Tush, marosim va epos

Tush va marosim haqida soʻz yuritganda masalaning ikki muhim jihatiga eʼtibor qaratish lozim boʻladi. Birinchi jihat – tushlarning bevosita marosimdagi oʻrni. Bunday qadim marosimlarning rudimentlarini tushni taʼbirlash bilan bogʻliq urf-odat, irim-sirimlarda ham koʻrishimiz mumkin. Tushni taʼbir qiluvchining shaxsi, jamiyatda tutgan oʻrniga alohida eʼtibor qaratilishining ildizlari ana shundan.

Xalq orasida “Yaxshi tushga ham, yomonga tushga ham sadaqa berish kerak”, “Tush yoʻrilganidek boʻladi” kabi maqollar bu marosim bilan bogʻliq tasavvurlar hanuzgacha yashab kelayotganidan darak beradi. Qadimda esa biror bir tushni taʼbir qilish uchun maxsus marosim uyushtirilgan. Buqa, qoʻylar soʻyib, ziyofat berilgan. Atrofdagi eng yaxshi taʼbirchilar taklif etilib, musoboqalar tashkil qilishgan.

Koʻpgina ertaklarimiz, dostonlarimizda ana shu marosim bilan bogʻliq tasavvurlar izi yaxshi saqlanib qolgan. Misol uchun, “Alpomish” dostonida Boyboʻri va Boysariga farzandli boʻlishlari tushda ayon boʻladi. Shunday xosiyatli tushdan xursand boʻlgan aka-uka yurtga ziyofat beradi: “Bu soʻzni eshitib, biylarning juda vaqti xush boʻlib, “tilaganimiz qabul boʻldi”, – deb koʻngli toʻlib, mindi bedov otdi, qistab mazgilga qarab yoʻl tortdi. Vaqti xushligi bilan uch kecha-kunduz yoʻl yurib, Boysun-Qoʻngʻirot elatiga yetdi. Vaqti xushligiga xaloyiqni, elni yigʻib, qirq kechayu qirq kunduz toʻy-tomosho berib yotdi”.[1]

Garchand bu parchada ziyofat sababi xurchandchiligi uchun deyilayotgan boʻlsa-da, aslida, oldingi satrlarda bunga sabab xosiyatli tush ekanligi aytilgan.

Poʻlkan shoirning “Goʻroʻgʻlining tugʻilishi” dostonida Shoxdorgan koʻrgan tushini taʼbirlash uchun taʼbirchilarni yigʻdirib, katta mashvarat oʻtkazadi.

“Ana endi Shoxdorxon podshodan eshiting. Shoxdorxon podsho bir kuni yomon tush koʻrdi, tushida bir ajoyib ish koʻrdi. Shunda qurʼaandoz munajjimlarini, hukamo taʼbirchilarini yigʻdi. Yigʻilganlarga qarab Shohdorxon podsho bir soʻz aytdi”.[2]

Xuddi shunga oʻxshash holat “Yusuf va Ahmad”, “Gulixiromon” dostonlarida ham aynan takrorlanadi. “Yusuf va Ahmad”da Misr podshosi Goʻzalshoh, “Gulixiromon”da shohi Gardon oʻz tushlarini taʼbir qildirish uchun qurʼaandozlarni toʻplab, katta yigʻin oʻtkazadi.[3]

Bunday misollarni yana koʻplab keltirishimiz mumkin. Boshqa turkiy xalqlar dostonlarida ham tush taʼbiriga bagʻishlangan marosimlar muhim oʻrin tutganini koʻramiz.

“Manas” dostonida butun boshli bir boʻlim “Manas baatiʼr tush korup, toy berip jorutkaniʼ” deb nomlanadi va boshdan-oxir tush taʼbir marosimiga bagʻishlangan. Manas tushida oltin qilich topib oladi:

Jatiʼp baatiʼr tush korup,

Dalay sonun ish korup…

Jolgo baatiʼr saliʼptiʼr,

Kele jatsa, kezigip,

Jolunan chiʼgiʼp kaliʼptiʼr.

Baynegi altin, sabiʼ jez,

Uzundugu uch-tort kez,

Siʼrtiʼ kaliʼn, mizi kurch,

Alkiʼmiʼ tuz, kaykan uch,

Kanday boldu bul kiʼliʼch?

Qahramon buning oddiy tush emasligini bilib, yurtga chopar yuborib, katta toʻy-tomosho uyushtiradi:

Oygonup Manas kaliʼptiʼr,

Oyu teren bu baatiʼr,

Onoy emes bu tush dep,

Oyuna kiʼylaniʼ aliʼptiʼr…

Oktorulup er Manas,

Orchun kiʼrgiʼz jurtina

Oy-toogo kabar saliʼptiʼr:

Uguzdu jurtka kabariʼn,

Kiʼrk kunduz toygo kelsin dep

Ar tarapka chaptiʼrdiʼ

 

Yigʻilganlardan hech bir taʼbirchi uning tushini taʼbir qilolmaydi. Faqat Ajibay (Ajiʼbay)gina bunga jurʼat etadi. Manasning koʻrgan tushi xosiyatli tush ekanini, tez orada niyatlari amalga oshishini aytadi.[5]

Turkiyalik olim Bahouddin Ugal “Manas” dostonining boshqa variantlarida ham ushbu marosim muhim oʻrin tutganligini qayd etadi.

