Anvar Posho: “Sulh bitimi faqat Turkiston tuproqlaridan butun rus askarlarini olib chiqib ketilgandan keyingina boʻlishi mumkin…Bu yer ruslarniki emas, balki turkiy xalqlarning asl yurtidir”


Post Views:
640

Eng soʻnggi umidni qonga boʻyagan, 
Oh, qanday xayrsiz zamonlar kelgan. 
Faryodim dunyoni boʻgʻib oʻldirsin, 
Qop-qora baxtimga shaytonlar kulsin.

Choʻlpon

Posho

Anvar Posho 1881-yilning iyun oyida Istanbulda tavallud topdi. Harbiy bilim yurtida, keyinroq Istanbul Bosh Shtab akademiyasida tahsil olgan. 1909 — 1911-yillarda Berlinda Harbiy attashe lavozimida xizmat qilgan. Turkiya, Makedoniya, Kavkaz, Germaniya, Rossiya hamda hayotining soʻngida Turkistondagi siyosiy jarayonlarda qatnashgan.

Yosh turklar inqilobiy uyushmasi tashkilotchilaridan biri, “Ittihod va Taraqqiy” partiyasi asoschisi hamda rahbarlaridan biri sifatida mashhur. 1908-yilda Turkiyada davlat toʻntarilishiga rahbarlik qilib, Sulton Abdulhamid II hokimiyatini agʻdargan hamda mamlakatda konstitutsion monarxiya tuzumini oʻrnatgan. Yosh turklar hokimiyatni qoʻlga olgach, Anvar Poshoning nufuzi, obroʻsi, taʼsir doirasi oʻsib boradi. U chet el imperializmi tomonidan puxta rejalashtirilgan, Turkiyani tiz choʻktirish va boʻlib yuborishga qaratilgan harakatini barbod etgan shaxslardan biri sifatida tarixga kirdi. 1913-yildagi davlat toʻntarishidan soʻng Anvar Posho Harbiy vazir lavozimini egallaydi.

Anvar Posho va bolsheviklar

Birinchi jahon urushida Germaniya bilan ittifoq tuzib, urushda Turk qurolli kuchlariga qoʻmondonlik qiladi. Urushda Germaniya va Turkiya mag‘lubiyatga uchragach, Yosh turklar hokimiyatiga chek qoʻyiladi. Anvar Posho Jamol Posho, Talʼat Posho va boshqa safdoshlari bilan Germaniyaga ketadi.
Anvar Posho siymosida monarxiyaga qarshi otashin kurashchini koʻrgan Rossiya hukumati undan Turkistonda inqilobiy harakatlarni kuchaytirish hamda aksilshoʻroviy kuchlarni bostirish yoʻlida foydalanmoqchi boʻlib, unga siyosiy boshpana beradi.

Bolsheviklar undan qanday maqsadda foydalanmoqchi boʻlganini Anvar Posho tez fursatda tushunib yetadi. Zero u ruslarning Turkistondagi qilmishlarini, xalqni, dini islomni oyoqosti qilayotganlarini oʻz koʻzi bilan koʻrgandi.

Anvar Posho 1920-yil sentabrda Boku shahrida boʻlib oʻtgan Sharq xalqlari qurultoyida ishtirok etadi va oʻz Bayonotini eʼlon qiladi. 1921-yil fevralda esa Moskvada “Musulmonlarning inqilobiy jamiyati Ittifoqi” qurultoyini oʻtkazadi.

Turkiston milliy-ozodlik harakatida

Ana shu tadbirlarning hammasida qatnashgan Salimxon Tillaxonovning “Siz Turkistonning kelajagini qanday tasavvur etasiz?” degan savoliga Anvar Posho “Bosmachilik harakatini tashkiliy jihatdan uyushtirib, bir yoʻlga solmoq kerak!”, deb javob bergan.

S.Tillaxonovning yozishicha, Munavvar Qori oʻsha uchrashuvlardan soʻng: “Biz Sharq xalqlari qurultoyi bilan bir qatorda oʻzimizning qurultoyimizni oʻtkazdik”, deb aytgan ekan.

