Togʻay Murod: “Umr yoʻli – borsa kelmas yoʻl”

Togʻay Murodning eng yaxshi asari qaysi? Hayotda katta armon bilan oʻtgan, lekin bir-birini suyab, bir-biriga suyanib yashagan “Oydinda yurgan odamlar”mi? Insondan insonlik koʻrmagan, hayvondan insonlik koʻrgan, elda yolgʻiz chavandoz haqidagi “Ot kishnagan oqshom”mi? Gʻirromliklar yelkasini yerga tekkizsa-da, qaddi bukilmagan, qadri toʻkilmagan, baribir halollikning gʻalabasiga ishonchi baland, shu bois gʻururi yanayam baland polvon toʻgʻrisidagi “Yulduzlar mangu yonadi”mi?..

Nazarimizda, har qanday yozuvchining eng yaxshi asari – hali yozilmagan asaridir. Ulugʻ adiblarimiz umri poyonida koʻngliga tugib yurgan (endi bizning koʻnglimizda ham yechilmas tugun boʻlib qolgan) ijodiy rejalar haqida eshitsak, adabiyotimiz yana qanday kitoblar bilan boyigan boʻlardi-ya, deya shirin xayolga berilamiz.

Adibning ayoli Maʼsuma opa Ahmedova bilan birgalikda Togʻay Murodning tanlangan asarlari uchinchi jildini nashrga tayyorlash asnosida ustozning kundaligida qolgan bitiklarini koʻzdan kechirib, goʻzal asarlarga gʻoya boʻlgulik qaydlarga, kuzatishlarga, fikrlarga duch keldik. Agar ularning bari hikoya, qissayu romanlarga, esseyu maqolalarga aylanganida bormi… Mana bu toʻrt enlik matnga Togʻay Murod qalami qanday hayot bagʻishlab yuborardi yoki mana bu keskir fikrlarni yozuvchi yana qanday qayragan boʻlardi, degan oʻy keladi dafʼatan. Taassufki, biz bugun ularni faqat qoralama tarzida oʻqishga, eʼlon qilishga majburmiz. Shunisiga ham shukr.

 

* * *

Proza qayerdan paydo boʻlgan, qanday paydo boʻlgan? Prozani kim yaratgan? Qachon yaratgan? Prozani… poeziya yaratgan. Poeziyaning kuch-qudrati yetmay qolganidan… prozani yaratdi. Shu bois, poeziya tugagan joydan… proza boshlandi. Poeziya ojizlik qilib qolsa, qoʻli yetmay qolsa, nafasi yetmay qolganda… proza kuchga kiradi, proza amalga oshiradi. Shu bois, proza poeziyadan qudratli hamdir.

…Shoirlar prozani shunchaki yozib ketiladi, deb tushunadi. Faqat, mehnati ogʻir, qora mehnat, deyishadi. Yoʻq, prozaning oʻz ichki siri-asrori, ichki qonun-qoidalari boʻladi. Ana shu ichki sir-asrorlarni anglab yetmagan qalamkash proza emas, shunchaki bir satrlarni yozadi. Ana shu ichki shakl-shamoyillar, qonun-qoidalarni (?), koʻzga koʻrinmas tilsimlarni his etolmagich qalamkash shunchaki joʻn, toʻpori voqealar tizimini yozib chiqadi.

Bu ichki sir-asrorlarni qanday bilsa boʻladi? Ushbu ichki, koʻzga koʻrinmas tilsimlarni qanday anglab yetsa boʻladi?

Uni tabiat beradi. U badanda boʻladi. U koʻngilda boʻladi. U ijodkor tabiatida boʻladi.