“Bu xosiyatli tush uchun (Manas – J. E.) toʻy berishni, kengash chaqirilishini istadi. Bu tushni toʻgʻri taʼbir qilganlarga koʻp molu dunyo beraylik, dedi”.[6]

Bunday marosim izlarini biz “Iliada” dostonida ham uchratamiz. “Iliada”da tush eng koʻp takrorlanadigan motivlardan biri boʻlib, dostonda tush tayanch motiv sifatida keladi, desak xato qilmagan boʻlamiz.

Dostonda Parisning onasi Hekuba unga homilador boʻlib, oy kuni yaqinlashib qolganda bir tush koʻradi. Tushida mudhish yongʻin butun Troyani qamrab oladi. Bu tushini u eriga aytadi. Eri bu xosiyatsiz tushni kohinga taʼbir qildiradi. Kohin tez orada Hekuba oʻgʻil tugʻishini va u Troyaning boshiga ulkan falokatlar olib kelishini bashorat qiladi. Bashoratga qarshi oʻzicha chora koʻrgan Hekuba va uning eri bola tugʻilishi bilan uni Ida togʻiga olib borib, xilvat oʻrmonga tashlashni buyurishadi. Chaqaloq oʻrmondagi ayiq sutini emib katta boʻladi. Bir yoshga yetganda uni oʻrmondan topib olgan Ageley oʻziga oʻgʻil qilib oladi.

Parisning oldiga kelgan maʼbudlar uning qoʻliga olma tutqazib, qay birimiz chiroylimiz, shuni aniqlab ber, deb shart qoʻyadi. Afrodita Yelenani unga xotin qilib olib berishga vaʼda bergani uchun u Afroditani tanlaydi. Soʻngra u Troyaga qaytib kelib, oʻzining ota-onasi bilan topishadi. Ota-onasi tushdagi bashoratni unutishadi. Paris Yelenani izlab Spartaga yoʻl oladi. U yerdan Menelayning mehmondoʻstligidan foydalanib, goʻzal Yelenani oʻgʻirlab keladi. Bu haqoratlarga chiday olmagan Menelay Troyaga urush ochadi. Shu taxlit Paris Troyaning butunlay yonib kul boʻlishiga sababchi boʻladi.[7]

Lekin, doʻstlar, avval biron kohin yoki sohibkaromat

Yo tushlarni taʼbirlovchi soʻzlab bersa (Tush ham Zevsdanku)

Ne boisdan ekan Febning bizga qahri? Yo qurbonlikka

Yuzta tana atab, keyin unutdikmi? Yo mudhish oʻlat,

Changalidan bizni xalos etmoq uchun tangri Apolon

Istarmikan qoʻy, echkilar xushboʻy yogʻin yondirmogʻimiz.[8]

 

Yana:

Qushlab bilan fol ochishda tengi yoʻq zot donishmand Kalxas,

Voqif etdi u oʻtmishdan, mavjud kundan va kelajakdan.

Yunonlarni Apolonning panohida dengizlar osha

Illionga boshlab kelgan ham shu sohibkaromat edi.[9]

 

Dostonning ikkinchi bobi “Tush. Beotiya yoki kemalar sanogʻi” deb nomlanadi. Zevsning koʻziga uyqu kelmay, u huzuriga Tushni chaqirtiradi:

Qalbaki Tush degan gʻoyat maqbul fikr keldi boshiga.

Soʻng u Tushni chaqirtirib, aytdi unga hikmatli soʻzlar:

“Qalbaki Tush, gʻizillab uch, yunonlarning bandargohiga

Va sezdirmay ohista kir Atrey oʻgʻlin qarorgohiga.

Hozir senga nelar desam, qulogʻiga quy hammasini:

Jingalaksoch yunonlarni oʻzing jangga boshlarmishsan de,

Jami lashkar qoʻzgʻolsin, de: nihoyat sen gavjum Ilion

Shahrini zab etarsan, de: Olipm togʻida maskan qurganlar

Orasida muxolifat qolmadi, de. Maʼbuda Hera

Oʻz fikrini oʻtkazdi, de, samodagi ilohiylarga,

Priam elin boshiga Zevs zoʻr falokat yogʻdirmoqchi, de.[10]

 

Tush bu yerda jonli bir personaj sifatida tasvirlangan.

Tush farmonga quloq solib, parvoz etdi misli shamoldek.