Turkistondagi ahvolning oʻta ogʻirligini sezgan Anvar Posho oʻzining Xoji Somiybek, Nabibek, Hamibek va boshqa safdoshlari bilan Buxoroga kelib, Turkistondagi milliy-ozodlik harakati bilan yaqindan tanishadi.

Anvar Posho butun Turkiston xalqiga Murojaatnoma eʼlon qilib, uni quyidagi soʻzlar bilan boshlaydi:

“Orqadoshlar! Turkistonning muqaddas daʼvosi yoʻlida olib borilayotgan kurashga men ham qoʻshilgani keldim…

… Turkiston (Oʻrta Osiyo) ila Usmonli Turklari orasindagi aloqa uzun yillar avval uzilmish. Agar men Usmonli qoʻshinlarining bosh qoʻmondoni oʻlaroq Turkistonga kelsam va Turkiston istiqloli yoʻlinda vafot etsam, biz Usmonli va Turkiston oʻrtasidagi koʻprikni qurgan boʻlamiz…”

Bosh qo‘mondon

U bir qancha janglarda strategik salohiyati bilan gʻalaba qozondi. Jumladan, 1922-yil 22-yanvarda Dushanbeda sakkiz ming nafarlik shoʻro armiyasiga qarshi bir ming besh yuz yigiti bilan jang qilib, gʻalaba qozonganining oʻziyoq uning qanchalik yuqori harbiy salohiyatga ega bo‘lganini ko‘rsatadi.

1922-yil 28-mart kuni Amir Olimxondan barcha qoʻshinlarga Bosh qoʻmondon etib tayinlangani haqida inoyatnoma oladi. 15-aprelda esa qoʻrboshilar Anvar Poshoni qoʻrboshilarga siyosiy rahbar va qoʻmondon etib saylaydilar. Afgʻoniston hukmdori Omonulloxon ham uch yuz kishilik sarbozlar hamrohligida sovgʻa sifatida yarogʻ yuboradi.

Shundan soʻng Anvar Posho Bosh qoʻmondon sifatida Bolsheviklar hukumatiga Shoʻro qoʻshinlarini Turkistondan olib chiqib ketish toʻgʻrisida ultimatum yuboradi. Ular Anvar Poshoning bu talabiga qarama-qarshi har xil tashviqot va targʻibot ishlarini olib borishni o‘z oldilariga asosiy vazifa qilib qoʻyadi.

RKP (b) Markaziy komiteti Buxoro va Fargʻona boʻyicha I.V.Stalin, Chicherin, Kuybishev va Fayzulla Xoʻjayevlar tomonidan ishlab chiqilgan qarorni qabul qiladi. Unga koʻra Buxoro va Fargʻonada istiqlolchilarga qarshi kurashayotgan frontlar birlashtirilib, musulmon aholisi orasida siyosiy ish olib borish, mahalliy aholiga yon berish, tavba qilgan “Bosmachilik harakati” yigitlarini ozod etish, qoʻrboshilar orasida nifoq chiqarish, turli igʻvolar tarqatib istiqlolchilar safini boʻlib tashlash kabi masalalarni asosiy vazifa qilib oldilar. Bunga erishdilar ham.

Ibrohimbek bilan Anvar Posho oʻrtasidagi taranglashgan murakkab vaziyat buning isbotidir. Qizil armiya katta kuch bilan qilgan hujumi paytida Ibrohimbek qariyb 10 minglik saralangan qoʻshinini Boysundan olib chiqib ketishi hamda Anvar Poshoga boʻysunmasligini bildirib, isyon koʻtarishi izoh talab etmaydigan haqiqatdir.

