Tush va qoʻshiq

Tush va qoʻshiq munosabatlari, aniqrogʻi, tushlarning xalq qoʻshiqlari yaratilishi, mazmuni va badiiyatiga taʼsiri haqida soʻzlashdan avval shuni aytish lozimki, ularning har ikkisi umuminsoniyat uchun xos tarixiy-tipologik, hayotiy va davomiy hodisadir. Yaʼni jahonda birorta tush koʻrmagan kishi boʻlmaganidek, kuylash qobiliyati boʻlmasa ham, hech boʻlmaganda qoʻshiq xirgoyi qilib yurmaydigan odam ham yoʻq. Biroq olib borgan tadqiqotlarimiz shuni koʻrsatadiki, oʻzbek xalq lirik qoʻshiqlari hajman qanchalik koʻp, ijod va ijrosiga koʻra qanchalik ommaviy boʻlmasin, ular orasida bevosita tush tilga olingan namunalar kam uchraydi.[1]

Masalan, olima Muzayyana Alaviya toʻplab nashr ettirgan “Oq olma, qizil olma” nomli qoʻshiqlar toʻplamida tush biror marta tilga olinmaydi. Istisno tarzida quyidagi misollarni keltirishimiz mumkin:

Singlim sahar-saharda

Tush koʻribdi, yor-yor.

Tushida bir qarchigʻay

Xush koʻribdi, yor-yor.

Bu tushning taʼbiri qoʻshiq tinglovchilari uchun izohsiz ham tushunarli. Chunki oʻzbek xalqida turmushga chiqmagan qiz tushida qush koʻrsa, odatda, uning tezda uzatilib ketishi taʼbir qilinadi. Shunday boʻlsa-da, qoʻshiq davomida tush taʼbir ham qilingan:

Tushidagi qarchigʻay

Birov boʻlgay, yor-yor.

Birov-birov demanglar,

Kuyov boʻlgay, yor-yor.

Tush bevosita tilga olingan qoʻshiqlar professional xalq baxshilari, xalfalarning boy repurtuarida ham juda kam uchraydi.[2] Xorazmda mashhur professional xalfalar repertuaridagi qoʻshiqlarda tush bilan bevosita bogʻliq quyidagi misralar bor:

Kunduz boʻlsa, ishlaganda ishingman,

Kecha boʻlsa, uxlaganda tushingman,

Shirin jondan kechib yurgan kishingman,

Yoqma bola, oʻz yonganim oz emas…

Oqshom tushimda bir guli raʼnoni koʻribman,

Men ul guli raʼno birlan birga yuribman…

Juma kecha koʻrgan tush hikmatlidir, yor-yor,

Yomon ishi doimo minnatlidir, yor – yor.[3]

Xush uyquda yotsam kirar tushima,

Seskanib uygʻonsam tushar yodima,

Oh deganda yosh aylanar koʻzima,

Kelmadi, kelmadi, nechun kelmadi? [4]

Tush bevosita tilga olingan namunalar, bu kabi misralar ulkan qoʻshiqlar dengizidan bir tomchi boʻlsa-da, tush va qoʻshiq munosabati haqida maʼlum bir xulosaga kelish, ilmiy faraz qilish imkonini beradi.

Birinchidan, bu misollardan birida juma kuni koʻrilgan tush hikmatli boʻladi deyilgan-ki, bu ishonch butun oʻzbek xalqining tushga munosabati uchun xosdir. Ikkinchidan, ularda tush orqali sevgan kishining istagi, kechinmalari ifoda etilgan.

Sevib qolgan kishilar, ayniqsa, yoshlarning sevgilisi, muhabbat bilan bogʻliq tushlar koʻrishi isbot talab qilmaydi. Qolaversa, ular orasida qoʻshiq muhitida oʻsgan, xalq qoʻshiqlari usulida oʻzi ham yangi namunalar yaratish salohiyatiga ega boʻlganlari juda koʻp boʻlgan. Taxmin qilish mumkinki, tush koʻrib uygʻongan bunday oshiq-maʼshuqlar oʻsha tushi taʼsiridagi oʻz kechinmalarini qoʻshiqlarga solgan.