* * *

L. Tolstoy Kavkaz urushini kezib chiqdi. Jek London Shimol1ni kezib, oltinchilarni oralab chiqdi. Gorkiy odamlar eshigida daydib yurdi. Shishkov Sibirni kezib yurdi. Material yigʻdi, hayot yigʻdi, turmush yigʻdi. Hayotiy taqdirlarni koʻrdi, turmush azob-uqubatlarini koʻrdi. Xalq feʼl-atvorini oʻrgandi, xarakterlarini bilib oldi. Hayot achchiq-chuchuklarini oʻz koʻzi bilan koʻrib, oʻz qoʻli bilan yondaftariga qayd qildi. Hayot shakl-shamoyillarini, turmush ohanjamalarini misoli fotosuratchiday suratga olib, plyonkaga qayd qildi. Qoʻsha-qoʻsha, qavat-qavat plyonkalarni toʻplab, sumkalarini toʻldirdi. Keyin, uyiga kelib, ana shu negativlarini – plyonkalarni proyavit2 qilib, oʻz ustaxonasi ish stolida badiiy asar yaratdi. Shu maʼnoda yozuvchi fotosuratchiga oʻxshaydi. Suratchining ish quroli – fotoapparat, yozuvchining ish quroli – qalam.

 

* * *

Yozuvchi, adiblar ijodiy yoʻlini, umrini, hayotini, olis masofaga yugurish poygasiga oʻxshatgim keladi. Marofon poygasi yoʻliga oʻxshatgim keladi. Poyga yoʻlagi boʻylab chopib boruvchi poygachilarga oʻxshatgim keladi. Bunday olis masofa poygasida oldindan, azaldan puxta, pishiq mashq qilgan, mashq olgan, suyagi shunday poygada qotgan, yaʼni poydevori pishiq, beli baquvvat poygachi soʻnggi marragacha yugurib boraveradi. Yoshligida shunchaki besh-olti mashq olgan, shunchaki orzu-havas bilan yoʻlga chiqqan poygachilar esa yoʻl-yoʻlakay arosatda qolib ketaberadi. Birov oʻpkasi toʻlib qolib ketadi. Birov irodasi yetmay qolib ketadi. Birov kuch-qudrati yetmay qoladi, birov turli-tuman bahonalar topib qolib ketadi.

Oʻzbek adiblarini ana shu poygachilarga oʻxshataman.

Ijodiy yoʻlni ana shu poyga yoʻliga oʻxshataman. Yozuvchini ana shu poygachilarga oʻxshataman.

 

* * *

Shon-shuhrat aroqqa oʻxshaydi misoli. Ichgan sayin ichgingiz keladi. Yuz gramm ichsangiz, yana yuz gramm ichsam, deysiz. Keyin yana, yana… Oxiri borib… yiqitadi. Oldin boshni aylantiradi. Odam burnidan narini koʻrolmay qoladi, bosar-tusarini bilmay qoladi. Keyin, keyin yiqitadi.

Shon-shuhrat ana shu aroqqa oʻxshaydi. Yuz gramm ichsa, tagʻin yuz gramm, deydi. Shuhrat ketidan shuhrat… Kun sayin shon-shuhrat, oy sayin shon-shuhrat, yil sayin shon-shuhrat… Oxiri borib, aroqning kuni keladi – yiqitadi.

Shon-shuhrat aroq misol yozuvchining boshini aylantiradi. Aroq misol taltaytiradi, aroq misol koʻzini shapkoʻr qilib qoʻyadi. Oxir-oqibat, hech kimni tanimay qoʻyadi. Oʻzini osmon his etadi, boshqalarni yer his etadi. Birorta toʻy-maʼraka usiz oʻtmasligi kerak. Birorta majlis-anjuman usiz oʻtmasligi kerak. Eng yomoni… u anjuman toʻrida, hayʼatida oʻtirishi kerak. Oʻsha toʻrga, oʻsha hayʼatga taklif qilsalar qildilar, qilmasa(lar)… shunday oʻzi borib oʻtirib oladi. U haykal misol qoʻr toʻkib turishi kerak. Byust misol savlat toʻkib turishi kerak. Goʻyo bu – hayot qonuni, tabiat qonuni. Goʻyo bu – Xudo, parvardigorning yoʻl-yoʻrigʻi, xohish-irodasi.

Keyin, u albatta nutq soʻzlashi kerak. Donolarcha soʻzlashi kerak, xalq nomidan soʻzlashi kerak.

