“Tolkoʻprik”dan inson qalbi sari

Taniqli adabiyotshunos Umarali Normatovga xat

 

Assalomu alaykum, muhtaram ustoz!

Tiriklik, tirikchilik tashvishlariga oʻralashib, Sizdan tez-tez xabar ololmayotgan ukangizni maʼzur tutasiz, avvalo. Sogʻ-omon yurganingizga, Sizga umrbod hamrohlik qilayotgan hayrat hissiga koʻz tegmasin, iloyim.

 

Uzoq oʻylab, koʻpchilikni koʻz oldimdan oʻtkazib, bu izhorni Sizga yoʻllash eng toʻgʻrisi boʻladi, degan toʻxtamga keldim. Umid qildimki, bizni goh qiynayotgan, goh yupatayotgan quyidagi oʻy-mulohazalar Sizga ham yot emas…

Keyingi paytlarda odamni bezovta qiladigan bir savol miyadan chiqmay qolgan: bizning – oʻzbeklarning badiiy-estetik tafakkurimiz hozir qay ahvolda, ayniqsa, dunyodagi ilgʻor xalqlar tafakkuri darajasiga solishtirganda biz qayerlardamiz? Dunyoni-ku, mayli qoʻya turaylik, oʻzimizning bundan oʻttiz-qirq yillar ilgari yetishganimiz manzillarga qiyoslasak-chi?

Axir, bu manzillarda bino boʻlgan adabiy obidalar koʻrku salobati chakana edimi? Erkin Vohidov va Abdulla Oripov, Rauf Parfi va Omon Matjon, Anvar Obidjon va Shavkat Rahmon, Usmon Azim va Abduvali Qutbiddin sheʼriyati, Shukur Xolmirzayev va Murod Muhammad Doʻst, Erkin Aʼzam va Togʻay Murod, Xayriddin Sulton va Xurshid Doʻstmuhammad, Olim Otaxon va Nazar Eshonqul nasri adabiyotimiz boʻyu bastini mintaqamizdan olislarda ham koʻrinadigan darajada yuksaltirgan, badiiy ijodning aksariyat yoʻnalishlarida dunyoga yetib yurishimizni taʼminlab bergandi.

Albatta, oʻzimizni yupatish (toʻgʻrirogʻi, chalgʻitish)ning yoʻllari koʻp. Axir, bugun ham sheʼr deganlari, hikoya va roman deganlari kam yozilyaptimi, odamlar oʻqimay qoʻygan boʻlsa, yozuvchi va shoirda nima ayb, qabilidagi “izohu tushuntirish”larni istagancha toʻqish va shu bilan yana “yorqin yoʻl”da davom etaverish mumkindek ham. Biroq…

Biroq boyagi – miyani parmalayotgan qaysar savol yana ochiq qolaveradi-da: holimiz ne, qayerdamiz-u, qayon ketmoqdamiz? Axir dunyoning ilgʻor adabiyoti, falsafasi, estetik izlanishlari ruhoniyatning ne-ne manzillarini kashf qilib olgʻa borayotgan, olam va odamga xos qirralarni qanchalar kutilmagan rakurslardan koʻrsatish mumkinligini isbotlayotgan bir paytda biz nimamiz bilan kimni ishontira olyapmiz?.. (Hayratlantirish haqida-ku, gapirmay qoʻya qolaylik.)

Hartugul, yaqinda oʻqib tugatganim bir kitob oʻsha miya va ruhni bir muddat boʻlsa-da, yupatishga, ertangi kunga nedir ilinj bilan boqishga undadi meni. Ayni kayfiyatni, avvalo, Siz bilan oʻrtoqlashishni istadim.

Bu – umidbaxsh adib Muhammad Sharifning “Tolkoʻprik” deya oddiygina nom berilgan, biroq ichida oddiylikdan nom-nishon boʻlmagan nihoyatda jiddiy kitobi.

Xoʻsh, bu kitobga jamlangan 15 ta hikoya, muallifning xorijiy safarlardan olgan taassurotlari hamda “S. A. xotiralari” nomli qissa nimasi bilan meni bu qadar taʼsirlantirdi?