Butun ilmiy-ijodiy faoliyatini xalq qoʻshiqlarini toʻplash, nashr etish, oʻrganishga bagʻishlagan M. Alaviya barcha ishlarida xalq qoʻshiqlarida ishq-muhabbat mavzusi ustuvor boʻlib kelganini koʻp takrorlaydi.[5]

Agar doston va ertaklarda tush motivi faol uchrab, koʻpgina hollarda syujetni boshlab beruvchi, baʼzan qahramonlarning kelgusi taqdirini ramziy tarzda belgilab bersa, xalq lirik poeziyasida butunlay boshqa manzarani koʻramiz.

Aytish mumkinki, agar tadqiqotchi xalq qoʻshiqlariga tush hodisasining taʼsirini bevosita oʻrganmoqchi boʻlsa, yaʼni tush soʻzini axtarsa, uning izlanishlari avvaldan samarasiz boʻlib, boshi berk koʻchaga kirib qoladi. Holbuki, tushlar ramzlar olami boʻlsa, xalq qoʻshiqlari ham shunchalar ramzlarga boydir. Kuzatishlarimiz xalq qoʻshiqlarida tush taʼsiri, odatda, “tagmatn”da boʻlishini koʻrsatadi. Shu bois ularda tush bevosita tilga olinmasa ham, ularning koʻpchiligi mohiyatida bevosita tushlar va ularning taʼbirlari yotganini koʻramiz. Muhimi shundaki, xalq dostonlari va ertaklaridagi tushlar bevosita anglatgan, yaʼni tushga urgʻu berilgan ramzlar ilk asosda mifologik tafakkurga asoslangani uchun ularning qoʻshiqlardagi bilvosita, yaʼni qayd etilmagan ifodasi oʻrtasida mohiyatan jiddiy farq koʻrmaymiz. Fikrimiz isboti uchun “Alpomish” va “Kuntugʻmish” dostonlarida tushlar anglatgan ramzlarni xalq qoʻshiqlaridagi ramzlarga qiyoslab koʻrsak.

Alpomish dastavval qabristonda uxlab qolganda chiltonlar uning ruhi bilan Barchin ruhini uchrashtiradi. Barchin ruhiga bir kosa sharobi antahur tegadi. Barchin sharobni qoʻliga olib, oʻzi ichgani koʻngli boʻlmay, Alpomishga tutib, soʻz aytadi. Jumladan, shunday deydi:

Xon toʻram, sizga ne boʻldi,

Oling, allayor-allayor.

Shunday boʻldi Barchin soʻzi,

Kiyganim gulgun qirmizi,

Aqlingdolar jodu koʻzi,

Qavatida yoʻq kanizi,

Kosa berar biyning qizi…[6]

Mohiyatiga koʻra Barchin tutgan kosa, undagi sharobi antahur hozirgacha nikoh toʻylarida kelin-kuyovga tutiladigan kosa yo piyola va undagi nikoh suvidir. Dostondagi sharob magik kuchga ega boʻlganidek, duo oʻqilgan nikoh suvi ham magik kuchga ega, deb tushuniladi. Shu bois Alpomish hali nikoh oʻqilmagani uchun Barchin tutgan sharobni ichishni keyinga qoldiradi. Uning bu sharobni, albatta, bir kun ichishi shart.

“Xalq qoʻshiqlarining tarixiy asoslariga koʻra, suv kultlarining izlariga diqqat qilsak, – deb yozadi A. Musaqulov, – xalq lirikasidagi suv va uning atributlari – shabnam, tomchi, buloq, quduq, ariq, soy, daryo, muz, hovuz, qor, yomgʻir, suv oʻsimliklari – qamish, yalpiz, suv boʻyidagi daraxtlar, suv jonivorlari – baliq, ilon, suv idishlari – koʻza, kosa, piyola – barcha-barchasi biror jihati bilan sevgi, oila, farzand gʻoyalari va kechinmalari bilan bogʻlanadi”.[7]

Xalq lirikasida sevishganlarning birga choy (dostonlarda sharob) ichishi – visol, icha olmaslik – ayriliq, ichish istagi – sevgi mayli, choy idishlarining nozikligi – baxt, sinishi – baxtsizlik ramzi boʻlib keladi:

Namanganning yoʻllari,

Piyolaning gullari.