Mabodo u shu anjumanga taklif qilinmay qolsa-chi, oʻzini xoʻrlangan his etadi.

Mana shunday yoʻlga kirgan adibni Xudo urdi!

 

* * *

Lev Tolstoyni toʻngʻich qizi oʻzga bir yurtda yashar edi. Bir kuni ana shu qizi kelganida unga oʻz orzu-havasini aytadi. Toʻngʻich qizi Tatyana yurtiga borib yashash istagini bildiradi. Qizi hayron boʻlib soʻraydi.

Lev Tolstoy oʻz koʻngliga tugib yurgan xohish-istagini aytadi:

– Yasnaya Polyanada meni hamma taniydi. Meni hech kim bilmasa, meni hech kim tanimasa… Koʻchalarda oʻzimcha boqibegʻam boʻlib, daydib yursam… Koʻrganlar mendan jirkansa, gadoy misol boʻlib yursam. Koʻchalarda yelkamga toʻrva-xalta osib yursam. Oqshomlari dehqonlarning ostonasiga borib, xayr-sadaqa soʻrasam…

 

* * *

Kabardin-Bolqoriyada 74 yoshli Amma Itamonovna Ifrayemova yashar ekan. U aza-maʼrakalarda goʻyanda boʻlib ishlar ekan… Amma Itamonovna oʻz ishiga ijodiy yondashadi, har bir marosimga alohida tayyorgarlik koʻradi, har gal aytib yigʻlaydigan soʻzlarini yangilab boradi. Oʻtgan odamni yodlar ekan, urugʻ-aymogʻini tilga oladi, rahmatlining qilgan yaxshi ishlarini aytib yigʻi soladi, ayni damda uning yaqinlariga tasalli beradi. U narigi dunyoga rixlat qilgan odamga oppoq surpdan oʻz qoʻli bilan kafanlik tikadi. Amma Atamovna bu xizmatlari uchun umuman pul olmaydi. Motamdorlar ayolni sovgʻa-salom bilan rozi qiladilar. Aytishlariga koʻra, urushda fashistlar uning eri, qavm-qarindoshlarini tiriklayin koʻmib tashlagan ekan…

Tasanno, kasbni qarang!..

 

* * *

“Yoʻq”, deyishni oʻrgan. Hammaga birday yoqish – mushkul ish. Bu hammaning ham qoʻlidan kelmaydi va oqibat, muhim ishlarni bajarishda kishida kuch qolmaydi.

 

* * *

…Adabiy-tanqidiy maqolalaringiz… sud protokoliga oʻxshaydi. Oldin asarni – voqeani gapirib, oʻqib berasiz. Nima boʻlgan, qachon boʻlgan, qayerda boʻlgan, kim tomonidan amalga oshirilgan, kim, qaysi obraz aybdor, qaysi obraz aybsiz, qaysi obraz salbiy, qaysi obraz ijobiy… Keyin hukm oʻqiysiz. Adabiy-badiiy maqola, bu – janr. Bu janrning oʻz talablari bor. Adabiy-badiiy maqolalaringizda… proza yoʻq! Shunday, adabiy maqolalaringizda proza yetishmaydi. Belinskiylarning adabiy maqolalarini oʻqiyotib, bilib boʻlmaydi – proza oʻqiyapsizmi, yo adabiy maqola oʻqiyapsizmi…

 

* * *

…Jumlalari chollarga oʻxshaydi. Xokisor, nimjon, kasalmand, bukri, rang-tussiz! Fisq-fasod, igʻvo toʻla! Imillab, ichburugʻlarcha qadam bosadi. Bir yerda depsinadi. Odamni ensasini qotiradi. Katta-katta yuring, otaxon, deysiz. Boʻlmaydi. Oqibat, ketingizga qaramay, oʻz yoʻlingizda ketasiz. Yaʼni, betlab, boblab, tashlab-tashlab oʻqiysiz…

 

Farrux JABBOROV

tayyorladi.

 

“Yoshlik”, 2017–2

https://saviya.uz/ijod/nasr/togay-murod-umr-yoli-borsa-kelmas-yol/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x