Avvalo, mazkur asarlarning barchasida muallif tasvirlanayotgan voqelikka nisbatan obʼyektiv, realistik pozitsiyada turadi. Bu jihatni alohida va, avvalo, taʼkidlayotganim esa bejiz emas. Zero, oʻzini shoiru yozuvchi sanab yurguvchi koʻplab qalamkashlar aynan shu masalada, demakki, shu bilan boshlangan qolgan barcha jihatlarda ham riyoga yoʻl qoʻyishyapti. Deylik, Vatan, xalq, millat mavzulariga faqat “muqaddas”lik sifatidan kelib chiqib yondashish va shu asosda kitobiy, balandparvoz, yuzaki tavsiflardan najot qidirishdan-da xunuk ojizlik boʻlmasa kerak.

Holbuki, Vatan, xalq, millat qandaydir mavhum, xayoliy, eyforik tushunchalar emas, balki aniq, konkret, qoʻl bilan ushlab, jon bilan sezish mumkin boʻlgan, hamma narsadan-da tirikroq qadriyatlardir. Ularning dardi, ogʻrigʻi, tuygʻulari har birimiznikidan seziluvchanroq, oʻtkirroqdir. Sizu men chalinadigan dard, ogʻriq ularniki oldida nima? Zotan, Vatan, xalq, millat tumov bilan tomogʻ yoki oshqozon dardi bilan ogʻrimaydi. Ularga kelgan yoxud ular tufayli keladigan dardu tashvishlar zalvori odamni yo u yoqli yo bu yoqli qiladi-qoʻyadi. Muhammad Sharifning “Otamakon”i ayni shu haqiqatni nihoyatda yangi, bizning adabiy tajribamizda uchramagan makon va qahramonlar misolida ongu shuurimizga quyadigan hikoya boʻlgan.

Mana, kelib-kelib “hukumatti osmonida” uchib qoʻygan “ayblanuvchi Bozorov Adham”ning bizga ilk bor tanishtirilishi: “Qoramagʻiz, siyrak qoshlari ostidagi qoʻy koʻzlari choʻkkan oʻrta yashar kishi oʻzini dadil tutishga harakat qilar, lekin uniqib, titilib ketayozgan shimining pochasi shabadada qolgandek tinimsiz hilpirardi. U oʻrnidan turgach, sud zalining salobati bosibmi yoki hozirgina hakam oʻqib eshittirgan ayblovning zalvoridan gangibmi, qiynalib yutindi, negadir koʻylagining tugmalarini bir-bir paypaslab ushlab chiqdi”.

Murod Muhammad Doʻst, boya qoʻmsaganimiz, shiddatkor adabiy hayot joʻsh urgan zamonlarda “Galatepaga qaytish” degan oʻqishli qissa yozgan, unda “Dunyo – bayt-ul-jafo, gʻamgusor yoʻq, dillarimiz gung va besharh qoladi! Gung va besharh!…” degan armonni bitgandi. Muhammad Sharifning eslayotganim “Parvoz” hikoyasi qahramoni, “ayblanuvchi Bozorov Adham”ning ham qalbi shu kunga qadar gung va besharh qolayotgan, aksariyat qishloqdoshlari uni “oʻzi, qistaloq, roʻzgʻori zoʻrgʻa tebranib turibdi. Otasi bechora ishga yaramay qolgan, bunda onasi kasalmand, xotini bogʻchada ishlaydi, olgan puli nimayam boʻlardi, bu yoqda toʻrtta mishiqisi bor… Bu qoramoyga botib traktor tuzatadi…” deb bilishardi. Suddan keyin ham bu fikr shundayligicha – oʻzgarmay qolishida bor gap. Biroq bu qoramoyga botgan traktorchining ham bir paytlar osmoniy orzulari, oʻshalarga mos koʻngil istaklari, mayllari boʻlgani, hayot ularning aksariyatini yerparchin qilgan boʻlmasin, gohida hayotning oʻsha qoqsuyak panjalaridan bir muddat boʻgʻzini boʻshatib, bir marta keladigani dunyoda oʻzgalarga emas, hech qursa oʻziga oʻzini isbotlagisi, koʻrsatgisi, u-da odam – INSON ekanini bildirgisi kelganini ilgʻagani va bizga yoddan chiqmaydigan qilib ilgʻatgani uchun ham Muhammad Sharifni ijodkor, yozuvchi atayapman. Bu ilgʻov, sezim ham ochiq-oshkora, publitsistik tilda emas, boshqa bir obrazlar, jumladan, Bozorov Adhamning sinfdoshi, “koʻylagining yoqasi sargʻayib yorilgan, shimining tizzasi suzilgan, titilib ketgan qayishining uchi yonboshida pichoq qinidek osilib qolgan kishi”ning sudda tutila-tutila bergan javoblari orqali hosil qilinadi.

