Poʻstdumbali moshkichiri

Bu odamni bolaligimdan taniyman. Oʻshandan buyon uning bittayam tuki oʻzgarmagan, desam lof boʻlmaydi. Uyogʻini soʻrasangiz, unda tukning oʻzi yoʻq: koʻsa. U har kuni ertalab bir vaqtda darvozamiz oldidan mahalla guzari tomonga oʻtib ketadi. Qishda kuya yegan telpak, mushtdekkina gavdasiga yarashmagan uzun kamzul, oyogʻiga kalish-maxsi kiyib yuradi. Yozda boʻlsa dumaloq, qozonnusxa baxmal doʻppisini bostirib oladi. Qoʻlidagi xoʻjalik sumkasi ham kamida yigirma yil sidqidildan xizmat qilgan. Gʻij-gʻij suriladigan zanjirining tishlari toʻkilib, yakkam-dukkam boʻlib qolgan. Bandining tasmasi bir necha joyidan yamalgan. Sumkaning ichida nima borligini yaxshi bilaman. Tishi toʻkilgan alyumin taroq, boshingizga tegishi bilan bir hovuch sochingizni yulib oladigan qoʻl mashina, qayish bilan olishaverib ixcham tortib ketgan ustara. Xullas, butun mahallaga dongʻi ketgan Naim sartaroshning jamiki ashyolari shu sumkada joylashgan.

U meni yaxshi tanimaydi: oʻzining doʻkoniga chiqadigan mijozlardan boshqa odam bilan ishi yoʻq. Ammo onamni qattiq hurmat qiladi. Darvoza oldidagi skameykada oʻtirgan oyimni koʻrib, darrov toʻxtaydi.

 – Baxay, poshsha opa, bardamgina bormisiz? – deydi ingichka ovozda. – Nevaralar chopqillab yurishibdimi?

Qiziq, oyim negadir uni koʻp ham yoqtirmaydi. Ammo dilini ogʻritmaydiyam.

 – Shukur, – deydi sekin. – Oʻzingiz yaxshi yuribsizmi? Ovsinim bardammilar?

 – Yuribmiz tuproqdan tashqari! – deydi Naim sartarosh yoʻlida davom etib. – Ovsiningiz ham tuzuk. Beli ogʻrib yotibdi.

Oyim sidqidildan maslahat beradi.

 – Kepak qizdirib bossinlar. Uch kunda san koʻr-man koʻr boʻlib ketadilar.

 – Bosdim. Tuproqqayam koʻmdim. Foydasi yoʻq, – Naim sartarosh sumkasini beparvo silkitib qoʻyadi. – Yoshligidayam belangi edi oʻzi. Aslida boshqasiga uylansam boʻlarkan.

Onam “notavon koʻngilga qoʻtir jomashov” degandek miyigʻida kulib qoʻyadi. Ammo indamaydi. “Bir moʻmin”ning koʻnglini sindirgisi kelmaydi.

Naim sartaroshning eski fanerlardan yamab yasalgan doʻkoniyam yigirma yil ilgari qandoq boʻlsa, hozir ham oʻshandoq – mahalla choyxonasiga yopishib qoʻnqayib turibdi. Faqat vaqt oʻtishi bilan toliqib bir tomonga qiyshayib qolgan. Besh yil burun avtobus bekatining roʻparasida yangi oynaband sartaroshxona ochildi. Ammo Naim sartarosh unga oʻtmadi. “Man tahoratsiz tigʻ ushlaydigan yosh bolalar bilan ishlamayman”, deb turib oldi. Mahalladagilar ham uning feʼlini bilishgani uchun indamay qoʻya qolishdi.

Shu Naim sartaroshning deng, birdaniga meni jini suyib qoldi. Bir kuni ertalab darvoza oldidagi skameykada oʻtirsam, sumkasini koʻtarib oʻtib qoldi. Salom berdim. U menga qaramay, “valey” deb oʻtib ketdi-yu, nariroqqa borib toʻxtadi. Siyrak sargʻish kipriklarini pirpiratib tikilib turdi-da, yangroq, ingichka ovozda soʻradi:

 – Hay, manga qara – oʻzingmisan?

Men indamay bosh silkitdim. Naim sartarosh koʻp yillik qadrdonini birdan topib olgandek quvonib ketdi. Tez-tez yurib yonimga keldi. Sumkasini skameykaning bir chekkasiga qoʻydi-da, qoʻsh qoʻllab soʻrashdi. Yuziga fotiha tortib, silliq iyagini silab qoʻydi.

