Umrim bori baxshidadir yurtim shaʼniga

* * *

Harki dilda nur sevar himmat Vatandandir,

Ona tuproq gulchiroy ochgan chamandandir.

Sevgi deb, ruh deb, yurakka yor boʻlur nodira ganj,

Barchasi qalbda ayon bir yosumandandir.

Haq taolo ishqni dillarga jo aylab,

Bu oliy naqshdin sado yo sanu yo mandandir.

Asray olsak, tolening bu tilsimlarin,

Harki inson qalbida mujda shu fandandir.

O, falak toʻrt burjidan yoʻllayur nurin, Omon,

Sehru olamdin ziyo ushbu Vatandandir.

 

* * *

Mustaqillik yurtga ulugʻ parvozdir,

Bizni koʻkka Haq chorlagan ovozdir.

Oʻzbegimning tarixin sinchlab oʻqi,

Bu goʻyo Haq toqqa bergan parvozdir.

Kuylasa hofizlari goh jam boʻlib,

Xalqimizning tarixidan dilrozdir.

Millatim olam elin rom aylagan,

Harki parda el dilindan bir rozdir.

Bizga bu gulgun falakning nazdidir,

Yurtimizga mangu yuksak eʼzozdir.

 

 

QADIMGI OHANGLARDA

 

Oyu yillar kezardim ajab soʻroq ichinda,

Gul kabi goho ochib koʻnglimni bogʻ ichinda,

Gohi koʻmdim dilimni oydagi dogʻ ichinda,

Bu dunyo bir tilsimdir, qil bor qiyoq ichinda,

Bir ganji koʻk ichinda, biri tuproq ichinda.

 

Ishq bogʻini sayr etdim, qish yoz boʻlib koʻrindi,

Dunyo – kelin, turmushi pardoz boʻlib koʻrindi,

Sevgi soʻzi falakka parvoz boʻlib koʻrindi,

Yerning aksi quyoshday qalqdi qarogʻ ichinda,

Ohangrabo ohular kezganday togʻ ichinda.

 

Ilm istadim, yetmish tur nur boʻldi shaxdim oti,

Har bir yulduzda yondi ulugʻlarning nigohi,

Har shom ufq dudogʻin yoqqan shularning ohi,

Joylashmagay buyuklik pilta chirogʻ ichinda,

U koʻklarda yashaydir yashin yarogʻ ichinda.

 

Har kishi bir umrga yetgulik yor tanlasin,

Birga Mahsharga qadar ketgulik yor tanlasin,

Tangrisiz qolsa tavof etgulik yor tanlasin,

Doʻsti yoʻqqa yoʻq ilinj yaqin yiroq ichinda,

Mulki borliq boʻlsa ham garchi quchogʻ ichinda.

 

Koʻndirgali jahonni bir suluv kishvar tilab,

Koʻkka otdim dilimni ruhiyamdin par ulab,

Ufqni maydek ichdim, sheʼr yoʻlida hayhulab,

Umri bemaqsad, Omon, puchdir yongʻoq ichinda,

Yonmoqchiman har dilda yongan charogʻ ichinda.

 

 

OZOD VA GOʻZAL

 

Olloh, Olloh, Haq Rasulim – ozod va goʻzal,

Qutlugʻ zamon – yerim, elim – ozod va goʻzal.

 

Yil – toʻrt fasl oʻlkamni bir sayr etib koʻring:

Mehru goʻzallik vosilim – ozod va goʻzal.

 

Tariximiz qutlugʻ yoʻldir istiqbol sari,

Bobolardan meros bilim – ozod va goʻzal.

 

Yurtimdagi har xonadon – mehr chirogʻi,

Qayda boʻlmay, ravshan yoʻlim – ozod va goʻzal.

 

Bor olamda balqar bugun oʻzbek bayrogʻi,

Unga quvvat mehru dilim – ozod va goʻzal.

 

Umrim bori baxshidadir yurtim shaʼniga,

Gulhimmat sayroq bulbulim – ozod va goʻzal.

 

* * *

Assalom, assalom!

Oʻzbekiston, aziz kalom, assalom,

Toleingda qutlugʻ ayyom, assalom!

 

Xush kelibsan, ne zamonlar kutganim,

Xush kel, erkim, gul bilan bol tutganim.

Ijobatli duolar, xush kelibsan,

Dil ochuvchi sabolar, xush kelibsan!

 

Alpomishga ot mindirgan choʻqqilar,

Oltin tarix endi ravon oʻqilar.

Dunyodirman, endi dunyo safinda,

Borar boʻldim endi hurlar qatinda!

 

Assalom, assalom!

Bobolarning porloq yodi, assalom,

Botirlarning uchqur oti, assalom!

 

Xush kel, erkam, Navroʻzlarni kuldirding,

Koʻzlarimga yulduzlarni toʻldirding.

Ey istiqlol, bayrogʻimga ipaksan,

Oʻzbekiston – mangu urgan yuraksan!

 

Oʻz yerim deb kuygan, yongan xalq edim,

Iymonimga chin inongan xalq edim.

Bilar edim, Yaratganning mehri bor,

Toleimda buyuk davlat muhri bor!

 

Assalom, assalom!

Noming aziz, yangroq elim, assalom,

Yeru koʻkda uygʻoq elim, assalom!

 

* * *

Qish armoni ketdi qorda shu kunlar,

Gul navbati navbahorda shu kunlar,

Har kelgan qush eʼtiborda shu kunlar,

Koʻzim yoʻlda, koʻnglim yorda shu kunlar,

Tilim – sheʼrda, qoʻlim – torda shu kunlar.

 

Qish ketdiyu past joylarda muzi bor,

Xat yozganning siyohimas soʻzi bor,

Yer ekkanning yuz ranji, bir hazi bor,

Koʻzim yoʻlda, koʻnglim yorda shu kunlar,

“Umr hikmati dast ba kor” shu kunlar.

 

Gulmix tegsa, tosh ham mazmundor boʻlgʻay,

Kimki oshiq oʻlsa, majnunvor boʻlgʻay,

Faqat haq soʻz elga haq-la kor boʻlgʻay,

Koʻzim yoʻlda, koʻnglim yorda shu kunlar,

Qadru qiymat nomus orda shu kunlar.

 

Oʻzbekiston – jannat ustaxonasi,

Ne-ne buyuk insonlarning onasi,

Senga boqib, jahon koʻzi yonasi,

Koʻzim yoʻlda, koʻnglim yorda shu kunlar,

Menda zoʻr bir gʻurur bor-da shu kunlar.

 

* * *

Toleimda sirli xatlar koʻrindi,

Tushimda qanotli otlar koʻrindi.

 

Koʻnglim parvoz istab, olamga boqsam,

Qalbimni shuʼlalab, shodlar koʻrindi.

 

Har past-baland yoʻlning pirlari bordir,

Falakda nur siymo zotlar koʻrindi.

 

Dil dunyosi Xeyvoq, ul Koʻhna Urganch,

Ellik tomon boqsam, Kotlar koʻrindi.

 

Qutlugʻ ziyoratdir buyuklar izi,

Omon soʻzni el-yurt yodlar koʻrindi.

 

Omon MATJON,

Oʻzbekiston Xalq shoiri

 

“Sharq yulduzi” jurnali, 2015–2

https://saviya.uz/ijod/nazm/umrim-bori-baxshidadir-yurtim-shaniga/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x