Ulugʻ momo

Ulugʻ momom… Chakkasiga rayhon taqib, doimo samimiy chehra bilan yurar edilar. Biz qishloq shevasida tabarruk buvimizni “katta” deb atardik. Bolaligimizda yonlariga borishga oshiqardik…

Hovlisida shirin olmalar, toshmurutlar gʻarq pishgan paytlar… Qozonni toʻldirib sutli boʻtqa pishirib berardilar. Momomning yurak toʻla mehrini oʻsha paytlarda his qilganman. Qoʻshnilarga taomlardan ulashganlarini koʻrib, inson qalbi shunchalar ham mehru muhabbatga toʻla boʻladimi, deb hayron qolardim. Molxona toʻla qoʻy boʻlardi. Bu baraka rahmatli Bekmurod bobomdan meros edi-da. Ularni barcha farzandlariga ulashgan…

Duolari ham goʻzal soʻzlar bilan jilolangan edi. Sodda va samimiy… Xalqona soʻzlar… “Umringdan baraka topgur, tandiring toʻla non boʻlsin, qozoning toʻla osh boʻlsin. Oltin boshing omon boʻlsin. Mening yoshimga kirib yuringlar. Etaging toʻla farzand boʻlsin…” Bu soʻzlarda mustajob sir-sinoatlar bor edi. Shu samimiy soʻzlar bilan qurilgan buvimning kaftidagi duolar bilan bu avlod qad rostladi. Toza palak yoydi. Tuprogʻi pokiza suv bilan qorilgan bu avlodga umrini, oʻzligini baxshida etgan qahramon ona obrazini yaratdi.

Ulugʻ momomni qishloq ahli, koʻrgan-bilganlar “Kelinlar qoʻzgʻoloni” filmidagi Farmonbibi buviga oʻxshatishar edi. Aslida uyda ham, mahallada ham, hayotda ham Farmonbibi edilar. Salobatli jussalari, rangpargina yuzlari, shirali ovozlari va aniq-kesib gapirishlari, muloyimgina nasihatlari, ijobatli duolari bilan boy edilar momojonim. Badavlat edilar… Rizqi va qadami qutlugʻ momoning dargohi ham keng edi. Qalbi saxovatga toʻla, moʻtabar ayol edilar. Momomning uyidagi sandiqda oʻtmishi bisyor edi… Bir uyum boylik… Bir olam xotirot…

Men momomdan koʻp hikmat oʻrgandim. Maʼnoli yashash sirini oʻrgandim… Inson boʻlib yashashni oʻrgandim… Mehru muhabbatni oʻrgandim… Oqibatni oʻrgandim…

Farzandu nabiralarining toʻylarida davralarni toʻldirib, kayvoni momo boʻlib yurar edilar. Yaxshi kunlarning duogoʻyi edilar. Duosidan avlodi, ildizi barq ura boshladi. Mehr bilan berilgan tarbiya, halol rizqu halol luqma bolalarini kamolotga yetaklay boshladi.

Oʻsha damlar yosh boʻlsam ham yaxshi eslayman, bobomdan erta ajralgan, farzandlar tarbiyasi-yu, ularni ulgʻaytirishini qoʻllariga olgan momom boshlariga katta etakni qoʻyib daladan molu qoʻylarni boqish uchun oʻt tashirdilar. Ikki qoʻllarini beliga qoʻygancha, olis-olis yoʻl bosib, mardonavor yurib kelar edilar…

Oʻsha voqealarni koʻrib, momomning shunchalar qaddi tik, sogʻlomligi, baquvvatligini tasavvur qilganman. Bugun esa, momomning oʻsha paytdagi qiyofasida oʻzbek ayolining mardonavor timsolini koʻrib, momomning mehnatkashligi, oilaparvarligi, dilbar shaxsligini ich-ichimdan his qilaman.

Men hozir, ayni kuchga toʻlgan paytimda ham oʻttiz kilogramm chiqadigan xashakni etakda boshimga qoʻyib, qoʻlim bilan ushlamasdan olis masofadan koʻtarib kelishimni tasavvur qilolmayman. Sabrim, matonatim yetarmikan… Kuch-qudratim yetarmikan, deb oʻylanib qolaman.

Momom doimo piyoda yurishni kanda qilmaganlari sabab salomatliklari yaxshi boʻlgan. Sogʻligʻidan noligan emas. Bu matonatli ayolning bir kunlik bajargan yumushlarini bugungi kun ayollari bir haftada bajara olmasalar kerak. Gʻayratli, qoʻli chaqqon ayol edilar. Momojonimga – barcha uchun birdek qaygʻuradigan bir ayolga yaratgan egam beqiyos metin iroda-yu, sabot ato qilgan edi. Momomiz boshdan oʻtkazgan qaygʻuni, tashvishni har qanday ayol ham koʻtarishga, yengishga qodirmikan, deb oʻylab qolaman. Oʻzbegimning momolariga xos sabru qanoat bor ekan, oilada hamisha baxt ustun boʻladi.