 – Bu deyman, doʻkongayam chiqmaysan, – dedi yana ham ingichkaroq tovushda.

 – Endi, xizmatchilik…

 – Yozuvchi boʻpsan, gazetda ishlavotsan, deb eshitdim, shu rostmi? – Naim sartarosh mening qobiliyatimni chamalab koʻrmoqchi boʻlgandek, boshdan-oyoq bir sidra qarab chiqdi.

 – Ha, shunaqa, – dedim bosh silkib.

U sumkasini nariroq surib yonimga oʻtirdi. Uzun kamzulining choʻntagidan qizgʻish nosqovogʻini chiqarib nos otdi.

 – Bu diyman, uka, gazetlaringga bizniyam yozsa boʻlavuradimi? Yo buniyam “ohoni” bormi?

 – Qanaqa “ohoni?”

Sartarosh koʻzini qisib qiqirlab kuldi.

 – Oʻzingni soddalikka solma, uka. Man hammasini bilaman. “Ohoni” boʻlmasa Olim parovozni gazeta maqtab chiqarmidi? Birinchi boʻlib parovoz haydaganmish. Yolgʻon! Qachon qarasa, koʻmirga botib yuradigan rabochiy edi. Ha, xoʻp, boringki haydagan boʻlsin. Ha, nima qipti? Hakim naynov-chi! Birinchi oʻqituvchilardan emish. Man bilmasam ekan uni! Jinkoʻchalik otin oyining qoʻlida birga oʻqiganmiz. Oʻlguday zehni past bola edi. Olti oygacha “Haftiyak”ni tushirolmagan. Tagʻin bular persanalniy pensaner emish!

Naim sartarosh dunyoning adolatsizligidan tutaqib ketgandek jahl bilan nosini tupurdi, silliq iyagini silab qoʻydi.

 – Bular davlatga xizmat qilgan boʻlsa, bizziyam oʻtqazib qoʻygan joyimiz bor. Bular Maskovga borgan boʻlsa, manam borganman. Ularni koʻtar-koʻtar qilasanlaru mani yozmaysanlar, shunaqami? Mani suyanchigʻim yoʻq-da, a?!

Qarasam, Naim sartarosh rostdan xafa boʻlyapti. Toʻgʻrisi, uning oʻtmishiga oʻzim ham qiziqib qoldim.

 – Nega yozmas ekanman. Yozaman. Moskvaga qachon borgandingiz?

 – Ie, hozir yili esimda qoptimi, uka? Oʻsha bosmachilarni qiyratib yurgan paytlarimizda edida. Oʻshanda sanga oʻxshagan qirchillama yigit paytim. Parkat tomonda Rustam sherday qilich oʻynatib yursam, kamandirimiz chaqirib qoldi. “Chinoq ikkovlaring yaxshi jang qilganlaring uchun Maskovga diligat boʻlib borasan”, desa boʻladimi! Yunus chinoq bir qulogʻi yoʻq boʻlsayam xoʻp azamat yigit edi. Ikkalamiz poyizga oʻtirdigu qaydasan Maskov deb joʻnadik-vordik. Oʻn kun deganda yetib bordik. Bu Maskov degani xoʻpam katta shahar ekan. Qavat-qavat uylar desang, koʻcha toʻla trollobus, aptobus. Yer tagida poyiz yurarkan.

 – Metromi? – dedim iljayib. – Toshkentdagiga oʻxshagan?

 – Metromas, poyiz, – u birdan toʻxtab, menga sinchkov tikildi.

 – Maskovga borganmisan?

 – Yoʻq, – dedim yolgʻon gapirib.