“Bizlar xursandlik bilan bu yoʻlda qonimizni toʻkib, jon berishdan qaytmaymiz…”

Anvar Posho istiqlolchilar kurashiga rahbarlik qilar ekan, u diplomatiya vositalaridan toʻliq foydalanar, bolshevik rahbarlar bilan muzokara olib borish, qizil askarlarni Turkistondan olib chiqib ketishga butun vujudi bilan harakat qilardi. Bu Fayzulla Xoʻjayevning tanlangan asarida aynan quyidagicha keltiriladi: Ibrohimbek va boshqa qoʻrboshilar nomidan Anvar Posho qizil askar rahbarlari nomiga joʻnatgan maktubida shunday deyilgan: “Haqiqiy mustaqil Buxoro tuprogʻidagi aholi vakillari boʻlgan bizlar sizlarga maʼlum qilamizki, sizlar mamlakatimizdan chiqib ketmaguningizcha jangni davom ettiraveramiz” – deb bir qarorga keldik. Hozirgi vaqtda behuda qon toʻkilmasin deb va odamgarchilik qilib sizlarga mamlakatimizdan chiqib ketishni taklif qilayotirmiz. Shunday qilsangiz, sizning doʻstlaringiz boʻlib qolamiz va oʻzimiz yordam berib sizlarni ochlikdan saqlab qolamiz, aks holda sizlar Vataningizda ocharchilikdan oʻlayotgan oilalaringiz kabi mahv etilasiz. Hozir biz gunohkor boʻlmaylik deb odam qoni toʻkishni istamayotirmiz. Lekin xalqimizning istagiga xilof ravishda Vatanimizga bostirib kirgan sizlar bilan jang qilishni muqaddas burchimiz deb bilamiz. Bizlar xursandlik bilan bu yoʻlda qonimizni toʻkib, jon berishdan qaytmaymiz”. 

Bundan koʻrinib turibdiki, bunday talab va uning siyosat, harbiy sohadagi gʻalabalari bolsheviklar hukumatini sarosimaga solib qoʻydi. Shoʻro hukumati 19-aprelda sulh tuzishni taklif etadi. Rossiya Tashqi ishlar Xalq Komissarligining 10 kishidan iborat delegatsiyasi Boysunga keladilar. Agar Anvar Posho sulhga rozi boʻlsa, “Darvoz, Qorategin, Koʻlob, Dushanbe va Hisor kabi viloyatlarni birlashtirib, mustaqil bir davlat tuzib olishi mumkin”ligi taʼkidlangan edi. Ular buning evaziga Turkiston ishlariga aralashmaslik masalasini qoʻydilar.

Ov

Anvar Posho esa ruslarga “Sulh bitimi faqat Turkiston tuproqlaridan butun rus askarlarini olib chiqib ketilgandan keyingina boʻlishi mumkin”, deb keskin javob berdi.
1922-yil 18-mayda RKP (b) MK “Turkiston-Buxoro ishlari haqida” maxsus qaror qabul qildi. Mazkur qarorda istiqlolchilarga qarshi harbiy harakatlarni kuchaytirish, shuningdek, “Anvar Poshoni

Sharq xalqlari dushmani, inglizlar josusi sifatida xalq ongida fosh etish lozim”ligi qayd etilgan edi.

Kurash qizigan 1922-yilda Leninning topshirigʻi, hukumatning maxsus qarori bilan Rossiya Qurolli kuchlari Bosh qoʻmondoni S.S.Kamenev, qizil armiyaning otliq kuchlari qoʻmondoni S.M.Budyoniy, A.N.Todorovskiy, V.V.Kuybishevlar  koʻp sonli qoʻshin, qoʻshimcha qurol-yarogʻ bilan Turkistonga safarbar etiladi. Anvar Posho bilan shugʻullanish uchun Shoʻro razvedkasi Sharq boʻlimi boshligʻi arman millatiga mansub Agabekov maxsus guruh bilan yuboriladi. Bu paytlarda Turkistonning barcha hududlarida, ayniqsa, Fargʻona va Sharqiy Buxoroda janglar qizib ketdi. 1922-yil 24-iyunga oʻtar kechasi Anvar Poshoning uch ming yigiti qoʻmondon Kakurinning sakkiz yarim ming nafarlik tish-tirnogʻigacha qurollangan qoʻshinini yer tishlatdi. Bir soʻz bilan aytadigan boʻlsak, butun boshli bir diviziyani yoʻq qilib tashladi. Xullas, Anvar Posho undan keyin ham koʻp marta qizil askarlarga qarshi muvaffaqiyatli janglar olib bordi.

