Ekranga chiqqan asarlar

Oʻzbek kinematografiyasi tomonidan yaratilgan yuzlab filmlar hali-haligacha xalq eʼtiboriga, mehriga sazovor boʻlib, millionlab teletomoshabinlarning qalbini zabt etib kelmoqda.

Maʼlumki, filmlar insoniyat madaniy merosi ichidan eng yaxshilari – sayqal topgan namunalarini tarqatish, tashviq qilish kabi ulkan ijtimoiy vazifani bajaradi. Vatanimizda ekranlashtirilgan filmlarga sanʼatning bir turi sifatida eʼtibor qaratilgani holda ular tomoshabin uchun yaxshigina estetik va axloqiy manba sifatida toʻliq tahlil qilib chiqilmagan.

Tasavvur qilib koʻring, biz umrimiz davomida qancha kitob oʻqiymiz va ularni qay darajada atroflicha eslab qolamiz? Ular, albatta, biz istaganimizchalik xotiramizda yaxlit tiklana olmaydi. Adabiyot va kinematografiyaning birdamligi esa adabiy obrazlarga hayot bagʻishlab, ularni esda qoladigan va yana ham ishonarli darajaga olib chiqadi. Bu esa qisqa muddat ichida butun boshli bir kitobni oʻzlashtirib olish imkonini beradi.

Ushbu tadqiqotda biz asosiy eʼtiborni ekranlashtirilgan filmlarni sanab oʻtish va ularning mohiyatini ochib berish bilan emas, balki filmlar yaratish, ayniqsa, teletomoshabinlar mehriga sazovor boʻlgan filmlar yaratish boʻyicha toʻplangan tajribalarni rivojlantirish hamda hozirgi zamon talablariga javob beradigan filmlar yaratish muammolariga qaratmoqchimiz. Buning uchun tahlil manbai sifatida televideniye orqali eng koʻp namoyish etiladigan filmlarni tadqiqot manbai qilib oldik.

Oʻzbek kinematografiyasida birinchi boʻlib ekranga chiqqan film – L. Solovyev va V. Vitkovichlar ssenariysi asosida Ya. Protazanov tomonidan yaratilgan “Nasriddin Buxoroda” filmi hisoblanadi (1943). Ushbu film Oʻrta Osiyo xalqlarining xalq ogʻzaki ijodi namunalaridagi obraz asosida yaratilgan qator filmlarning (“Nasriddinning sarguzashtlari” (“Oʻzbekfilm”), “Nasriddin Xoʻjandda”, “Nasriddinning oʻn ikki qabri”, “Nasriddinning birinchi sevgisi” (“Tojikfilm”)[1] dastlabkisi edi.

70 yilligini qarshilagan “Nasriddin Buxoroda” filmi hali-hanuzgacha oʻzining dolzarbligini yoʻqotmagan. Buning sababi, ssenariy mualliflari, rejissyor va bosh rol ijrochisi (L. Sverdlov) tomonidan oʻsha davrdagi oʻzbek xalqining urf-odatlari, anʼanalari hamda turmush tarzi chuqur oʻrganilganligidir.

Uzoq yillar davomida bu filmning omma eʼtiborida boʻlishiga yana bir sabab, uning janri hisoblanadi. Komediya janri har doim, har qanday teletomoshabinni oʻziga jalb qila oladigan universal janr boʻlib kelgan. Shundan kelib chiqib aytish mumkinki, komediya janri hozir ham teletomoshabinlar tomonidan katta qiziqish bilan qabul qilinadi.

1945 yilda ikkinchi film – “Tohir va Zuhra” kinofilmi yaratildi. Bu safar ham S. Abdulla va A. Speshnovlar folklorga murojaat qilishib, xalq ogʻzaki ijodini filmga asos qilib olishdi. Natijada, vatanimiz kinematografiyasi asoschisi Nabi Gʻaniyev rahbarligi ostida faoliyat olib borgan yuqori saviyadagi aktyorlar ansambli ishtirok etgan, oʻzbek kinosi klassikasi qatoridan joy olgan, tomoshabinlar tomonidan mehr bilan qabul qilingan yana bitta film paydo boʻldi.