… Ilohiy Tush gap boshladi Neley oʻgʻli qiyofasida.[11]

Demak, u oʻz qiyofasini oʻzgartira oladi. Eng muhimi, biz yuqorida taʼkidlagandek, tushni taʼbirlash uchun maxsus marosim uyushtiradi:

Agamennon shunda axey lashkarini zoʻr maʼrakaga

Yigʻinglar, deb farmon berdi jarchilarga. Ular chor yoqqa

Tarqaldilar jar solishib. Odamlar ham toʻplandi darhol.

Vale bundan xiyol oldin Agamennon Nestor kemasi

Turgan yerga ulugʻlarni chaqirtirib, maslahat soldi:

“Bugun, doʻstlar, men muattar tun qoʻynida koʻrdim ajib tush,

Tushning boʻyi, harakati oʻxshar edi Nestorga gʻoyat.

Ilohiy Tush boshim uzra turib, shunday dedi roʻy-rost.[12]

 

Yigʻinda uning tushini qumloq Pilos shohi Nestor xosiyatli tush ekanini aytib, jang qilishga chorlaydi.

Shundan keyin qumloq Pilos shohi Nestor chiqdi davraga

Va xushniyat bilan shunday kalom aytdi oqsoqollarga:

… Modomiki, Tushni axey lashkarining bosh sarkardasi

Koʻribdiykan – ori rostdir: yigitlarni, bas, shunday ekan,

Dam gʻanimat, jang maydonga daʼvat etmoq yoʻlin oʻylaylik.

Albatta, Nestor buning yolgʻon tush ekanini bilmaydi. Biroq bu yerda bir narsa, tushga u nihoyatda jiddiy munosabatda boʻlib, tushdagi koʻrsatmaga amal qilish zarurligini uqtiradi.

Bu misollardan koʻrinib turibdiki, tush inson hayotida qanchalik oʻrin tutsa, oilaviy maishiy marosimlarda ham shunchalik muhim ahamiyat kasb etib kelgan. Yuqoridagilarga qoʻshimcha qilib respublikamizning janubiy viloyatlarida bugungi kungacha saqlanib qolgan nikoh toʻyi uzvidagi tush bilan bogʻliq marosimni misol keltirishimiz mumkin. Nikoh toʻyidagi “Kampir oʻldi marosimi”da kampir oʻzini oʻlganga (uxlaganga) solib yotadi-da, keyin tirilib (uygʻonib), koʻrgan tushini taʼbir qilib beradi. Bu marosim “Alpomish” eposida ham toʻlaligacha oʻz badiiy ifodasini topgan. Shu oʻrinda tush va marosim mohiyatini toʻlaroq anglab yetish uchun, avvalo, epik ijod va marosim masalasiga kengroq toʻxtalib oʻtish zarur boʻladi.

Mutaxassislar epos va marosimni bir-biriga bogʻlab turuvchi eng muhim jihat – xalq ijodining spetsifik namunasi sifatida dostonlar marosim va marosim folklori bilan bevosita aloqadorlikda ekanligini urgʻulashadi.[13]

Shuni aytib oʻtish kerakki, eposning, ayniqsa, qahramonlik dostonlarining bevosita marosim bilan bogʻliq jihatlari hali yetarli darajada oʻrganilgan emas. Arxaik eposda, jumladan, “Alpomish” dostonida ham marosimlarning muhim oʻrin tutishi va ustuvor qonuniyat kashf etishi kuzatiladi. Biroq qahramonlik eposi birgina marosimlardan kelib chiqadi yoki tugʻiladi, deb xulosalash masalani oʻta joʻn hal etish boʻladi. Epos epik formalarning transformatsiyasi orqali yuzaga chiqadi. Ushbu arxaik epik formaning bevosita marosim bilan aloqadorlik tomonlarini tadqiq etish eposning tub asoslarini yoritishda oʻta muhimdir. Bu oʻrinda ikki jihatga alohida toʻxtalib oʻtish zarur:

– Birinchidan, eposning marosimlardagi oʻrni va funksiyasi. Bugungi kunda Oʻzbekistonning janubiy viloyatlarida davom etayotgan qadimiy anʼana – toʻyu tomosho va boshqa marosimlarning baxshilar ishtirokida oʻtkazilishi;

– Ikkinchidan, marosimlarning eposda aks etishi, yaʼni marosimlarning epos syujetida tutgan oʻrni.

“Alpomish” dostonini, taʼbir joiz boʻlsa, xalqimizning koʻhna marosimlar, urf-odatlar, irim-sirim, tabularning “qomusi” deb atash mumkin. Chunki hech bir eposda xalqimizning maishiy hayoti bunchalik keng koʻlamda oʻzining badiiy ifodasini topmagan. Farzandning tugʻilishidan oldin ovga chiqmoq, suyunchi olmoq, farzandning tugʻilishi, farzandga ism qoʻymoq, etagiga solmoq, beshik toʻy, masalahat, jarchi qoʻymoq, chufurron toʻy, toʻyona bermoq, atashtirib beshikkerti qilmoq, ikkinchi ism qoʻymoq, atashtirib roʻmol oʻramoq, qalliqqa bormoq, sovchi qoʻymoq, shartlashish (kurash, koʻpkari, poyga), kuyov navkar, toʻqqiz tovoq, kuyov tovoq, oʻtni aylanmoq, qiz yashirdi, vakil ota, vakilini bermoq, chimildiq tutmoq, it irillar, oyna koʻrsatar, soch siypatar, qoʻl ushlatar, kuyov uloq, yuz ochdi, baqan (tayoq) tashlamoq, solim bermoq, oʻlan aytmoq kabi turli-tuman odat va marosimlarning “Alpomish” eposidan joy olishi muhim ahamiyatga ega va u maxsus tadqiqotni talab etadi.