Choy ichganda yarashgan

Bizning yorning qoʻllari.[8]

Ayriliq tugamagani bois Alpomish Barchin tutgan sharobni icha olmaydi. Qahramonning kelgusi taqdiri birmuncha mavhum boʻlgani uchun uning tushlari orasida uncha uzoq muddat oʻtmaydi. U choʻponlar qoʻshxonasida yotganda sahar vaqti ikkinchi tushini koʻradi. Tushiga piri kirib, uni ovutadi. Ayni shu paytda Barchin koʻrgan tush ularning kelgusi taqdirini oydinlashtiradi. Suqsuroy kanizi bayon qilgan Barchin tushi taʼbiridan:

Qibla betdan bir oy tugʻib kelsalar,

Oy emasdir, ul ham Rasul paygʻambar.

Oy girdinda toʻrtta yorugʻ yulduz bor,

Yulduz emas, toʻrt choriyor muqarrar…

Koʻtargan burguti bobong Chibori,

Ustida qarchigʻay Hakim shunqori…

Boychibori yem yemaymi qoʻlingnan,

Vakillari savol soʻrar tilingnan,

Qochsang seni nega qoʻysin Alpomish,

Baxmal uyda mahkam qisar belingnan[9]

Ushbu parcha tahlilidan avval bir xalq qoʻshigʻini keltirsak:

Oʻzim qarchigʻay boʻlsam,

Ilintirsam oʻzingga.

Bilagingga talpinsam,

Meni olsang qoʻyningga.[10]

Parchada paygʻambar – oy, choryorlar – toʻrt yulduz ramzlari bilan beriladi. Bu dostondagi islomiy qatlam taʼsiri boʻlib, bizningcha, islomgacha oy ramzi homiy ilohani anglatgan. Keyinchalik oy toʻliq poetik ramzga aylanib, sevgilini ifodalagan. Ammo ayrim namunalarda avvalgi izlarini saqlab qolgan. Xalq qoʻshiqlari xazinasida, ayniqsa, yor-yorlarda “Oy oldida bir yulduz” anʼanaviy misrasi bilan boshlanuvchi namunalar juda koʻp. Masalan:

Oy oldida bir yulduz,

Oy bolasi, yor-yor.

Kelinchakni soʻrasang,

Boy bolasi, yor-yor.

Qoʻshiqda ota yoki ona oyga, farzand yulduzga qiyoslanmoqda. Ota-ona ham farzand uchun homiydir. Bu qoʻshiq tarixiy asosiga koʻra mifologiya bilan bogʻliq semantik parallelizmning ajoyib namunasidir.

Biz keltirgan parchada Boychibor ot burgut ramzi bilan berilmoqda. Buning ham maʼlum sabablari bor. Boychibor – tulpor ot, qushday ucha oladi. Ikkinchidan, u bosh qahramonning aniqlovchisi, baʼzan, masalan, poygada Alpomish ikkinchi oʻrinda qolib, birinchi planga chiqadi.

Folklorshunos Sh. Turdimov xalq lirik qoʻshiqlarida qushlar – qargʻa, gʻoz, oʻrdak, turna, qaldirgʻochlar xabarchi ramzlardir, deydi va buni tahlillar bilan asoslab beradi.[11] Barchinning tushiga kirgan burgut va qarchigʻay ramziy xabarchilardir. Shu bois Barchin tushida biror qushga evrilmay, inson qiyofasida qoladi. Barchinning tushida Boychibor bilan bogʻliq yana bir jihat bor. Tushda qaysi ramzda kelmasin, Boychiborning asli tulpor otdir.

Olima M. Alaviya agar tushda ot koʻrilsa, murod hosil boʻladi, deb taʼbir qilinishini yozadi.[12] Shunisi xarakterliki, xalq qoʻshiqlarida ham ot murod, sevgilining poetik jufti sifatida talqin qilinadi:

Sarhovuz boʻyida sariq ot koʻrdim,

Sollonib chiqqanim bir murod koʻrdim.

Bedov otni sugʻormoqqa chiqqanda

Yorginamni mashʼal chiroqday koʻrdim.[13]

“Alpomish” dostonidagidek “Kuntugʻmish”da ham chiltonlar bosh qahramonlarni uxlatib, tushlarida ruhlarini uchratishib, toʻy qilishadi.

“Ikkovi bir-birovi bilan oʻynashib, toʻrasining uzugini Xolbeka olib qoʻliga soldi (Shu kecha Kuntugʻmish ham shunday bir tush koʻrdi). Shu ishda ikkovi ham uygʻondi.