Ya. Protazanov va V. Vitkovichlarning ijodidan qoniqish hosil qilgan N. Gʻaniyev Xoʻja Nasriddin mavzusini davom ettirdi. Natijada, 1946 yilda “Nasriddinning sarguzashtlari” filmi dunyoga keldi. Bu safar biz sahnada kelajakka ishonch bilan boqadigan, xushchaqchaq, harakatchan Afandi oʻrniga xalq ogʻzaki ijodida keng uchraydigan sevimli xarakterni koʻramiz. “U kambagʻal boʻlishi bilan birga faylasuf, uzoqni koʻra biluvchi siyosatchi, noziktaʼb ruhshunos sifatida namoyon boʻladi. Bu Nasriddinning ochkoʻz Ogʻabekni qishloqdagi koʻlga egalik qilish maqsadidan mahrum qilishda oʻz aksini topadi”.[2]

Baxtga qarshi, 40-yillar oʻzbek kinematografiyasi uchun ogʻir sinovlar davri boʻldi. Mamlakatimizda koʻngilochar filmlar ishlab chiqarish keskin qisqartirildi. Kinostudiyalar yopilib, rejissyorlar ishsiz qoldi. “Bu, umuman olganda, hokimiyatning kinosanʼat ustidan ochiqchasiga tazyiqi boʻlib, 50-yillarda yana bu janrga qayta ruxsat berilganda bu illat filmlarda oʻz aksini topmay qolmadi”.[3]

Orttirilgan butun tajribasi hamda kinosanʼat oldidagi xizmatlari yer bilan yakson qilingan oʻzbek kinematografiyasi muqobil manbalarga, jumladan, adabiy, musiqiy va sahna sanʼatlariga murojaat qilishga majbur boʻldi.

Oqibatda, 50-yillarda oʻzbek kinosi yangi rivojlanish bosqichiga qadam qoʻydi. Kinematografiya ustalari uzoq muddatli turgʻunlik davridan soʻng qiziqarli mavzular topish maqsadida chet ellarda, shu bilan birga, oʻzimizda yaratilgan adabiy asarlarga murojaat qilishdi. Natijada, L. Fayziyevning “Qutlugʻ qon” (1956), X. Axmarning “Gang daryosining qizi” (1961), Sh. Abbosovning “Toshkent – non shahri” (1967), Y. Aʼzamovning “Oʻtkan kunlar” kabi yorqin kinoasarlari yuzaga keladi.

Oybek romani asosida sahnalashtirilgan “Qutlugʻ qon” filmi XX asr boshidagi oʻzbek dehqonlarining ayanchli turmushi haqida boʻlib, voqealar va uning qahramonlari “sinfiy kurash munosabatlari asosida yaratilib, ochiqchasiga siyosiylashtiriladi”.[4] Yuksak isteʼdod egalari tomonidan yaratilgan ushbu film hozirgi kunga qadar teletomoshabinlar qiziqishidan chetda qolmagan.

R. Tagorning “Halokat” romani asosida suratga olingan “Gang daryosining qizi” (ssenariy muallifi A. Ginzburg) filmida qadimgi davrdagi insonlar ozodligi va baxtiga monelik qiladigan har xil xurofotlar haqida soʻz boradi. Kelin bilan kuyovning toʻygacha bir-birlari bilan koʻrishishlarini taʼqiqlovchi eski anʼanalar har xil kelishmovchilik va tushunmovchiliklar yuzaga kelishiga sabab boʻlgan. Bunday anʼanalar oʻzbek xalqi tarixida ham mavjud boʻlganligi sababli bu mavzu M. Abzalovning “Chimildiq” (1999), Y. Aʼzamovning “Oʻtkan kunlar” (1969) filmlari orqali ekranga olib chiqilgan.

