Tarixi Aliquli (Alimquli) amirlashkar. 7- (yakuniy) fasl


Post Views:
22

AMIRLASHKARI MARHUM TOSHKANDDA CHERNAEF JONDOROL BILAN MUHORIBA QILIB SHAHID BO‘LG‘ONLARI BAYONI TURUR

Amirlashkari marhum darhol lashkar jam’ bo‘lishi uchun Marg‘ilon, O‘sh, Shahrixon, Namangon va Chustga odam yuborib, ularni askari yetguncha sabru tahammul qilmay, Xo‘qandga hozir bo‘lg‘on askar va to‘pxona bilan Toshkand tarafiga otlandilar. Chilmahram kemasidan daryodan o‘tib, Simg‘ar mavzeiga o‘tub, subhi sodiqda qo‘shin Simg‘ardan ko‘chub yurg‘ondan so‘ng, kaminani: “Siz qo‘shin oldig‘a tushub, Sarimsoqli davonidan o‘tkondin so‘ng, bir joyda qo‘shunni qo‘nduring”, deb buyurdilar. Kamina ta’jil va shitob birla yurub, Sarimsoqli davonidan o‘tub, bir yaxshi sabzazoru alafzor joyga qo‘shinni qo‘ndirmoqchi bo‘ldim. Xon va Amirlashkar xayma va borgohlarining joyini tayinlab turgan vaqtda Amirlashkar o‘zlari ham yetib kelib: “Mundan andak ilgari yiroq o‘tung”, deb buyurdilar. Kamina yana qariyb bir farsax yurib, bir suv og‘zig‘akim, nihoyatda pokiza va alafzor ekan, qo‘nub, qumg‘on va choyjo‘shlarga o‘t qo‘yub, suv qaynagan vaqtda, Amirlashkar yetib kelib qo‘ndilar. Bir-ikki piyola choy ichgan mahalda Toshkanddan Aliqul udaychidanki, Toshkandga ilg‘orlik tariqasida borgan edi, ariza keldi. Mazmuni shulkim: “Chernaef jondorol kelib, Sho‘rtepaga qo‘nub, Toshkand muhosirasiga mashg‘uldir. Ammo Toshkand fuqarolari avzoi boshqa bo‘lub, aqidalari buzilg‘onga oxshaydur”.

Janobi Amirlashkar arizani o‘qib, kaminaga “Muni ko‘rung”, deb tashladilar. Kamina ko‘rub: “Bul bir behuda xayol va vasvasadur. Aliquli udaychi o‘zi fahmi noqis birla shul tariqa o‘ylabdur, ammo to janobingiz ayomi hayotda borsiz, Toshkand ahlining ixlosu aqidasi hargiz tag‘yir va zavol topmas”, deb arz qildim. Amirlashkari marhum marhamat qildilarki, “Siz va Rustambek dodxoh o‘g‘li Rajabbek bilan Toshkandga borib, fuqaro ahvolini xo‘b fahmlab, menga ariza yozinglar, to anga qarab ish qilayluk”. Faqir arz qildimki: “Ikkimiz na darkor? Birimiz kifoya qilurmiz. Ammo tamomi Toshkand ahlidan g‘ayr az jonbozlik va jonsiporlik hech bir noloyiq ish sodir bo‘lmasligiga men kafilman”, dedim. Yana savol qildilarki: “Bu mavze bilan Kirovuchi orasi masofati qancha ekan?” Kamina: “Men o‘zum yurib ko‘rgan emasman, illo xalq so‘zidan ma’lum bo‘lardiki, masofati bir farsaxga yaqinemish”. Janobi Amirlashkari marhum: “Andog‘ bo‘lsa, Kirovuchiga tushsak, Toshkandga o‘zungiz borursiz. Toshkand hokimi va akobiru ashroflariga inoyatnoma yozub, namozi shomdan so‘ng: “Otlaringizga xoshoku yem berib, tayyor bo‘lung, kechalab yurursiz”, deb buyurib, o‘zlari o‘tovdan xos xaymaga tashrif keltirdilar.