Toʻra bir oh tortib, bu dardini hech kimga aytolmay, niginiga qarasa, boshqa nigin; qogʻozga muhr qilib bossa, Xolbekaning oti chiqadi”.[14]

Ushbu misolimizda bizning kuzatuvimiz uchun muhimi tushdagi uzuk detalidir. Mifologik tafakkurda uzuk anglatgan maʼnolar, uning magik xosiyati haqidagi qarashlarga keng toʻxtalmasak-da, ushbu koʻchirmamizda uzukning magik xislatga egaligi koʻrinib turibdi. Doston mazmuniga koʻra, uzuk sevgi, oila ramzi boʻlib, qahramonlar nikohini chiltonlar qiygani (oʻqigani)ni tasdiqlovchi poetik detal boʻlib kelmoqda. Yaʼni dostondagi tush ham, uzuk va uning xosiyati ham mifo-poetik tafakkur hosilasidir.

Axborotchimiz, qashqadaryolik Momoxol Norovaning aytishicha, tushda uzuk koʻrishning quyidagi taʼbirlari bor: Agar uylanmagan yigit tushida uzuk koʻrsa, tezda uylanadi. Uylangan boʻlsa, farzand koʻradi. Agar turmushga chiqmagan qiz tushida uzuk koʻrsa, unga sovchilar kelib, tezda toʻyi boʻladi. Turmushga chiqqan boʻlsa, farzand koʻradi. Farzandning qiz yoki oʻgʻil boʻlishi tush koʻruvchining muchaliga bogʻliq boʻladi, yaʼni uning muchali halol jonivorlar: ot, qoʻy, quyon, tovuq boʻlsa, oʻgʻil, sichqon, ilon, maymun kabilar boʻlsa, qiz tugʻiladi.

Endi xalq qoʻshiqlaridagi uzuk poetik ramzi anglatgan baʼzi maʼnolarni koʻrib chiqsak:

Kuyov pochcham qoʻlida

Talpinar qush, yor-yor.

Kelinoyim uzugi

Toza kumush, yor-yor.

 

Qoʻlidagi kumushi

Davlat boʻlsin, yor-yor.

Qoʻndirilgan qushlari

Farzand boʻlsin, yor-yor.[15]

Albatta, xalq qoʻshigʻini ijro etuvchiga bunday-unday ayt, deyish mumkin emas. Biroq ushbu misolimizning ikkinchi bandi:

Qoʻlidagi kumushi

Farzand boʻlsin, yor-yor.

Qoʻndirilgan qushlari

Davlat boʻlsin, yor-yor, –

deb aytilganda bizning axborotchimiz taʼbiriga ham, epik anʼanaga ham toʻgʻri boʻlar edi. Maʼlumki, koʻpgina oʻzbek ertaklari va dostonlarida biror mamlakat podshosi oʻlsa, davlatqush uchirib, yangi podsho saylashadi. Misol uchun, yuqorida tilga olingan “Kuntugʻmish” dostoniga murojaat qilsak: “… Buvraxon podsho oʻldi. U vaqtda podsholarga rasm shu edi: davlatqush degan qushni uchirar edi, kimning boshiga qoʻnsa, podsho qilar edi”.[16] Dostonda Kuntugʻmish davlat qush tufayli Shahri Zangarga podsho boʻlib qoladi. Qoʻshiqlarda uzuk ramzi anglatgan maʼnolar haqidagi fikrlarimiz toʻgʻriligini mana bu misollar ham tasdiqlaydi:

Chimildiqning tagidan

Topdik uzuk, yor-yor.

Qaysi boyning qizisan,

Koʻzi suzuk, yor-yor.

 

Qoʻlimdagi qoʻsh uzuk, qoʻlim uzuk,

Koʻzim senga tushibdir, koʻzi suzuk[17]

Xalq qoʻshigʻi ertak, doston kabi syujetli emas, tafsilotlarga berilmaydi. Undagi ramzlarning tushlar bilan munosabatini anglash koʻp jihatdan tinglovchining tasavvuriga, bilim va saviyasiga bogʻliq boʻladi.

Dostonlar va qoʻshiqlardagi biz koʻrib chiqqan ramzlar qiyosi tush hodisasining xalq lirikasiga ham bevosita yoki bilvosita taʼsir etganini yanada chuqurroq, maxsus tadqiq etish zarurligini koʻrsatadi.

Albatta, biz xalq qoʻshiqlaridagi barcha ramzlar tushlar taʼsirida paydo boʻlgan, deyish fikridan yiroqmiz. Biroq ularning bu borada muhim tarixiy, ijodiy asos boʻlganini inkor etib boʻlmaydi.

