Adabiyot millat ustunidir

Men tugʻilgan paytlar urush tugab, dasturxonlar toʻkinlashib ulgurgan edi. Uyimizda kitob koʻp boʻlardi. Uzun qish kechalari qoʻshnilar yigʻilishib kitobxonlik, qissaxonlik, dostonxonlik qilishardi. Alim Baxshi Haqqul oʻgʻli degan hassos baxshi bor edi. Shomdan tonggacha “Kuntugʻmish”ni kuylab charchamasdi. Asli zarbandlik. Baxshilikni birovdan oʻrganmagan, qamoqda oʻzi doʻmbira yasab, oʻzi kuylagan. Hoynahoy, adabiyotga, sanʼatga boʻlgan ishqimni shu sanʼatkor olovlantirdi. Bobo-momolarimda adabiyotga ishtiyoqmandlik boʻlgan-boʻlmaganini aytolmayman-u, lekin, yaqinda dunyodan oʻtgan togʻam tuyqus oʻzicha sheʼr toʻqib qolardi. Harnechuk zotimda ham soʻz sanʼatiga oshuftalik boʻlgan deb bemalol gapirsam boʻladi. Quyi sinflarda sheʼr mashq qildim, 10 sinfga kelib oʻzimcha hikoyachilikka oʻtdim. Teshaboy sinfdoshim bitiklarimni maqtardi. Ammo oʻzimning koʻnglim toʻlmay biror joyga olib borishga jurʼat etmaganman.

Ustozlarim haqida gapirsam, eh, ular juda koʻp! Albatta, ularning avvali – otam. Otamning bor-yoʻgʻi toʻrt sinf hajmidagi savodi bor edi. Biroq u kishi adabiyotni, badiiy asarlarni juda yaxshi koʻrar, koʻp va xoʻb mutolaa qilardi, rahmatli. Shuning barobarida, qoruvli, polvon odam edi. Lekin jismoniy kuchini oshkor etmasdilar. “Kuch degani bir daqiqalik. Odam moʻrt, ojiz. Lekin, polvon boʻlish kerak. Eng asosiysi, ilm ol, ilm oʻtkinchi emas,” deb qoʻyardilar. Otam haqida haligacha doʻstlari, el-yurt hurmat bilan gapiradilar.

Men ustoz shoir Ibrohim Gʻafur taʼsirida mansuralar bitayotganimga koʻp boʻldi. Mansura nima ekanini hech kimdan soʻramadim, duch kelmadim, lekin Ibrohim akani shoir deyishim sababi, oʻzimcha angladimki, mansura, ilm-nasr aralash sheʼr yoki nasrdagi nazmdir. Shu mansuralarimda ammalarim, bobolarim, ajdodlarimni qisman-qisman, qisqa-qisqa vasf etdim.

Toʻqqizinchi sinfda Miytanda oʻqirdim. Shifoxonada Allanazar Qarshiyev degan otashqalb shoir bilan bir xonaga tushib qoldik. Ikki-uch kunda adabiyotga qarashlarim kengayganday boʻldi. Tuzalib chiqayotganda shifokor, daftarimizga hozirning oʻzida bir sheʼr toʻqib yozib bersangiz, dedi. Allanazar aka qalam uchiga qarab bir daqiqa oʻylanib turdi-da, daftarga tez yoza ketdi:

 

Shogirdisiz Ibn Sinoning,

Burchingizga sodiq qoling.

Talabimiz sizdan katta,

Ajalga ham tushov soling!

 

Men bu jafokash zotni ham ustozim deyman. Shuningdek, adabiyot muallimim Fayzulla Normatni ham doim eslayman. Maktabda urongʻich muallimlarimiz ham boʻlardi. Ularning darslarida tinch oʻtirardik. Fayzulla aka hech kimga yomon va biror soʻz ortiqcha gapirmas, vazmin edilar. Bilmasangiz, “koʻproq oʻqish kerak”, deya gajak qilib “2” qoʻyardi. “Koʻproq” soʻzi “oʻ” bilan “u” tovushlari oʻrtasida oʻziga xos goʻzal bir talaffuzda jaranglardi. Soʻzlari aktyor bilan xonanda orasidagi bir mehrli ovoz ohangini taratib turardi. Eng shoʻx, eng toʻpolonchi bola ham darsda sehrlanib, sinf suv quyilgandek tinchlanib qolardi. Allanazar aka va Fayzulla akalarni umrim boricha eslayman.

