Ayollar jinsiy a’zolarida uchraydigan onkologik kasalliklar ichida tuxumdonlar saratoni bachadon bo‘yni saratonidan keyin 2-3-o‘rinni egallaydi, shu bilan birga o‘lim ko‘rsatkichlari bo‘yicha esa birinchi o‘rinda turadi. Bu kasallik ayollarda aniqlangan onkologik kasalliklari ichida 5 foizni tashkil etadi, o‘lim holati esa 6 foizni tashkil qiladi.
Tuxumdonlar saratoni bilan kasallanish butun dunyo mamlakatlari bo‘yicha turli ko‘rsatkichlarga ega, bu kasallik uchrashining yuqori darajasi rivojlangan mamlakatlarga to‘g‘ri keladi (Daniya, Kanada, AQSH). Ammo dunyo bo‘yicha Yaponiyada tuxumdonlar raki bilan kasallanish eng past darajada. Bundan tashqari, rivojlanib kelayotgan mamlakatlarda ham tuxumdonlar saratoni bilan kasallanish past (Hindiston, Nigeriya, Kuba).
Hozirgi kunda ilmiy adabiyotlardagi maqolalarga ko‘ra ayollarda tuxumdon saratoni bilan kasallanish va o‘lim ko‘rsatkichi o‘sib bormoqda, shuni ham ta’kidlab o‘tish kerakki, o‘sma kasalliklari borgan sari yosh organizmlarda uchrashi ko‘proq kuzatilmoqda.
Tuxumdonlar saratoni sabablari
Tuxumdonlar saratoni kelib chiqish sabablari shu kunga qadar noaniq. Bu o‘smalarning xilma-xilligini hisobga olib, tuxumdonlar o‘smasi rivojlanish faktorini ko‘p sababli (multifaktorial) deb hisoblash mumkin. Ular orasida gormonal, genetik, yoshga ko‘ra o‘zgarishlar, ayniqsa, hayz sikli va homiladorlik vaqtidagi turli patologik o‘zgarishlar, turli bakterial va virusli infeksiyalar, kimyoviy omillar, radiaktiv nurlanishlar tuxumdonlar to‘qimasiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi va saraton kasalligi rivojlanishiga olib keladi.
Bu omillar yakka holda yoki bir qancha omillar bir vaqtning o‘zida ayol organizmiga ta’sir etishi mumkin. Shuning uchun tuxumdonlar funksiyasi, aniqrog‘i, uning gormonal holati buzilishi tuxumdonlar saratoni rivojlanishida asosiy faktorlardan biri deb hisoblash mumkin.
Adabiyotlarda yozilishiga ko‘ra ba’zi viruslar ayol tuxumdonlari to‘qimasiga salbiy ta’sir etib o‘sma kasalligini keltirib chiqaradi. O‘smirlik davridagi rivojlanish vaqtida organizmda gormonal balansning buzilishi, ya’ni ba’zi gormonlarning ko‘p miqdorda ishlab chiqilishi sababli ham o‘sma rivojlanishi uchun sharoit yaratiladi. Shunga ko‘ra hozirgi kungacha tuxumdonlar o‘smasi kelib chiqishining ilmiy asoslangan butun bir konsepsiyasi yo‘q.
Shu bilan birga tuxumdon saratoni va sut bezi saratonlari orasida bog‘liqlik borligi haqidagi epidemiologik materiallar ham fikrni o‘ziga jalb qiladi. Sut bezi saratoni bilan kasallangan ayollarda keyinchalik tuxumdonlar o‘smasi paydo bo‘lish ehtimoli ancha yuqori bo‘ladi.
Kasallik qanday belgilar bilan namoyon bo‘ladi?
Tuxumdonlar saratoni turli yoshdagi ayollarda uchrashi mumkin, ko‘pincha kasallik klimaks va menopauzadan keyingi davrda kuzatiladi.
Kasallikning klinik simptomlari ikki guruhga bo‘linadi: obyektiv va subyektiv.
Obyektiv simptomlar
Obyektiv simptomlar: qorin bo‘shlig‘ida erkin suyuqlik yig‘ilishi (assit) yoki o‘smaning aktiv o‘sishi hisobiga qorin kattalashishi, qorin bo‘shlig‘ida katta hajmli, harakatchan yoki harakati cheklangan, zich, asosan og‘riqsiz, ba’zan og‘riqli hosila paypaslanishiga, hayz sikli buzilishi, qindan turli xil patologik ajralmalar kelishi kuzatiladi.