Epos va marosimni oʻrganishda, birinchi navbatda, qiyosiy-tipologik metodning ustuvorligini inkor etmagan holda, struktural, lingvopoetik va ruhiy tahlil kabi koʻplab metodlarga ham suyanish lozim boʻladi. Qiyosiy tipologik tahlilda, birinchidan, marosimlarni oʻzaro qiyosiy oʻrganish mumkin boʻlsa, ikkinchi tomondan, uni epos va eposdagi motivlar bilan muqoyasalash imkoniyati tugʻiladi. Lingvopoetik va ruhiy tahlil metodlari epos va marosim semantikasini chuqurroq yoritib berishda asosiy omil boʻladi. Struktural metod esa epos va marosim tizimini oʻrganishda muhim ahamiyat kasb etadi. Chunki arxaik epos bilan marosim strukturasi oʻzaro uygʻun kelishini koʻramiz.

Shomonning shajarasi, uning tanlanishi, homiy ruhlar koʻmagida boʻlishi, oʻzga dunyoga safar, yovuz ruhlar bilan jangi, oʻzga qiyofaga ega boʻlishi bu shomonlik marosimiga xos xususiyatdir. Arxaik, jumladan, “Alpomish” eposida ham shajaraga alohida urgʻu berilishi, Hakimbekning tugʻilishi va doimo pirlar koʻmagida boʻlishi, qahramonliklar namoyish etishi, safarga otlanishi, yovuzlikka (yovuz ruhlarga) qarshi kurashi, yetti yillik zindon, yaʼni ramziy oʻliklik holatidan soʻng qayta tirilib chiqib, Qultoy qiyofasiga kirishi struktural jihatdan shomonlik marosimi bilan aynan bir xil ekanligini koʻramiz. Qolaversa, eposning genetik xususiyati uning janr strukturasini oʻrganish orqali ochiladi.

Marosimning eposda aks etishi haqida soʻz ketar ekan, uning, asosan, ikki: a) maishiy turmushda oʻz ijro oʻrniga ega boʻlib, eposda ham badiiy aks etgan (befarzandlik, ilohiy kuchlarga sigʻinish, tush va uni taʼbir qilish, farzandning tugʻilishi, ism qoʻyish, beshikkerti qilmoq, atashtirib roʻmol oʻramoq, sovchi qoʻymoq, qalliq oʻynamoq va hokazo); b) maishiy turmushda ijro oʻrni unutilib, badiiy holatga koʻchgan (farzand tugʻulishidan oldin ovga chiqish, kuyovga kelin tomonidan shartlar qoʻyilishi va h. k.) jihatlarini tadqiq etish lozim boʻladi.

Shuni taʼkidlab oʻtish joizki, bugungi kunda unutilgan juda koʻp marosim elementlari, udumlari, tabu, irimlarning badiiy ifodalari folklor asarlarida saqlanib qolgan.

“Alpomish” dostonida farzandning tugʻilishi, yaʼni ilohiy tugʻilish folklorda yetakchi motivlardan biri boʻlib, u bir necha bosqichlardan iborat. Birinchisi, ota-onaning farzandsizlik holati. Bu, bir tomondan, ona urugʻchiligi bilan bogʻliq tasavvurlarning marosim va dostonlarimiz qatlamida saqlanib qolganligidan dalolat bersa, ikkinchi tomondan, dostonda ramziy maʼno kashf etib, parokanda elni birlashtiradigan, hokimiyatni mustahkamlaydigan yangi avlod, yangi alpning tugʻilishini anglatadi.

Qahramonga ism berilishi bilan bogʻliq oʻrinlar qisqa satrlarda aytilib ketgan boʻlsa-da, u doston syujetida muhim ahamiyatga ega. Doston qahramoni Hakimbek yetti yoshga toʻlganda Alpinbiy bobosidan qolgan oʻn toʻrt botmon parli yoyni otgani uchun “Alpomish” deb ataladi: “Shunda barcha xaloyiqlar yigʻilib kelib aytdi:… Bu Alpomish alp boʻlsin. Toʻqson alpning biri boʻlib sanaga oʻtdi”.[14]

Qadim marosimlarda, xususan, shomonlikda marosimdan soʻng qahramonga ikkinchi ism berilgan. Bu, birinchidan, shomonning eranlar tomonidan tanlanganligini va ruhiy kamolotga yetganligini bildirsa, ikkinchi tomondan, uning boshqa qiyofaga kirganligini, magik qudratga ega boʻlganligini ham koʻrsatgan. Bugungi kunda ham respublikamizning janubiy viloyatlarida baʼzan oilada oʻgʻil farzand tugʻilsa, uni “orqaliq” ekan deb hamda insu jins, har xil yomon ruhlardan asrash maqsadida bolaga dastlab yolgʻon ism beriladi. Agar shunday qilinmasa, u xastalikka chalinishi mumkin, degan qarash mavjud. Maʼlum bir muddatdan soʻng kichik bir marosim oʻtkazilib, bolaga haqiqiy ism qoʻyilgan.