 – E, Maskovga bormabsan – dunyoga kelmabsan! – Naim sartarosh qoʻllarini yozdi. – Shundoqqina Qizil Maydonning oldidagi gastinisaga tushdik. Yonboshimizda bozor. Bizanikiga oʻxshaganmas. Hammasi paparatka joylashgan. Qaymoq bozor bir tomonda, shirmoy bozor bir tomonda. Kabobpazlar desang ertalabdan urib jigar kabob sotadi. Ammo lekin somon bozorining mazasi yoʻq ekan. Qoplari kichkina-kichkina. Bir tuyaga elliktasini ortib kelishadi. Tagʻin bir qopi falon pul. Odam koʻpligidanmi, sartaroshxonasi tirband. Bosmachilarni bir yoqli qigandan keyin shu tomonlarga kelib doʻkon ochaman, deb koʻnglimga tugib qoʻydim… Ammo maishat zoʻr boʻldi. Maskovda bir oy turgan boʻsak, shu bir oy ichida Chinoq ikkalamiz xoʻp huzur qildik. Ertalab lip etib bozorga tushib bir kosa qaymoq, toʻrtta shirmoy, anjir, xolva obchiqib koʻk choyni uramiz. Peshinda kabobxoʻrlik, kechqurun lagʻmon deysizmi, poʻstdumba solingan moshkichiri deysizmi, nima xohlasangiz muhayyo. Kechalari choyxonaga chiqamiz. Bir joʻjaxoʻroz bedanam bor edi desang, oʻzimam Ismoil kaldan bir qoʻyning puliga olgandim. Shuni obketuvdim. Maskovni manman degan bedanalarini qochirdi. Qaytib kelishimizdan ikki kun oldin maylis boʻldi.

 – Qayerda? – dedim oʻzimni kulgidan zoʻrgʻa tiyib.

 – Qatta boʻlardi, Qizil Maydonning oʻzida boʻldi-da… Lak-lak odam. Chinoq ikkalamiz bir chekkaga borib turdik. Shu payt desang, minbarda turgan kattalardan bittasi yugurib tushib mani quchoqlab olsa boʻladimi?

 – Kim?

Naim sartarosh siyrak kipriklarini pirpiratdi.

 – Nima kim?

 – Sizni quchoqlagan kim edi, deyapman.

 – Kattalardan bittasi didim-ku! Shundoq quchoqlab u yuzimdan-bu yuzimdan oʻpdi. “Iya, koʻsa, bahay? San bu yoqlarda nima qilib yuribsan?” deydi. “Mana, Chinoq bilan kep qoldik. Bosmachilarni qiyratganimiz uchun kamandirimiz oʻynab kelinglar, deb yubordi”. “Obbo, san-ey, keganingga shuncha boʻbdi-yu, nega hovliga oʻtmading, – deydi. – Kechqurun biznikiga oʻtmasang, qattiq xafa boʻlaman, yangangga norin buyurib kelganman”, – deydi. “Yoʻq, shoshib turibman. Boshqa mavrudi kep qolar”, dedim. “Boʻlmasa mana bu mukopot sanga”, deb haligi odam choʻntagidan medal chiqarib choponimga taqib qoʻydi.

 – Qanaqa medal?

Naim sartarosh, “judayam ezma ekansan-da”, degandek ijirgʻanib aftini burishtirdi.

 – Qattan bilaman! Bunaqa kerak boʻlishini bilganimda yoʻqotib qoʻyarmidim. – U birpas oʻylab turdi-da, qoʻshib qoʻydi. – Endi, uka, san oʻzimizning mahallani bolasisan. U yogʻini oʻzing kelishtirib bir yozgin, xoʻpmi?

 – Boʻpti, – dedim jilmayib.

U kaftini ochib duo qildi.

 – Iloyim omadingni bersin! – Sumkasini koʻtarib uch-toʻrt qadam nari bordi-da, toʻxtab oʻgirilib qaradi. – Agar-chi, uka, shu ish amalga oshib qolsa-chi, har kuni soqolingni oʻzim op qoʻyaman. Tekinga.

 – Qaysi ish?

Naim sartarosh qaytib keldi.

 – Ie, halitdan buyon qulogʻingga tanbur chertdimmi? Gazetingda mani maqtab chiqarsang, Olim parovozga oʻxshab persanalniy pensa oladigan boʻlsam, soqolingni har kuni oʻzim op qoʻyaman. Eshitdingmi, ogʻritmasdan olaman.

Men uch-toʻrt kungacha bu gaplarni eslab kulib yurdimu keyin unutib yubordim. Ammo Naim sartarosh unutmagan ekan. Qaysi kuni avtobus bekatida meni koʻrib qoldi. Ataylab poylab turgan ekan shekilli, mahkam ushlab oldi.

 – Anu narsani yozdingmi-yoʻqmi? – dedi ochiqdan-ochiq dagʻdagʻa bilan.

 – Yozdim.

 – Ha, mana, bu boshqa gap. – Naim sartaroshning yuzi yorishib ketdi, – Yigit kishining gapi bitta boʻladi. Qachon chiqadi endi?

 – Erta-indin chiqib qolsa kerak. Hozir tekshirishyapti, – dedim nihoyatda xotirjam ohangda. – Agar rost boʻlsa, maqolani chiqarib sizga personalniy pensiya tayin qilisharkan. Agar notoʻgʻri boʻlsa, sudga berisharkan.