Subyektiv simptomlar
Subyektiv simptomlar qorindagi turli xil xarakterli og‘riqlar, me’da-ichak traktidagi funksional o‘zgarishlar, yengil diskomfortdan tortib, qabziyatga moyillik va ichak tutilishi belgilari, peshob ajralishining qiyinlashishi, kunlik peshob miqdorining kamayishi va boshqa umumiy simptomlar – ishtaha pasayishi, holsizlik, ozish, noxushlik, tez charchash, mehnatga layoqatning pasayishi, tana haroratining vaqti-vaqti bilan ko‘tarilishi, uyquning buzilishi, agar kasallik o‘pkalarga suyuqlik yig‘ilishi bilan kechsa, nafas siqishi kuzatiladi.
Kasallikning ilk davri asosan simptomlarsiz kechadi, vaqt o‘tishi bilan qorinda, belda, dumg‘azada turli xildagi og‘riqlar, siydik va me’da-ichak yo‘llarida buzilishlar kuzatiladi. Kasallikning keyingi davrlarida esa, o‘sma jarayonining qo‘shni a’zolarga va organizmning boshqa to‘qima va a’zolariga tarqalishi natijasida tananing turli qismlarida intensiv og‘riqlar, kaxeksiya (ozib ketish), siydik ajralishining buzilishi, ichak tutilishi holatlari kuzatiladi.
Tuxumdon saratoni kasalligini tashxislash
Tuxumdon saratonini barvaqt aniqlash uchun hozirgi zamon meditsinasida yetarli shart-sharoitlar mavjud. Ayol kishining o‘z sog‘lig‘iga e’tiborli bo‘lishi asosiy omildir.
Tashhislashning birinchi etapida anamnez yig‘ish, umumiy ko‘rik, qin orqali va rektovaginal ko‘rik, Duglas bo‘shlig‘i surtmasini sitologik tekshirish bajariladi. Anamnez yig‘ish qulay sharoitda va bemor bilan yuzma-yuz o‘tkaziladi. Ichki tekshiruvlar ichak va siydik qopi tozalangan (bo‘shatilgan) holda bajariladi yoki qorin bo‘shlig‘idagi suyuqlik evakuatsiya qilingandan so‘ng o‘tkaziladi.
Genital ko‘rik orqali ko‘rishning muhim ahamiyati shundaki, faqat shu yo‘l bilan bachadon va tuxumdonlarni yaxshi paypaslash, o‘sma jarayonini aniqlash mumkin. Shu bilan birga hosilaning yuzasi, konsistensiyasi va hajmini ta’riflash mumkin. Tuxumdon o‘smalari katta bo‘lmasa, harakatchan, yuzasi silliq, bemor shikoyatlari noaniq bo‘lganida qo‘shimcha tashhislash usullarini qo‘llash kerak. Ularga rentgenologik, ultratovush, kompyuter tomografik, endoskopik, laparoskopik, radionuklid tekshirish usullari kiradi.
Morfologik tekshiruv
Tuxumdonlar saratonini morfologik, ya’ni o‘sma hujayralarini mikroskop orqali aniqlash usuli o‘z aktualligini saqlab kelmoqda. Ko‘p holatlarda kasallikni aniqlashda qorin bo‘shlig‘idan olingan suyuqlik (assit) yoki o‘pkalardan olingan suyuqlikni mikroskopik tekshirish bilan o‘sma hujayralarini aniqlash mumkin.
Rentgenologik tekshirish
Rentgenologik tekshirish usullari yordamida o‘pkada o‘sma o‘choqlari yoki suyuqlik bor-yo‘qligi aniqlanadi, o‘sma jarayonining ichaklarga tarqalish darajasi ham rentgenografik yo‘l bilan tekshiriladi. Ultratovush tekshiruvi o‘smaning qaysi a’zodan rivojlangani, uning strukturasi, qo‘shni a’zolar bilan bog‘liqligi, boshqa a’zo va to‘qimalarda metastazlar borligini aniqlashda yuqori ahamiyatga egadir. Ultratovush tekshiruvida eng zamonaviy apparaturalar va tekshirish usullari qo‘llaniladi.
