Toshkent fenologik kalendari


Post Views:
241

FENOLOGIK KALENDAR – tabiatdagi turli hodisalarning muayyan mavsumdagi oylar ichida boshlanish va tugash vaqtini ko‘rsatadigan kalendar.

Toshkentda ham O‘rta Osiyoning aksari qismidagi kabi iqlim mavsumlari yaqqol namoyon bo‘lmaydi. Ikki davr: issiq va sovuq davrlar yaxshi farqlanadi. Har bir oy har yili takrorlanadigan ma’lum ob-havo sharoitlari bilan tavsiflanadi. O‘rtacha sutkalik havo tempuraturasining 50S dan yuqoriga ko‘tarilishi barqaror bo‘lgach (bu muddat o‘rtacha olganda mart oyining boshlanishiga to‘g‘ri keladi), aksari o‘simliklar o‘z vegetatsiya (o‘sish) davrini boshlaydi, shuning uchun Fenelogik kalendarning boshlanishi Toshkentda mart oyiga to‘g‘ri keladi.

O‘zbekistonda bahorda sovuq havo mavjlarining (to‘lqinlari) tamom bo‘lish sanalari quyidagicha: a) 18-24 martga, eng kechkisi esa 4-8 aprelga to‘g‘ri keladi; b) 26-31 mart, kechkisi 12-16 aprelda bo‘ladi; v) 9-15 aprel, kechkisi 26-30 aprel; g) 24-30 aprel, kechkisi 11-15 mayda kuzatiladi. Bu davrlarda shahrimizdagi o‘simliklarning aksari qismi qorasovuqdan zarar ko‘radi.

Shaharda qorasovuqsiz davr davomiyligi havoda 235 kunni, tuproqda esa 184 kunni tashkil etadi. Kuz faslida havoda 1-qorasovuqning eng ertangisi 10 oktyabrga to‘g‘ri keladi va eng yuqori qorasovuq esa 1971 yilda 22 dekabrda kuzatilgan.

Qorasovuqdan zarar ko‘radigan o‘simliklarning manfiy haroratdan zarar ko‘radiganlari: boshoqli don ekinlari va no‘xatning unib chiqqan navlari -80, -100; kungaboqar, lavlagi va sabzi esa -50, -70; soya, rediska -30, -50; makkajo‘xori, kartoshka -20, -40; bodring, pomidor, loviya 0,5-20. Tokning bahorda kurtak yozishidan oldin -10, -1,50, gul kurtak uchun -10 bo‘lsa halokatli hisoblanadi, guli va g‘unchasi esa -0,50 dan zarar ko‘radi.

Toshkent bog‘lari uchun xavfli meteorologik hodisalarning asosiylari iliq davrda – qorasovuqlar, qurg‘oqchilik, quruq issiq shamol – garmsel, changli bo‘ronlar, do‘l, kuchli jalalar, qishda esa, qattiq sovuqlar, yaxmalak, muz qatqaloqlari, qorsizlik yoki qalin qor qoplami va boshqalardan iborat. Bular, o‘z navbatida, shaharning fenologik kalendarini me’yor muddatlaridan chetlashishiga, ya’ni erta yoki kech kelishiga olib keladi.

Mart. O‘rtacha oylik temperatura 8,50, mutlaq minimum temperatura -19,60 (1898), mutlaq maksimum temperatura 32,50 (1971). O‘rtacha oylik yog‘in miqdori 72 mm. Piyozboshli o‘simliklarda barg va g‘unchalar paydo bo‘ladi. Bog‘ va xiyobonlarda kapalakgul, pushti va oq dastargul, oqterak, keyinroq qayrag‘och, olcha, o‘rik, shaftoli, olxo‘ri gullaydi; qo‘ziqorinlar paydo bo‘la boshlaydi. Qushlardan jiblajibon, qaldirg‘och, qorauzunqanot, sassiqpopishak, chug‘urchuqlar uchib keladi. Qishki mavsum qushlari (go‘ngqarg‘a, olaqarg‘a) uchib ketadi. Suvda va quruqda yashovchilar (ko‘l baqasi, yashil qurbaqa) va sudralib yuruvchilar (bilakuzuklar, sariqilon, suvilon), sutemizuvchilardan ko‘rshapalak uyqudan uyg‘onadi. Baliqlar uvildiriq (ikra) tashlaydi. Hasharotlar ko‘rina boshlaydi. Asalarilar inlaridan chiqadi, zag‘izg‘onlar uya qurishga kirishadi.

