Uchtepa


Post Views:
1 333

UCHTEPA – ilk o‘rta asr qishloq xarobasi (6-8; 10-15-asr boshi) – Oqtepa maydonidagi «Mebel» do‘koni o‘rnida joylashgan uchta tepalikdan iborat. Binkat atrofidagi hunarmandlar yashaydigan qishloq bo‘lib, asosan sopol va shisha buyumlari bilan shuhrat qozongan. Mo‘g‘ullar istilosi (13-asr boshi)dan so‘ng, 14-15-asrlarda hayot qisman tiklangan. 1966 yilgi Toshkent zilzilasidan so‘ng shahar va uning atrofida keng qurilish ishlari olib borilishi jarayonida tekislanib tashlangan. Toshkentdagi tumanlardan biri Uchtepa nomi bilan atalgan.

«UCHTEPA» MAHALLASI (Mag‘zuna ko‘chasi, 16a-uy) – Uchtepa tumanidagi mahalla. «Hojiobod», «Chamanzor», «Ko‘rkamobod», Sakkokiy hamda «O‘rikzor» mahallalari bilan chegaradosh. 1967 yil tashkil topgan. Aholisi 2925 kishi, asosan, o‘zbeklar, shuningdek, 10 dan ortiq millat vakillari yashaydi. Mahallada «Mirboboota» jome masjidi joylashgan. Mahalla aholisi qad.dan dehqonchilik va bog‘dorchilik bilan mashg‘ul bo‘lgan.

UCHTEPA TUMANI (Farhod ko‘chasi, 21) – Toshkentdagi ma’muriy-hududiy birlik (6.05.2005 yil 6 maygacha Akmal Ikromov). 1977 yil 15 sentyabrda Chilonzor va Oktyabr (hozirgi Shayxontohur) tumanlarini ixchamlashtirish maqsadida, ular hududida tashkil etilgan. Janubi va janubi-sharqdan Zargarlik va Guliston ko‘chasi bilan boshlanib, g‘arb va shimoli-g‘arbda Toshkent avtomobil halqa yo‘li orqali Qoraqamish kanaliga tutashadi. Maydoni 2400 gektar, jumladan, ko‘kalamzor yerlari – 486 gektar. Aholisi 237,6 ming kishi (2009). Ko‘chalar soni 481 ta. Asosiy ko‘chalari: Lutfiy, Mannon Uyg‘ur, Farhod, Istirohat, Foziltepa, Nazarbek, Beshqayrag‘och va Kichik halqa yo‘li. Tumanda 53 ta mahalla va Chilonzor 9a, 11-15, 21-26 mavzelari mavjud. Tuman hududidan Bo‘zsuv va Qoraqamish kanallari oqib o‘tadi.

Tumanda 2650 ta korxona va tashkilot, 2208 ta kichik korxona va mikrofirma, 97 ta qo‘shma korxona ro‘yxatga olingan. Zargarlik zavodi, non-qandolatchilik, sut kombinatlari, «Momiq tekstil», «VBD-Toshkent» xorijiy korxonalari, «Fonon», «Toshtatraservis», «Osiyo-Fud» korxonalari, tikuvchilik birlashmasi, «Elektroshchit», «Shayxontohur-tekstil» qo‘shma korxonalari, «Hisoblash texnikasini ta’mirlash» korxonasi, 14 transport korxonasi va qurilish tashkilotlari mavjud. Tumanda Jahon tillari universiteti, Davlat soliq akademiyasi, san’at internat maktabi, 3 ta akademik litsey, 6 kasb-hunar kolleji, 32 umumiy ta’lim maktabi, 2 sport maktabi, 2 o‘quvchilar ijodiyot markazi, 50 bolalar bog‘chasi va yaslisi, 3 sport majmuasi («Qo‘rg‘ontepa», «Jurjoniy», «Uchtepa»), 5 oilaviy va stomatologiya poliklinikasi, ko‘p tarmoqli poliklinika, 4 kasalxona va dispanser bor. Tuman aholisiga 2570 dan ziyod savdo, 113 umumiy ovqatlanish, 431 maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchasi, 98 dorixona xizmat ko‘rsatadi. 2 madaniyat uyi, 2 tennis korti, 10 suzish havzasi, 58 sport zali, 183 sport maydonchasi, «Vatan» kinoteatri, «Bog‘ishamol» madaniyat va istirohat bog‘i, Farhod dehqon bozori bor. Tumanda qurilish ishlari 1966 yildan boshlangan. Toshkentni rekonstruktsiya qilish va rivojlantirish Bosh planiga muvofiq tumanda katta qurilish ishlari olib borilmoqda; 270-,272-ATS, stomatologiya poliklinikasi, maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari, «Karvon bozori», «O‘rikzor», «Guliston» turar joy mavzelari, bolalar bog‘chalari, maktablar qurilib foydalanishga topshirildi. Farhod va Mannon Uyg‘ur ko‘chasi kengaytirildi. Uchtepa tumanida respublika ahamiyatidagi me’moriy yodgorliklardan Cho‘ponota majmuasi (17-asr), Foziltepa (5-10-asrlar) arxeologiya yodgorligi, mahalliy madaniy meros ob’yektidan Saidvaqqos masjidi va boshqalar saqlangan.

«Toshkent» entsiklopediyasi. 2009 yil

https://shosh.uz/uz/uchtepa-2/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x