Shuningdek, matematika oʻqituvchilarim Rustamjon aka Yoqubov, Abdualim aka Razzoqovlarni ham hech qachon unutmayman. Biri qattiqqoʻl, ikkinchisi koʻngli boʻsh muallimlar. Ikkalasini ham yaxshi koʻramiz. Umrlari uzoq boʻlsin. Matematikadan yaxshi oʻqiganim uchun Toshkent Politexnika institutiga kirdim va beshinchi kursga kelganda adabiyotga boʻlgan ishqim ToshDUga boshladi. Oʻshanda bir-biriga “zid”roq oʻquv yurtlari boʻlgani uchun “almashish” biroz qiyin kechdi. Biroq bu masalada oʻsha paytdagi taʼlim vaziri, filologiya fanlari doktori Gʻanijon Abdullayev sheʼrlarimni oʻqib yordam qoʻlini choʻzdilar. U kishini ham ustozim deyman. Umrbod unutmayman. Xullas, mening hayotim yordamlar ustiga qurilgan. Kimning hayoti shunday emas!

Eh, talabalik! Yotoqxonalarda, auditoriyalarda uzundan-uzoq sheʼrxonliklar boʻlardi. M. M. Doʻst, T. Murod, E. Aʼzam, S. Hakim, U. Qoʻchqor, A. Suyun, Sh. Qurbon, X. Davron, N. Karim, A. Islom, A. Bagʻir, Ya. Qosim, M. Kenjabek, S. Said singari biz tengqur adib-u shoirlar, tonggacha sheʼrxonlik va adabiy suhbatlar qilar, goh mashinada shahar aylanar edik. Buni hech unutib boʻlmaydi.

Oliygoh tahsilidan soʻng “Goskomizdat”da katta muharrir, “Yoshlik” jurnalida bosh muharrir oʻrinbosari lavozimlarida ishladim. Shu yillar davomida turkum sheʼrlar bitdim va bu adabiy izlanishlar hamon davom etmoqda. Alloh umr bersa, boshqa janrlarda ham oʻzimni sinab koʻrmoqchiman. Mening hali chiqmagan, yozilmagan sheʼrlarim juda koʻp. Chiqmaganlari bilan maqtanolmayman. Lekin tahririyatlarda yotib-yotib, koʻchib-koʻchib, oxir oʻn yillardan soʻng chiqib, sheʼrxonlardan, sheʼrshunoslardan yaxshi soʻzlar eshitganimdan quvonaman. Adabiyot ortidan shuhrat topdim. Eng muhimi, eʼtiqodimni oʻzgartirmadim. Boshda qanday eʼtiqodda esam, hozir ham shunday yozmoqdaman. Leninni, uning inqilobini, Kommunizmni, Qizil oktyabrni sharaflab sheʼrlar bitmadim. Harqalay, bularni hozir qoralashdan koʻra, oʻsha paytda sharaflamaganim afzalroqdir.

Hayot bizning istagimizga boʻysunmaydi. Hayot goʻzal ersa-da, yozilmagan beshafqat qonunlari, sinovlari ham bor. Xudoga shukurki, bizning avlod bu sinovlardan eson-omon oʻtdik.

Adabiyot – millatning ruhi. Uning rivoji uchun hamma birday yordamchi boʻlsa, nur ustiga nur boʻlardi. Har bir ijodiy jamoaning rahbariyat bilan, tahririyatning muallif bilan munosabati sogʻlomlashsa, adabiyot rivojlanadi.