Kitobda jamlab berilgan “Somon yoʻli” nomidagi turkum, biroz ishlov bilan qissaga doʻnishi ham hech gap emas. Negaki, toʻrtala hikoyada ham qishloqda Botir doʻxtir degan “martaba” bilan siylangan, bir qarashda jismi ham, joni ham, ahamiyati ham birovni qiziqtirmaydigan odmigina odamga “bosh qahramon”lik ravo koʻrilgan. Holbuki…

Holbuki, u “yoshligidan miqti, abjir va chayir bola edi. Mahallasidagi bolalarga bosh boʻlaman deb oʻzini oʻtga-choʻqqa urar, mahalla shaʼni, qishloq shaʼni deb janjalga bosh suqishdan tap tortmas, toʻylarda kurash tushar, eshakdek chayir bu boladan bir-ikki sinf yuqorida oʻqiydigan oʻspirinlar ham hayiqib turardi…”

Bular nima ekan, mana shu chayir Botirning hayotida sinfdoshi Zamira, uning yomgʻirpoʻshi, sochining hidi, kumush qoʻngʻiroqdek jarangdor va yoqimli ovozi bilan yuz koʻrsatgan qanchalik sehrli onlar kechdi. “Endi u dunyoga boshqacha nigoh tashlardi. Xuddi bir umr chang boylab yotgan deraza oynalarini kimdir yaraqlatib yuvib qoʻyganu tashqarida u shu paytga qadar sezmagan hayot toʻq va boy ranglarda joʻshqin davom etardi”.

Agar oʻsha hayot va qismat mardlik qilganida, hech qursa, muallif qoʻyib berganida, ularning – Botir va Zamiraning qissasi ham xuddi Tohir va Zuhro, Romeo va Juletta qissalari qadar yuksalar, ular-da ishq-muhabbat bogʻining gullari, rayhonlari boʻlib qolardilar. Afsuski, taqdir bu gal ham oʻz bilganidan qolmadi: Botirga u Tohir ham, Romeo ham emasligini, Zamiraga boʻlsa Zuhro hamda Juletta ishq ertaklarining sevgidan oʻzga tashvishi yoʻq nozaninlari ekanini, XX asr Zuhrosiga, nari borsa, Zamiraga ilinilgan oniy xush damlargina ravo koʻrilishini eslatib qoʻydi. Zero, hayotiy Zuhrolar eriga qoʻshilib bugʻdoy yanchishi, piyoz ekib oʻtoq qilishi, qahraton qishni oʻylab iloji boricha koʻproq tappi yopishi, bolalarining qornini, egnini butlash uchun zir yugurishi va baʼzida hardamxayol alpozga tushib qoladigan, “ovi yursa tovi yurmaydigan, tovi yursa ovi chopmaydigan” erini, oʻsha Tohiri, yoʻgʻ-e, Botirini ensasi qotgancha: “Ha, ish bitdimi?! Piyozga zahar septirdiyizmi? E, qanaqa odamsiz oʻzi, nega tirjayasiz, zahar nima boʻldi, zahar” deya tergab turmoqlari kerak…

Botir doʻxtirning, aksariyat qishloqdoshlarinikidan deyarli farq qilmaydigan hayoti manzaralari, bu hayotning butun mazmuni va mohiyati, menimcha, dastlabki hikoyadagi ushbu birgina tasvirda qabariq holda ifoda etilgan: “Aslida, oddiy bir oʻtkinchi bu manzarani ilgʻashi qiyin, uning nazarida, Botir va bolalar adirda koʻtarilgan quyun ichida adashib chopib yurgan sharpalardek tuyulardi…”

Bizni yupantiradigani, xayriyatki, yosh yozuvchi shu manzaralarni ilgʻaydi. Hayot, tiriklik va tirikchilik quyuni ichida adashib chopib yurgan sharpalar ODAM ekani, agar ularning sharpaga aylanib qolayozgan jismu joniga vijdon koʻzi bilan boqolsak, koʻrayotganimiz achchiq haqiqat koʻzimizdan yosh boʻlib qalqib chiqishidan ogoh etadi.

