“Uch yulduz”li konsern

“Samsung” soʻzi koreys tilida «uch yulduz» degan maʼnoni anglatadi. Kompaniyaga bunday nom berilishi uning asoschisi Li Byon Chxolning uch nafar oʻgʻil koʻrgani bilan bogʻliq boʻlishi mumkin. Hozir konsernni asoschining kenja oʻgʻli Li Gon Xi (1987 yildan) boshqardi.

 

Konsern haqida

Shakli: Sanoat konserni

Tashkil topgan yili: 1938

Joylashgan yeri: Janubiy Koreya, Seulning “Coxo Samsung Town” mavzesi

Kompaniya rahbarlari: Li Byon Chxol (asoschi), Li Gon Xi (rahbar)

Yillik savdo aylanmasi: 220,1 mlrd AQSH dollari (2011)

Sof foyda: 26 mlrd AQSH dollari (2011 yil)

Ishchilari soni: 369 ming kishi (2011 yil)

Veb-sayti: www.samsung.com

 

Kompaniyaning tashkil topishi

1930-yillari koreyalik ishbilarmon Li Byon Chxol guruch uni ishlab chiqarish ishiga kirishadi. Tegu shahrida uncha katta boʻlmagan ombor quradi. Ana shu ombor “Samsung” kompaniyasiga tamal toshi boʻladi. Bu paytda Koreya Yaponiyaga qaram edi, shu sababli mamlakatda xususiy tadbirkorlik bilan shugʻullanish nihoyatda qiyin kechgan. Shunga qaramasdan 1938 yili Li Koreya va Manchjuriyaga mahsulotlarni eksport qilish yoʻlini topadi. Guruch, shakar va quritilgan baliq kabi mollarning keng miqyosda sotila boshlashi “Samsung Trading Company” savdo belgisini roʻyxatdan oʻtkazish imkonini beradi. Li Byon kompaniyaga koreyscha emas, inglizcha ot qoʻyadi. Buning zamirida boshqa bir maqsad bor edi. Chunki 1950-yillarning oxirida kompaniya Amerika qitʼasi mamlakatlari bilan savdo-sotiq ishlarini yoʻlga qoʻyadi.

 AQSH qoʻshinlari Koreya yarimoroliga kirib kelgach, kompaniya mahsulotlarini sovet qoʻshinlariga sota boshlaydi. Koreyadagi urush bu biznesga nuqta qoʻyadi. Omborlar portlatiladi, yoqiladi, kompaniyaning asosiy zavodlari ham kuyib kulga aylanadi.

Aytishlaricha, Li Byon uyining xarobalari orasidan pullari yashirilgan qutini topib oladi va yangi ishga kirishadi. Tekstil fabrikasi, shakar zavodi quradi, keyinroq esa sugʻurta biznesi bilan shugʻullana boshlaydi. Li Byon juda tez boyib ketadi. 1960 yillarda Koreyada oʻrtacha daromad aholi jon boshiga 80 dollarni tashkil etardi. Yaʼni, koʻpchilik odamlar qiyinchilikda yashardi. Bu davrda hatto poytaxt Seul ham doimiy elektr bilan taʼminlanmagan edi, elektr energiya maʼlum bir muddatgagina yoqilardi, xolos. Markazlashgan suv taʼminoti tizimi oʻrnatilmagan edi. Baxtga qarshi, harbiy toʻntarish Li Byonning doʻsti – prezident Li Sin Man hokimiyatiga barham beradi. Natijada, sobiq prezidentning yaqini sifatida boy tadbirkor Li Byon ham qamoqqa olinadi.

 

“Samsung” Koreya urushidan keyin

Koreyaning yangi prezidenti Pak Chon Xi iqtisodiyot va sanoat sohasida islohot oʻtkazadi. Unga koʻra, asosiy eʼtiborni eksportga qaratish, bu borada ayniqsa AQSH bilan aloqalarni mustahkamlash zarur edi. Chetdan olingan qarzga xomashyo va texnika xarid qilish koʻzda tutiladi. Qayta ishlab sotishdan tushgan foydaga yana xomashyo va texnika xarid qilish mumkin. Koreyalik islohotchilar barqaror iqtisodiyot katta konsernlargagina tayanishi mumkin degan xulosaga keladi. Biroq bunday konsernlarni juda qisqa muddatlarda tashkil etish kerak edi. Shu bois eng boy biznesmenlarga davlat katta miqdorda qarz beradi va yirik konsernlarga oʻzi buyurtmachi boʻladi. Soliq va huquq-tartibot sohasida yengilliklar yaratiladi, natijada kichik korxonalar kuchayib, katta konsernlarga aylana boshlaydi.