Darvoqe, oʻrni kelganda bir gapni aytib qoʻysam. Soʻnggi yillarda matbuotimizda bir anʼana paydo boʻldi. Qarang, sheʼriy turkumlar berilganda qanday boʻlishidan qatʼi nazar tahririyat vatan haqidagi sheʼrlarni oldinga qoʻyadi. Nima uchun? Axir sheʼr saviya jihatidan oldinda turmaydimi?! Axir, shoirning har bir sheʼri, u xoh gul haqda boʻlsin yo koʻngul, yo xazon, yo ildiz haqda boʻlsin vatan va ozodlik haqda emasmi? Yoʻqsa, sheʼr emas. Demoqchimanki, yaxshi shoir emas, yaxshi sheʼrni oldinga suring, vatanni obod qilgan boʻlasiz. Zero, adabiyot vatanning mustahkam ustunidir. Hazrat Navoiy Oʻzbekistonda tugʻilmagan, otasi ham, balki bobosi ham, lekin shu yurt u zotning vatanidir. Chunki til ham vatandir! Tildan ham yuksakroq boʻlgan vatan – millatdir. Vatan tushunchasi murakkab, u faqatgina (tugʻilgan) joy emas, jim, chuqur suriladigan oʻy hamdir. Buni his etgan odam vazminlashadi, yengil-yelpi hayqiriqlarga berilmaydi. Shuning uchun ham ulugʻ shoirlarimizda bu soʻz juda kam, noyob, muqaddas.

Mening sheʼriyatdagi asosiy ustozim buyuk shoir, kamtarin inson, jasoratli vatandoshim Rauf Parfidir. Odil Yoqubov, Omon Matjon, Jamol Kamol, Maʼruf Jalil, Mahkam Mahmud singari ustozlardan koʻp yordamlar koʻrdim. Buni ham unutmayman. Odil Yoqubovning mendan boshqa koʻp yoshlarga ham gʻamxoʻrlik qilganiga guvohman. Hatto insoniy yaxshiliklarni unutib, unga qarshi chiqqanlardan ham vaqtida madadini ayamaganidan xabardorman. “Guliston” jurnaliga Murod Xidir huzuriga kelardim, bu donishmand insondan turkiy bagʻrikenglikni xuddi R. Parfidan oʻrgangandek oʻrgandim. “Tafakkur zarralari” kitobini oʻqib quvondim. Men bu kamtarin zotni ham ustozim deyman.

Men shogirdlarim bor deyolmayman. Hamkasb ukalarim, singillarimni ham ustozim deyman, sababi, ulardan ham oʻrganaman. Masalan, Nazar Shukurdan.

Ancha boʻldi. Adabiy suhbatlardan birida, bir olim Oʻrta Osiyolik yozuvchilar yozganining hammasini Gʻarbda bir yozuvchining oʻzigina yoza oladi deb qoldi. Suyagimdan oʻtib ketdi bu gap. Gap zamonaviy nasr haqida ketayotgandi. Nasr qoʻlimdan kelmasa-da tarjimasiga kirishdim. Ancha narsa tarjima va tasnif etdim. Xudoga shukur, baʼzi tarjima kitoblarim qayta-qayta nashr etildi. Ishonamanki, yana nashr etilsa, yana oʻzini har tomonlama oqlaydi. Bu kitoblar muhtaram tanqidchilarimiz roʻyxatidan joy olmasa-da, saviyali oʻquvchilar nazaridan chetda qolmadi.

Jamol Kamol yuksak tarjimalarga qoʻl urdi. Xalqaro eʼtiborga sazovor boʻldi. Omon Matjon sheʼrlarini hozirda dunyoning eng mashhur shoiri Yevgeniy Yevtushenko tarjima qildi. Ijodning chet ellarga, jahon miqyosiga chiqishi faqat tarjima etilishi degani emas, eʼtirof etilishi hamdir. Masalan, Yevgeniy Yevtushenkoday shoirning O. Matjon sheʼrlarini tarjima etishi, O. Matjon ijodi oʻsha elda eʼtirof etildi demakdir. Adabiyot faqat kompyuterlar qarshisida emas, hayot qoʻynida, suhbatlarda rivojlanadi. Oʻylaymanki, zikr etilgan bu ulugʻlarimizning suhbatlari matbuotda tez-tez yoritilsa, yoshlarga saboq boʻladi. Ilgari oynai jahonda tanqidchilar, olimlar, adabiyotshunoslar, shoir va adiblarning davra suhbatlari boʻlardi. Bahovuddin Naqshband bekorga “yoʻlimiz, suhbat yoʻli” demaganlar. Chunki bu kamolot yoʻlidir. Bilasizmi, bir paytlar E. Vohidov, A. Oripov, O. Matjon, R. Parfi, X. Xudoyberdiyevalarning hali eʼlon qilinmagan sheʼrlarining dovrugʻi sheʼrxonlarga yetib borardi. Bularni uchrashuvlarga, oynai jahonga, matbuotga chorlash, tajribalarini oʻrganish lozim. Bu yoshlarimiz uchun koni foyda.