R. Tagor oʻz romanida xurofotga toʻla bunday anʼanalarni ota-onalarining xohishi bilan unashtirib qoʻyilgan Romesh va Sumila hamda bir-birlarini yaxshi koʻradigan Nalinakxa va Kamolalar orqali aks ettiradi. Gang daryosida qayiqlarda suzib yurgan asar qahramonlari toʻsatdan turib qolgan dovul domiga tushib qolishadi. Dovul Romesh bilan Kamolani qirgʻoqqa itqitib tashlab, Sumila hayotiga zomin boʻladi. Avvaldan oʻzaro tanish boʻlmagan Romesh bilan Kamola bir-birimizga unashtirilganmiz, deb oʻylashadi. Ziyrak Romesh tez orada Kamolaning qayligʻi emasligini sezib qolib, oʻzi sevgan qiz Xemnolini bilan topishish maqsadida undan qutulish harakatiga tushadi. Tasodifan haqiqatning tagiga yetib qolgan Kamola esa eri deb oʻylagan odamning uyini oʻz xohishi bilan tark etib, oʻz baxtini izlashga tushadi. Jasoratli qiz Kamola koʻplab qiyinchiliklarni boshidan kechirib, nihoyat, oʻz haqiqiy sevgisini topadi.

Film ustida ishlagan ijodiy jamoa va aktyorlar guruhi filmga hind romanchiligi kayfiyatini singdirishdan tashqari, hind filmlariga xos boʻlgan kayfiyatni ham kirita olishgan. Natijada, oʻsha davrlarda bizda hind filmlariga ishtiyoqmand tomoshabinlar koʻp boʻlganligi sababli bu film tomoshabinlar tomonidan juda yaxshi qabul qilindi. Shu oʻrinda taʼkidlab oʻtish joizki, hind kinematografiyasiga ishtiyoqmandlik kayfiyati hali-hanuzgacha mavjud boʻlib, bunga telekanallarimizda tez-tez namoyish etiladigan koʻplab hind filmlarini misol qilib keltirish mumkin.

Oʻzbek kinematografiya tarixida katta muvaffaqiyatga erishgan filmlardan yana biri bu – rus yozuvchisi A. Neverov qissasi asosida sahnalashtirilgan Sh. Abbosovning “Toshkent – non shahri” filmidir. 1921 yilda Povoljye oʻlkasida yuzaga kelgan ocharchilikni aks ettirgan, oʻz yurtidagilarga oz boʻlsa ham non topib kelish maqsadida uzoq Toshkentga yoʻl olgan yosh bola Misha Dodonovning xarakteri shakllanishini ifoda etib bergan bu film har tomonlama mukammal ishlangan. Sh. Abbosovning kuchli rejissyorlik isteʼdodini, A. Mixail-Konchalovskiyning dramaturglik qobiliyatini, V. Vorobeyning tugʻma aktyorlik isteʼdodini oʻzida mujassamlashtira olgan ushbu film barcha zamonlarda dolzarb boʻla oladigan badiiy qiymat va ekrandagi doimiy barqarorlikni taʼminlab berdi.

A. Qodiriyning mashhur “Oʻtkan kunlar” romani asosida shu nom bilan ekran yuzini koʻrgan film yuqoridagi kinoasar kabi oʻzbek kinosanʼatining rivojlanishiga ulkan hissa qoʻshdi.

Iqtidorli oʻzbek romannavisining asarlari jami toʻrt marta sahnalashtirildi: ikki marta – “Oʻtkan kunlar” (Y. Aʼzamov 1969; M. Abzalov 1999) va ikki marta – “Mehrobdan chayon” (Y. Aʼzamovning “Zulmatni tark etib” filmi (1973) va M. Muhammedovning “Mehrobdan chayon” teleseriali 1998). Biroq ulardan faqat birinchi marta va muvaffaqiyatli ishlanganlarigina uzoq vaqt davomida omma eʼtiborida boʻlib kelmoqda.