Eposda marosim hech qachon batafsil tasvirlanmaydi, balki uning muhim nuqtalari oʻz aksini topgan boʻladi. Eng eʼtiborli jihati, marosim epos tizimida syujetni yuzaga keltirib, epik xarakter kasb etadi. “Alpomish” dostonidagi Hakimbekka ikkinchi ism berilishi bilan bogʻliq halqa olib tashlansa, doston mazmuniga jiddiy putur yetadi. Demak, marosim maʼlum maʼnoda epos syujet halqasining yuzaga kelishiga zamin boʻlishi bilan birga, bevosita estetik funksiya bajaradi.

Dostonda Surxayil kampir Barchinning onasiga qarata shunday deydi:

Qozonda qaynagan shirboz goʻshtmidi,

Shul qizingning agar boshi boʻshmidi.

Boshi boʻshmi deyin, sendan soʻrayman,

Kelin qilib biror roʻmol oʻrayin.[15]

“Boshning boʻshligi” hali qizning birovga atalmaganligi, hech kim bilan ahdu paymon qilmaganligi va ota-onasining rozi-rizoligi olinmaganligini anglatadi. Barchin esa tugʻilgandayoq “beshikkerti” qilingan edi. “Ana shunda Shohimardon pir Hakimbekka oy Barchinni atashtirib, beshikkerti qilib: Bu ikkovi er-xotin boʻlsin, Hakimbek bilan hech kim barobar boʻlmasin, omin ollohu akbar”, – deb fotihani betiga tortdi”.[16] Beshikkerti qilish odati va u bilan bogʻliq marosimlar bugungi kungacha ham xalqimiz hayotida saqlanib qolgan. Beshikkertida, albatta, boʻlgʻusi kelinning boshiga roʻmol oʻralib, biror bir tillo taqinchoq taqilgan.

Bosh kiyim esa hamisha muqaddas sanalgan. O. Suxareva Oʻrta Osiyo xalqlari bosh kiyimga alohida eʼtibor berishlarini, yoshiga qarab bosh kiyimlari ham oʻzgarib borganligi va har bir marosimda bosh kiyim muhim ahamiyat kasb etganligini taʼkidlaydi.

Qadimda esa bosh va bosh kiyim koʻk bilan bogʻlangan. Shuning uchun boybichaning Surxayil kampirga bergan keskin javobida ham, bir tomondan, qizining yoshligida Hakimbek bilan “beshikkerti” qilinganligi taʼkidlanayotgan boʻlsa, ikkinchi tomondan, ular ikki dunyo, ikki olam vakili ekanligiga ham ishoradir.

Barchinning eldan ajratilib, baland bir tepalikka oʻtov tikishi dostonda shunday tasvirlanadi: “Oʻn ming uyli qoʻngʻirotdan chiqarib, Barchinning oʻtovini koʻtarib, hu, anaday ovloq tepaning boshiga tikib qoʻydi. Bul oʻtovda qirqin kanizlari bilan Barchin oʻtirdi”.[17] Bu yerda diqqatimizni tortadigan ikki jihatga toʻxtalib oʻtish zarur. Birinchisi, Barchin oʻtovining tepalikka tikilishi. Tepalik, togʻ bu qadimda marosimlar oʻtkaziladigan muqaddas ajdodlar ruhi yashaydigan joy hisoblangan. Ikkinchisi, oʻtovning oq va baxmal ekanligi. Oq va qizil (baxmal) rang, birinchi navbatda, ikki olam (erkak va ayol birligining makoni) haqidagi qadim tushunchalarni oʻzida ifoda etgan. Shuning uchun ham bu ikki rang eposda ham, marosimlarda ham aniq ramziy maʼnoga ega.

Oʻzbekistonning janubiy viloyatlarida uzatilayotgan qiz toʻy kuni biror bir qarindoshi yoxud qoʻshnilaridan birinikida, yaʼni oʻz uyidan uzoqroqda boʻladi. Qizning dugonalari uzatilayotgan qizni yashirishib, “qiz yashirdi” marosimini oʻtkazadi. Kuyov tomondan tanlangan vakil boʻlgʻusi kelinni topib olishi kerak. Ana shu “qiz yashirdi” marosimidan soʻnggina boʻlgʻusi kelindan vakillar rozi-rizolik olishadi. Dostonda ham ayni marosim oʻz aksini topgan: “Qadimgi rasimi shunday boʻladi, Barchinoyni qiz opqochdi qiladi… Bir yerda bularni topib oladi”.[18] Ana shu kabi marosimlardan yaxshi xabardor boʻlmasak, Barchinning oʻtov tikib, oʻz elidan ajralib chiqishini juda joʻn talqin qilishimiz tabiiy, albatta. Aslida esa “Alpomish” kabi klassik eposda, biror bir detal nooʻrin kelmaydi va ularning har biri oʻzining chuqur maʼnosiga ega.