Yana bir gap. “Yoshlik” jurnalining oʻtgan sonlaridan birida iqtidorli shoir Nazar Shukurning bir turkum sheʼrlari “Xotira” rukni ostida eʼlon qilingani meni quvontirib yubordi. Deyarli har bir satri sanʼat darajasida! Sanʼatkorona nigoh bilan kuzatilgan va bitilgan goʻzal hayot manzaralari – koʻngil lavhalari… “Somon yoʻli. Bosilmaydi, bu yoʻlning changi, uxlamaydi oʻtib ketgan karvonlar zangi”, “Kipriklarim nayzasiga ilingan osmon, shu tigʻ bilan oʻrtasidan tilingan osmon”, “Yulduzlar-ku olov tuyoq tevalar izi, koʻzlarimni ochtirmaydi changlari toʻzib” va boshqa barcha satrlari sheʼriyatimizga yangi nafas olib kirgan shoirlarning peshqadamlaridan ekanini koʻrsatib turibdi. Lekin tanqidchilarimizning, hatto, jamoatchiligimizning koʻzi va soʻzi “Oʻrgilayin qoshing bilan yuzingdano” kabi qoʻshiqsifat tizmalar atrofida. Men istardimki, uning ham xotira-yubiley kechasi (kelgusi yil Nazar Shukur tirik boʻlganida oltmishga toʻlardi) oʻtkazilsa. Chunki u oltmishini oʻttizdayoq toʻldirib qoʻygan buyuk isteʼdoddir. Kelgusida bu qatʼiy fikrimni uning ijodi haqidagi maqolalarim bilan dalillashga harakat qilaman.

Men bugungi yoshlarga atoqli shoirlarimiz, mumtoz adiblarimiz asarlarini koʻp-koʻp oʻqishlarini tavsiya qilgan boʻlardim.

 

Salobatli daryo oqar chayqalib begʻam,

Mening yaxlit hayotimni ikkiga boʻlib.

U qirgʻoqdan eshitilar tanish bir ohang

Ammo uning mazmunini boʻlmagay bilib.

 

Oʻsha ohang orom berib quloqlarimga,

Quyar asta yuragimga armon dogʻini.

Yoʻllar esa bosh uradi oyoqlarimga,

Yodga solib hayotimning yaxlit chogʻini.

 

Bu sheʼr katta shoirimiz Maʼruf Jalil qalamiga mansub. Bu sheʼrni sharhlash ancha mushkul, mushkul ersa-da goʻzal sheʼr. Armonlarga limmo-lim. Nazar Shukur “Koʻngul osmonida azob naysoni” deganidek. Ha, M. Jalil, Ch. Ergash, T. Joʻra, N. Shukur sheʼrlarini oʻylashga, chuqur mushohada qilishga majbursan. Bu fikrni hozirda faol ijod etayotgan A. Qutbiddin, E. Shukur, Zebo Mirzo sheʼrlari haqida ham aytish mumkin. Bu shoirlar dunyo miqyosida fikrlaydilar.

Darhaqiqat, endi oilam haqida gapirsam. Farzandlarimning biri tarixchi, biri filolog, biri esa tirikchilik ishlari bilan boʻlib ketdi. Nevaralar orasida sport maydonlaridan “Oltin medal” bilan qaytayotganlari bor. Qolganlari ham aʼlo baholarga oʻqiyaptilar.

 

Yoʻldosh ESHBEK

 

“Yoshlik”, 2014 yil 8-son

https://saviya.uz/hayot/suhbat/adabiyot-millat-ustunidir/

5 1 голос
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x