Oʻsmayotgan yoshlar

Boʻrini ikki oyogʻi boqadi degandek, Xolparangni ikki qoʻli boqadi. U tinmay mehnat qilsa kerak, dersiz. Yoʻq, yanglishdingiz, uning ikki qoʻli hamisha koʻksida.

Masalan, ikki qoʻlida ikki jomadon koʻtarib kelayotgan boʻlsayu, mabodo xoʻjayini mashinada oʻtib qolgudek boʻlsa, ikki jomadonni “taq” etib yerga qoʻyadiyu, mashinaning qorasi oʻchgunicha ikki qoʻli koʻksida taʼzimda egilib turadi. Nega deganda, mashinaning orqani koʻrsatadigan koʻzgusida xoʻjayini uni kuzatib ketishi mumkin-da!

Ayniqsa, majlislarda joni kiradi. Xoʻjayini ikki ogʻiz soʻz ochsa boʻldi: ikki qoʻli qavarguncha qarsak chaladi. Birinchi boshlab, oxiri tugatadi. Xoʻjayini hatto radioda gapirsa ham u oʻrnidan turib, qarsak chalib yuboradi. Oʻtirganlardan bitta-yarimta: “Ciz radioda gapirganingizda Xolparang oʻrnidan turib chapak chaldi”, deb yetkazishidan umid qiladi.

U yopiq saylov usulini nihoyatda yomon koʻradi, chunki uning ovoz berayotganini hech kim koʻrmaydi-da. Ochiq ovoz berishda yayraydi: xoʻjayin koʻradigan joyga oʻtirib olib, ikki qoʻliniyam baravar koʻtaradi. Birov nega ikki qoʻlingni koʻtarasan desa, men xoʻjayinga asirman, degan hazil ham topib qoʻygan.

Va nihoyat, mehnatlari zoye ketmadi. Uni xoʻjayini yaqinda boʻlim boshligʻi qilib koʻtardi. Xolparang hozir ikki qoʻli bilan mehnat qiladiganlarni mashinasining orqani koʻrsatadigan koʻzgusidan kuzatib yuribdi. Baʼzan taʼzimkor yoshlar oʻsmayotganidan nolib qoʻyadi.

 

Haydar MUHAMMAD

 

“Oila davrasida” gazetasidan olindi.

https://saviya.uz/ijod/nasr/osmayotgan-yoshlar/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x