Xulosamizni yanada asoslash uchun tush taʼbirlari va qoʻshiqlardagi yana bir nechta ramzlar ifodalagan umumiyliklarga toʻxtalib oʻtsak.

Odatda, tushda koʻrilgan choʻlu biyobon ayriliqqa taʼbir qilinadi. Qoʻshiqlarda ham ular ana shu ramzni anglatadi:

Qizil gulim, qizil gulim,

Ajab bevaqt xazon boʻlding.

Meni choʻllar aro tashlab,

Oʻzing yoʻlga ravon boʻlding.

Tushda koʻrilgan sandiq nikoh toʻyiga taʼbir etilsa, qoʻshiqlarda u bevosita nikoh asos soladigan oila ramzi boʻladi:

Ikki sandiq roʻbaroʻ roʻy beradi, yor-yor.

Ikki quda teng turib, qoʻy beradi, yor-yor.[18]

Oʻzbek xalq lirik qoʻshiqlari xazinasida “Daryolarning naryogʻida…” soʻz birikmasi bilan boshlanuvchi namunalar juda koʻp uchraydi. Tushda ham, qoʻshiqlarda ham daryo, suvlarning naryogʻi ayriliqni, koʻprik visolni bildiradi.

Suv (daryo, dengiz, ariq)dan oʻtish xalq ijodida nikoh ramzi ekanini rus folklorshunosi V. I. Yeryomina ham keltirib oʻtadi.[19] Koʻprik boʻlsa, u qirgʻoqdan bu qirgʻoqqa oʻtishning eng qulay vositasidir:

Taxta-taxta koʻprikday

Taxting boʻlsin, yor-yor.

Paygʻambarning qiziday

Baxting boʻlsin, yor-yor.[20]

Tush va qoʻshiqning birligi, avvalo, ramzlar uygʻunligida namoyon boʻlar ekan, yana bir jihatni alohida taʼkidlash zarur. Bu ularning real hayotdan tasavvuriy va badiiy-estetik mushohadaga koʻra farqi masalasidir. Masalan, real hayotda odamlar har kuni choy ichadilar yoki kimlardir daryo boʻyida yashab, har kuni daryoning u tomonini koʻradilar. Taʼkidlash lozimki, choy, daryo, koʻprik, uzuk, qush va hokazolar faqat tush hamda xalq qoʻshigʻida, umuman, folklorda ramziy maʼno kasb etadi. Oddiy turmushda ularning tirikchilikka zarurligidan boshqa maʼnosi yoʻq.

Ch. Valixonov yozib olgan bir afsonada aytilishicha, qadim zamonlarda qoʻshiq yer uzra uchib, odamlarni kuylashga oʻrgatgan. U ayolday nozik va goʻzal boʻlgan. Qoʻshiq qaysi joyda koʻproq toʻxtab, quvonsa, u yerda odamlar serfarzand va farovon yashashgan.[21]

Tush va qoʻshiqqa xos boʻlgan umumiy xususiyatlardan yana biri – ularning qadim davrlardan buyon sogʻlom aql mevasi hisoblangan oddiy mantiq qonunlariga boʻysunmasligidir. Poetika nuqtai nazaridan xalq qoʻshiqlaridagi mantiq qonunlariga boʻysunmaydigan jihatlarni biz hozir poetik koʻchimlar, tasavvur mevasi, deb tushunishimiz mumkin. Ammo, qizigʻi shundaki, mifologik tafakkur ham tasavvur hukmron boʻlgan tafakkurdir. Bu tafakkurning muhim xususiyatlaridan biri istak uchun chegara va mumkin boʻlmagan narsalarning yoʻqligidir.[22] Tushlar bizning ixtiyorimizdan tashqarida roʻy beradi. Xalq qoʻshiqlari, ayniqsa, mifologik tafakkur izlari sezilib turgan anʼanaviy namunalari ham bizning ixtiyorimizda emas. Har ikkisi uchun ham xuddi mifdagidek boʻlishi mumkin: Boʻlmagan narsaning oʻzi yoʻq.

Tush va xalq qoʻshiqlari, umuman, xalq ogʻzaki ijodidagi ramzlarni tushunish uchun faqat faktlar, ilmiy kuzatishlar emas, teran poetik hissiyot, odamga toabad yoʻldosh boʻladigan ezgu xayolot ham kerak boʻladi.