Barchinning alohida oʻtov tikib, oʻz elidan ajralib chiqishi, bu bir tomondan, qizning balogʻatga yetganidan dalolat bersa, ikkinchi tomondan, uning ihota qilinishini anglatadi.

“Qiz yashirish”, yaʼni turmushga chiqayotgan qizning jamoadan ajratilishi, uning ihota qilinishi, yaʼni har xil noxushliklardan, yomon koʻzlardan saqlash uchun qilingan amaliy harakat boʻlib, Barchinning tepalikka oʻtov tikishi ana shu qadim marosimning dostondagi badiiy ifodasidir.

Sochning marosim va folklordagi oʻrni, funksiyasi va poetik koʻlami shu darajada ulkanki, buni birgina maqola yoki tadqiqot doirasida hal etish anchayin mushkul masala.

Marosimda magik harakatlar ritual ahamiyat kasb etsa, eposda u badiiy koʻrinishga ega. Buni “Alpomish” dostonidagi “soch siypatar” va shu kabi marosimlarda koʻrishimiz mumkin.

Soch, yol bu ruhga tegishli, birovning sochi yoxud yoliga egalik qilish, uning ruhiga egalik qilish, uni oʻziga tobe etish bilan barobar hisoblangan. J. Frezer soch qadim marosimlarda eng yuksak mavqeda boʻlganligini, ibtidoiy inson sochni tarash, oldirish, kuydirish orqali tabiatga va ruhga taʼsir qilish mumkin, deb hisoblaganligini taʼkidlaydi.[19]

Folkloshunos olim Asqar Musaqulov jahondagi koʻpgina xalqlarning tugʻilish, nikoh, oʻlim marosimlari bilan bir qatorda soch olinishi ham inson hayotida eng muhim boʻlib, u osmon gʻoyasi bilan bogʻliq boʻlganligini yozadi.[20]

“Soch siypatar”, umuman, sochning oʻrilishi bu qiz bolaning balogʻatga yetganligini anglatuvchi unsurlardan biri boʻlib, u qadimiy soch magiyasi bilan bogʻliq marosimning transformatsiyaga uchragan bir koʻrinishidir. Soch magiyasi, birinchi navbatda, hosildorlik kultiga boʻlgan eʼtiqoddan kelib chiqqan. “Alpomish” dostonidagi “soch siypatar” marosimida ham ana shunday qadim tasavvurlar oʻz ifodasini topgan.

Arqon, tayoq, oyna marosimlarda eng koʻp ishlatiladigan predmetlardir. Ularni birlashtirib turuvchi jihat esa bu uchala jism qadim tasavvurlarga koʻra ikki dunyo oʻrtasidagi chegara, belgini ifodalashidir. Shuning uchun kuyov-kelin yoʻliga tashlanadigan arqon, tayoq (baqan) ularning bir dunyodan ikkinchi bir dunyoga qadam qoʻyganligini anglatgan. Shuning uchun ham homilador ayol tayoq yoki arqondan hatlamaydi, oqar suvda choʻmilmaydi, tunda koʻzguga qaramaydi, sochini kesmaydi, degan qarashlar bugungi kungacha saqlanib qolgan.

Oyna, aslida, suvning atributi hisoblanadi, suv tabiiy xususiyati bilan koʻzguga tenglashtirilgan. Suv esa ikki dunyo oʻrtasidagi chegara. Shuning uchun ham suvning barcha din va turli xil marosimlardagi oʻrni juda baland.

“Kampir oʻldi” marosimi nikoh toʻyining bir qismi hisoblanadi. Bu marosim baʼzi joylarda kelinning uyida, ayrim hududlarda kelin kuyovnikiga olib kelingandan keyin amalga oshirilgan.

