TOGʻAY MUROD

TOGʻAY MUROD (taxallusi; asl ismsharifi Mengnorov Togʻaymurod) (1948.3.2, Surxondaryo viloyati Denov tumani Xoʻjasoat qishlogʻi — 2003.27.5, Toshkent) — Oʻzbekiston xalq yozuvchisi (1999). Toshkent untining jurnalistika ftini tugatgan (1972). Respublika radiosida muharrir (1972—75), «Oʻzbekiston fizkulturachisi» gaz. da (1976—78), «Fan va turmush» jurnalida (1982—84) adabiy xodim. 1984—86 y. larda Moskvada Oliy adabiyot kursida oʻqigan. Dastlab kichik hikoyalari, ocherklari eʼlon qilingan. Birinchi yirik qissasi — «Yulduzlar mangu yonadi» (1976). «Ot kishnagan oqshom» (1979), «Oydinda yurgan odamlar» (1980), «Momo Yer qoʻshigʻi» (1985) qissalarida qishloq hayotiga xos manzaralar aks etgan. Ularda halol, oqkoʻngil, toʻgʻrisoʻz, mard oʻzbek kishilarining betakror obrazlari yaratilgan. Oʻzbek adabiyotining yutugʻi sifatida eʼtirof etilgan bu qissalar tilining shoirona jozibadorligi, xarakterlarning yorqinligi, milliy ruhi bilan ajralib turadi. Togʻay Murod oʻzbek va jahon adabiyotining eng yaxshi anʼanalarini muvaffaqiyat bilan davom ettirgan. «Otamdan qolgan dalalar» (1993) romanida Oʻzbekistonning mustamlakaga aylanishi va tunu kun mehnat qilib, yashayotgan oʻzbek dehqonlarining mustabid tuzum yillaridagi ogʻir hayoti, iztiroblari hayotiy lavhalarda haqqoniy chizib berilgan. Asardagi Dehqonqul oʻzbek mehnatkashlarining umumlashgan obrazi darajasiga koʻtarilgan. U boshiga yogʻilgan minglab musibatlarga chidab yashashga majbur boʻlsa da, oʻz insoniy shaʼni, qadrqimmatini baland tutadi, mustamlakachilarning yugurdaklarini ayovsiz fosh etadi. Asar asosida badiiy film yaratilgan (2001). «Bu dunyoda oʻlib boʻlmaydi» romanida ham oʻz ijodiy mezonlariga sodiq qolib, yolgʻon eʼtiqodlar, soxta shiorlarga aldanib, hayotini yelga sovurgan sobiqfirqa rahbarlarining majoziy obrazlarini hajviy boʻyoklarda tasvirlagan.

Jek Londonning «Boyning qizi» dramasi va hikoyalarini, E. SetonTompsonning «Yovvoyi yoʻrgʻa» qissasini oʻzbek tiliga tarjima qilgan. Abdulla Qodiriy nomidagi Oʻzbekiston Davlat mukofoti laureati (1994). Ortiqboy Abdullayev.

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x