Kamina inoyatnomalarni yozib, otlarga yem berib, xos xayma eshigiga borsam, ittifoqan Amirlashkar harorati oshib, isitma shiddatidan o‘zlaridan bexabar va behud qo‘l-oyog‘larini tashtdagi suvga solib yotgan ekanlar. Muloqot qilmoq muyassar bo‘lmay, Bahrom otlig‘ g‘ulambachchaga: “Har vaqt Amirlashkar hushlariga kelsalar, mening hoziru muntazirligimdan xabar qil, vaqt o‘tmasun”, deb ta’kidlab, xayma eshigida o‘tirdim. Xili muddatdan so‘ng, hushlariga kelib, kamina ham xizmatlariga kirib, muborak muhrlarini olib, inoyatnomalarni muhrladim. Toshkand hokimi, akobiru ashrofiga loyiq va munosib libosu sarpolarni xazinai olydan olib, janobi Amirlashkar bilan vido‘ qilib, kechasi jo‘nab, ertasi choashtgohda dohili Toshkand bo‘ldum. Qo‘sh parvonachini ko‘rib, uning libosu sarposini berdim. Undan so‘ng shahar ichiga tushub, qozikalon, ulamo, fuzalo va mashoyixlarni ko‘rib, ularga tayin bo‘lg‘on libos va sarpolarni berib, Amirlashkar xaqlariga duo oldim. Namozi shomdan qo‘rg‘onni aylanib, har jam’iyat va darvozada to‘xtab fuqarog‘a dildorlik berib, Amirlashkar marhamatlarini va yaqin kelg‘onlarini yetkazdim. Alhosil, namozi bomdod vaqtidan so‘ng, qo‘shu manzilimga kelib, ikki-uch kecha tamoman uyqudan qolg‘anim sababli va saraton oftobining haroratidan tamomi a’zo va ajzolarimdan qattiq harorat istilo topib, behush yiqilib, o‘shal kuni olamdan nima o‘tg‘onini va nima bo‘lg‘onini hargiz bilmayman. Ertasi to‘p ovozi bilan filjumda o‘lik misoli bemajolo‘zimga keldim. Xabardor bo‘ldimki, Kirovuchidan men jo‘nag‘ondan so‘ng, qazovu qadar va ajali muqaddar tortishi birla Amirlashkar Toshkandga kelib, O‘rusiya askari bilan urush va muhoribaga mashg‘ul bo‘lg‘on ekan. Rusiya askari musulmonlar to‘pu miltiqi zarbidan besaranjom bo‘lub turg‘on vaqtda taqdiri ilohiy birla O‘rusiya askaridan bir o‘q Amirlashkarga tegib, otdan yiqilibdilar. Musulmon askari urushni qo‘yib, ul kishini otga olib, shaharga kirg‘uzmoqqa mashg‘ul bo‘lganda, Rusiya lashkari amon va g‘alaba topti. Agar bir soat yoki yarim soat muhlat bo‘lsa edi, vallohi a’lam, O‘rusiya askariga shikast va mag‘lubiyat nasib etardi. Lekin Xudovandi azza va taolo irodasi Turkiston va Farg‘ona viloyati improtur tasarrufiga kirmoqg‘a taaluq ekan, fursat bo‘lmay, bu hodisa yuz berdi. Ammo, Amirlashkari marhum shaharga kirib o‘lgunlaricha umaro va sipohlarni g‘azotga va qo‘rg‘on muhofizatiga targ‘ib aylabdilar. So‘ng ruhi shariflari qafasni qoldirib, oshyoni qudsiyga parvoz aylabdi. Olloh ularni rahmat qilsin. Ul vaqtda umri shariflari taxminan o‘ttiz uch yo o‘ttiz to‘rt yoshida edi. Amirlashkar vafotidan so‘ng, Mirzo Ahmad qushbegi va Bekmuhammad qushbegi va Toshkand hokimi Qo‘sh parvonachi tamomi Farg‘ona askarini boshlab, Xo‘qand tarafga qochtilar. Kamina bularni harchand har qaysilariga odam yuborib: “Bu qilg‘on ishlari savob va maslahatdan yiroqdur, shaharga kirsunlar, O‘rusiya dushman bo‘lsa ham… Amirlashkar shahid bo‘lg‘onini ma’lum aylab, yaxshilik bilan qaytaylik”, desam ham qabul qilmay va quloq solmay, yuborgan odamlarimga javob bermay, Xo‘qandga kelib, Bekmuhammad qushbegi, Mirzo Ahmad dasturxonchi bo‘lib, Xudoyquli degan manqubi falokatzadani xon ko‘tarib, Farg‘ona viloyati qasru hukumatini aylab, buzdilar…

 

Muhammad Yunus bin Muhammad Amin

Manba: Muhammad Yunus Toib. Tarixi Alimquli amirlashkar//Sharq yulduzi. –1996. -№ 1-2.

https://shosh.uz/uz/tarixi-aliquli-alimquli-amirlashkar-7-yakuniy-fasl/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x