“Alpomish” dostonida u kelin, yaʼni Barchinning uyida amalga oshiriladi: “Baxmal oʻtovda chimildiq tutib, kuyov navkarlari bilan kuyovni kirgizmoqchi boʻlib, bir necha xotinlar “kampir oʻldi” boʻlib, oʻlganiga bir nima olib, “it irillar” degan rasmini qilib, bunga ham bir narsa berib, har zamon salom solib, uydan ichkari kirib, chimildiqqa oʻtirib, oldiga dasturxon solib, qoʻylarning toʻshini pishirib olib kelib, bularning oldiga qoʻyib, xoʻp yeb toʻyib, kuyov navkarlarga toʻppi, roʻmol, sarmoy berib, hammasi oʻz rasmi-qaʼdasini qilib, kuyov navkarlar chiqib ketdi, bular ham mazgiligi, joy-joyiga qarab ketdi”.[21]

N. P. Lobacheva bu marosim oʻtgan asrning oʻrtalarida Oʻrta Osiyoda yashovchi turkiy xalqlarning barchasida uchrashini taʼkidlaydi.[22] Bu marosim bugungi kunda ham saqlanib qolgan. Surxondaryo, Qashqadaryo viloyatlarida xuddi dostonda aynan keltirilgani kabi kelin tomonda amalga oshiriladi. Chimildiq tutilgan uyga kirmoqchi boʻlayotgan kuyov navkarlarining yoʻli toʻsilib, ostonada turgan bir kampir it boʻlib “irillaydi”. Odatda, it boʻlib irillaydigan kampir kayvoni, uvali-juvali va obroʻ-eʼtiborli, eng muhimi, kelin tomonning eng yaqinlaridan biri boʻlishi kerak.

Kampirning “ulushi” berilgach, kuyov ichkariga kiritiladi. Shundan soʻng “kampir oʻldi” marosimi boshlanadi. Unda yana uvali-juvali bir kampir kelin-kuyovga solingan oʻringa yosh bolani quchoqlab yotib oladi. Atrofda turganlar “kampir oʻlib qoldi”, “kampir oʻlib qoldi”, deyishadi. Soʻng kampir tush koʻrganini aytadi:

Tush koʻribman,

Ikki yoshni xush koʻribman,

Oltin beshik bu jonda,

Oltin beshik u jonda,

Toq emas, juft koʻribman.

Qoʻchqorday ul bir jonda,

Basolqi qiz bir jonda,

Koʻrkam savlatli,

Molu davlatli,

Farzandli, nevarali, chevarali koʻribman.[23]

Baʼzi joylarda “oʻlgan” kampirning tushini ikkinchi bir kampir taʼbiri qilib, tushdagi ramzlarning nima maʼno ifodalashini aytib turadi.

Bu oʻrinda kuzatilganidek, tush koʻpchilik marosimlarda, umuman, inson hayotining barcha nuqtalarida alohida ahamiyat kasb etgan. Ibtidoiy inson oʻzining oʻtmishi, buguni va kelajagini ham tushsiz tasavvur eta olmagan. Biror bir insonning dunyoga kelishi, kamol topishi, baxtli boʻlishi yoki falokatlarga yoʻliqishi tushlarda ayon boʻlgan.

Nikoh esa hamma vaqt oʻlim va tugʻilish orasidagi muhim bir vosita, hayot – oʻlim – hayot davomiylik siklining boshlanishi hisoblangan.

Oʻlib tiriluvchi maʼbudlar haqidagi qadim tasavvurlarga koʻra, keksa qish yer yuzini tark etgandan soʻng, u yangi – bahor qiyofasida dunyoga keladi. Oʻlim yoʻq ekan, tugʻilish ham boʻlmaydi; qish oʻlmasa, bahor tugʻilmaydi. Aslida, oʻlim va tugʻilish bir mohiyatning ikki qutbi, xolos.

Dostondagi “kampir oʻldi” marosimida ham xuddi ana shu narsa, yaʼni bir fasl (sikl) oʻrnini ikkinchi bir fasl olganligi, “kampir” oʻlib, yangi oila dunyoga kelayotganligi mangu davomiylik siklining ramziy ifodasidir.

Tabiat faslini keksa kampir qiyofasida tasavvur qilish “Choy momo”, “Sust xotin” marosimlarida oʻzining yanada yorqinroq ifodasini topgan. [24]

Maʼlumki, oʻlib tiriluvchi maʼbudlar haqidagi koʻplab miflar mavjud. Bunday miflarga xos boʻlgan eng muhim xususiyat – ularning tabiat va hosildorlik kultini oʻzida mujassam etgani va ularning koʻpchiligi albatta ayol qiyofasida boʻlganidir. Har fasl almashganda esa ularga qurbonliklar qilinib, maxsus marosimlar oʻtkazilgan. Qadim Misrda Osirisning oʻlib tirilishi bahor marosimlarida tomosha sifatida koʻrsatilgan.

Germaniyada yangi nikoh qurgan kelinchaklarga oʻlimni ifodalovchi somondan qilingan qoʻgʻirchoq koʻrsatilgan. Qari kampir koʻrinishidagi “Oʻlim” kelinchakning koʻp farzandli boʻlishiga yordam beradi, degan tasavvur boʻlgan.

Koʻpgina tadqiqotchilar Oʻlimning hosildorlik va serfarzandlikka koʻrsatadigan taʼsiri haqida tasavvurlar nikoh marosimlarida juda barqaror ekanligini taʼkidlashadi.

Shuning uchun ham oila va mavsum marosimlari bir-biri bilan uzviy bogʻliq ravishda oʻrganilishi zarur. Zero, oila marosimlarining barcha qirralari mavsumiy marosimlarni oʻrganish orqali ochiladi.

