Ko‘pchilik erkaklarga ayollarda homiladorlik va emizish bilan bog‘liq badanidagi o‘zgarishlar yoqadi. Ayollarda esa tuqqandan keyin eriga nisbatan talpinish (jinsiy aloqaga ehtiyoj) pasayib ketadi. Buning sababi nima ekan?
Bu munosabat, aslida kuni bilan bola bilan ovora bo‘lgan onaning charchaganidan kelib chiqadi. Jinsiy aloqa haqida o‘ylash u yoqda tursin, “tezroq bolam uxlasa-yu, men ham to‘yib uxlab olsam” degan fikr ustun bo‘lib qoladi. Agar er uy yumushlarining bir qismini o‘ziga olib, bolani parvarish etishda xotinidan yordamini ayamasa, bundan o‘zi ham yutgan bo‘ladi. Ayollar esa biroz bo‘lsada eriga ahamiyat berishga, o‘zida, uyda romantik holatni yaratishga harakat qilmog‘i lozim. Albatta yotog‘ingizni hamma burchagida kir pelyonkalar va pamperslar yoyilib yotsa, jinsiy aloqa uchun yetarlicha sharoit bo‘lmaydi. Yana bir narsani unutmaslik kerakki, ayollarda emizish davrida jinsiy organlaridan jinsiy aloqani yumshatuvchi maxsus suyuqlik chiqishi sustlashadi. Bu esa erkaklardan yanada katta sabr va mehrni talab etadi. Agar erkakning barcha harakatlari ham ayolda lazzatlanish imkoniyatini yaratuvchi suyuqlik ajralishiga olib kelmasa, u holda sotuvda mavjud bo‘lgan maxsus lyubrikantlardan foydalanish mumkin.
Manba: Uzbaby.uz