Aprel. O‘rtacha oylik temperatura 15,40, mutlaq minimum temperatura -6,30 (1913), mutlaq maksimum temperatura 35,40 (1912). O‘rtacha oylik yog‘in miqdori – 64 mm. Aksari yomg‘ir (jala), ko‘pincha, momaqaldiroq bo‘lib, yomg‘ir do‘l aralash yog‘adi, kuchli shamol esadi, ba’zan, qor yog‘ishi mumkin. Qorning eng so‘nggi erish vaqti 1920 yil 27 apr.da qayd etilgan. Daraxtlar, tok barg yozadi. Gilos, olcha, nok, behi, siren, atirgul, lola gullaydi. Uya soluvchi qushlar (zarg‘aldoq, qarqunoq, bulbul, moyqut)ning gala bo‘lib uchib kelishi, olaqarg‘a, go‘ngqarg‘a, savalarning uchib ketishi tugallanadi. Shalpangquloq tipratikan qishki uyqudan uyg‘onadi. Qorayaloqlar uya yasay boshlaydi. Suv havzalarida ninachi lichinkalari paydo bo‘ladi.

May. O‘rtacha oylik temperatura 20,30, mutlaq minimum temperatura -1,70 (1989), mutlaq maksimum temperatura 39,50 (1961), biroq ob-havo turg‘un bo‘lmaydi. Ko‘pincha, momaqaldiroq bo‘lib, do‘l, kuchli jala yog‘adi, tez-tez kuchli shamol esadi. O‘rtacha oylik yog‘in miqdori – 32 mm. Buldenej, qirqog‘ayni, yasmin, atirgul, pion, gulsapsar, sikoriy, tok, jiyda gullaydi. Qulupnay, gilos pishadi. Pushti chug‘urchuqlar uchib keladi. Qizilishton, sassiqpopishak, ko‘kqarg‘a, chivin-tolkunets, zararkunanda hasharotlar paydo bo‘ladi.

Iyun. O‘rtacha oylik temperatura 25,60, mutlaq minimum temperatura 3,80 (1924), mutlaq maksimum temperatura 42,50 (1900). Oylik o‘rtacha yog‘in miqdori – 7 mm. Oy boshlarida jalali yomg‘irlar, momaqaldiroq, do‘l bo‘lib turadi. O‘rik, olcha, gilosning kechki navlari, olma, shaftoli, nok, uzum, poliz ekinlarining ertangi navlari pishadi. Ilongul (gladiolus), itog‘iz, chinnigul, kartoshkagul (georgina) va boshqalar gullaydi. Hasharotxo‘r qushlar (qaldirg‘och, jarqaldirg‘och, chug‘urchuq, mayna, zarg‘aldoq, ko‘kqarg‘a, bulbul) tuxumidan jishbola ochib chiqadi. Kechqurunlari bulbul va boshqa sayroqi qushlarning ovozi tinmaydi.

Iyul. O‘rtacha oylik temperatura 27,60, mutlaq minimum temperatura 8,20 (1946), mutlaq maksimum temperatura 44,60 (1997). Tuproq qatlamining yuzasi ochiq yerlarda 700 gacha qiziydi. Osmon bulutsiz, havo namligi kam. O‘rtacha oylik yog‘in miqdori – 4 mm. Shaftoli, tog‘olcha, nok va uzum pisha boshlaydi. Aylant (sassiq daraxt), lenkoran akatsiyasi gullaydi, qashqargul (astra), tizimgul, nasturtsiya (lotin chechagi), zafargul va boshqalar ochiladi. Qushlar tullaydi. Qush bolalari uyalarini tark eta boshlaydi. Jarqaldirg‘ochlar uchib ketadi.

Avgust. O‘rtacha oylik temperatura 25,50, mutlaq minimum temperatura 5,60 (1968), mutlaq maksimum temperatura 43,10 (1944). O‘rtacha oylik yog‘in miqdori – 2 mm. Uzum, shaftoli, olxo‘ri, olma va boshqalar g‘arq pishadi. Zarg‘aldoq, bo‘zdoq kabi qushlar uchib keta boshlaydi. Kapalaklar, qora chigirtka, qo‘ng‘izlar hamon ko‘p uchraydi.

