nimasiga jonasan? Sen aytgan balo birgina bu elga emas, shoʻrolarning qadami qayerga jetgan boʻlsa oʻsha kent, oʻsha shahar, oʻsha oʻlkalarga birday dorigan. Bundan sening xabaring joʻqqa oʻxshaydi chogʻi, – debdi.

– Bor, Ergash abziy, bor. Min singa shul toʻrinda bir nicha savollar bireb, fikringni bilmaqchi idem.

– Boʻlmasa, beradigan savolingni, oʻzingning tiling bilan aytganda, shigʻirga solib berasing. Kileshtikmi?

– Kileshtik.

– Boshla boʻlmasa.

– Boshliyim:

 

Bu nichik tuzum oʻze? Tushunmay hayrondabiz,

Gap boshqa, yashash boshqa – yolongʻoch holindabiz,

Maymundin farqibiz yoʻq, sharmisor, sharmandabiz,

Oʻze yashamoqdabiz qanday biz zamondabiz?

 

Taptalishga yaralgan shoʻr qisgan bir bandabiz,

Darbadardin battarbiz – na yer, na osmondabiz.

 

Shoʻromi yo Egamga, qay birina bandabiz?

Qay birina sigʻinib qilachaqbiz sajda biz?

Firqa sajdagoh boʻlsa – egnibizda jandabiz,

Itobdami, turmada – biz oʻzi qayondabiz?

Bilmasang bilib olgil arosatda qolganbiz,

Na behishtu, na doʻzax, na yeru osmondabiz.

 

Yer yuzinda emasbiz, qabr ichinda turabiz.

…Izm-izmlarini[1] bunda qanday qurabiz?

Ustixon tashlasalar itdan oldin urabiz,

Nichik kunlarga qoldik, oʻze qayon yurabiz?

 

Amalda emas, tilda davru davron surabiz,

Bilmam bu qanday izm, na yer, na osmondabiz.

 

Uryon holinda yulda yurgani uyalabiz,

Oʻnni olib birini birsalar suyunabiz.

Minemcha, hademay biz darvishga aylanabiz.

Qoʻydan-da qoʻychibon koʻp, biz kimga suyanabiz?

 

Hademay Uchqoʻrgʻondin koʻrinadi ammabiz,

Safin abziy, soʻngra biz na yeru osmondabiz.

 

Kundan kunga tang boʻlib boradir ahvolibiz.

Quruq shigʻorlar bila toʻlmiy xurjun, xaltabiz.

“Farovon yashaybiz!” deb koʻchada toltayabiz,

Gadoydin battar boʻlgʻach biz kimga osilabiz?

 

Olinib boʻldi chogʻi borliq yaylov, dalabiz,

Uy-joydin ham ayrilgach – na yer, na osmondabiz.

 

Yil-yildan qurib borir buloq, daryolaribiz,

Irkaklardin qolishmay borar ayollaribiz.

Parishondin parishon oʻyu xayollaribiz,

Ni qilabiz, boʻlmasa salqin-soyalaribiz?

 

Neki bor boʻlsa endi baridin ayrilabiz,

Endigi qismatimiz – na yeru osmondabiz.

 

Hukumat biz uchun yo biz u uchun ishlaybiz?

Yoz boʻyi ishlab soʻngra uysiz-joysiz qishlaybiz.

Shuning uchunmi inde biz uni olqishlaybiz?

Qahatchilik boshlandi, endi qandiy yashaybiz?

 

Non bilan et[2] oʻrniga endi kesak tishlaybiz,

Tirik murda boʻlib soʻng na yer, na osmondabiz.

 

Oʻzi qochan toʻyadir bolshovoy diganibiz,

Odamni qoʻy oʻrninda soʻyar inongʻanibiz.

Osh oʻrnina tosh bira shul iyargʻanibiz.[3]

Qaygʻa boshlab boradir suyib, suyangʻanibiz?

 

Oʻzi[4] ham bilmas chogʻi qayga ketib borabiz,

Tushgan kimabiz xavfli – na yeru osmondabiz.

 

Ergash bobo Safin abziyning barcha savollariga javob berib boʻlgach, abziy debdi:

– Yoriy!

– Nima yoriy! – soʻrabdi shoir.

– Minem birgan savollarimga birgan javoblaring yoriy, – debdi abziy.

– Odam olasi ichida. Yana biron yerga borib…

– Nonni, Kalomi sharifni oʻrtagʻa qoʻyib aytim, mining birgan savolim-da, sening qaytargan javobing-da shu jirda qola!

 

Toʻra SULAYMON

 

“Ergash Jumanbulbul oʻgʻli el kezadi” turkumidan.

 

6–7.04.1991 yil.

 


[1] Feodalizm, sotsializm, kommunizm, darvinizm-maymunizm deganlaridan birini aytmoqchi boʻladi, shekilli.

[2] Goʻsht.

[3] Ergashganimiz.

[4] Hukumat demoqchi boʻlsa kerag-ov.

https://saviya.uz/ijod/nazm/safin-abziy/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x