Xulosa qilib aytganda, oʻzbek xalq qoʻshiqlaridagi juda koʻplab poetik ramzlarning tarixiy asosida tush va u haqdagi mifologik tafakkur taʼsiri yotadi.

 

Jabbor ESHONQUL

 

“Oʻzbek folklorida tush va uning badiiy talqini” (Toshkent, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi “Fan” nashriyoti, 2011) kitobidan.

 


[1] Alaviya M. Oʻzbek xalq qoʻshiqlari. – Toshkent, 1959; Gulyor. Fargʻona xalq qoʻshiqlari. – Toshkent: Adabiyot va saʼnat, 1967; Oq olma, qizil olma. Oʻzbek xalq qoʻshiqlari. – Toshkent: Adabiyot va saʼnat, 1972; Toʻy muborak: Yor-yor / Nashrga tayyorlovchi: Oxunjon Safarov. – Toshkent: Maʼnaviyat, 2000.

[2] Professor O.Safarov toʻplab nashrga tayyorlagan «Toʻy muborak: Yor-yor» toʻplamida tush tilga olingan quyidagi matn bor:

1-kampir:

Tush koʻribman, tush koʻribman,

Bir ajoyib tush koʻribman.

Kelinimning qoʻlida

Hasan-Husan toy koʻribman.

2-kampir:

Tush koʻribman, tush koʻribman,

Bir ajoyib tush koʻribman.

Kuyovimning qoʻlida

Fotima-Zuhro oy koʻribman.

Matnga: «Chimildiqda kelin-kuyov uchun joy solinganda aytiladi», deb izoh berilgan. Bu nikoh toʻyidagi «Kampir oʻldi» marosimi bilan bogʻliq boʻlib, tadqiqotimizning «Tush, marosim va epos» boʻlimida toʻxtalib oʻtganmiz.

[3] Anash xalfa. – Toshkent: Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi, 2006. – B.18, 47.

[4] Ojiza. Sheʼr va dostonlar. – Toshkent, 2003. – B.14.

[5] Qarang: Alaviya M. Oʻzbek xalq marosim qoʻshiqlari. – Toshkent: Fan, 1974.

[6] Alpomish. Oʻzbek xalq qahramonlik dostoni / Aytuvchi: Fozil Yoʻldosh oʻgʻli. Yozib oluvchi: M. Zarifov. – Toshkent: Sharq, 1988. – B.91 – 92.

[7] Musaqulov A. Oʻzbek xalq qoʻshiqlarining tarixiy asoslari. – Toshkent: Fan, 1994. – B.15.

[8] Oq olma, qizil olma. – B.86.

[9] Alpomish. – B.99 – 100.

[10] Oq olma, qizil olma. – B.17.

[11]Turdimov, Sh.G. Poeticheskiye simvoliʼ v uzbekskix narodniʼx liricheskix pesnyax: Diss … kand. filolog. nauk. – Tashkent, 1987; Turdimov Sh. Tom ustiga tom soldim // Yoshlik. –Toshkent, 1988. -№7. – B.75–76; Turdimov Sh. Birning ming jilvasi // Yoshlik. – Toshkent, 1987. -№5. – B.70 – 71.

[12] Alaviya M. Oʻzbek xalq marosim qoʻshiqlari. – B.31.

[13] Oq olma, qizil olma. – B.121.

[14] Ergash Jumanbulbul oʻgʻli. Bulbul taronalari. Besh tomlik. – Toshkent: Fan, 1971.T.1 – B.175 – 176.

[15] Toʻy muborak: Yor-yor. – B.57.

[16] Ergash Jumanbulbul oʻgʻli. Bulbul taronalari. T.5. – B.290.

[17] Toʻy muborak: Yor-yor. – B.68, 147.

[18] Oq olma, qizil olma. – B.20, 165.

[19] Yeremina V.I. Ritual i folklor. – L.: Nauka, 1991. – S.161.

[20] Ostonasi tillodan: Toʻy qoʻshiqlari. – Toshkent: Fan, 1992. – B.25.

[21] Valixonov Ch. Izbranniʼe proizvedeniya. – M.: Nauka, 1987. – S.274.

[22]Golosovker Ya.E. Logika mifa. – M.: Nauka, 1987. – S.11 – 23.

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/tush-va-qoshiq/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x