Sentyabr. O‘rtacha oylik temperatura 200, mutlaq minimum temperatura 0,10 (1973), mutlaq maksimum temperatura 39,80 (1975). O‘rtacha oylik yog‘in miqdori – 4 mm. Olma, uzumning kechki navlari, yong‘oq, behi, anor, do‘lana mevalari, anjir, na’matak va boshqalar pishib yetiladi. Xrizantemaning ertaki navlari, gultojixo‘roz gullaydi. Go‘ngqarg‘a, olaqarg‘a uchib keladi, qiziltush, sayroqi qushlar ko‘rina boshlaydi. Shahar atrofi hududlarida bedanalar ko‘p uchraydi. Qarqunoq, qaldirg‘och, bulbul, hasharotxo‘r qushlar, moyqut, jiblajibon, ko‘kqarg‘a janubga keta boshlaydi. Baqalarning qurillashi kamayadi.

Oktyabr. O‘rtacha oylik temperatura 13,30, mutlaq minimum temperatura -11,40 (1909), mutlaq maksimum temperatura 39,80 (1973). O‘rtacha oylik yog‘in miqdori – 34 mm. Zarang, akatsiya, qayrag‘och, gledichiya, dub, oqterak, chinor va boshqalar barglari to‘kila boshlaydi. Qushlarning ko‘plab uchib ketishi boshlanadi. Savalar paydo bo‘ladi, dalalardagi go‘ngqarg‘a, zog‘cha, olaqarg‘alar shaharda tunay boshlaydi.

Noyabr. O‘rtacha oylik temperatura 7,80, mutlaq minimum temperatura -22,10 (1954), mutlaq maksimum temperatura 300 (1979). O‘rtacha oylik yog‘in miqdori – 45 mm. Daraxtlarning barglari sarg‘ayadi va qo‘ng‘ir rangga kiradi, barglarning to‘kilishi tugallanadi. Ob-havo qulay kelgan vaqtlarda vegetatsiya davri davom etadi. Dub, chinor barglarining yashilligi sovuq tushgunga qadar saqlanadi. Shaharda go‘ngqarg‘a, olaqarg‘a, zog‘cha, dala chumchuqlari, sava, so‘fito‘rg‘ay, mayna, chittaklar tez-tez ko‘rinib turadi. Ko‘rshapalaklar qishki uyquga ketadi.

Dekabr. O‘rtacha oylik temperatura 3,40, mutlaq minimum temperatura -29,50 (1930), mutlaq maksimum temperatura 25,90 (1989). O‘rtacha oylik yog‘in miqdori – 53 mm. Qarg‘a, zog‘cha, qizilto‘sh va b. shu kabi qushlar shaharda tunaydi. Shahar atrofida so‘fito‘rg‘ay, zag‘izg‘on, mayna va chittak, qizilqum chumchug‘i ko‘plab uchraydi.

Yanvar. O‘rtacha oylik temperatura 0,60, mutlaq minimum temperatura -29,50 (1930), mutlaq maksimum temperatura 220 (1966). O‘rtacha oylik yog‘in miqdori – 54 mm. Qor qoplamining maksimal qalinligi – 54 sm (1969). Qushlardan, asosan, qizilishton, chittak, zog‘cha, olaqarg‘a, go‘ngqarg‘a, chug‘urchuq, so‘fito‘rg‘ay, qorashaqshaq va boshqalar uchraydi.

Fevral. O‘rtacha oylik temperatura 2,50, mutlaq minimum temperatura -25,70 (1900), mutlaq maksimum temperatura 25,60 (1963). Yomg‘ir va qor yog‘adi. O‘rtacha oylik yog‘in miqdori – 47 mm. Ba’zi mevali daraxtlar tanasida suv yura boshlaydi. Maysalar paydo bo‘lib, binafsha, qoqio‘t, boychechak, tuyatovon (ko‘ka), bodom va boshqalar gullaydi. So‘fito‘rg‘ay shahardan uchib ketadi, zog‘cha, olaqarg‘a va boshqalar soni kun sayin kamayib boradi. Bu qushlar asta-sekin shimolga uchib keta boshlaydi. Dastlab uchib kelgan jiblajibonlar ko‘rina boshlaydi. Iliq kunlar ochiq yerlarda kaltakesaklar oftobda isinadi.

«Toshkent» entsiklopediyasi. 2009 yil

https://shosh.uz/uz/toshkent-fenologik-kalendari-2/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x