Tariximizdagi talaba-rektor haqida bilasizmi?


Post Views:
447

1918-yilda fidoyi maʼrifatparvar Munavvarqori Abdurashidxonov tashabbusi bilan Turkiston xalq milliy dorilfununi sifatida faoliyat boshlagan Oʻzbekiston Milliy universiteti bu yil bir yuzi bir yoshni qarshiladi.

Uning musulmon xalq dorilfununidan to bugungi Milliy universitetgacha bosib oʻtgan yoʻli, jumladan, 1918-yilda Turkiston xalq universiteti, 1919–1923-yillarda Turkiston Davlat universiteti, 1923–1960-yillarda Oʻrta Osiyo Davlat universiteti, 1960–2000-yillarda Toshkent Davlat universiteti, 2000-yildan boshlab Oʻzbekiston Milliy universiteti davrlari ham murakkab, ham ibratli kechdi.

Bu dargoh haqida soʻz ketganda, insoniyat taraqqiyotida oʻziga xos inqilob yasagan televideniyening 1928-yilda ilk bor xuddi shu dargohda kashf etilganini va buni 1971-yilda YUNESKO eʼtirof etganini eslash kifoya. Bu – ana shunday muhim voqealardan biri, xolos.

Uning tarixida bu kabi noyob hodisalar koʻp. Vatanimiz tarixida talabalar orasidan saylangan yagona rektor ham ana shundaylardan. Mazkur maqolada Turkiston Davlat universiteti – hozirgi Oʻzbekiston Milliy universitetiga boshchilik qilgan talaba-rektor haqida soʻz yuritamiz.

YANVAR VOQEASIDAN KEYIN UNIVERSITET YOPILGAN

1919-yil 18-yanvarda Turkistonning 23 yoshli harbiy komissari – hukumat aʼzosi Konstantin Osipov boshchiligida sovet rejimiga qarshi isyon koʻtarildi. Uning buyrugʻi bilan 19-yanvarga oʻtar kechasi Turkistonning 14 komissari otib tashlandi. Toshkent shahri deyarli isyonchilar qoʻliga oʻtdi. Biroq tez orada kommunistlar qizil askar otryadlarini chaqirib, isyonni bostirishdi. Natijada 21-yanvarda isyonchilar tor-mor qilindi.

Bu voqeaga mutlaqo aloqasi boʻlmasa ham, bosh qoʻmondon Mixail Frunze koʻrsatmasi asosida Turkiston Davlat universiteti yopib qoʻyildi. Keyin Inqilobiy harbiy kengash va Xalq maorifi komissarligi ruxsatnomasi bilangina 26-fevraldan mashgʻulotlar boshlandi.

Kommunistlarga qarshi koʻtarilgan yanvar voqeasi universitetda kommunistik hukmronlikni, sinfiy dushmanlik va vasvasani sunʼiy ravishda kuchaytirib yubordi. Bungacha universitet talabalari orasidagi kommunistlar 1918-yilning oxirida texnika fakulteti talabasi boʻlgan Andrey Solkin rahbarligida uyushgan edilar. Bu haqda Markaziy Davlat arxivining 368-fondi 1-opisi 34-hujjatining 78-varagʻida qayd etilgan.

Ular oʻsha yanvar voqealaridan keyin yopilgan universitetni tezroq ochishni talab etish bahonasida oʻz mavqelarini oshirib, oʻqituvchi va talabalar orasida tobora mustahkamlana bordilar. Bu jarayonda 1918-yildayoq Turkiston Xalq universiteti talabasi boʻlgan Andrey Solkin katta faollik koʻrsatdi. Dastavval u haqda biroz toʻxtalib oʻtsak.

YUQORI RAHBARLIK LAVOZIMLARIDA

Andrey Solkin 1895-yilda Rossiya imperiyasining Penzen gubernyasida tugʻilgan. Uning tavalludi sanasi ayrim adabiyotlarda 1893-yil deb ham qayd etilgan. U 1910-yildan boshlab onasi bilan Toshkentda yashay boshlaydi. Uning oʻgay otasi Nikolay Shumilov Toshkent temiryoʻlchilari bolshevik yacheykasi rahbarlaridan biri boʻlib, 1918-yil noyabrdan Toshkent ishchi va soldat deputatlari soveti raisi edi. Shumilov – Osipov isyoni paytida otilgan 14 komissarlardan biri.

Solkin ham oʻgay otasining yoʻlidan bordi. U 1917-yilda Toshkent ishchi va soldat deputatlari soveti aʼzoligiga saylandi. 1918-yilning mayidan sentyabrigacha Turkiston Respublikasi Markaziy Ijroiya Komitetining raisi lavozimida faoliyat yuritdi. 1918-yil 10-sentyabrdan 1919-yil 31-maygacha Turkiston Kommunistik partiyasi Muvaqqat Markaziy Qoʻmitasiga rahbarlik qildi.

Ayrim adabiyotlarda Solkin 1920-yil oktyabridan Turkiston Davlat universiteti texnika fakulyetida oʻqishni boshlagani qayd etilgan. Biroq yuqoridagi arxiv hujjatida uning 1918-yildayoq talaba boʻlgani yozilgan. Ammo shunisi aniqki, u 1920-yilning dekabridan 1921-yilning mayigacha talabalik bilan bir qatorda Turkiston Davlat universitetida rektorlik qildi, 1921-yildan prorektor vazifasida ishladi. Xullas, uning 1920–1922-yillardagi hayoti talabalik va rektorlik, soʻngra prorektorlikda oʻtdi.