Kompyuter tomografik tekshiruv
Kompyuter tomografik tekshiruv asosan yo‘g‘on ichak, siydik qopi, bachadon va bachadon ortiqlarining joylashishini ko‘rish uchun va kichik chanoq devorlaridan chiquvchi hajmli hosilalarni aniqlashda ahamiyatlidir. Kompyuter tomografiya tekshiruvlariga ko‘ra tuxumdon o‘smalari, uning notekis konturli, noto‘g‘ri formali hosila ekani, ichki strukturasi nogomogen o‘choqlar, kistasimon bo‘shliqlar bilan almashinib turishi aniqlanadi.
Laparoskopik tekshirish
Laparoskopik tekshirish usuli yordamida qorin bo‘shlig‘i a’zolarini ekranda ko‘rish, tekshirish va hattoki jarrohlik amaliyotini ham bajarish imkonini beradi, shu bilan birga tuxumdon o‘smalarini tashhislashda, davolanish davrida erishilgan klinik natijalarini obyektiv nazorat qilishda katta yordam beradi. Laparoskopiya bilan birga fibrogastroskopiya, rektoromanoskopiya, kolonoskopiya, sistoskopiya kabi usullar me’da-ichak trakti, siydik yo‘llari holatini bilish uchun ishlatiladi.
Turli mamlakatlar tadqiqotchilari tomonidan tuxumdon o‘smalari barvaqt diagnostikasini yuzaga keltirishga yordam beruvchi o‘sma markerlari, ya’ni organizmda o‘sma jarayoni bor-yo‘qligini aniqlashda qon zardobini tekshirish usuli ham qo‘llanilmoqda.
Kasallikni ilk davrida aniqlash mumkinmi?
Tuxumdonlar o‘smalarini ilk bosqichlarda aniqlanishi kamdan-kam uchraydigan holdir. Adabiyotlarga ko‘ra simptomlar yuzaga kelgandan keyin bir oy ichida bemor shifokorga murojaat qilganida 70 % hollarda kasallikning III-IV bosqichi aniqlanadi. Kasallikning kech aniqlanishidagi diagnostik xatoning sababi asosan shifokordan onkologik ehtiyotkorlikning yetishmasligi, kasallikning kam simptomli kechishi va diagnostik qiyinchiliklardir.
Ko‘p hollarda terapevtlar ginekolog konsultatsiyasisiz bemorlarni kolit, gastritdan davolaydilar, assitni jigar sirrozi belgisi, o‘pkadagi suyuqlikni – ekssudativ plevrit belgisi deb qabul qiladilar. Maslahat poliklinikasi ginekologlari ko‘p hollarda tugunli bachadon miomasi yoki surunkali yallig‘lanishi kabi tashhisi bilan yomon sifatli tuxumdon o‘smalarini uzoq vaqt nazorat qiladilar.
Tuxumdonlar saratonini davolash
Tuxumdonlar saratonini davolash asosan kombinirlashgan va kompleks davo usullaridan iborat. Tuxumdonlar saratonini davolashda operatsiya va kimyoterapiya asosiy davolash usullari hisoblanadi. Ba’zi klinik ko‘rinishlarda nur terapiyasi kimyoterapiyani to‘ldirish uchun ishlatiladi. O‘sma jarayoni erta aniqlangan hollarda faqat jarrohlik amaliyoti o‘tkazish va dinamik kuzatuvda bo‘lish mumkin. Yosh ayollarda a’zoni saqlab qoluvchi operatsiyalar va kimyoviy davolash usullari qo‘llaniladi. Kimyoterapiya individual ravishda uzoq vaqt remissiyani (o‘sma o‘sishini to‘xtatish) ta’minlash maqsadida qo‘llaniladi. Kasallikni davolashdan ko‘ra uni oldini olish maqsadga muvofiqdir.
Profilaktika uchun…
Tuxumdonlar o‘smasining profilaktikasi ularni barvaqt aniqlashga, profilaktik ko‘riklarga, xavfli guruhdagi ayollarni maxsus muassasalarda chuqurroq tekshirishlarga bog‘liqdir. Shu bilan birga o‘z-o‘zini tekshirish, ya’ni bir oyda bir marta qovuq va ichakni bo‘shatgan holda qorinni ko‘zdan kechirish va paypaslab ko‘rish, hayz siklini nazoratda saqlash, turli infeksiyalardan, nurlanishdan, zararli odatlardan, xavfli omillardan saqlanish ham ijobiy natijalar beradi.
Mutaxassislar: N. YULDASHЕVA, N. UMAROVA.
O‘zSSV Respublika onkologiya ilmiy markazi shifokorlari.
Manba: “O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash” gazetasi.