Bu yorugʻ olamda har bir inson tugʻilgan kunidan toki soʻnggi kuniga qadar yashash uchun kurashishda ne-ne mashaqqatlar va quvonchlarni boshdan kechiradi. Ulugʻ momoning hayoti mazmunli va tasodiflarga boy boʻlgan desam, mubolagʻa qilmagan boʻlaman. Rahmatli bobomdan judo boʻlgan kundan boshlab momomning hayotida ikkinchi davr sahifasi ochiladi. Bu mashaqqatli va sinovli davr… Hayot yoʻllari va yillari insonni tarbiyalaydi, tabiat taʼlimida pishirib boradi.

Toʻqsondan oshgan momomizning toʻylarda, yaxshi kunlarda yoshlar bilan davra aylanib raqs tushganini koʻrganlar tetik, bardam-baquvvat, doimo salomat yurishlariga qoyil qolar edilar. Nigohi oʻtkir, soʻzi dur Ulugʻ momo anvoyi gullarning shaydosi edilar. Chakkasiga rayhon taqqancha oʻzbekmomolarning yorqin bir timsoli sifatida qutlugʻ qadamjolarni ziyorat qilishni, piyoda yurishni juda sevar edilar. Kimki suhbatga tortsa yoki tanishib qolsa, 35 ta nevaram, 65 ta chevaram, 5 ta evaram bor, deb yuraklari faxrga toʻlib gapirardilar doim. “Men boy momoman. Shuncha farzandlarim bor, ularni koʻrganimdan, toʻylarida bosh boʻlganimdan xursandman. Yana umr bersa Xudoyim, evaralarimning toʻylarini ham koʻrsam, ularga toʻnlar tiksam, armonim qolmasdi”, deb duo qilardilar doim.

Daraxtlar ichida uzoq yashagan va ildizi koʻp, soyasi keng chinor boʻladi. Ulugʻ momomni ulkan chinorga qiyoslagim keladi. Chinordek baquvvat edilar, metinqalb edilar, irodalari mustahkam edilar… Ildizlari esa bir olam avlodlari sanaladi. Bekmurod bobom bilan baxtli hayot kechirib serfarzand boʻlishgan. Toʻngʻich farzandi – Nevara aya boʻladilar. Mening davlatim… Baxtim-quvonchim… Bu dunyoda boyligim – mehrquyoshim onam.

Shu yil bahorda hovlimizga keldilar. Koʻzlarida qandaydir soʻlgʻinlik bor edi. Oʻn kun mehmon boʻldilar uyimizda. Ketish pallasi uzoq xayrlashdilar biz bilan… Bolam, endi boshqa kelolmayman, xafa boʻlmagin. Mana bu hassam senga meros. Menga oʻxshab yuz yoshlarga kirib yurgin, deb duo qildilar. Momoning koʻzlarida yosh qalqdi. Goʻyoki, boshqa koʻrishmaydigandek… Yuragim boshqacha, oʻzim gʻalati boʻlib ketdim… Yigʻlagim keldi.

Rahmatli Ulugʻ momomizni oddiy choʻpakdan boʻlgan hassalari boʻlardi. Oddiy choʻp… Shu oddiygina choʻpning momom bilan naqadar yaqin boʻlib ketgani, sirdosh boʻlib, yelkadosh boʻlib yurgani, doimo sodiqligi, minnat qilmasdan yoʻlida ravona boʻlishi – bu esdalik boʻlib qolgan xotirot.

Toʻdamaydon qishlogʻi koʻchalarini shu hassa bilan kezardilar… Momomning koʻp dardiga sherik boʻlgan ham shu hassa… Inson yolgʻiz qolsa oʻzi bilan oʻzi gaplashadi. Bularning barchasiga hassa guvoh boʻlgan boʻlsa ne ajab.

Shu muborak hassani momojonim menga vasiyat qilib qoldirdilar.

“Bolam, bu hassani olib qoʻy, menga oʻxshab toʻqsondan oshib, yuz yoshlarga kirib yurgin”, – deb uzoq duo qildilar. Oddiy tayoqdan boʻlgan bu tabarruk hassa qirq yildan buyon suyanchiq boʻlgan ekan. Bir insonni qirq bahorni koʻrishiga teng umr kechirgan hassa. Har kuni shu hassaga bir qarab qoʻyaman. Shu hassa kabi bizni yordamimiz tegmagan-a, deb xayol suraman. Yonlarida boʻlolmaganimizdan oʻksinaman. Menga meros hassa… Momomni koʻrgandek boʻlaman uni qoʻlga olib.

Oʻsha kungi diydor onlari momomning soʻnggi vidolashishi ekan. Ulugʻ ayyom kunlari Ulugʻ momo omonatini topshirdilar. Tumonat odam yigʻildi. Hamma yoshi ulugʻ momoning kiyimlarini boʻlib olishar, soʻnggi manzilga yoʻl olgan chubin otga qoʻl choʻzishib, koʻtarishardi.

Momoning marjon soʻzlari, ijobat duolari, barcha orzulari roʻyobga chiqdi. Ulugʻ momo ekkan rayhonlar koʻklab, atrofga boʻy taratdi. Uning nasimi momom yashab oʻtgan hovlini tutdi.

Rayhonlar… Jannat atrini taratgan gullar… Momom mangu qoʻnim topgan uyda ham atrin toʻkib yotadi bu jannat gullari. Kokillarin oʻynatib, sabolarda tebranib qoʻshiq aytadi…

 

Mansur YUNUS

 

“Oila davrasida” gazetasidan olindi.

https://saviya.uz/ijod/publitsistika/ulug-momo/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x