Toʻpponcha – sovgʻa!

Koʻz ilgʻamas masalaning katta kuchi

 

Bir-birimizni bayram-tantanalar, biron shodiyona va muborak kunlar bilan qutlash odatimiz bor. Bunday paytda albatta biror bir arzigulik sovgʻa izlab qolamiz. Savdo rastalarida sovgʻaning turi koʻp. Ularni koʻrgan sari nima tanlash haqida xayolingiz battar chuvalashaveradi.

Atrofi rom qilingan suratlar hadya qilish bir paytlar juda urfga kirgan edi. Bugun, nazarimda, bu tuhfa yanada “takomillashibdi”. Oldinlari koʻrganda kishining bahri dilini ochadigan, estetik zavq va maʼnaviy oziq beradigan foto, illiyustratsiya yoki biron rassomning ijodiy ishi aks etgan tasvirlarni koʻp koʻrganmiz. Endi esa surat oʻrniga buyum qoʻyish urfga kiribdi. Yana qanaqa buyum deng? Pichoq, xanjar, qilich kabi sovuq qurollar! Hatto bir gal shunday bezatilgan rom ichida toʻpponcha turganini koʻrib, juda ajablandim.

Toʻgʻri, bunday esdaliklarning narxi baland. Balki oʻziga yarasha noyobligi ham bordir. Lekin uni quruq matoh sifatida devorga ilib qoʻyishdan nima foyda? Shu sovuq qurol ham kishiga maʼnaviy oziq yo estetik zavq bera olarmikan? Shu oilada ulgʻayayotgan farzandlar har kuni shunday narsalarga koʻzi tushsa, tafakkuri qaysi tomonga qarab shakllanib boradi?

Avvallari ota-bobolarimiz uyning shiftini xuddi javonga terib qoʻyilgan kitoblarday qilib ishlashgan. Bu hozir ham ayrim tarixiy obidalarimizda saqlanib qolgan. Xonadondagi har bir buyum shu oilada kamol topayotgan farzandlarning maʼnaviyati boy, dunyoqarashi keng, fikri tiniq, aqli teran boʻlishiga xizmat qilishi zarur, deb hisoblashgan. Tarixiy imoratlarimizga razm solsangiz, ular peshtoqini insoniyat uchun eng zarur hikmatlar, sheʼriy baytlar bilan chiroyli naqshinkor qilib bezashgan. U ham bezak, ham maʼnaviy oziq, ham estetik shavq vositasi boʻlgani hech kimga sir emas.

Bugun esa…

Ustiga mashhur shoirlarimizning toʻrt yoʻlgina sheʼri bitilgan oddiy maktab daftarlarini koʻpchilik eslasa kerak. Hayot maʼnosi, umr hikmati, yoshlikni gʻanimat bilish kabi mazmundagi oʻsha sheʼrlar hammamizga yod boʻlish bilan birga, qaysidir maʼnoda hayotimiz uchun ham dasturilamal edi. Bugun oʻsha tarixiy anʼanalarimizni davom ettirsak boʻlmasmikan?

Devorga ilinadigan katta-katta koʻrgazmalar ishlab chiqaradiganlar nega endi Ahmad Yassaviy, Sulaymon Boqirgʻoniy, Alisher Navoiy, qoʻyingki, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov singari el suygan shoirlarimizning toʻrt misra sheʼrini mazmuniga muvofiq chiroyli rang, tasvir bilan yaxshi bir sovgʻa shaklida xalqqa taqdim etmaydi? Nega ular uyimizning koʻzga tashlanadigan joyida koʻrgan koʻzni quvontiradigan boʻlib osilib turmaydi? Nega bayramlarda bir-birimizni qutlash uchun kaftdaygina otkritka qilib, ustiga biron hikmatli soʻzmi yoki chiroyli sheʼrmi bitib qoʻymaymiz?

Soʻzning kuchi, qudrati boshqa vositalarnikidan ancha ziyod. Oilamizda yaxshi soʻzga, hikmatga oʻrin berganimizni, soʻzni qadrlayotganimizni bolalarimiz koʻrib, bilib, his qilib oʻssa, katta boʻlishganida maʼnaviy tuban kimsa boʻlmasa kerak. Qolaversa, bu yoʻl bolani mutolaaga oʻrgatishning yana bir oʻziga xos usuli ham boʻlishi mumkin. Qalbida ajdodlar merosiga muhabbat xonadonimizdan boshlansa, ajab emas.

 

Nozimjon QUDRATULLAYEV,

Namangan shahri

 

“Oila davrasida” gazetasi saytidan olindi.

https://saviya.uz/hayot/nigoh/topponcha-sovga/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x