Muhabbatni ehtiyot qiling

***

Maysaning joniga bermaydi orom

Tezroq yerni yorib chiqmoq istagi.

Garchi keng osmonga poyon yoʻq, poyon,

Manzilga shoshilar qushlar koʻkdagi.

 

Qarangki, ildizdan yulduzga qadar

Har jon tiriklikdan axtarar maʼni.

Mening hayratimni oshirar battar

Bemaqsad odamning yashayotgani.

 

 

Onajon

 

Vaqt tezligi oshdi, onajon,

Hanuz sizga yetolmadim men.

Shahar koʻzim ochdi, onajon,

Lek koʻz yumib ketolmadim men.

 

Hijron yoʻli bunchayam uzun,

Oʻtib borar yil ortidan yil.

Ketaylik deb yigʻlaydi har kun

Sizni mendan koʻp sogʻingan dil.

 

Dunyosidan kim foyda koʻrgan,

Ustun qoʻyib hoyu havasni.

Sizdan olis yurganim-yurgan,

Kechiring men orzuparastni.

 

Shukur, koʻnglim koʻnglingizdek oq,

Faqat sizga oʻxshayman endi.

Yuragimga berkingan qishloq,

Yuragimda yashayman endi.

 

 

Men – Sen

 

Men haliyam orzuparastman,

Men haliyam xayolga bandi.

Bir kun kelib xuddi oʻzingni

Koʻraman deb oʻylamagandim.

 

Menga bundan ortigʻi ortiq,

Huzuringda karaxtman, karaxt.

Sen – men uchun dahshatli shodlik,

Sen – men uchun qoʻrqinchli baxt.

 

 

…ga

 

Vatanini qoʻmsagan yurakday

Sogʻinaman sizni,

Onasiga ichikkan goʻdakday

Sogʻinaman sizni,

Faqat sogʻinish kerakday

Sogʻinaman sizni,

Siz-chi?

 

Men ketib boraman,

Siz jim qolasiz.

Gʻurur otligʻ yurtda hokim qolasiz,

Balki bundan baxtli yashay olasiz,

Biz-chi?

 

Shaharda hamma yoq sayt, elektron,

Sogʻinch haqidagi qayd – elektron.

Qaygʻu – elektron, dard – elektron,

His-chi?

 

Qishloqda tuygʻu bor, yana… siz borsiz,

Siz menga baquvvat daraxt misolsiz.

Daraxtin sogʻinib yigʻlar majolsiz

Qushcha…

 

 

Tilak

 

Oʻzingizni ehtiyot qilmang,

Azoblaning, seving, sogʻining.

Hamma guli qirmizi, qonrang,

Yarmi tikon bu ishq bogʻining.

 

Ruhingizga bedorlik darkor,

Yuragingiz bezovta ursin.

Qarang, hatto oyning dogʻi bor,

O, dardsizlik, dogʻsizlik qursin.

 

Iztirobni muqaddas biling,

Baʼzan toʻlib, toʻkilib yigʻlang.

Muhabbatni ehtiyot qiling,

Oʻzingizni ehtiyot qilmang!

 

 

***

Faqat soʻzdir taskinu daldam,

Faqat soʻzdir tilloyu zarim.

Asrab qolgay qorongʻulardan

Yop-yorugʻ sheʼrlarim.

 

Avvallari tirik soʻzlarning

Tomogʻidan xippa boʻgʻilgan.

Yoʻrgaklaydi tong – doya ona

Sheʼrlarimni – yangi tugʻilgan.

 

Endi erkin nafas ol, yurak,

Endi senga tugal baxt berar.

Ozodlikda dunyoga kelib,

Ozodlikda tugʻilgan sheʼrlar.

 

 

Koʻzingizni yumib turing

 

Yoʻllaringiz barno-barno gulga toʻlgan,

Mening esa koʻksim toʻlgan ishqqa, rashkka.

Sizga toʻyib termulmoqchi boʻlaman-u,

Yurak qurgʻur betlamaydi tik qarashga.

 

Bir lahzaga toʻxtab qolsin nafasimiz,

Izhorlarni dilingizga koʻmib turing.

Men ming yillar orzu qilgan yuzingizga

Qarab olay, koʻzingizni yumib turing.

 

 

***

Men senga nokerak boʻlsam mabodo,

Yoningda qolishga rozi emasman.

Yorugʻlik bor joyda, quyosh bor joyda

Sham boʻlib yonishga rozi emasman.

 

 

***

Bilmayman, ketyapman oʻzi qayerga?

Nega kelganimni bilsaydim, koshki.

Garchi otlanganman uzo-oq safarga,

Hech narsa olmadim vijdondan boshqa.

 

 

Mehrinoz ABBOSOVA

 

Yoshlik”, 2017–2

https://saviya.uz/ijod/nazm/muhabbatni-ehtiyot-qiling/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x