“Tulporlarning tuyoqlari zirqirar”

Oʻljas SULAYMONOV

 

QUM USTIDAGI QOʻShIQ

 

Sahro ustida turar yolgʻiz lochin,

Sahro ustida qotar paxmoq burgut,

Sahro ustida yonar avgust quyoshi –

Tanho qiyofasi odam ishonchining.

Men qoyaga boraman yaqin,

majusiy singari

urib pichoqni,

shivirlab,

avraganday,

nimanidir olaman oʻyib.

O, meni kechirgin, quyosh,

nojoiz shivirladim, men,

mayli,

eshitsin sariq

sahro.

Lekin, soʻng?

Lekin, soʻng,

dukur-dukur qitiqlaydi jimlikni…

…Tulporlarning tuyoqlari zirqirar

mana shunday kechada,

qachon silatadi suvoriy

yollarga yuzini…

…Sahro ustida turar bitta osmon.

Tinchigin, uchqur ot!

Bu koʻkka koʻtarilayotgan oy.

Eh, shunday shabada

va jimlik –

qaniydi,

men boʻlsam?!.

…Xayr, sariq sahro…

 

“NIHOYAT”

 

Nihoyat!

O, yozning dagʻal jalasi –

yaxlit selobi havoning,

qurigan bogʻimning qarolilarin

kesmoq niyatida oqar

yosharib.

 

Zamin qaʼriga yashirar

zarang ildizlarni,

silkitib aylantirar poyasin

Zamin va osmon orasida –

ustunlar,

koʻllar,

daryolar,

biz –

bugungi jalamiz.

Biz uchun bugun

hamma narsaga topiladi ish.

Kelish ham,

ketish ham

bu ishning bir zuvalasi.

Jala – zamin va osmonning toʻyi!

 

QORA VA QIZIL

 

Fas – Rim qonunlarining oliy huquqi.

Fas est – “Hamma narsa ravo”.

qahqaha bilan

oynalar ichiga kirmoqchi osmon.

boʻysunmagan shaharlar ustiga

askarlarni,

behisob huquqlar bilan qurollantirib:

fas!

Fas – gʻajib tashlang, dunyo ilkingizda turar.

Fas – boshqa hayot va mulkka ochiqdir yoʻllar.

Fas – qahr-gʻazab dovrugʻidan qisilgan koʻzlar.

Odamiylik shundaymi, axir?!.

XX asrda

chaqmoqday yondi birdan:

Rimning chorrahalarida

bemaʼni ibora –

Fas est!

Birinchi faylasuf qora koʻylakli tilshunos edi.

Ajdodlardan meros yovvoyi dunyo unga

(u tarixchi boʻlgan),

niyati ham qop-qora,

qoralarning gʻanimi u zot

(telba edi oʻzi).

Bizga

hamma narsa ravo!

Hatto mantigʻu qiyos

va huquq ham xotirlar

boʻrini emib oʻsgan

Romul va Remni.

Qarang, yana takrorlanmoqda –

asrlar qaʼriga singib ketgan

qismatning nishablarini

boʻri kabi vahshiylik bilan

qoʻydek bemajol shoʻrlik,

rangpar Rim.

Ishq izhor qilinmas lotin tilida,

Araz yoʻq, tortishuv yoʻq lotin tilida.

Biz yosh va navqiron boʻlgan bir paytlar,

Biz haqda soʻz aytilmagan lotin tilida.

Lotin tovushlari kuylamas bizni,

Rom etolmas bizni lotin soʻzlari zarra,

Ushlab koʻrar ekan shifokorlar tomirimizni –

Gapirmas koʻhna Rimni qoʻriqlagan ibora ila:

Fas est!

Demakki, bu jasad chirib bormoqda,

Soʻng bor taom yeb ol yogʻli, mazali,

Konyak ich, eʼtibor bermay, ogʻriqqa, biroq,

Sen intihoga mahkumsan –

Hamma narsa ravo!

Umring qisqa,

hozircha yashayapsan –

Fas est!

Hali tushga aylanganing yoʻq.

Koʻkragingni qashilar ozgʻin panjaralaring.

Qora libosingda,

mayli,

sayr etib ol, fashist!..

…Lekin Brest boʻsagʻasida bor,

Bordir bir xandaq…

…Oʻqlardan chilteshik boʻlgan

qip-qizil doʻnglik…

…Xushchaqchaq prusslar toʻkkan qonlar bor bu yerda

Va mening himoyasiz miyam chanogʻi.

Asab tarang,

yurak tortar u tomon,

Boshlar u tomonga soʻqmoqlar, yoʻllar.

Qayda boʻlmay,

koʻksimda eng soʻnggi imkon –

Oʻsha xandaq sari choʻzilgan qoʻllar…

 

“SIZ MENI SEVASIZMI, TOGʻLAR?”

 

Siz meni sevasizmi, togʻlar?

Sevasizmi, qayinlar?

yashil va oq kiyintirgan yillar

mening bilan yelmoqni istab,

olib ketar giyohlar ismin,

favqulodda yoʻllar

oʻzining jarangdor ranglariga

singdirib

sukunatning borki xillarin.

Togʻning chizma asbobi

tekislamoq boʻlar birdayin –

asr yurar nishablardan

koʻchgan qor uyumlari

va qor gardlari taxlit,

engilgina choʻktirib,

burama izlarin qoldirib

mening tezlashimga.

Jimjimador meteor –

xomxayol yillar.

Siz meni sevasizmi, togʻlar?

Sevasizmi, odamlar?

Sizni tuzatilmaydi,

yassilikka aylantirilmaydi,

nurashingiz unutilmaydi, togʻlar,

sizning.

Ajoyib parchalaringiz,

Chunonam, chatoq

lekin,

sizni qiyoslab boʻlmaydi,

togʻlar,

Siz – qiyossiz.

 

Rus tilidan Ikrom OTAMURODOV tarjimalari

 

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2013–10

https://saviya.uz/ijod/nazm/tulporlarning-tuyoqlari-zirqirar/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x