Biroq…

1922-yil 4-avgust juma, Qurbon hayiti kuni edi. Qurbon hayiti nomozi oʻqilgandan soʻng, Anvar Posho oʻzining sodiq safdoshlariga qisqacha quyidagi vaʼzni qildi: “Men sizlarga hozir hayitlik tarqata olmayman. Agar bizlarning qardoshligimiz haqida bir necha ogʻiz soʻzlar bitilsa, men unga oʻz muhrimni qoʻyib, bajonidil imzo chekardim. Men oʻylaymanki, bu soʻzlar bizning ozodlik uchun olib borayotgan milliy kurashimizdagi harbiy qardoshlik haqida bir ajoyib xotira boʻlib qolardi”. Bu uning istiqlol kurashchilariga qarata qilgan oxirgi siyosiy vasiyati boʻlib qoldi. Anvar Posho oʻz orqadoshlari bilan Baljuvon tepaligida suhbatlashib oʻtirar edilar. Kutilmaganda qizillarning 3 ta otliq polki, 3 ta eskadroni hujumga oʻtib qoladilar. Oʻrtada qilichbozlik janggi qizib ketadi. Orqaga chekinish imkoniyati boʻlsa-da, Anvar Posho chekinishni oʻziga or biladi. Bir oʻzi oʻn bir dushmanni yengadi. Qizil askarlarning arxivlarida saqlangan bir maʼlumotda Anvar Posho oʻzining 100 ta saralangan jangchisi bilan 18-otliqlar polkining, 1-eskadroni ustiga tashlanib, yanchib tashlaydi.

Kutilmaganda orqadan urilgan qilich zarbi mohir qoʻmondonni qulatadi. Qilich urgan kimsa Anvar Posho qoʻlida Muhammad Gʻoziy nomi bilan xizmat qilib yurgan qizillar josusi Georgiy Kasparyan edi.

Anvar Poshoning shahodat suvi bilan yoʻgʻrilgan jasadi Dushanbedan 200 kilometr uzoqlikda joylashgan Baljuvon kentining Chetan degan joyiga dafn etildi. U oʻlimidan bir necha kun oldin qizil askarlarning boshligʻi O.Akchuringa yozgan maktubida Turkiston unga begona emasligini, uning ajdodlari Turkistondan borib, Turkiyada saltanat qurganliklarini, aksincha, boshqalar uchun bu yurt begona ekanligini quyidagicha taʼkidlagan edi:

“Bu insonlarning tomirida oqayotgan qon xuddi meniki kabi sof turkiy qondur. Bu yer ruslarniki emas, balki turkiy xalqlarning asl yurtidir”.

1996-yil 3-avgustda Turkiya hukumatining qarori bilan Anvar Posho xoki solingan tobut Istanbulga olib ketildi.

Ha, Anvar Posho oʻzining ota yurti uchun kurashgan, Turkistonni oyoqosti qildirmaslik, uning mustaqilligi va ozodligini koʻrish yoʻlida oʻz jonini tikkan dovyurak shaxs edi.

Anvar Posho nafaqat turk millatining, balki, ayni paytda Turkiston, Oʻrta Osiyo oʻlkalarining ham mard farzandi desak mubolagʻa boʻlmaydi.

Shahobiddin Yassaviy unga oʻzining “Turkistonning achchiq haqiqatlari” kitobida “Anvar Posho Gʻoziy – Buyuk qoʻmondon” deb baho beradi.

Mansurxoʻja Xoʻjayevning “Shermuhammad qoʻrboshi” kitobi asosida tayyorlandi

https://shosh.uz/uz/anvar-posho-sulh-bitimi-faqat-turkiston-tuproqlaridan-butun-rus-askarlarini-olib-chiqib-ketilgandan-keyingina-bo%ca%bblishi-mumkin-bu-yer-ruslarniki-emas-balki-turkiy-xalqlarning-asl-yurt/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x