Naim sartarosh bir lahza koʻzlarini pirpiratib angrayib qoldi.

 – Labbay! Soʻtga! Kimni soʻtga beradi?

 – Siz bilan meni. Yolgʻon gapirganingiz uchun sizni, yolgʻon yozganim uchun meni. – Shunday dedimu burilib ketaverdim.

Bir lahzadan keyin orqadan Naim sartaroshning ingichka ovozi eshitildi.

 – Hoy uka, toʻxtang! Hoy oʻgʻlim.

Toʻxtab, burilib qaradim.

 – Nima gap?

 – Manga qarang, uka, – dedi u entikib. – Keling, oʻsha narsa chiqmasa chiqmay qoʻya qolsin.

 – Iya, nega endi?! Men yozib topshirib qoʻygan maqolani qaytib ololmayman.

Uch-toʻrt qadam bosgan edim, Naim sartarosh pildirab kelib yoʻlimni toʻsdi.

 – Manga qarang, oʻgʻlim, shu narsani bosdi-bosdi qilib yuborsangiz-chi, har kuni soqolingizni ikki martadan op qoʻyaman. Shundoq qiling, jon uka.

 – Iya, nega axir? Persanalniy pensiya olsangiz yomonmi?

 – Xoʻp deng, jon uka. Och qornim, tinch qulogʻim. Shu ishni tinchitib yuboring. Man soʻzimning ustidan chiqadigan odamman. Aytdim-ku, har kuni ikki martadan soqolingizni olib qoʻyaman. Uyingizga borib olaman.

Men juda qiyin muammo roʻparasida qolgan odamday, yelkamni qisdim.

 – Mayli, bir urinib koʻraman. Ammo bu juda mushkul ish-da…

Sartarosh oʻsha kuni meni uyimgacha kuzatib qoʻydi. Kuzatib qoʻydi-yu, bari bir tinchimadi. Kechasi allamahalda eshik taqillab qoldi. Chiqsam, sartarosh qiyiqchaga oʻrogʻliq bir narsani koʻtarib turibdi.

 – Nima bu? – dedim hayron boʻlib.

 – Issigʻida yeb ola qoling! – U tugunchani uzatdi. Moshkichiri. Oʻz qoʻlim bilan pishirdim.

 – E, Moskvadagi moshkichiridan deng?

 – Moskovni moshkichirisi qatta endi, uka! Unga qora qoʻchqorning poʻstdumbasi solinardi. Bunisining mazasi yoʻqroq. Shundoq boʻlsayam, ilindim. Oling, qoʻlim qaytmasin.

Mayli, sazasi oʻlmasin deb sartaroshning sovgʻasini oldim.

Ichkariga kirib qiyiqchani ochsam, ustiga koʻk piyoz sepilgan moshkichiri. Insof bilan aytganda qoyilmaqom qilib pishiribdi. Uch-toʻrt qoshiq olgan ham edimki, oyim kirib qoldi.

 – Nima bu? – dedi hayron boʻlib.

Iljaydim.

 – Pora!

Onam yonimdagi stulga oʻtirib qoldi.

 – Nima?

Kulib yubordim.

 – Pora! Naim sartarosh pora obkepti.

Oyim goh menga, goh “garimdori” nusxali kosaga qarab birdan rangi oʻchdi.

 – Endi shu hunarni oʻrgandingmi? – dedi rostakamiga ranjib. – Adang senga pora yeyishni oʻrgatgan emasdilar shekilli.

Qarasam oyim chindan ham xafa boʻladigan. Ishtaham boʻgʻildi. Kosani nari surdim. Oyim jirkangandek, qiyiqchani ikki barmogʻi orasida qisib ushladi-da, ayvonga opchiqib tashladi. Oʻsha yoqdan allanima deb oʻziga-oʻzi gapirgani eshitildi… Biroq Naim sartaroshning porasi bari bir zimmamda turibdi. U haliyam kosasini olib ketgani yoʻq. Shunga qaramay, eshitishimcha, endi choyxonada Olim paravoz undoq, Hakim naynov bundoq, menam persanalniy pensiya olishim kerak, degan gaplarni aytmaydigan boʻlibdi.

 

Oʻtkir HOSHIMOV

 

“Dunyoning ishlari”dan

https://saviya.uz/ijod/nasr/postdumbali-moshkichiri/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x