Xuddi epos kabi tush va marosim ham bir-biri bilan chambarchas bogʻliq jarayon. Bunday marosimlarning tarixiy ildizlarini yoritishda eposga murojaat etishimiz tabiiy. Eposdagi motivlarni esa hayotdagi mavjud marosimlar bilan qiyosiy oʻrganganimizdagina ularning mazmun – mohiyati yanada toʻlaroq ochilishi mumkin.

 

 

Jabbor ESHONQUL

 

“Oʻzbek folklorida tush va uning badiiy talqini” (Toshkent, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi “Fan” nashriyoti, 2011) kitobidan.

 


[1] Alpomish. Doston / Aytuvchi Fozil Yoʻldosh oʻgʻli. Nashrga tayyorlovchi Toʻra Mirzayev. – Toshkent: Fan, 1999. – B.68.

[2] Goʻroʻgʻlining tugʻilishi / Aytuvchi Poʻlkan shoir. Nashrga tayyorlovchi Malik Murodov. –Toshkent: Adabiyot va sanʼat, 1967. – B.12.

[3] Qarang: Yusuf va Ahmad. Doston / Aytuvchi Muhammad Jomrod oʻgʻli Poʻlkan va Fozil Yoʻldosh oʻgʻli. Yozib oluvchi Hodi Zarifov. – Toshkent: Adabiyot va sanʼat, 1987. – B.47 – 48; Gulixiromon. Doston / Aytuvchi Islom shoir Nazar oʻgʻli. Yozib oluvchi Siddiq Asqarov. Nashrga tayyorlovchilar: Mansur Afzalov, Siddiq Asqarov. – Toshkent: Badiiy adabiyot, 1965. – B.226 – 235.

[4] Manas. Sagiʼmbay Orazbak uulunun variantiʼ boyuncha / Basmaga dayardap, sozdugun tuzgonder: Kiʼrbashev K., Musayeva J., Sariʼpbekov R., Sooronov O. – Frunze: Kiʼrgiʼzstan, 1980. II kitep. – B.273 – 283.

[5] Oʻsha manba. – B.278.

[6] Bahaeddin Őgel. Tűrk mitolojisi. I cilt. – Ankara: Tűrk Tarih kurumu basimevi, 1993. – S.510.

[7] Homer. Iliada / Ruschadan Qodir Mirmuhammedov tarjimasi. – Toshkent: Adabiyot va sanʼat, 1988. – B.14.

[8] Koʻrsatilgan asar. – B.27.

[9] Koʻrsatilgan asar. – B.27.

[10] Koʻrsatilgan asar. – B.41.

[11] Koʻrsatilgan asar. – B.41.

[12] Koʻrsatilgan asar. – B.42.

[13] Putilov B. Epos i obryad // Folklor i etnografiya. – L.: Nauka, 1974. – S.76.

[14] Alpomish. Doston / Aytuvchi Fozil Yoʻldosh oʻgʻli. Nashrga tayyorlovchi Hodi Zarifov va Toʻra Mirzayev. – Toshkent: Sharq, 1998. – B.18.

[15] Alpomish. Doston. Fozil Yoʻldosh oʻgʻli varianti. – B.45.

[16] Koʻrsatilgan manba. – B.17.

[17] Alpomish. Doston. Fozil Yoʻldosh oʻgʻli varianti. – B.64.

[18] Alpomish. Doston. Fozil Yoʻldosh oʻgʻli varianti. – B.166.

[19] Frezer Dj. Folklor v Vetxom zavete. – M.: Politizdat, 1989. – S.263 – 265.

[20] Musaqulov A. Oʻzbek xalq lirikasi. – Toshkent: Fan, 1995. – B.97.

[21] Alpomish. Doston. Fozil Yoʻldosh oʻgʻli varianti. – B.166 – 167.

[22] Lobacheva N. P. Razlichniye obryadoviye komleksi v svadebnom seremoniale narodov Sredney Azii i Kazaxstana // Domusulmanskaya verovaniya i obryadi v Sredney Azii. – M.: Nauka, 1975. – S.302 – 320.

[23] Muallifning shaxsiy arxivi. Qashqadaryo viloyati Qamashi tumani Tersota qishlogʻida yashovchi 102 yoshli Pirimova Masʼul momodan yozib olingan matn. Bu qoʻshiqning boshqa bir variantini folklorshunos olim Mamatqul Joʻrayev ham oʻz kitobida keltirgan. Qarang: Oy oldida bir yulduz. Oʻzbek xalq marosim qoʻshiqlari / Toʻplab, nashrga tayyorlovchi, kirish soʻzi va izohlar muallifi M.Joʻrayev. – Toshkent: Adabiyot va sanʼat, 2000. – B.35.

[24] Sarimsoqov B. Oʻzbek marosim folklori. – Toshkent: Fan, 1986. – B.65 – 119.

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/tush-marosim-va-epos/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x