Ustoz, Sizga yaxshi maʼlum: har bir isteʼdodli ijodkor, uning oʻzi buni xohlaydimi, yoʻqmi, bilib yoxud stixiyali tarzdami, oʻzi tugʻilib koʻz ochgani makonning, qarogʻi va dimogʻiga dunyoning ilk rangi va iforini bergan yurtning boshqa biror ijodkorda takrorlanmaydigan, takrorlanishi mumkin boʻlmagan manzaralarini badiiy soʻz polotnolari tarzida dunyoga namoyon qiladi. Muqimiy “Sayohatnoma”sidagi Qoʻqon atrofi qishloqlari, oʻafur oʻulom “Shum bola”sidagi Toshkent, Shukshin hikoyalaridagi Sibir kengliklari, Gabriyel Markes asarlaridagi Makonda… – bunday gʻaroyib goʻshalarning koʻpini eslash mumkin. Muhammad Sharif ham, aytganimdek, oʻzi bilib yoxud bilmay, Kosonsoyning doʻppidekkina Goʻrmiron qishlogʻini goʻyo koʻzimizga durbin tutib bizga namoyon etib beradi. Uning tabiati – pastu balandliklari, dala va qirlari, ariq va anhorlari, jarlik va ungurlari – bari-barisi nihoyatda tiniq, suratdagidan-da aniq, hayotdagidan-da jonliroq manzara kasb etadi. Mana bu ayrim namunalarning oʻzi aytgan gapim mubolagʻadan xoli ekaniga dalil boʻlsa, ajabmas:

Qishloqda bahor: “… anhorning suvi boʻtana keladi. Kulol pishitadigan loy rangida boʻladi. Toʻlib-toshib, toʻlgʻonib-toʻlgʻonib, qirgʻoqlarini yamlab, daraxtlarning ildizlarini yulqilab, yangi kamarlar bunyod qilib oqadi…” Yoz: “Suv tiniqlashadi, sersoya goʻshaning tinchligi buziladi, anhor labida uchib yurgan ninachi va kapalaklar, sershox daraxtlarda palaponlarini yoniga olib mizgʻib oʻtirgan qushlar birdan choʻchib ketadi: qiy-chuv bilan kelgan son-sanoqsiz bolalar suvga oʻzlarini gup-gup tashlaydi…” Bu esa kuz: “Balchiq, baliq, baqasholning hidi kelib tursa-da, suv shishadek tiniq, unda koʻm-koʻk osmondagi oqish parcha bulutlar, toʻq zangordan sargʻish-qirmiziga oʻtayotgan dov-daraxtlar akslanib turadi…” (Hammasi “Tolkoʻprik” hikoyasidan.)

Muhammad Sharif, kitobga soʻzboshi yozgan professional adib Erkin Aʼzam urgʻulaganidek, “biror holat tasviriga kirishar ekan, aslo shoshmaydi, odatiy tafsilotlarga chalgʻimay, qilqalam tutgan musavvir misol har bir chizgisini erinmay poyoniga yetkazadi”. Bu astoydillik esa muallif tomonidan oʻzining tasvirga ustaligi-yu, xotira quvvatini namoyish qilishga urinishi sifatida anglanmasligi kerak.

Aksariyat tasvir kuchi bilan foje taqdirlardan hikoya qiladigan, qilganda ham, zarracha odamiylik sifati qolgan har qanday koʻngilda bir umrlik taassurot qoldiradigan asarlardan yana biri “Tolkoʻprik” hikoyasidir. Hajman salmoqlikkina bu hikoyada dialog deyarli uchramaydi, qahramonlarning ayrim suhbatlari ham nihoyatda quyuq tasvir qatiga (ularning namunalaridan yuqorida bir qism bahramand boʻldik!) ranglar, ohanglar misol singdirib yuboriladi. Bu quyuq tasvirlar mutolaa asnosida tasavvurga shu darajada singib, oʻrnashib boradiki, uning fonida boʻrtib koʻz oldimizdan oʻtadigan, “labining chap ustida kichik xol qoʻnib turgan” qiz qismatini endi bu kartinadan ayro tasavvur qila olmaymiz.