1969 yilda ekranlashtirilgan filmda Otabek va Kumushning taqdiri orqali romanda aks ettirilgan davr ham mohirona tarzda aks ettirildi. Baxtga qarshi, 1998 yilda yaratilgan filmda romanning siyosiy mavzusi tomoshabinlarni oʻziga tortadigan romantik lavhalar bilan muvofiqlashtirilmadi. Romanning siyosiy va ijtimoiy jihatlarini boʻrttirib koʻrsatishga harakat qilishgan film ijodkorlarining asosiy xatosi mana shunda boʻlgan boʻlsa kerak.

“70-yillarda oʻzbek kinosanʼatida zamonaviylik mavzusi alohida oʻrin tutdi. Sahnalashtirilgan filmlarda his-tuygʻuni shakllantirish, inson-fuqaroni shakllantirish, shaxsning ruhiy voyaga yetishini targʻib qilish mavzusiga alohida eʼtibor qaratildi”.[5] Bu davr filmlari orasidan biror sifatli ishlangan filmni ajratib koʻrsatish qiyin. Ular orasidan D. Salimovning Gʻ. Gʻulomning “Shum bola” asari asosida suratga olgan filmini taʼkidlab oʻtish mumkin. Roman bosh qahramoni – bolakay uyidan qochib ketib, har xil mushkul vaziyat va toʻsiqlarga duch keladi. Natijada, u oqil oʻsmir boʻlib yetishadi. Ekran yuzini koʻrgan “Shum bola” hozirgi kunga qadar televideniye orqali yosh avlod tarbiyasida munosib oʻrin egallab kelmoqda.

80-yillar oʻzbek kinematografiyasi koʻplab yangi filmlar bilan boyib, bu davrda yaratilgan filmlar shu paytga qadar yaratilgan barcha filmlarning uchdan bir qismini tashkil qildi. Biroq sifat jihatdan katta muvaffaqiyatlarga erishilmadi. Bu davr filmlaridan faqat M. Abzalov tomonidan yaratilgan, S. Ahmadning “Kelinlar qoʻzgʻoloni” (1984) pyesasi asosida suratga olingan shu nomli film tomoshabinlar mehriga sazovor boʻldi. Bu filmning xalqimiz tomonidan ijobiy qabul qilinishiga sabab – yosh avlod bilan keksa avlod vakillarining dunyoqarashlari oʻrtasidagi toʻqnashuvning mohirona tarzda komediya janrida aks ettirilgani boʻldi. “Film yosh oʻzbek kinorejissyori I. Ergashev tomonidan Sh. Boshbekov pyesasi asosida yaratilgan “Temir xotin” (1990) filmi kabi ulkan muvaffaqiyat qozondi”.[6]

80-yillarning oxiri va 90-yillarning boshi – oʻtish davrida filmlarimizda tushkunlik, ruhiy ezginlik, tez oʻzgarayotgan dunyoda oʻz oʻrnini topishga boʻlgan harakat kayfiyati ustun boʻldi. Kinematografistlarning yangi avlodi – Yu. Roziqov, Z. Musoqov, A. Shahobiddinov, Yo. Toʻychiyev, H. Nasimovlar sinalgan adabiy manbalarga murojaat qilishdi. Gʻ. Gʻulom qissasi asosida H. Nasimov tomonidan yaratilgan “Yodgor” (2003) filmi hamda Choʻlpon qissasi asosida A. Shahobiddinov va Yo. Toʻychiyevlar tomonidan suratga olingan “Qordagi lola” (2003) filmida oʻtgan asr boshlaridagi voqealar yoritildi.

T. Murod romani asosida Sh. Abbosov (ssenariy mualliflari Sh. Abbosov va M. Toʻychiyev) tomonidan suratga olingan “Otamdan qolgan dalalar” filmi ham tarixiy filmlar qatorini toʻldirib, shoʻro tuzumining paydo boʻlish, rivojlanish va parchalanish davrlari davomida yashagan toʻrt avlod vakillarining tarixini aks ettirgan. Filmda ayollar taqdiriga alohida ahamiyat berilib “ularning taqdirlarida xalqimizning turli davrlari oʻz aksini topadi. Vaqt, tuzum ularni ayamaydi… ularning hayotlarini barbod qiladi”. [7]

