BULOQ
Bir ajoyib buloq bor,
Nurota tomonlarda,
oy suv ichar intizor,
quyosh suzar tonglardan,
adirlar shod qoʻyar lab,
togʻlar chopar totgali,
qirlar oʻyib qoʻyarlar,
bagʻrini uygʻotgali,
toʻrgʻaylar qotar ekan,
koʻkda zoʻr hayratidan,
bu buloq botar ekan,
chiqib Yer poytaxtidan,
baliqlari oʻlarmish,
oʻzga suvni kechsa gar,
millat millat boʻlarmish,
shunday suvni ichsalar.
EY OSMON
koʻnglimga kir,
dunyodan bir oʻtirgaysan,
ey osmon, koʻnglimga kir,
qafasingdan qutulgaysan,
bepoyonsan, kekkaymagin,
koinotga enkaymagin,
ey osmon, koʻnglimga tush,
parvoz qilgin, misoli qush,
soʻtilgaysan-sitilgaysan,
har xil izdan titilgaysan,
ey osmon, koʻnglimga tush,
mahkumlikdan qutulgaysan!
JAMOLINGIZ
(Xalq qoʻshiqlari yoʻlida)
Tong otadi oppoq-oppoq ohlar urib,
tonglarni ham uygʻotadi salomingiz,
kun uygʻonar koʻksimda ham toʻlqin surib,
tebratguday koʻkni ifor shamolingiz,
har tomondan qarar qushlar sayrogʻi yoʻq,
lol qoldirar boqishdagi savolingiz,
jilmaysangiz xarobaning vayroni yoʻq,
osmondan ham balandmidi xayolingiz,
daryo qizil… sohiliga uradi bosh,
shafaqdan ham qirmizidir roʻmolingiz,
qushlar qulab tushar koʻkdan, yetmas bardosh,
yiqitadur elni jilva, jamolingiz,
koʻkdan tushib yoʻllar koʻkka talpinganday,
quyoshdan ham goʻzalmidur aʼmolingiz,
toʻkiladur hiloldan nur oltinlarday,
dunyoni yoʻq qilar bir kun visolingiz.
QIZGʻALDOQ
bir chiroq kabi boʻlding sen,
gʻamgin kunlarimda porillab porlab,
koʻnglimga nur boʻlib nogoh toʻlding sen,
yoʻlimda jaranglab, zorillab-zorlab,
oniy yoʻlovchiga boʻlolding quvonch,
yoqding yuragida(y) qirmizi chiroq,
shamolli umringda men ham biror on
darding olay deyman, gʻamgin qizgʻaldoq!
QUSHChA
Nechun nuqul yigʻlaysan,
kaftimcha ham kelmaysan,
boshni olasan pastga,
shamollarday yelmaysan
uchmaysanmi oy tomon
gul-chechakka boy tomon,
qanotlaring tovlanar,
tumshuqchang olovlanar
qaraysan boshing bilan
ikki quyoshchang bilan,
noshukur deysan inson,
togʻday bardoshchang bilan,
kelmaysan barmogʻimcha,
olam jo tomogʻingga,
er titrar figʻoningga,
koʻk qular oyogʻingga.
OYLAR
suvda qalqinar
olma kabi yuzlari
soy sohilga talpinar
giyohlarda koʻzlari
giyohlar shamollarda
tebranar goʻzallarday
tulporlar xayollardan
chiqib yurtda oʻzarday
ey yurtimning bogʻlari
tark etmang xayolimni
olov yoshlik chogʻlari
kutadir shamolini
ey yurtim tulporlari
izlangiz gʻirotlarni
izlang boychiborlarni
alplarning zuryodlarin
har uyur orasida
boychiboru gʻirot bor
har goʻdak norasida
koʻzida hur hayot bor
ul umiddir kutadir
oʻtib kunlar va yillar
yoʻllarga koʻz tutadir
kishnoqqa toʻlsin yoʻllar
oyogʻingiz tolmasin
qanotingiz hur kabi
vatan alpsiz qolmasin
alpsiz elning yoʻq qalbi
boychiboru gʻiroti
mustahkam bir taxti yoʻq
oʻtar dod-la hayoti
alpsiz elning baxti yoʻq
siz yurt sari yuguring
baxtsiz kimki ahdi yoʻq
sizni kutar ulguring
qalbsiz elning baxti yoʻq
qaytaring Boysarini
Boyboʻrini qutqaring
Qoʻngʻirot elin barini
turk yurtlarin qutqaring
giyohlar shamollarda
tebranar goʻzallarday
tulporlar xayollardan
chiqib yurtda oʻzarday.
KOʻNGUL
Gul dengizi azim, hur,
shiddati ummondan zoʻr,
soʻz bilan u toshlanur,
soʻz bilar yuvoshlanur,
soʻzlar oʻlur, oʻldirur
va qiyomat boshlanur…
OY
Sokin, tiniq edi koʻl,
maftun boʻldi bir osmon,
dard birla oh urdi koʻk,
koʻl koʻksi qirmiz… hamon.
BOSHNI
xam qilmadim kelgan gʻamlarga
ular ham kelgandi boshin qilmay xam
ham gʻamni suyadim nochor damlarda
ham suyadi gʻamlar shukur meni ham.
Yoʻldosh ESHBEK
“Yoshlik”, 2014 yil 8-son
https://saviya.uz/ijod/nazm/tebratguday-kokni-ifor-shamolingiz/