Tolkoʻprik, mana necha davrlar oʻtibdiki, oʻzi bogʻlab turgan ikki qirgʻoq – kunchiqar va kunbotar tomondagi ne-ne kishilar taqdiri, ularning qay bir hislari, tuygʻulariga guvoh boʻlmadi. Qancha avlodlar ajdodlarga doʻndi, necha sambit qadlar uning oʻzi kabi egildi, sindi. Agar qadlar egilishi, qomatlar sinishi tabiiy, ogʻrinmay tan olinadigan koʻrgulik boʻlsa, nazarga ilinmagan koʻngillar istagi, toptalgan hislar, bevaqt xazonga uchragan tuygʻular yigʻisi tolkoʻprik bagʻriga singa-singa, uning ichiyu tashini xarob qiladi. “Tolkoʻprik, odamlarning yoʻliga oʻzini koʻprik qilib toʻshagan tol ularning koʻngliga koʻprik sola olmaganidan boʻlsa kerak, tanasi tars-tars yoriladi”.

Umuman, Muhammad Sharif kitobidagi barcha hikoyalar ham oʻzi toʻgʻrisida shu singari batafsil, koʻngildan chiqarib, xumorni yozib gurunglashishga arziydigan yukka, zalvorga ega. “S. A. xotiralari” qissasi ham alohida tadqiqot, jiddiy mulohazalar talab qiladigan asarki, ular haqda yoʻl-yoʻlakay, yuzaki gap aytish maʼqul ish emas, deb oʻyladim.

Kitobga kirgan asarlar matnida bir qalam tekkizish bilan oʻnglash mumkin boʻlgan oʻrinlar ham koʻzga tashlanishini esa aytsam, Muhammadjonga ogʻir botmaydi, deb oʻylayman.

Masalan, gelni sochga “sepish”dan koʻra, “surish” toʻgʻriroq boʻlsa kerak (123-bet). “Amerika prezidenti Jimmi Karter Ittifoqqa atom ham emas, yadro bombasi tashlamoqchi emish” deganini mish-mish gap sifatida berish ham toʻgʻri emas (247-bet). Zero, atom, vodorod, neytron bombalarining barchasi bir xil – yadro quroli hisoblanadi. Aslida, oʻsha prezident neytron bombasi bilan dunyoga dagʻdagʻa qilgandi. A. Dyumaning muallif qoʻliga tushgan ruschadagi “Tri mushketyora” romani oʻzbek tiliga “Uch mushketyorlar” tarzida emas (284-bet), “Uch mushketyor” deb tarjima qilinadi. Qolaversa, har qancha harbiy hayot tasvirlanmasin, “goroxli boʻtqa”ni (290-bet) “noʻxotli boʻtqa” deb atalsa ham, “armiya koloriti” buzilib qolmaydi…

Bular – katta ishlardagi arzimas qusurlar, xolos. Eng muhimi, bizning zamondoshimiz, isteʼdodli ukamiz Muhammad Sharif tomonidan ortiqcha shov-shuvsiz, oldindan chang chiqarilmay, birovdan nedir eʼtibor va muruvvat kutmay oʻsha katta ishlarning qilinganidir. Muallif bu ishlariga nedir eʼtibor va ragʻbat kutayotgan boʻlsa, menimcha, faqat va faqat oʻquvchi xalqdan – oʻzining oʻtmishi, buguni va ertasiga befarq boʻlmagan yurtdoshlaridan bu asarlarini oʻqish, uqish eʼtiborini kutyapti, xolos.

Sizu biz bu ishga hali yaraymiz, deb oʻylayman…

Sizga cheksiz hurmat bilan,

Rahmon QOʻChQOR

 

“Hurriyat”dan olindi.

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/tolkoprik-dan-inson-qalbi-sari/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x