Badiiy adabiyot – Oʻzbekiston kinematografiyasi rivojiga ulkan hissa qoʻshdi. Filmlarimiz fondi takrorlanmas kinoasarlar bilan boyidi. Biroq adabiy asar oʻzida kinematografiya kinorejissyorlarini taʼqib qilib yuradigan sirli bir xavfni saqlaydiki, bu xavf ularni taʼqib qilib yuradigan adabiy matnni kinematografiyaga koʻchirishda oʻz aksini topadi. Bunday holatlarda sahnalashtirilayotgan asarning ijtimoiy omillarini chuqur anglay bilish va toʻgʻri talqin qilish (muallifning adabiy asarini “toʻgʻrilamaslik”, uni notoʻgʻri talqin qilmaslik) lozim.

Koʻpincha bu omil ekranlashtirilayotgan film taqdirini hal qilib beradi. Baxtimizga milliy kinematografiyamizdagi ekranlashtirilgan koʻplab asarlar bunday taʼqibdan xoli boʻldilar.

Bugungi kunga kelib, oʻzbek adabiyotining koʻplab asarlari ekranlashtirilgan boʻlishiga qaramasdan, bir salbiy holat ustida toʻxtalmasdan oʻta olmaymiz. Bu – kinematografistlarimizning Alisher Navoiyning “Xamsa”, Boburning “Boburnoma” asarlarini eʼtibordan chetda qoldirayotganliklaridir. Buning obʼyektiv sabablari tushunarsiz. Biroq bunday ulkan miqyosdagi loyihalar uchun moliyaviy ajratmalar yetarli emasligi, byudjet tomonidan mablagʻ ajratilgan taqdirda ham bunday keng qamrovli filmlar uchun kamlik qilishi, oqibatda bu filmning sifatiga, uning badiiy va estetik tomonlariga oʻz salbiy taʼsirini koʻrsatishi mumkin.

Biz bunday vaziyatdan chiqish uchun chet el kinematografiyasi tajribasini tavsiya qilgan boʻlar edik. Misol uchun, Shekspirning shu nomli asari asosida sahnalashtirilgan “Yoʻq joydan mashmasha” (“Mnogo shuma iz nichego”, rej. va ssen, Joss Uidon, 2012) va “Koriolan” (rej. Reyf Fayns, ssen. Jon Logan, 2010) filmlarida tarxiy voqealar hozirgi davrga koʻchirilib tasvirlangan. Bunday yondashuv bilan birdaniga bir necha maqsadga erishish mumkin: kinojarayonni faollashtirish, yoshlar eʼtiborini ajdodlarimiz tomonidan qoldirilgan madaniy merosimizga qaratish va, asosiysi, mablagʻni tejash.

 

Eleonora GʻANIYEVA

 

“Sharq yulduzi” jurnali, 2015–1

 


[1] X. I. Akbarov. Adabiyot va Oʻrta Osiyo respublikalari kinematografiyasining rivojlanishi: fil. fan. dok. ilmiy dar. uchun avtoref. Toshkent, 1983. 21 b.

[2] X. Abul-Qosimova. Oʻzbekiston kinotomosha tizimida kinoning oʻrni. XX asrda Oʻzbekiston badiiy madaniyati tizimida tomosha sanʼati kitobi. – Toshkent, 2008. 1. t. 186-b.

[3] Oʻsha asar. 187-b.

[4] Oʻsha asar. 189-b.

[5] Hamroyeva R. Ekranda adabiy asarlar // San’at. – 2010. – № 4. [Elektron shaklda] URL: http://www.sanat.orexca.com/rus/archive/4-10/rokia_hamraeva.shtml (sana: 02. 06. 2014)

[6] Oʻsha manba.

[7] X. Abul-Qosimova. Oʻzbekistonning yangi davr kinosanʼati. XX asrda Oʻzbekiston badiiy madaniyati tizimida tomosha sanʼati kitobi. – Toshkent, 2009. 2. t. 124-b.

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/ekranga-chiqqan-asarlar/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x