Shunday qilib, jami 30 ta katta kompaniya tuziladi. Ularga «chyoboli» – «puldor oilalar» deb nom beriladi. Qayta tuzilgan konsernlar orasida “Samsung”dan tashqari, “Daewoo”, “Hyundai”, “Goldstar (LG)” va boshqalar bor edi. Har bir «puldor oila» oʻz yoʻnalishiga ega boʻlgan. “Daewoo” avtomobil ishlab chiqarishga, “Goldstar” maishiy texnikaga, “Samsung” elektronikaga, “Hyundai” qurilishga ixtisoslashgan edi.

 

Kompaniyada islohotlar

Janubiy Koreya iqtisodiyoti juda katta tezlikda – yiliga 4 foizdan 14 foizgacha oʻsishda rivojlana boshlaydi. Bu yillarda eksportning oʻsish darajasi 30 foizni tashkil etadi. 1969 yilda “Samsung” “Sanyo” kompaniyasi bilan birlashadi va oq-qora televizorlar ishlab chiqarishga kirishadi. Oʻsha vaqtda Koreyaning bor-yoʻgʻi 2 foiz aholisigina televizorga ega edi.

“Samsung” va “Sanyo”ning birlashuvi yirik sanoat sektorlaridan biri – “Samsung Group” – “Samsung Elektronics”ning yuzaga kelishiga sabab boʻldi. Kompaniya katta yoʻqotishlarga qaramay 1980 yillardagi iqtisodiy inqirozdan omon chiqdi. Inqiroz oqibatida bir qancha tarmoq kompaniyalari yopildi.

Kompaniya rahbari Li Byon Chxol olamdan oʻtganidan ikki hafta keyin – 1987 yil 1 dekabrda konsern boshqaruvini uning kenja oʻgʻli Li Gon Xi qoʻlga oldi va keng miqyosda islohotlar oʻtkazdi. Konsern marketingi butunlay qayta tashkil etildi, kompaniya nishoni yangilandi.

 

Yangi tarmoqlar va yutuqlar

1983 yildan shaxsiy kompyuterlar ishlab chiqarila boshlandi.

1991 – 1992 yillarda shaxsiy mobil vositalar va mobil telefonlar ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi.

1999 yili konsern elektron maishiy texnika ishlab chiqarish boʻyicha «Forbes Global» jurnalining mukofotiga sazovor boʻldi.

Hozir “Samsung Group” konserni tarkibiga kimyo texnologiyalari sanoati, ogʻir va yengil sanoat, qurilish, avtomobilsozlik, marketing va reklama, moliya va sugʻurta, sayyohlik va dam olish xizmati kabi sohalarda faoliyat yuritadigan yetakchi korxonalar kiradi.

Konsernga tegishli LCD monitorlari va televizorlar ishlab chiqaradigan zavodlar Janubiy Koreya – Suvon shahri (1981), Vengriya (1990), Malayziya (1995), Buyuk Britaniya (1995), Meksika (1998), Xitoy (1998), Braziliya (1998), Slovakiya (2002), Hindiston (2001), Vetnam (2001), Tailand (2001) va Ispaniyada (2001) faoliyat yuritadi. Bu tarmoq kompaniyaga yiliga 5 mlrd. AQSH dollari olib keladi.

“Interbrand” konsalting kompaniyasi oʻtkazgan tadqiqotlarga koʻra, “Samsung” kompaniyasi savdo belgisining qiymati boʻyicha dunyoda 21-oʻrinda turadi. Uning asosiy raqobatchisi “Sony” esa 25-oʻrinda.

“Samsung” 2012 yilning 1-choragidan boshlab LCD monitorlar va mobil aloqa vositalari ishlab chiqarish boʻyicha dunyoda birinchi oʻrinni egallab turibdi.

“Samsung Electronics“ 2005 yildan “Chelsi” futbol jamoasining (Angliya) nishon homiysi hisoblanadi. Shu davrdan boshlab jamoa futbolchilari koʻkragiga kompaniya belgisi tushirilgan moviy-oq rangli kiyimda maydonga tushadi. Shartnoma 2010 yili nihoyasiga yetgach, yana uch yilga uzaytirildi.

Qurilish sohasi kompaniyaga yiliga  2 mlrd AQSH dollari keltiradi. “Samsung Engineering” asosan xorijiy buyurtmachilarga xizmat koʻrsatadi va katta loyihalar bilan shugʻullanadi. “Samsung Group”ning bosh ofisi binosi (Seul), jahondagi eng baland  bino – Burj Xalifa (Birlashgan Arab Amirliklari), Petronas egizak minorasi (Kuala Lumpur), Taybey 101 binosi (Tayvan) kabi dunyoga mashhur inshootlarni ana shu kompaniya qurgan.

 

Orifjon MADVALIYEV tayyorladi.

 


“Ovoza” gazetasining 2009 yil 22 yanvar (№3) sonida “Samsung Group” sarlavhasi bilan chop etilgan.

Izoh: Maqolaga 2013 yilgi maʼlumotlarga asoslanib, baʼzi oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi, ayrim oʻrinlar tahrir qilindi.


https://saviya.uz/turfa-olam/uch-yulduz-li-konsern/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x