1922-yilda sogʻligʻi yomonlashgani tufayli Moskvaga chaqirib olindi. U bu yerda Moskva temiryoʻl transporti muhandislari institutida dars bera boshladi. 1925-yildan 1927-yilgacha u Turkmaniston Xalq xoʻjaligi Markaziy soveti raisi va Turkmaniston Xalq komissarlari soveti raisi oʻrinbosari vazifalarida faoliyat yuritdi.

1927-1930-yillarda Turksib (Turkiston-Sibir magistrali) qurilishi boshligʻining oʻrinbosari boʻlib ishladi. 1930–1936-yillarda SSSR Aloqa yoʻllari Xalq komissarligidagi masʼul lavozimlarda mehnat qildi. Ayni shu davrda u Qizil professorlar institutida oʻqidi. Biroq “Transport qurilishi” jurnalidagi “partiyaga qarshi” maqolasi uchun oʻqishdan haydaldi.

Oradan koʻp vaqt oʻtmay, 1936-yil 26-dekabrda Andrey Solkin Stalin roʻyxati asosida qamoqqa olindi va 1937-yilda otib tashlandi.

TALABA REKTORLIKKA SAYLANDI

1920-yil 15-dekabrda universitet ilmiy kengashi aʼzolari rektoratga saylov oʻtkazish uchun toʻplanishdi. Kompartiya yacheykasi universitet rektori lavozimiga partiya siyosatini qoʻllab-quvvatlovchi 47 yoshli professor Nikolay Dimo (1873–1959)ni taklif etdi. Biroq koʻpchilik uning nomzodini qoʻllab-quvvatlamadi.

Shundan soʻng, 19-dekabrda yana qayta saylov boʻlib, Vladimir Bush (1888–1934) rektor etib saylandi. Ammo bunga kommunistik partiya tashkiloti yacheykasi raisi talaba Andrey Solkin norozilik bildirdi va Xalq maorifi komissarligidan saylov natijalarini tasdiqlamaslikni talab qildi.

1920-yil 26-dekabrda boʻlgan saylovda rektor lavozimiga koʻpchilik ovoz bilan texnika fakulteti talabasi, 24 yoshli Aleksandr Solkinning oʻzi saylandi. U universitetni olti oy boshqardi. Solkin qarshi chiqqan Vladimir Bush esa uning talabalar ishlari boʻyicha prorektoriga aylandi.

Solkin rektorligi davrida – 1921-yilning boshida fizika-matematika va tarix, filologiya fakultetlari “funksional emas” deb topildi va ushbu fakultetlar yopildi. Ularning oʻrniga uch boʻlimdan: filologiya, tabiiy-tarixiy va matematika boʻlimlaridan iborat pedagogika fakulteti tashkil etildi. Shu yilning 17-mayida Turkiston universitetini tashkil etishdagi yordami uchun Moskva universitetiga tashakkurnoma ham yuborildi.

1921-yilning mayida rektorlikka mazkur lavozimni 1926-yilning noyabrigacha egallagan professor Abram Brodskiy (1882–1943) saylandi. Rektorlikdan ketgan talaba Solkin esa 1921–1922-yillarda maʼmuriy-xoʻjalik ishlari boʻyicha prorektor lavozimida faoliyat yuritdi.

XULOSA OʻRNIDA

Lotinchadan tarjima qilganda “boshqaruvchi, rahbar” maʼnolarini anglatuvchi rektorlik lavozimi Vatanimiz hududida joriy etilganiga bir asr boʻldi. Yuqorida nomi tilga olingan Munavvarqori Abdurashidxonov tariximizdagi birinchi oʻzbek rektori sifatida nom qoldirdi. U 1918-yilning 3-may kuni Musulmon xalq dorilfununi rahbariyatini saylash uchun oʻtkazilgan saylovda 20 ovoz bilan rais – rektorlikka saylandi.

Umrining oʻn yildan ortigʻini Toshkentda oʻtkazgan Andrey Solkin ham tariximizdan oʻrin oldi. Davr taqozosi bilan kommunist boʻlgan Solkin – 24 yoshli talaba universitetda tahsil olish bilan bir qatorda Turkiston Davlat universitetini olti oy davomida rektor sifatida boshqardi ham.

Toʻgʻri, uning rektorlikka saylanishi, yoki keyingi faoliyati kommunistik partiya faoliyati bilan bogʻliq boʻlsada, eng muhimi, talabaning rektorlikka saylanishi, 1920-yilgi statistik maʼlumotlarga qaraganda, 2671 nafar talaba tahsil olgan universitetni boshqarishidir. Chunki bu tarixda kam uchraydigan noyob hodisalardan.

Basharti Andrey Solkin Oʻrta Osiyo va Qozogʻistondagi birinchi universitet – hozirgi Oʻzbekiston Milliy universitetining rahbari lavozimida, qisqa muddat boʻlsada, faoliyat yuritgan ekan, bu jarayonni yanada chuqurroq oʻrganish, xolis tahlil qilish va talaba-yoshlarni bundan boxabar qilish maqsadga muvofiq vazifa hisoblanadi.

Alisher EGAMBERDIYEV,
Oʻzbekiston Milliy universiteti talabasi

https://shosh.uz/uz/tariximizdagi-talaba-rektor-haqida-bilasizmi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x